O‘tgan yil Ramazonda...
“Hamma narsa sinov kelganda bilinadi – do‘stlik ham, muhabbat ham. To sinovgacha hamma o‘z muhabbati, do‘stligi haqida lof uraveradi...”
Menga bu so‘zlarni aytgan odam qanchalar haq ekan. Bugun, ramazon yarmidan o‘tgan, vaqt asrdan o‘tib shomga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da yoz jaziramasi ozgina ham pasaymagan, suvning jildiragan (qanchalar yoqimli!) ovozini eshitmaslik uchun quloqlarimni kaftlarim bilan mahkam yopib, daqiqa sanayotgan kunimda yuqoridagi jumlalar mohiyatini anglab yetyapman.
Ko‘zim to‘la yosh, yuragim ezilgandan ezilib boryapti, qo‘limni ko‘tarishga majolim yo‘q, xuddi xasta odamdekman. Tomog‘im qaqrab ketyapti, nimaga qaramay suv bo‘lib ko‘rinadi. Qachon shom bo‘larkin?..
Astag‘firulloh, nimalarni o‘ylayapman? Bu – minnatmi? Bunaqa ro‘zadan kun bo‘yi och qolish va tashnalikdan boshqa nima orttiraman? “Bandalarimning odamlar ko‘zi tushgulik barcha ishlari (namoz o‘qish, xayr-ehson qilish, zakot berishlari) o‘zlari uchun, tutadigan ro‘zalari esa Men uchun (Xudo uchun bo‘lmaganida edi, yashirincha yeb-ichib olish mumkin bo‘lardi, chunki hech kim ko‘rmaydi), binobarin, uning mukofotini O‘zim beraman”. Shu holimda, nafsim men bilan ayovsiz olishib, muzday suvdan qonib-qonib ichishga undayotgan, o‘zim ham shunga moyil bo‘lib turganim bir paytda bu qudsiy hadisni yodimga solgan Ulug‘ Zotga hamdu sanolar bo‘lsin!..
Shomdan so‘ng...
Haqiqatan ham hamma narsaning qadri sinov kelganda bilinarkan. Allohga muhabbatdan, Rasululloh (s.a.v.)ga bo‘lgan sevgidan gapirish oson ekan. Bir do‘stimning ta’biri bilan aytganda, “oldin ham ro‘za tutyapmiz deb yurgan ekanmiz, haqiqiy ramazon endi bo‘lyapti” (Arab tilini yaxshi biladigan do‘stim ramazon so‘zi ma’nosiga ham ishora qildi, shekilli. Chunki ramazon arabcha “ar-ramad” degan so‘zdan olingan bo‘lib, quyosh haroratining juda oshib ketishini, “ar-ramdo” esa quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini bildiradi. Imom Zamaxshariy aytganlaridek: “Har bir oyni nomlash vaqtida shu oydagi biror belgi yoki o‘ziga xos xususiyatga ahamiyat qilishgan. Ramazon oyi yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun uni juda issiq, jazirama ma’nosida “ramazon” deb atashgan”.)
Ko‘p narsalar hikmatini shu ramazonda tushunib yetayotgandekman. Masalan, shu paytgacha: “Ro‘zador uchun ikki quvonch bor: biri – og‘iz ochganida, ikkinchisi – ro‘za tutib, yorug‘ yuz bilan Allohga yo‘liqqanida”, degan hadisni ko‘p bora o‘qiganman. Iftorlik quvonchini ham ko‘p bor his qilganman, ammo... bu ramazondagichalik emas. Har gal og‘iz ochganimda qonib suv icharkanman, uning tomirlarimga, vujudimga quvvat bo‘lib yoyilayotganini sezib turaman va boshqa ramazondagilardan farqli ravishda dil-dilimdan aytaman Rasululloh (s.a.v.)dan meros muborak jumlalarni: “Gunoh ketdi, tomirlar ho‘llandi va, inshaalloh, ajr sobit bo‘ldi”.
“Kim ramazon kechalarini savobiga ishonib va unga erishish niyati ila namoz o‘qib jonlantirsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”. Bu hadis hikmatini ham shu ramazonda anglayotgandekman. Tarovehni qo‘ying, xuftonni saharlikdan sal oldin o‘qib olish ma’qul ko‘rinib, shomdan keyinoq uyquga ketishni mo‘ljallayotgan; ammo dunyodagi ochlik, tashnalikdan azob chekayotgan qanchalab insonlar, jaziramada ro‘za tutayotgan ota-onam, jigarlarim, yaqinlarim holini o‘ylab, ular haqqiga duo qilish, gunohlarimizga mag‘firat so‘rash, ilohiy rahmatga erishish umidi horg‘in vujudimga kuch berib, joynamoz ustida turgan onlarimda tushunayotgandekman.
Har kuni og‘iz ocharga muzday choy, sharbatlar tayyorlab qo‘yadigan singlimga minnatdor boqarkanman: “Ro‘zadorga iftor uyushtirib bergan odam ro‘zadorning savobidan kam bo‘lmagan savobni oladi”, degan hadis yodimga tushib, ichim yorishadi.
Bandamiz, ojizmiz, buning ustiga ishxonada har xil muomala-munosabat... Jahlim chiqqanida tashnalikdan og‘zim qurib, jumlalarni kelishtira olmasligimdan xijolat chekib emas, urushmoqchi bo‘layotganim hamkasbim ham xuddi mendek ro‘zador ekanini, qiynalayotganini o‘ylab, g‘azabim shafqatga aylanadi. Muborak jumlalar xayolimdan o‘tadi: “Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang va jahl otiga minmang”. Quvonaman – yana bir hikmat...
Bu yilgi Ramazon oldidan...
“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh, 5-6).
Allohning va’dasi – haq! Shu kungacha biror mushkullik bilmadimki u bilan birga yorug‘ligini ham ko‘rmagan bo‘lsam. O‘tgan yilgi ramazon haqiqiy sinov bo‘ldi, lekin o‘sha sinovning yorug‘liklari, yengilliklarini har kun, har lahzada his qilib yashadim. O‘sha quvonchlarni yana his qilish umidida bu yilgi sinov ostonasidaman – vujud, qalb tayyorgarligi va yana... qo‘rquv bilan.
Ilohi, O‘zing bizni sinovlarga qodir qilgaysan. Ulug‘ fazlu marhamating bilan iftorlikdagi sevinchlarni butun boricha his etish baxtini nasib qilding. Nasib etajaging ikkinchi quvonch, ulug‘ shodlik, mo‘min dilning eng shirin orzusi – Ulug‘ Kunda Diydoringga yetishish saodatidan umidvormiz. Bizga bu ramazonni ham muborak va xayrli qil, Rabbim!
Zumrad FOZILJON qizi
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.