Barchamizga ma’lumki, Ramazon oyining uch o‘n kunligi uch xil fazilatga egadir. Ya’ni, birinchi o‘n kunlik Allohning rahmati nozil bo‘ladigan kunlardir. Ikkinchi o‘n kunlik esa, Allohning mag‘firati keng bo‘lgan kunlardir. Uchinchi o‘n kunlik esa, ro‘zador bandalar do‘zaxdan ozod qilinadigan kunlardir. Ushbu o‘rinda uchinchi o‘n kunning fazilati haqida so‘z yuritamiz:
Ramazonning oxirgi o‘n kunining bir nechta fazilatlari bor bo‘lib, ular quyidagilardir:
Ro‘zadorlar birinchi o‘n kunlikda Allohning rahmatiga sazovor bo‘lib, ikkinchi o‘n kunlikda gunohlari mag‘firat qilinib, uchinchi o‘n kunlikda esa, do‘zaxdan ozod qilinadi. Shuning uchun, har kim bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, foydalanib qolish lozim.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ » . رَوَاهُ مُسْلِمٌ .
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidiringlar”, dedilar. Muslim rivoyat qilgan.
Boshqa bir rivoyatda, oxirgi o‘n kunning toq kechalaridan Qadr kechasini izlash haqida aytilgan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « تَحَرَّوْا لَيْلَةَ القَدْرِ في الوَتْرِ مِنَ العَشْرِ الأوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ » . رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasining) toq (kechalari)dan qidiringlar”, dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.
Demak, bu o‘n kun kechalarining birida Qadr kechasi borligi sababli bu o‘n kun boshqa kunlardan fazilatli bo‘ldi. Kim Qadr kechasining fazilatiga ega bo‘lmoqchi bo‘lsa, Ramazoning oxirgi o‘n kechalarini ibodatlar bilan bedor o‘tkazishi lozim bo‘ladi.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَعْتَكِفُ العَشْرَ الأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ ، حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ تَعَالَى ، ثُمَّ اعْتَكَفَ أزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ .
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o‘n (kunida) e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin, xotinlari e’tikof o‘tirishdi”. Muttafaqun alayh.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kunlarda e’tikof o‘tirishlari ham, oxirgi o‘n kunlarning fazilatli ekaniga dalolat qiladi.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْتَهِدُ فِي الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِا لا يَجْتَهِدُ فِي غَيْرِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ .
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlikdan boshqasida qilmagan harakatini oxirgi o‘n kunlikda qilar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ شَدَّ مِئْزَرَهُ وَأَحْيَا لَيْلَهُ وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: U aytdi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlik kirgan vaqtda, belni mahkam bog‘lardilar va uning kechasini tiriltirar va o‘z ahllarini ham uyg‘otar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Nabiy alayhissalom bu o‘n kunlikda nafaqat o‘zlari ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlar, balki ahli oilasini ham shunga targ‘ib qilib, ularni ham kechalarda ibodat uchun uyg‘otar ekanlar. U zotning bu amallarini barchamiz o‘zimizga lozim tutsak, muhim sunnatga amal qilgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu kunlarda ibodatlarga qattiq kirishishlari ham bu kunlarning fazilatiga dalolat qiladi.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَنَّهُ قَالَ: يُغْفَرُ لأُمَّتِهِ فِي آخِرِ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ ، قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ أَهِيَ لَيْلَةُ الْقَدْرِ ؟ قَالَ : « لا ، وَلَكِنَّ الْعَامِلَ إنَّمَا يُوَفَّى أَجْرَهُ إذَا قَضَى عَمَلَهُ » . رَوَاهُ أَحْمَدُ .
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning oxirgi kechasida o‘zining ummatini mag‘firat qilinadi”, dedilar.
“Ey, Allohning Rasuli! U (oxirgi kecha) Qadr kechasimi?”-deyildi.
U zot: “Yo‘q. Lekin amal qiluvchi o‘z amalini bajarib bo‘lsa, ajrini unga to‘liq qilinadi”, dedilar. Ahmad rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda ro‘zador kishi bir oy mobaynida qilgan ibodatlari sababli erishgan ajr va savoblari unga Ramazoning oxirgi kechasida to‘liq qilib berilishi haqida aytilmoqda.
Yuqoridagi hadisi shariflardan Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni naqadar fazilatli ekani barchamizga ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, barchamiz bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savoblarimizni ko‘paytirib, gunohlardan poklanib olishga harakat qilaylik. Zero, Ramazoning ham sanoqli kunlari qolyapti. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib, keyin afsuslanib yurmaylik. Alloh taolo bu ulug‘ oy sababidan barchamizning gunohlarimizni kechirsin, savoblarimizni ko‘paytirib bersin.
“Ko‘kaldosh” Toshkent o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Madaminov Shokirjon.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati