Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Bemorlik, mayyit va dafnga doir fatvolar

14.06.2017   58846   30 min.
Bemorlik, mayyit va dafnga doir fatvolar

1-FATVO

O‘limi yaqinligi bilingan og‘ir bemorni, o‘ng tomoni bilan yuzini qiblaga qaratib yotqiziladi. Bu sunnatdir. Osmonga qaratib yotqizib, boshi ostiga yostiq qo‘yib, tizzalari ko‘tarib qo‘yilsa ham, joizdir. Lekin bu ikki xil yotqizishda bemorga noqulaylik tug‘iladigan bo‘lsa, o‘z holicha qoldiriladi.

O‘limi yaqinlashganining belgilari – oyoqlari bo‘shashganidan tizzasini ko‘tarib yotolmasligi, burnining egri shaklga kirishi, yuzining rangi o‘chib, terisining bo‘shashishi va hokazo. Shu kabi alomatlar paydo bo‘lishi bilan unga Shahodat kalimasi talqin etiladi. Ya’ni, unga eshittirib, «Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh» kalimalari o‘qib turiladi. Bu mustahab amallardandir. Lekin bemorga «Ayt!» deb qistalmaydi. Agar bir marta bo‘lsa ham aytsa, yoki g‘arg‘ara qila boshlasa, talqin to‘xtatiladi.

 «Muxtasar», «Olamgiriya»,

«Hidoya», «Javhara».

 

2-FATVO

Bemor o‘limi oldidan mabodo kufr so‘zlarini aytib yuborgan bo‘lsa ham, unga kofir hukmi berilmaydi, balki unga hamma musulmonlar qatori muomala qilinadi.

 «Olamgiriya»,  «Fathul-Qadir».

 

3-FATVO

O‘lim to‘shagida yotgan og‘ir bemorning joni uziladigan paytda solih va ulug‘ odamlar hozir bo‘lib turishi foydadan xoli emas. Uning yonida Yosin surasi bardavom o‘qib turilishi mustahab amallardandir. Bemor atrofida xushbo‘y narsalar muattar hid taratib turishi ham ayni ko‘ngildagidek holdir.

«Olamgiriya», «Munya», «Zohidiy».

 

4-FATVO

Joni uzilayotgan bemorning yonida junub bo‘lgan yoki hayz ko‘rgan ayollarning bo‘lishiga ruxsat etiladi, ya’ni bu makruh emas.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

5-FATVO

Bemorning joni uzilishi bilanoq, uning eng yaqin kishisi ip bilan emas, enli latta ila iyagini boshiga tortib bog‘laydi. Ko‘zlari ochiq qolgan bo‘lsa, yumib qo‘yadi. Kiyimlari yechib olinib, yerdan balandroq joyga – taxta yoki so‘ri ustiga yotqizib, usti matoh bilan yopiladi. Issiq kunlarda bo‘lsa, qorniga temir yoki loy qo‘yiladi. O‘limi to‘g‘risida odamlarni xabardor qilish ham mustahab ishlardandir. So‘ngra imkon boricha tezroq mayyit yuvilib, kafanlanib, janozasi o‘qilib, dafn etiladi. Kasal bo‘lmay, to‘satdan vafot etgan kishi, o‘limi aniqlanmagunicha, dafn etilmay turadi.

«Olamgiriya», «Javhara»,

«as-Sirojul-vahhoj».

 

6-FATVO

Mayyit yuvilmay turib, uning huzurida Qur’on tilovat qilish makruhdir.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

Izoh:

Demak, mayyitga janoza o‘qilmaguncha, tashqarida tilovat etish joiz ekan. Lekin bizning diyorimizda dafndan keyin tilovat qilish odati joriydir.

 

7-FATVO

Homilador ayol o‘lib qolsa va qornidagi bolaning qimirlagani ma’lum bo‘lsa, Imom Muhammadning (r.h.) so‘ziga ko‘ra, onaning qornini yorib, bola chiqarib olinadi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

8-FATVO

Mayyitni yuvish tiriklar zimmasidagi vojib amallardandir. Bir marta yuvish vojib. Uch bor yuvish sunnat. Mayyit xilvat joyda to‘la yechintirib, taxta ustiga yotqizilgan holda yuviladi. Taxta bir yoki uch, yoxud 5 marta mijmar (isiriqqa o‘xshash ud nomli xushbo‘y giyoh) bilan dudlangan bo‘lishi lozim. Mayyitning avrati (kindigidan tizzasigacha) biror matoh bilan yopib qo‘yiladi. Ba’zi ulamolar faqat g‘aliza avrati yopilsa kifoya, sonlari ochiq qolsa, zarari yo‘q, deydilar.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Hidoya».

 

9-FATVO

Mayyit yuvilganida istinjo ham qildiriladi. Bu Abu Hanifaning (r.h.) so‘zidir. G‘assol buning uchun qo‘liga latta o‘rab oladi. So‘ngra balog‘at yoshida bo‘lsa, tahorat ham qildiradi. Og‘iz-burunlari chayilmaydi. Yuzidan boshlab iliq suv bilan yuviladi. Ba’zi ulamolar og‘iz-burni suv bilan yuvilmasa-da, g‘assol barmog‘iga yupqa lattani o‘rab, lab va tishlarini artib tozalaydi, burniga ham o‘sha barmog‘ini tiqib, yetgan joyigacha artadi, deydilar. Boshiga mas'h ham tortiladi. Chap va o‘ngiga ag‘darib yuviladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Javhara»,

 «Qozixon», «Zahiriya».

 

10-FATVO

Mayyit yuvilgach, o‘tqizib, qorni asta silab qo‘yiladi. Biror narsa chiqsa, faqat o‘sha joyi yuvib qo‘yiladi, xolos. Soch va soqoli taralmaydi, tirnoqlari olinmaydi, mo‘ylabi ham qaychilanmaydi, qo‘ltiq osti yunglari ham yulinmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

11-FATVO

Mayyit suv ostidan topilgan bo‘lsa ham, g‘usl qildiriladi. Ammo suvdan olmay turib, g‘usl qildirish niyati bilan jasadni u-bu yoqqa ag‘darib, so‘ngra olinsa, g‘usl o‘rniga o‘tadi.

«Olamgiriya», «Tajnis», «Badoye».

 

12-FATVO

Jasad uzoq turib qolgani sababli aynib, qo‘l bilan silashning imkoni bo‘lmasa, ustidan suv quyib yuvilaveradi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

13-FATVO

Tug‘ilgan chaqaloq ovoz chiqarib yoki qimirlab, so‘ngra o‘lgan bo‘lsa, unga nom qo‘yiladi, yuvib, janoza ham o‘qiladi. O‘lik holda tug‘ilgan chaqaloqqa nom qo‘yilmaydi, janoza o‘qilmaydi, yuvib, bir lattaga o‘rab ko‘miladi. Chaqaloqning tirik tug‘ilgani to‘g‘risida tuqqan ona yoki tug‘dirgan doyaning guvohligi qabul qilinadi.

«Olamgiriya», «Hidoya», «Muzmarot».

 

14-FATVO

Murdaning yarmidan ko‘p qismi boshsiz yoki yarim qismi boshli holda topilsa, yuvib, kafanlab, janoza o‘qib ko‘miladi. Jasadning ko‘p qismi topilib, janoza bilan ko‘milgandan keyin qolgan qismlari topilsa, bu qismlariga janoza o‘qilmasdan, lattaga o‘rab ko‘mib qo‘yilaveradi. Yarim qismi boshsiz yoki jasad uzunasiga ikkiga bo‘lingan bo‘lib, biri topilgan bo‘lsa ham, yuvilmaydi, janoza ham o‘qilmaydi, balki lattaga o‘rab dafn etiladi.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Izoh».

 

15-FATVO

Murdaning musulmon yoki kofirligi noma’lum bo‘lsa, qaraladi: agar u musulmonlar diyorida topilgan bo‘lsa yoki musulmonligiga dalolat qiladigan biror alomati bilinsa, yuvib, janoza bilan dafn etiladi. Musulmonlik alomatlariga xatna qilingani, soqoli xina bilan bo‘yalgani kabilar kiradi.

«Olamgiriya», «Me’rojud-diroya».

 

16-FATVO

Kemada o‘lgan kishi (qirg‘oq uzoq bo‘lsa) yuvilib, kafanlanib, janozasi o‘qilgach, tosh kabi og‘ir narsa bog‘lab, suvga tashlab yuboriladi.

«Olamgiriya», «Me’rojud-diroya».

 

17-FATVO

Musulmon podshohga itoat qilmay, unga qarshi chiqib, qurollangan isyonchi (bog‘iy)lar hamda qaroqchilar jang asnosida o‘lsalar, yuvilmaydilar va ularga janoza ham o‘qilmaydi.

«Olamgiriya», «Xizona».

 

18-FATVO

Mayyitni yuvuvchi g‘assol tahoratsiz bo‘lsa ham, joiz, lekin tahoratli bo‘lishi yaxshidir. Agar u junub yoki hayzli ayol yoxud kofir bo‘lsa, makruh esa-da, joizdir.

«Olamgiriya», «Me’roj», «Zohidiy».

 

19-FATVO

G‘assol ishonchli kishilardan bo‘lib, mayyitning ayb-nuqsonlarini fosh qilmaydigan, yaxshi sifat va alomatlarinigina gapiradigan kishi bo‘lishi tavsiya etiladi. Masalan, mayyitning yuzi qizarib ketgani, xushbo‘y hid taratgani kabi alomatlarni gapirsa, yaxshi. Ammo yuzi qoraygani, noxush hid taratgani, shaklu surati o‘zgargani kabi sifatlarini aytmagani ma’qul.

«Olamgiriya», «Javhara».

 

20-FATVO

Erkaklar jasadini erkaklar, ayollar jasadini ayollar yuvadi. Norasida o‘g‘il bolani ayollar, norasida qiz bolani erkaklar yuvishiga ruxsat etiladi. Ayollar erlarini yuvishlari mumkin. Ayollarni erlari yuvmaydilar. Bu bizning hanafiy fuqaholarimizning xulosalaridir.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

21-FATVO

Ayollar ichida bir erkak o‘lib qolsa, uni suv bilan yuvmaydilar, balki ayollar ichida mahrami yoki xotini bo‘lsa, ulardan biri qo‘li bilan tayammum qildiradi. Agar ulardan boshqa begona ayollar tayammum qildiradigan bo‘lsalar, qo‘llariga latta o‘rab oladilar.

«Olamgiriya», «Me’roj».

 

22-FATVO

Mayyit yuvilgandan keyin uni kafanlash farzi kifoya amallardandir. Sunnatga ko‘ra, erkak kishiga uch qavat kafan bichiladi:

  1. Izor (ishton) – uzunligi mayyit boshining tepa qismidan oyoqlarining ostigacha.
  2. Qamis (ko‘ylak) – bo‘ynidan oyoqlarigacha.
  3. Lifofa (choyshab) – uzunligi izor uzunligichadir.

Ba’zi fuqaholar, marhum olim kishilardan bo‘lsa, unga salla ham kiydirib qo‘yilgani yaxshi, ya’ni mustahab, deganlar. Bunda sallaning pechi yuz tomoniga tushirib kiydiriladi. Izor bilan lifofaning o‘zi ham kafanlikka kifoya qiladi. Ayol kishiga ham, sunnatga ko‘ra, uch qavat (izor, qamis, lifofa) kafan bichiladi. Faqat unga ximor (ro‘mol) va ko‘kragidan sonlarigacha yetadigan xirqa (qiyiq) qo‘shiladi. Ayol kishiga izor, lifofa, ximorning o‘zi ham kifoya qiladi. Faqat zarurat holatlardagina erkakka bir qavat, ayolga ikki qavat kafan bichish mumkin.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara».

 

23-FATVO

Qabristonga dafn uchun borganlar tobut yelkalardan yerga qo‘yilmagunicha o‘tirishlari makruhdir. Agar tuproq tortilguncha o‘tirmay, tik tursalar, yanada yaxshiroq bo‘ladi.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Muhit».

 

24-FATVO

Mayyitga janoza namozi o‘qish farzi kifoyadir. Bir kishi – xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin – janozasini o‘qisa, qolgan musulmonlar zimmasidan soqitdir, hech kim o‘qimasa, gunohkorlik hammaning zimmasiga tushadi. Juma, hayit namozlarida adad xususida shart qilingan jamoat janoza namozida shart emas. Lekin jamoat qancha ko‘p yig‘ilsa, shuncha yaxshi.

«Olamgiriya», «Nihoya», «Tatarxoniya».

 

25-FATVO

O‘zini o‘zi o‘ldirgan odam juda katta gunoh qilib qo‘ygan bo‘lsada, mo‘min-musulmonligining e’tibori bilan Imom Abu Hanifa, Imom Muhammad va Halvoniy (r.h.) nazdlarida, unga janoza o‘qilaveradi. Ammo ota-onasidan birini qasddan o‘ldirgan odam o‘lsa, unga janoza o‘qilmaydi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Nihoya».

 

26-FATVO

Mayyit o‘limi oldidan janozamni falon kishi o‘qisin, deb vasiyat qilgan bo‘lsa, bu vasiyati shar’iy hisoblanmagani uchun uni ijro etish lozim bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Muzmarot».

 

Izoh:

Lekin mayyitning egalari o‘sha vasiyat etilgan odamning imomlik qilishiga rozi bo‘lishsa va boshqa tomondan ham qarshilik bo‘lmasa, janozaga o‘tishi mumkin.

 

27-FATVO

Shom namozi paytida janoza hozir bo‘lib qolsa, shomning farzidan keyin janoza o‘qiladi. Undan so‘ng shomning sunnati ado etiladi.

«Olamgiriya», «Qunya».

28-FATVO

Janoza namozining niyatini dilga keltirib, yana til bilan ham aytsa, boshqa namozlardagi kabi yaxshi. Ammo shoshilinch paytida imomning janoza to‘g‘risida o‘ylab qo‘yishi va iqtido qiluvchilarning «imomga iqtido qildim», deyishlari kifoya qiladi.

 «Olamgiriya», «Muzmarot».

 

29-FATVO

Bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, janoza namozida Fotiha surasi o‘qilmaydi. Mabodo o‘qilganda ham, qiroat niyati bilan emas, sano niyati bilan o‘qiladi. Yana janoza namozi to‘rt takbirining hammasida qo‘l ko‘tarmaymiz. Balki faqat birinchi takbirda qo‘l ko‘taramiz, xolos.

«Olamgiriya», «Muhit», «Sharhi Kanz».

Izoh:

Takbirlarni aytayotgan paytda ayrim kishilarning boshini osmonga bir bor ko‘tarib qo‘yishlari bid’at ishlardandir.

 

30-FATVO

Mayyitlar ko‘p bo‘lsa, imom ixtiyorlidir, xohlasa, har biriga alohida janoza o‘qiydi yoki hammasiga bir niyat bilan bir marta o‘qiydi. Mayyitlar imomning ro‘parasidan boshlab, dastlab katta yoshli erkaklar, ularning ortidan norasida o‘g‘il bolalar, so‘ngra ayollar qo‘yiladi. Agar hammasi bir jinsdan bo‘lsa, yoshi ulug‘rog‘i yoki ilmlirog‘idan boshlab qo‘yiladi.

«Olamgiriya», «Me’roj», «Fathul-Qadir».

31-FATVO

Agar mayyit janozasiz yoki yuvilmay ko‘mib qo‘yilgan bo‘lsa, ba’zi ulamolar uch kungacha, deganlar, lekin necha kun o‘tgan bo‘lishining ahamiyati yo‘q, balki murda aynib, titilishga o‘tmaganiga umid bo‘lsa, qabr ochilib, mayyit chiqariladi va yuvilmagan bo‘lsa, yuvilib, janozasi o‘qiladi va qayta dafn qilinadi.

«Olamgiriya», «Sirojiya».

 

32-FATVO

Mayyitni dafn qilish ham farzi kifoyadir. Qabr lahad shaklida kovlanishi sunnatdir. Ya’ni, ikki metr atrofida chuqur kovlab tushilgandan keyin qibla tomondan mayyit uchun alohida joy tayyorlanadi. Uning chuqurligi ko‘krak barobaricha bo‘lishi kerak. Agar undan chuqurroq bo‘lsa, yanada yaxshi. Eni yarim qomat, ya’ni bir metrga yaqin bo‘lishi lozim.

«Olamgiriya», «Muhit»,
«Javhara», «Muzmarot».

 

33-FATVO

Agar qabrni lahad shaklida kovlashga yerning yumshoqligi yoki qumli tuproq ekani sababli imkon bo‘lmasa, «shaqq» ko‘rinishida, ya’ni yorma go‘r kovlab, dafn etish ham mumkin. Bunda ariq qazigandek yer ochiladi va ikki yoni xom g‘ishtlar bilan urib chiqiladi. Mayyit qo‘yilgach, ustiga tegmaydigan qilib yog‘och, taxta yoki shox-shabbalardan «ship» yasab, ustidan tuproq tortiladi.

«Olamgiriya», «Me’roj».

 

34-FATVO

Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Fazlning (r.h.) bergan fatvosiga ko‘ra, ba’zi yumshoq tuproqli yerlarda lahad yoki yorma qabr kovlashning imkoni bo‘lmagani uchun nimadan bo‘lsa ham tobut (quti, sandiq) yasab, mayyitni unga solib ko‘mish mumkin. Agar temirdan yasalsa, uning ichiga avval tuproq to‘shaladi, ustki qismi yorma qabr usti kabi yopib, loy bilan suvab qo‘yiladi. Mayyitning o‘ng va chap tomonlariga xom g‘isht teriladi. Shunday qilinsa, lahadga o‘xshatilgan bo‘ladi. Lahadga pishiq g‘isht ishlatish makruhdir.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

35-FATVO

Ayol kishi murdasini lahadga qo‘yishga hammadan ko‘ra uning mahramlari haqliroq va yaxshiroqdir. Ulardan keyin mahram bo‘lmagan qarindoshlari avlodir. Agar ulardan hech kim bo‘lmasa yoki qo‘yishni uddalay olmasa, begonalar qo‘yishi joiz bo‘ladi. Ayollar qabrga tushirilmaydi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Muhit».

 

36-FATVO

Qabr yerdan bir qarich baland qilib ko‘tarib qo‘yiladi. Ustki qismini nam o‘tkazmaydigan qurilish vositalari bilan berkitmaslik tavsiya etiladi. Qabr ustida imorat qurish, o‘tirish, uxlash, bosib yurish, tahorat ushatish, ko‘karib turgan giyohlarni yulish yoki chorva mollarini o‘tlatish makruh ishlardan sanaladi. Qabr toshi o‘rnatish va mayyit to‘g‘risida ba’zi muhim ma’lumotlarni yozib qo‘yishga ayrim ulamolar joiz, deb fatvo berganlar.

«Qozixon», «Olamgiriya».

 

Izoh:

Maqbara tiklash, qabr toshi qo‘yib, unga yozuvlar bitish masalasidagi ulamolarning ixtilofi asosan, oddiy musulmonlarning qabrlari to‘g‘risida bo‘lgan. Ammo mashhur aziz-avliyolar, dunyoga tanilgan olimu ulamolarning qabrlari esa, ziyoratchilar ruhiy taassurot olsin, keyingi avlod uchun ularning mozorlari ibrat manbai bo‘lsin, degan ezgu maqsadda o‘zlari vasiyat qilmagan va xohlamagan bo‘lsalar-da, boshqalar tomonidan tiklansa, obod qilinsa, zarari yo‘q, balki ko‘p manfaatli jihatlari borligi uchun ruxsat berilgan.

 

37-FATVO

Tiriklik vaqtida o‘zi uchun qabr kovlatib qo‘yishning zarari yo‘q, aksincha, savobli ishdir.

«Olamgiriya», «Muzmarot».

 

38-FATVO

Dafndan keyin darhol tarqab ketmay, bir oz vaqt duo, Qur’on tilovati bilan o‘tirish mustahab ishlardandir. Imom Muhammad (r.h.) qabristonda Qur’on tilovat qilishning karohiyati yo‘q, deb fatvo bergan. Mashoyixlarimiz buning mayyitlarga foydasi bo‘lgani uchun shu fatvoni qabul qilishgan.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Javhara».

 

39-FATVO

Zarurat yuzasidan bir qabrga ikki-uch kishining jasadi dafn etilishi mumkin. Agar ular turli jinsdan bo‘lishsa, qibla tomonga katta yoshdagi erkak, keyin norasida o‘g‘il bola, so‘ng ayol kishi qo‘yiladi va oralarini ajratib turish uchun tuproq tashlanadi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

40-FATVO

Qabrdagi mayyit chirib, tuproqqa aylangani ma’lum bo‘lsa, shu qabrga boshqa mayyit qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, bu kabi qabrlar o‘rnida dehqonchilik qilish va imorat solib, foydalanish joizdir.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

41-FATVO

Mayyit qiblaga qarab yotqizilmagani yoki chap yoni bilan yotqizilgani, yoxud boshi oyoq tomonga qilib qo‘yilgani ma’lum bo‘lsa, qaraladi: agar lahadning og‘zi g‘isht bilan berkitilgan, lekin tuproq tortilmagan bo‘lsa, ochib, sunnat bo‘yicha o‘zgartiriladi. Ammo tuproq tortilgandan keyin bilinsa, qabr ochilmaydi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

42-FATVO

Qabr ichida kimningdir qiymati bir dirhamlik biror narsasi qolib ketgan bo‘lsa ham, tuproq tortilgan bo‘lsada, qayta ochib, uning omonati qaytariladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «al-Bahrur-roiq».

 

Izoh:

Bir dirham oltin – 3,12 gr.

 

43-FATVO

Musibat yetgan xonadon egalariga uch kungacha bir marta ta’ziya bildirish yaxshi ishlardan sanaladi. Ta’ziya bildirish deganda, «marhum yoki marhumani Alloh rahmati va mag‘firatiga sazovor qilsin, gunohlarini kechirsin. Sizga Alloh sabr bersin», kabi so‘zlar bilan dillarga tasalli berish tushuniladi. Musulmon odam kofirga va kofir odam musulmon kishiga o‘ziga yarasha so‘zlar bilan ta’ziya bildirishi joiz.

«Olamgiriya», «Muzmarot»,
 «Zahiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

44-FATVO

Kimningdir vafot etishi bilan musibat yetgan xonadon ahli uydan chiqmay, uch kungacha aza tutib o‘tirishlari va ta’ziyaga keluvchilarni kutib-kuzatib turishlari mumkin. Faqat darvoza oldida kursi va to‘shaklarda o‘tirib yoki tik turib, ta’ziyachilarni kutish eng xunuk odatlardandir.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

Izoh:

Bunga qaraganda, bizning shu kabi odatlarimizni isloh etish lozimga o‘xshaydi. Haqiqatan, darvoza oldida ta’ziyachi kutish degani, albatta, hammaning kelishi shart, degandek bo‘ladi. Ammo darvozani ochiq qoldirib, uch kungacha ichkarida o‘tirish esa, birinchidan, kamtarlik alomati. Zero, kamtar inson odamlarni ovora qilish, vaqtlarini olishdan iloji boricha o‘zini saqlaydi. Ta’ziyaga kela olmaganlardan xafa ham bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ko‘chadan shoshilinch o‘tib ketayotgan vaqti tang kishilar xijolat tortmaydi. Ta’ziyaga kelishi ham xolis bo‘ladi.

 

45-FATVO

Aza bois ayollarning qora kiyim kiyishlarida zarar yo‘q. Erkaklarga bu mumkin emas. Ammo musibatga toqatsizlik qilib, yuz va qo‘llarini qoraga bo‘yash, yoqa yirtish, yuzni tirnab, qon chiqarish, boshiga tuproq sochish, son va ko‘kraklariga urib, faryod solish, qabristonga chiroq yoqish kabi ishlar botil va johiliyat odatlaridandir.

«Olamgiriya», «Muzmarot».

 

46-FATVO

Musibatzada xonadon ahli uchun taom tayyorlab yedirish joiz. Uchinchi kuni ziyofat berish nojoiz ishlardandir.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Tatarxoniya».

 

Izoh:

Musibat ahlining ko‘ngliga ovqat tayyorlab yeyish sig‘maydi. Shuning uchun qo‘shnilar taom hozirlab, berib tursalar, ayni savob ish qilgan bo‘ladilar. Hatto mayyit chiqqan xonadonda sharoit ko‘tarsa, bir chekkada qozon osib, ovqat tayyorlab, musibat ahli, uzoqdan kelgan mehmonlar, xizmatda bo‘lganlari bois, chiqib ovqatlanib kelishga imkoniyat topolmay turgan kishilarga ham berilsa, buning hech qanday zarari yo‘q. Faqat isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmasa, to‘y ziyofatiga o‘xshab qolmasa bo‘lgani. Zero, zarurat yuzasidan yengillik baxsh etish dinimizga xos xususiyatlardandir.

 

47-FATVO

O‘zini yoki mol-mulkini dushman va o‘g‘ridan himoya qilayotganida nima bilandir o‘ldirilsa, musulmonlar yoxud zimmiylarning jonini saqlab qolish harakati asnosida halok etilsa, dushmanning o‘t ochishidan kemadagi musulmonlar kuyib o‘lsa, ularning hammasi shahid hisoblanadi. Ular yuvilmasdan, janoza o‘qib, kiyimlari bilan birga dafn etiladilar. Liboslarida qondan boshqa najosat bo‘lsa, o‘sha joyi yuviladi. Kafanlikka yaraydigan kiyimlaridan boshqa barcha narsalari yechib olinadi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

48-FATVO

Shaharda qotili noma’lum jasad topilsa yoki jang maydonida og‘ir yaralanib, tashqariga tirik holda chiqqach, dunyoviy gapdan so‘zlab, ovqatlanib, biror ichimlik ichib yoki uxlab, davolanib, vasiyat qilib, salqinlab, yoki bir namoz vaqti o‘tgunicha tirik turib, so‘ngra jon bersa, bu kabi shahidlar yuvilib, keyin janozalari o‘qiladi. Bog‘iylik va qaroqchilik qilgani sababli o‘lim jazosiga mahkum etilganlar yuviladi, lekin ularga janoza o‘qilmaydi.

«Muxtasar», «Olamgiriya».

 

49-FATVO

Mozor va qabristonlarni ziyorat qilish erkak va ayollarga barobar joiz, hatto savobli ishlardandir. Payshanba, juma va shanba kunlari ziyorat etilsa, mayyitlar sezib turarkan. Faqat ziyorat odoblariga rioya qilib, bid’at ishlardan saqlanish shart.

«Raddul-muhtor» matni va hoshiyasi.

 

50-FATVO

Mozor va qabriston ziyoratining odoblaridan biri – mayyitning oyoq tomonidan kelib, salom bergach, tik turgan holda duo qilishdir. Payg‘ambarimiz (a.s.) «Jannatul Baqi’» qabristonini ziyorat qilganlarida shunday qilar edilar. Agar oyoq tarafdan kelishning imkoni bo‘lmasa, boshqa tomonlardan kelish mumkin. Salom bergandan keyin bunday deydi: «Assalomu alaykum, ya daro qavmin mu’minin. Va inna in shaallohu bikum lahiqun». Agar arabcha ayta olmasa, uning tarjimasi: «Assalomu alaykum, ey mo‘minlar diyori! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilajakmiz». Shundan keyin, bilsa, Yosin yoki o‘n bir marta Ixlos yoxud bilgan sura va oyatlarini o‘qib, savobini mayyitlar ruhiga hadya etadi.

«Raddul-muhtor» matni va hoshiyasi.

 

 

51-FATVO

Kimki, nafl ro‘za tutib yoki nafl namoz o‘qib, xayr-sadaqa qilib, savobini mayyitlar ruhiga hadya etsa, ahli sunna valjamoa e’tiqodiga ko‘ra, yuborgan savobi ularga yetadi.

«Raddul-muhtor» hoshiyasi.

 

52-FATVO

Qur’on tilovatining savobini Payg‘ambarimizga (s.a.v.) hadya etish joizligiga ko‘pchilik ulamolar ittifoq qilishgan.

«Raddul-muhtor» hoshiyasi.

 

53-FATVO

O‘limdan oldin o‘zi uchun kafan tayyorlab qo‘ygani kabi, qabr kovlatib qo‘yishi ham joiz, hatto savobli ishdir. Umar ibn Abdulaziz, Rubayyi’ ibn Xaysam va boshqa ulug‘ zotlar shunday qilganlar.

 «Raddul-muhtor» matni va hoshiyasi.

 

54-FATVO

Musibat yetgan xonadon ahli va qarindoshlarining yig‘lashi mumkin. Faqat og‘izlaridan kufrona, shikoyatomuz gaplar chiqmasligi shart. Agar Allohdan nolib yig‘lasalar, qattiq gunohkor bo‘lishadi. Mabodo mayyit yig‘lashga vasiyat qilgan bo‘lsa, qabrida azoblanadi.

«Raddul-muhtor» matni va hoshiyasi.

 

 

55-FATVO

Mayyitning peshonasiga «Bismillohir Rahmonir Rahim», ko‘kragiga «La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh», deb siyoh bilan emas, quruq ko‘rsatkich barmoq bilan yozib qo‘yish foydadan xoli emasligida yirik ulamolar ittifoq qilishgan. Lekin peshona, kafan, ko‘krak kabi joylarga oyat va Allohning nomlarini siyoh bilan yozib qo‘yishga ko‘pchilik ulamolar ruxsat bersalar, ayrimlari chirib, yiringga aylanadigan joyda oyat va Allohning ismlari yozilmagani ma’qul, deb qarshilik bildirganlar.

«Raddul-muhtor», «Navodirul-usul».

 

56-FATVO

Jamoat bilan o‘qiladigan boshqa namozlarda birinchi safda turish afzal, janoza namozida esa, oxirgi safda turish afzal. Zero, bu tavoze (kamtarlik) belgisidir.

«Bazzoziya».

 

57-FATVO

Mayyit qabrga qo‘yilib, qaror topgach, Munkar va Nakir atalmish ikki farishta kelib, u bilan savol-javob qilishi haq. Agar yirtqich yeb ketgan bo‘lsa ham, uning qornida so‘roq qilinadi. Uzoq joyga olib ketish uchun biror qutiga o‘xshagan narsaga solib qo‘yilgan mayyit olib borib, dafn etilmagunicha so‘roq qilinmay turadi. Barcha omonat ruhi topshirilgan inson so‘roq qilinadi. Hatto chaqaloq ham bundan mustasno emas. Uning javob berishida Alloh taolo ilhom bilan yordamlashadi.

«Bazzoziya».

 

58-FATVO

Masjidga xarj qilish uchun odamlardan to‘plangan pul mablag‘ini masjid xodimi shaxsiy ehtiyojiga ishlatib, so‘ngra o‘ringa-o‘rin o‘z mablag‘idan to‘lab qo‘yishi joiz emas.

«Bazzoziya».

 

59-FATVO

Mast qiluvchi ichimlik ichib mast bo‘lgan holdagi musulmon odamni noma’lum shaxs zulman (nohaq) urib o‘ldirib ketgan bo‘lsa, shahid hisoblanadimi yoki yo‘qmi, degan masalada hanafiy va shofi’iy mazhablarining ulamolari, shahid bo‘ladi, deb javob aytganlar. Dalil sifatida shahidlikning shartlari unda topildi. Mast holda bo‘lmasin yoki gunoh ustida o‘ldirilgan bo‘lmasin, degan shart hech qayerda qayd etilmagan, deb ta’kidlaydilar. Shartlar: mukallaflik (ya’ni, oqil, bolig‘, musulmon bo‘lish), zulman qatl qilinish, xun to‘lanmasligi, junub bo‘lmaslik va irtisos bo‘lmasligi.

«Fatovoi xayriya», «Sharhi Ravz».

 

60-FATVO

Qabrlari bir-biridan uzoq yoki yaqin bo‘lishidan qat’i nazar, mayyitlarning ruhlari o‘zaro ziyoratlashib turadilar. Bu xususda hadislar vorid bo‘lgan. Tiriklarning qilib yurgan yaxshi-yomon ishlari vafot etgan yaqinlariga ko‘rsatib turiladi. Tiriklarning qilayotgan amallari Allohga dushanba va payshanba kuni, payg‘ambarlar va avliyolarga juma kuni ko‘rsatiladi. Shunda ular bundan shodlanadilar.

«Bayon lin-nos».

 

61-FATVO

Dafn etilgan marhum va marhumalarning ruhlari jasadlari bilan aloqadordirlar. Ularning o‘zaro bog‘liqligi uyqudagi odamning ruhi bilan bo‘ladigan aloqasidan ham kuchliroqdir. Mo‘minlarning ham, kofirlarning ham ruhlari jasadlari huzurida, qabriston hududida bo‘lib turishlari to‘g‘risida rivoyatlar bor. Shuningdek, ba’zi solih kishilarga marhumlarning vafot etganlaridan keyingi kechirgan holatlari ayon qilingan.

«Bayon lin-nos».

 

62-FATVO

Duoxonlik, azayimxonlik, dam solish kabi odatlar qadimdan hamma xalqda mavjud. Bu odatlar ichida shar’an ruxsat etilgan va etilmaganlari bor. Islom ta’limoti ulardan shariatga zidlarini taqiqlagan, mos keladiganlarini aniqlab bergan. Masalan, duoxon yoki azoimxon bemorga yoki boshiga biror tashvish tushgan kishiga oyatlardan o‘qib, dam solsa, hadislarda kelgan duolarni o‘qib, shifo tilasa, joiz, sunnat ham. Ammo kufrona so‘zlar, ma’nosiz to‘qima duolar o‘qib, dam solish taqiqlanadi. Ibn Hajar Asqaloniy so‘ziga ko‘ra, ulamolar dam solishning uch sharti borligiga ijmo qilishgan:

  1. Allohning kalomidan, ism va sifatlaridan o‘qish.
  2. Arab tilida yoki boshqa tilda esada, ma’nosi shar’iy bo‘lishi.
  3. Duo va dam solish mustaqil ravishda ta’sir qilmaydi, balki Allohning izni va taqdiri bilan ta’sir etadi, deb e’tiqod qilish.

«Bayon lin-nos».

 

63-FATVO

Oyatlar, Allohning ism va sifatlari yozilgan tumorlarni taqish hanafiy, molikiy, shofi’iy va hanbaliy mazhablari ulamolari nazdida, joiz sanalgan. Bu to‘g‘rida taqiq kelgan hadis shirk yozilgan tumorlarga oid, deb ta’vil qilganlar. Ezib-ichki to‘g‘risida, agar oyatlardan bo‘lib, uni yozgach, suv bilan yuvib, ichilsa yoki yuvinilsa, joizligi ta’kidlangan. Ibn Abbos (r.z.) tug‘ishga qiynalgan ayolga shunday qilishga buyurganlari naql etilgan.

«Bayon lin-nos», «al-Mavsu’atul-fiqhiyya».

 

64-FATVO

Kasallikning sog‘ odamga yuqishi mumkinligi hadisi sharifdan ma’lum. Unda: «Biror joyda vabo kasali tarqalgani haqida eshitib qolsangiz, u yerga bormang. O‘zingiz yashayotgan joyda vabo tarqalsa, undan qochib chiqib ketmang», deyilgan. Boshqa hadisda: «Kasal yuqishi yo‘q narsa...», deyilgan. Lekin ushbu hadisda Allohning izni va taqdirisiz yuqish yo‘q, degan ma’no nazarda tutilgan, deb ta’vil qilinadi.

«Bayon lin-nos», «Zodul-ma’od».

 

65-FATVO

Qur’on xatmi, xudoyi yoki ehson nomi bilan qori va mullalarni uyiga taklif etib, amri ma’ruf, nahyi munkar, tilovat qilingach, mehmonlarni kuzatish asnosida qori va mullalarga mezbon tomonidan berilgan pul yoki boshqa narsalarni olish joizmi, degan masalada mutaaxxir ulamolar, jumladan, Imom Saraxsiy, Mavlono Abdulhay (r.h.) agar oldindan shu narsalarni berishini shart qilib kelgan bo‘lsalar, mumkin emas. Ammo hech qanday shartsiz, mezbon o‘zi ko‘nglidan chiqarib, hadya tariqasida bersa, olish joiz, deb fatvo chiqarganlar.

«Aynul-ilm», «Komiliya».

 

66-FATVO

Dafn etilgan mayyit shar’iy uzr bilan ochilib, boshqa joyga ko‘chirilib, dafn etilishi mumkin. Masalan, egasidan ruxsat olinmagan birovning yeriga dafn qilinib, yer egasi norozilik bildirib turgan bo‘lsa, qabr ostini namlik yoki suv egallagan yoki g‘ayridinlar yurtiga dafn etilgan bo‘lsa. Hanafiy mazhabida bo‘lgan Malika Shohsuvor (oxirgi Usmoniy xalifa Sulton Abdulmajid-II ning xotini) Fransiya qabristonidan olib kelinib, Misrga dafn etilgani tarixdan ma’lum.

 «Dorul-ifto», Misr, «Sahihi Buxoriy»,

 «Olamgiriya».

 

67-FATVO

Mayyitning qornini yorish masalasida, shar’iy uzr bilan bo‘lsa, joiz deyilgan. Masalan, mayyit zaharlanib o‘lgan bo‘lsa, buni aniqlash, gumon qilingan odamni tuhmatdan xalos qilish kabi sabablar bilan ichki a’zolari ochib, tekshirib ko‘rilishi joiz.

«Dorul-ifto», Misr.

 

68-FATVO

Tirik insonning biror a’zosini shu a’zoga muhtoj bemorning hayotini saqlab qolish uchun tibbiy amaliyot bilan ko‘chirib o‘tkazish joiz. Lekin shu shart bilanki, a’zo beruvchining hayotiga zarar yetmasa, majburan emas, ixtiyoriy ravishda bersa, shundan boshqa muolaja chorasi qolmagan va amaliyot har ikki tomon uchun muvaffaqiyatli chiqishi odatda kuzatilib turgan bo‘lsa.

Islom fiqhi Akademiyasi yig‘ilishining qarori.

Makka, 1985.

 

69-FATVO

O‘lik insonning biror a’zosini shu a’zoga muhtoj bemorning hayotini saqlab qolish uchun tibbiy amaliyot bilan ko‘chirib o‘tkazish joiz, hatto avlodir. Faqat a’zosi olinuvchi mayyit bunga tirikligida ruxsat bergan bo‘lishi shart.

Islom fiqhi Akademiyasi yig‘ilishining qarori.

Makka, 1985.

 

70-FATVO

Tirik inson organizmining biror qismini o‘zining boshqa bir joyiga ko‘chirib olib o‘tkazish zarurat yuzasidan joiz. Masalan, terisi, suyagidan olib, boshqa joyiga ulash, yamash mumkin.

Islom fiqhi Akademiyasi yig‘ilishining qarori.

Makka, 1985.

 

71-FATVO

Bemorning jismoniy sog‘lig‘ini tiklash maqsadida sun’iy suyaklar o‘rnatish, yurak, o‘pka, jigar kabi ichki a’zolarga tutqichlar yasab qo‘ydirish joiz.

Islom fiqhi Akademiyasi yig‘ilishining qarori.

Makka, 1985.

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

24.08.2026   34338   36 min.
Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi
 

Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.


Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.


1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].


Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.


Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.


So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.


Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.


Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].


Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].


Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.


Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.


2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.


Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].


Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].


Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].


Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Juma surasi, 2-oyat].


E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.


Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.


Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.


Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].


Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].


Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.


Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.


Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».


Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.


Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».


Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.


3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].


Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.


Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».


Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.


«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.


Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.


Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.


Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.


6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].


«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.


7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].


Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.


Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.


Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.


Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.


8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.


Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».


Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».


«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Juma surasi, 9–11-oyatlar].


Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.


So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.


Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].


Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.


10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.


Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?


Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?


Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.


Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!


Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.


Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.

11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.


Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.


Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.

 

Nurmuhammad MATKARIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.  

 

Hadisi sharif