Qadim zamonda bir shahzoda bo‘lgan ekan. Unga otasidan katta kutubxona me’ros bo‘lib qolgan ekan. Shahzoda ilmga chanqoq bo‘lgani uchun kitoblarda nimalar yozilganini bilmoqchi bo‘lib, shu kutubxonaning xodimi bo‘lgan olimni chaqiribdi va: "Bu kitoblar nima haqida?" deb so‘rabdi. Olim: "Bu kitoblarda insoniyat tarixi bitilgan", debdi. Shunda shahzoda olimga mana shu kitoblarda yozilgan ma’lumotlarni jamlab kelishini buyuribdi. Olim bir necha yillar mehnat qilibdi. Bir kuni saroyga 500 ta kitob ortilgan aravani olib kirishibdi. Olim kutubxonadagi kitoblarning mazmunini mana shu 500 kitobga joylashtirgan ekan. Shahzoda bu paytda ancha ulg‘ayib qolgan ekan. Saroydagi ishlarning ko‘pligidan bu kitoblarni o‘qib chiqishga fursati yetmasligini anglabdi va shu 500 kitob mazmunini jamlab kelishini buyuribdi. Olim yana bir necha yillar mehnat qilib, shohning huzuriga 50 ta kitob olib kelibdi. Bu paytga kelib, shoh ancha qarib qolgani sababli ushbu kitoblarni o‘qib chiqishga fursati yetmasligini anglab, mana shu 50 ta kitob mazmunini bitta kitobga jamlab kelishni buyuribdi. Olim yana bir necha yil mehnat qilib shohning buyrug‘ini bajaribdi. Lekin bu paytda shoh o‘lim to‘shagida yotgan ekan. Kitobni hatto ochib qaray olmabdi. Shunda olimga kitobning mazmunini qisqa qilib aytib berishni iltimos qilibdi. Olim unga: "Inson dunyoga yaxshilik qilish uchun kelar va ajali yetganda o‘lar ekan", debdi.
Xulosa. Inson dunyoga faqat yaxshi ishlarni qilish uchun keladi. Insonning qadr-qimmati uning husni, boyligi yoki martabasiga qarab belgilanmaydi, balki yaxshi ishlarni ko‘p yoki kam qilganiga qarab belgilanadi.
Akbarshoh Rasulov
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH