Kecha poytaxtning Bektemir tumanidagi “Alibek” masjidida taroveh o‘qiyotgan edik. To‘rtinchi tasbehdan so‘ng imom-xatib Iskandar domla: “Muhtaram birodarlar, masjidimizga O‘zbekiston musulmonlari idorasining Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muhammanazar Qayumov domla tashrif buyurdilar. Hozir u kishi sizga Ramazon oyidagi ibodatlarning fazilatlari haqida qisqacha so‘zlab beradilar”, dedi.
Muhammadnazar domlaning hamdu sano, durudu salovatdan keyin so‘zini boshlaganda aytgan birinchi jumlasini eshitganda yonimda o‘tirgan qo‘shnim “g‘ilt” etib yutindi. Qarasam, ko‘zi yoshga to‘lib turibdi. O‘sha iboraning mazmuni bunday edi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirishini xursandchilik bilan kutib olgan kishining jasadi do‘zaxga haromdir”, dedilar. Azizlar, biz Ramazonni yil davomida kutamiz, u yaqinlashgan choqlarda xursandchiligimiz yanada ziyoda bo‘ladi...”
Namozni tugatib masjiddan chiqqanimizda odamlar “Domla zo‘r ekan-yey”, “Notiq ekan-da, notiq”. “Haqiqatan olim ekan, umri ziyoda bo‘lsin” va shunga o‘xshash gaplar bilan Muhammadnazar domlani alqab ketaverdi. Men qo‘shnimdan nega ko‘ziga yosh kelganini so‘radim. U aytadi: “Ramazon kirayotganda hamma xursand bo‘ladi. Men ham shunga harakat qilaman. Ammo negadir, xursandchiligimda kemtiklik borga – hammaga xursandchilik bo‘lgan Ramazon menga mehnatga o‘xshab tuyiladi. Tarovehga ham xatmdan qolib ketmayin deya arang kelaman. “Nega bir milliarddan ortiq musulmon sevingan Ramazondan sen sevinmaysan”, deya o‘zimni malomat qilaman. Muhammadnazar domla ana shu savolimga javob topib berdi. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirishini xursandchilik bilan kutib olgan kishining jasadi do‘zaxga haromdir”, dedilar”.
Demak, odamlar Ramazon kirganda do‘zaxdan xalos bo‘lganiga sevinar ekanlar. Axir bundan ortiq xursandchilik, bundan ortiq tantana bo‘lishi mumkinmi! Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu hadisi sharifini, balki o‘zim ham o‘qigandirman-u, e’tibor qilmagandirman. Lekin domla uni shunday tushuntirdiki, o‘sha choqda men o‘zimdan do‘zaxning vahshatli olovlari chekinganini aniq tasavvur qildim. Ana endi men ham boshqalarga o‘xshab chin dildan sevinadigan bo‘ldim, Allohga shukr”.
Qo‘shnimning chin dildan gapirgan e’tiroflarini eshitib borayotib, qanday ajoyib inson, qanday samimiy musulmon, naqadar ilmga chanqoq siymo deb o‘yladim. Uning samimiyatiga havas qildim.
Muhammadnazar domlaning suhbati boshqalarda ham shunday ajoyib tuyg‘ular uyg‘otgan edi. Baribir, iymonlashish, xususan, olimu voizning suhbatidan bahra olishning o‘ziga xos fayzi bor-da.
Damin JUMAQUL
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV