O‘tgan yil Ramazonda...
“Hamma narsa sinov kelganda bilinadi – do‘stlik ham, muhabbat ham. To sinovgacha hamma o‘z muhabbati, do‘stligi haqida lof uraveradi...”
Menga bu so‘zlarni aytgan odam qanchalar haq ekan. Bugun, ramazon yarmidan o‘tgan, vaqt asrdan o‘tib shomga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da yoz jaziramasi ozgina ham pasaymagan, suvning jildiragan (qanchalar yoqimli!) ovozini eshitmaslik uchun quloqlarimni kaftlarim bilan mahkam yopib, daqiqa sanayotgan kunimda yuqoridagi jumlalar mohiyatini anglab yetyapman.
Ko‘zim to‘la yosh, yuragim ezilgandan ezilib boryapti, qo‘limni ko‘tarishga majolim yo‘q, xuddi xasta odamdekman. Tomog‘im qaqrab ketyapti, nimaga qaramay suv bo‘lib ko‘rinadi. Qachon shom bo‘larkin?..
Astag‘firulloh, nimalarni o‘ylayapman? Bu – minnatmi? Bunaqa ro‘zadan kun bo‘yi och qolish va tashnalikdan boshqa nima orttiraman? “Bandalarimning odamlar ko‘zi tushgulik barcha ishlari (namoz o‘qish, xayr-ehson qilish, zakot berishlari) o‘zlari uchun, tutadigan ro‘zalari esa Men uchun (Xudo uchun bo‘lmaganida edi, yashirincha yeb-ichib olish mumkin bo‘lardi, chunki hech kim ko‘rmaydi), binobarin, uning mukofotini O‘zim beraman”. Shu holimda, nafsim men bilan ayovsiz olishib, muzday suvdan qonib-qonib ichishga undayotgan, o‘zim ham shunga moyil bo‘lib turganim bir paytda bu qudsiy hadisni yodimga solgan Ulug‘ Zotga hamdu sanolar bo‘lsin!..
Shomdan so‘ng...
Haqiqatan ham hamma narsaning qadri sinov kelganda bilinarkan. Allohga muhabbatdan, Rasululloh (s.a.v.)ga bo‘lgan sevgidan gapirish oson ekan. Bir do‘stimning ta’biri bilan aytganda, “oldin ham ro‘za tutyapmiz deb yurgan ekanmiz, haqiqiy ramazon endi bo‘lyapti” (Arab tilini yaxshi biladigan do‘stim ramazon so‘zi ma’nosiga ham ishora qildi, shekilli. Chunki ramazon arabcha “ar-ramad” degan so‘zdan olingan bo‘lib, quyosh haroratining juda oshib ketishini, “ar-ramdo” esa quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini bildiradi. Imom Zamaxshariy aytganlaridek: “Har bir oyni nomlash vaqtida shu oydagi biror belgi yoki o‘ziga xos xususiyatga ahamiyat qilishgan. Ramazon oyi yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun uni juda issiq, jazirama ma’nosida “ramazon” deb atashgan”.)
Ko‘p narsalar hikmatini shu ramazonda tushunib yetayotgandekman. Masalan, shu paytgacha: “Ro‘zador uchun ikki quvonch bor: biri – og‘iz ochganida, ikkinchisi – ro‘za tutib, yorug‘ yuz bilan Allohga yo‘liqqanida”, degan hadisni ko‘p bora o‘qiganman. Iftorlik quvonchini ham ko‘p bor his qilganman, ammo... bu ramazondagichalik emas. Har gal og‘iz ochganimda qonib suv icharkanman, uning tomirlarimga, vujudimga quvvat bo‘lib yoyilayotganini sezib turaman va boshqa ramazondagilardan farqli ravishda dil-dilimdan aytaman Rasululloh (s.a.v.)dan meros muborak jumlalarni: “Gunoh ketdi, tomirlar ho‘llandi va, inshaalloh, ajr sobit bo‘ldi”.
“Kim ramazon kechalarini savobiga ishonib va unga erishish niyati ila namoz o‘qib jonlantirsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”. Bu hadis hikmatini ham shu ramazonda anglayotgandekman. Tarovehni qo‘ying, xuftonni saharlikdan sal oldin o‘qib olish ma’qul ko‘rinib, shomdan keyinoq uyquga ketishni mo‘ljallayotgan; ammo dunyodagi ochlik, tashnalikdan azob chekayotgan qanchalab insonlar, jaziramada ro‘za tutayotgan ota-onam, jigarlarim, yaqinlarim holini o‘ylab, ular haqqiga duo qilish, gunohlarimizga mag‘firat so‘rash, ilohiy rahmatga erishish umidi horg‘in vujudimga kuch berib, joynamoz ustida turgan onlarimda tushunayotgandekman.
Har kuni og‘iz ocharga muzday choy, sharbatlar tayyorlab qo‘yadigan singlimga minnatdor boqarkanman: “Ro‘zadorga iftor uyushtirib bergan odam ro‘zadorning savobidan kam bo‘lmagan savobni oladi”, degan hadis yodimga tushib, ichim yorishadi.
Bandamiz, ojizmiz, buning ustiga ishxonada har xil muomala-munosabat... Jahlim chiqqanida tashnalikdan og‘zim qurib, jumlalarni kelishtira olmasligimdan xijolat chekib emas, urushmoqchi bo‘layotganim hamkasbim ham xuddi mendek ro‘zador ekanini, qiynalayotganini o‘ylab, g‘azabim shafqatga aylanadi. Muborak jumlalar xayolimdan o‘tadi: “Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang va jahl otiga minmang”. Quvonaman – yana bir hikmat...
Bu yilgi Ramazon oldidan...
“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh, 5-6).
Allohning va’dasi – haq! Shu kungacha biror mushkullik bilmadimki u bilan birga yorug‘ligini ham ko‘rmagan bo‘lsam. O‘tgan yilgi ramazon haqiqiy sinov bo‘ldi, lekin o‘sha sinovning yorug‘liklari, yengilliklarini har kun, har lahzada his qilib yashadim. O‘sha quvonchlarni yana his qilish umidida bu yilgi sinov ostonasidaman – vujud, qalb tayyorgarligi va yana... qo‘rquv bilan.
Ilohi, O‘zing bizni sinovlarga qodir qilgaysan. Ulug‘ fazlu marhamating bilan iftorlikdagi sevinchlarni butun boricha his etish baxtini nasib qilding. Nasib etajaging ikkinchi quvonch, ulug‘ shodlik, mo‘min dilning eng shirin orzusi – Ulug‘ Kunda Diydoringga yetishish saodatidan umidvormiz. Bizga bu ramazonni ham muborak va xayrli qil, Rabbim!
Zumrad FOZILJON qizi
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari – nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi ilmiy-ma’rifiy tuzilmalar rahbarlari, dunyoning ellikdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan vazirlar, muftiylar, taniqli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar hamda madaniy muassasalarning vakillari nomidan Sizga samimiy minnatdorlik va chuqur ehtirom bilan murojaat etmoqdamiz.
Avvalo, Sizning bevosita tashabbusingiz va shaxsan qo‘llab-quvvatlashingiz bilan o‘tkazilgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi, o‘zining tub mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra, xalqaro ilmiy tadbirlar darajasidan yuqori turadigan va yuksak e’tirof topgan ulkan voqea bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardik.
Hech shubhasiz, Sizning Forum ishtirokchilariga murojaatingizda ilgari surilgan g‘oyat muhim fikr va g‘oyalar to‘rt kun davomida dunyo jamoatchiligi e’tiborida bo‘lgan ushbu anjumanda muhokama qilingan masalalar ko‘lami, maqsadi va ma’no-mazmunini belgilab berdi.
Ishonch bilan ayta olamizki, musulmon olamidagi ilg‘or ilm-ma’rifat namoyandalari ishtirokidagi bu forum islom sivilizatsiyasining boy merosini insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi umumiy boyligining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Anjumanning Toshkent, Samarqand va Termiz singari O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi uning ma’rifiy ruhi va ahamiyatini yanada oshirdi. Aynan shu tabarruk diyorlarda asrlar davomida buyuk ilmiy maktablar shakllangan, ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya va boshqa fanlar taraqqiyotiga shiddatli turtki bergan fundamental asarlar yaratilgan. Butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan ezgu g‘oyalar va kashfiyotlar ham jahon bo‘ylab aynan shu shaharlardan tarqalgan.
Siz tomoningizdan 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan ezgu tashabbus so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida ushbu zamindagi buyuk tarix va madaniyatni yaxlit ma’rifiy hodisa sifatida anglashda tub burilish nuqtasi bo‘lganini biz bugun alohida minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz. Shu tariqa tarixiy adolatni tiklash, ochiq ilmiy muloqot madaniyatini mustahkamlash, o‘zaro hurmat va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim olg‘a siljish amalga oshirildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ana shu ezgu intilishlar alohida global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, aynan bilim, tarixiy xotira va xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirish davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, ekstremizm, radikalizm va murosasizlikka qarshi samarali kurashishga, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga hamda tinchlik, barqaror taraqqiyot va bunyodkorlikning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi.
Ana shunday dolzarb fikrlarni mujassam etgan Murojaatingiz, hech shubhasiz, bizning birgalikdagi kelgusi faoliyatimiz uchun ulkan tarixiy va dasturiy hujjat bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Prezidentiga xos yuksak iroda va donishmandlik, tarix, bugungi kun va kelajakni yaxlit bir jarayon sifatida ko‘ra olish salohiyati mahsuli bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy majmuaga, ayni vaqtda ushbu noyob jarayon tarkibidagi bebaho merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va ma’naviy-ma’rifiy markazlarni birlashtiradigan nufuzli muloqot maydoniga aylanib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Aminmizki, yaqin yillarda bu maskan gumanitar ilm-fan sohasidagi yetakchi xalqaro markazlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi hamda yangi g‘oyalar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro loyihalar shakllanadigan yirik madaniy-ma’rifiy va ta’lim platformasiga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kabi noyob muassasalar tarixiy xotirani saqlash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi islom ilm-fani, madaniyati va ma’rifatining eng qadimgi beshiklaridan biri sifatida bugun gumanitar hamkorlik, ilmiy izlanishlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot borasidagi azaliy mavqeini yana mustahkamlab bormoqda.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi «Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat» shiori ostida o‘tkazilgani alohida e’tiborga loyiq. Islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan, o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan bu bezavol qadriyatlar bugungi zamonaviy dunyo uchun ham beqiyos ahamiyatga egadir. Bu buyuk meros butun insoniyatning madaniy, ma’naviy va intellektual boyligining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu esa uni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, davlatlar, ilmiy jamoatchilik, tinchlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgan barcha insonlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi tabiiy, albatta.
Biz Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini asrash, o‘rganish va rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni uzoq muddatli xalqaro hamkorlikning mustahkam poydevori sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Siz ularda belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash hamda islom sivilizatsiyasini tinchlik, ma’rifat va o‘zaro anglashuv yo‘lida rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bundan buyon ham yetakchilik qilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaysiz, deb chin dildan umid bildiramiz.
Forum qarorlarini amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida biz, Siz bilan maslahatlashgan holda, Islom sivilizatsiyasini Jahon alyansini ta’sis etish tashabbusini ilgari surish niyatidamiz. Mazkur Alyansning faoliyati qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, nashriyot ishiga oid xalqaro loyihalarni amalga oshirish, madaniy meros namunalarini asrash va keng targ‘ib qilish, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Forum davomida qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston zaminida paydo bo‘lgan ushbu ezgu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani va jahondagi ilmiy-ma’naviy hamjamiyatning umumiy ishiga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Biz mazkur qarorlarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining buyuk merosini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida o‘zimizning intellektual, ilmiy va ma’naviy salohiyatimizni birlashtirishga tayyor ekanimizni yana bir bor bayon qilamiz. Ishonamizki, qadimiy O‘zbekiston diyorida qabul qilingan ushbu qarorlar islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu Murojaatni qabul qilar ekanmiz, mazkur qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha zimmamizga ulkan umumiy mas’uliyat olayotganimizni yana bir bor e’tirof etamiz hamda tinchlik, ma’rifat, o‘zaro hurmat va butun insoniyat boyligining uzviy bir qismi hisoblangan buyuk ma’naviy hamda intellektual merosni asrab-avaylash yo‘lida doimo Siz bilan bir safda turib ish olib borishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Biz Sizga va Sizning timsolingizda Forumning barcha tashkilotchilariga, ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqiga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi yuksak saviyada tashkil etilgani hamda samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda yanada ulkan yutuqlar tilaymiz. Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish hamda bu qutlug‘ zaminning ilm-fan, ma’rifat, islom sivilizatsiyasi, gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot bo‘yicha jahonda yetakchi markazlardan biri sifatidagi yuksak o‘rni, shuhrati va nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Alloh taolo Sizning ezgu niyat va harakatlaringizga xayru barakotlar bersin!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumida qabul qilingan qarorlar dunyo xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, adolat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilsin!
Parvardigori olam uch ming yillik buyuk tarix va madaniyat bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mehmondo‘st va olijanob O‘zbekiston xalqiga tinchlik, umummilliy birlik, farovonlik va ravnaq ato etsin, ijodkorlik salohiyatini bundan ham ziyoda qilsin, barcha ezgu niyatlariga yetkazsin!
Chuqur hurmat bilan,
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari
2026 yil, 9 iyul
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri