Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Imonu ixlosu duoda gap ko‘p

12.06.2017   6802   4 min.
Imonu ixlosu duoda gap ko‘p

Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari poytaxtimizdagi “Islom ota” masjidiga borib xatmul Qur’onda ishtirok etdilar.

Fayzli masjid ostonasida muftiy hazratlarini masjidning imom-xatibi Abduhakim qori kutib oldi. Odatdagidek, saf tortib o‘tirgan namozxonlar bu ajoyib tashrifdan behad mamnun bo‘ldilar.

– Muftiy hazratlari har doim: “Ishlaringiz yaxshimi, kamchiliklaringiz yo‘qmi, namozxonlarning kayfiyati joyidami, mahalla-ko‘y obodmi?” deb kuyinchaklik bilan holimizdan xabar olib turadilar, – dedi Abduhakim domla. – Azizlar, Ramazon oyining 16 sidan 17 siga, dushanbaga o‘tar kechasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan.  Muftiy hazratlari ana shunday qutlug‘ kunda bizning yonimizda bo‘lish niyatida  tashrif buyurdilar, qadamlariga hasanotlar bo‘lsin, – deya duo qildi.

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasuli akramga durudu salovatlar, o‘tganlarga salomlar  yo‘llaganidan keyin muftiy hazratlari so‘zlarini bunday boshladilar:

–  Muhtaram birodarlar, buyuk ne’mat ichidamiz. Bu ne’mat – tinchlik-xotirjamlik ne’mati. Jannatmonand yurtimiz tinch bo‘lgani tufayli respublikamiz masjidlarida Allohning kalomi o‘qilayotir. Shu jumladan, “Islom ota” masjidida ham hurmatli qorilarimiz Qur’oni karim tajvidini, tartilini, ohangini joyiga qo‘yib o‘qib bermoqda. Sizlar ham astoydil ixlos bilan some bo‘lib turibsiz. Alloh buning uchun barchangizga ajru savoblar ato aylasin.

Kamina xodimingiz Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga borib, o‘sha viloyatlardagi masjidlarda o‘qilayotgan xatmul Qur’onlarda qatnashib qaytdim.  Xatmlarda odamlar imon, e’tiqod, ixlos bilan o‘tiribdi. Siz ham ana shunday samimiyat ila o‘tiribsiz. Sizni ham, ularni ham hech kim majburlayotgani yo‘q. O‘zlaringiz sevinch bilan, samimiyat bilan kelyapsiz.   Ana shu samimiyat – dinimizga muhabbatingiz ifodasi bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Ostona shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini alohida ta’kidladi. 

Muhtaram prezidentimizning tadqiqot markazida borayotgan ishlar bilan tanishgani kelganida maslahat tariqasida aytgan mana bu gaplari xotiramga mahkam o‘rnashib qoldi: “Bu markazning binosini chiroyli qilib quramiz. Bu ish qo‘limizdan keladi. Aslida ana shu – asosiy  ishimizning debochasi bo‘ladi. Bu yerdan buyuk olimlar yetishib chiqishi, ulug‘ muhaddislarni shu yerda yetishtirishimiz, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilm talabida bo‘lgan yoshlar shu manzilga qarab intilishi kerak. Imom Termiziy markazi ham shunday. Qarshidagi Nasafiy markazida aqida ilmi bilan shug‘ullanadigan olimlar yetishtiramiz. Axir aqida dinda toyilishning oldini oladigan muhim yo‘nalish emasmi?..”

Nasib etsa, payshanba kuni xayrli ishlarni rejalashtirganmiz. Siz esa o‘sha kuni xatmul Qur’onni yakunlaysiz. Agar ishlarimiz rejadagidek borsa, o‘sha kuni biz ham hurmatli qorilarimiz bilan sizning yoningizga kelamiz, birgalashib yurtimizning tinchligini bardavom qilishini, elimizning farovonligini ziyoda etishini, yurtboshimizning va yurtdoshlarimizning boshini omon qilishini so‘rab duolar qilamiz.

Muftiy hazratlarining ma’ruzasidan so‘ng xatmul Qur’on o‘zgacha bir jo‘shqinlik ila davom etdi. Qorilarning ilhomi jo‘shib xatmni yanada shiraliroq ovozda, yanada balandroq pardada o‘qidilar. Namozxonlarning yuz-ko‘zlarida esa ana shunday farahbaxsh kunlar shukronasi barq urib turar edi. Ayniqsa, muftiy hazratlarining  duoning fazilati haqidagi so‘zlari ularni to‘lqinlantirib yubordi va har biri imonu ixlos bilan hazratdan duo olib qolishga shoshildilar.

Damin JUMAQUL


Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   16836   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari