Nafsimizni tarbiya qilishda yordam beradigan muborak ramazon oyini bizga nasib qilgan mehribon Parvardigorimizga beadad hamdu-sanolar bo‘lsin!
Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga mukammal salovotu durudlar bo‘lsin!
Ramazoni sharif boshimizga soyabon bo‘lib kelganida bu muborak oyning fazilatidan bahramand bo‘lib qolishga intilamiz. Ro‘za tutish ibodati bilan qalbimizda taqvo urug‘ini ekib, hosilini olishga harakat qilib qolamiz.
Alloh taolo oyati karimada:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham, ro‘za tutish farz qilindi, shoyadki (u sababli), taqvoli bo‘lsangiz», deydi (Baqara surasi 183).
Taqvo arab tili lug‘atida “saqlanmoq, qo‘rqmoq” degan ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa, “Taqvo bu- inson Allohning g‘azabidan qo‘rqib, o‘zini harom ishlardan saqlashi va tiyilishi” deb tushuniladi.
Ro‘za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo‘lishimiz kerak. Insonni taqvodor bo‘lishiga olib boradigan omillar ko‘p. Ulardan biri esa ro‘zadir. Demak, ro‘za ham taqvo yo‘llaridan bittasi bo‘lib, kishi qalbida taqvo hissini uyg‘otishi kerak bo‘ladi. Inson ro‘za tutsa-yu, qalbida taqvo hissi uyg‘onmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Ro‘za tufayli inson yolg‘on gapirishni, g‘iybat qilishni va moloyaniy so‘zlarni tark qilishi, qalbidan bunday kasalliklarni chiqarib tashlashi kerak bo‘ladi.
Xadisi sharifda:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim yolg‘on gapirishi, unga(yolg‘onga) amal qilishini tark qilmasa, uni och qolib taom va sharobini tark qilmog‘iga (ya’ni ro‘za tutishiga) Allohning ehtiyoji yo‘q” -dedilar (Buxoriy rivoyati)
Ro‘za tutgan odam o‘zini nafaqat yemoq va ichmoqdan, balki noma’qul gap-so‘z va ishlardan ham tiymog‘i lozim. Inson o‘zini taom va sharobdan tiyib tursa-yu, lekin yolg‘on, ig‘vo, g‘iybat, bo‘hton kabi so‘zlarni gapiraverishdan tilini tiymasa, noshar’iy ishlarni qilaverishdan jasadini to‘xtatmasa, uning tutayotgan ro‘zasidan xech qanday foyda bo‘lmaydi.
Oyati karimada «Shoyadki, taqvoli bo‘lsangiz», deb ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsadni juda chiroyli bayon qilib qo‘ymoqda.
Ro‘za havoyu nafsni jilovlashga, istak maylini izga solishga xizmat qiladi. Ro‘za nafsni istak va hoxish balosidan qutilib, Allohning toatiga xolis ajrab chiqishga yordam beradi.
Kimki iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo o‘sha bandasini taqvo, deb nomlanuvchi, ikki dunyo saodatiga eltuvchi, qiyomatda “Rayyon”deb nomlangan eshikdan jannatga kirish baxtiga ega bo‘luvchi insonlar qatorida qiladi.
Inson o‘zini-o‘zi nazorat qilmog‘i lozim. Bu nazorat esa ro‘za tutish orqali paydo bo‘ladi.
Bir kuni hazrati Umar Ubay ibn Ka’bdan so‘radilar.
- “Alloh taolo Qur’oni karimda taqvoni ko‘p amr qilgan. Taqvo o‘zi nima?”
Ubay ibn Ka’b juda mazmundor qilib javob berdilar:
- “Ey Umar, sen tikanli dalada yurganmisan? ”
- “Xa,yurganman!”, deb javob berdi.
- “Qanday qilib yurgansan?”, deb so‘radi. Ubay ibn Ka’b
- “Ko‘ylagimni etaklarini yig‘ib olib yurganman”- dedi. (Arablar uzun ko‘ylak kiyadilar).
-“Nega bunday qilib yurarding?”- deb so‘radi. Ubay ibn Ka’b
-“Tikanlar etaklarimni yirtmasligi va oyog‘imga tikanlar kirmasligi uchun”-dedi.
“Taqvo ham shunday!”- deb javob berdi.Ubay ibn Ka’b
Ubay ibn Ka’b juda olim kishi edi. Qarang qanday ajoyib javob berdilar
Demak ro‘za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo‘lamiz, shu sababli taqvo egalariga xozirlab qo‘yilgan jannatga kirishga musharraf bo‘lamiz.
Allox taolo Qur’oni Karimda: “Jannat va undagi ne’matlar taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan” –deb marhamat qiladi. (Oli imron surasi, 133 oyat)
Taqvoga esa Ramazon oyida Payg‘ambarimiz Muhammad alayxissalomning sunnatlariga amal qilgan holda ro‘za tutish orqali erishamiz.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
“Kulol-Qo‘rg‘on” masjidi imomi
Muxammadrasul Abdullayev
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati