Muborak Ramazon oyini kutib olishda xalqlarning har birining o‘ziga xos urf-odatlari va an’analari mavjud. Yevropa qit’asida joylashgan Albaniya davlati musulmonlari ham Ramazon oyini shodu-xurramlik bilan qarshilashadi. Alban xalqi Ramazon oyi kelishi bilan qaysi din vakili bo‘lishiga qaramay, qo‘shnilariga taomlar tarqatadi, mehmonlar uchun ziyofat dasturxoni yozadi. Bu muborak oyda qilinadigan odat tusiga kirgan eng yaxshi rasm-rusumlardan biri – qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, bordi-keldi ziyoratlarini uyushtirish va jamoat uchun iftorlik dasturxonlarini yozishdir.
Albaniyalik musulmonlar Ramazon oyida iftorlik dasturxoniga go‘sht bilan tuxum qo‘shilgan taomlar, uzum va olxo‘ri sharbati, loviya, karam, kartoshka va har xil ziravorlardan tayyorlangan suyuq taomlar tortiq qilishni xush ko‘rishadi.
Ramazon oyiga hozirlik ko‘rish uchun quruq go‘shtlar, loviya oldindan saqlab qo‘yiladi. Sut mahsulotlari bu muborak Ramazon oyida ko‘p miqdorda iste’mol qilinadi. Shuningdek, albanlar qo‘y, buzoq va echki go‘shtlarini sut va kartoshka bilan aralashtirib tayyorlangan taomlarni hamda tovuq go‘shtini qaynatilgan guruch va sutli patir bilan tanovul qilishni yoqtirishadi.
Shuningdek, Ramazon oyida albanlar “Sims”, “Kadoif”, “Shakarbarya” va “Pahlava” kabi maxsus shirinliklar tayyorlashadi.
Muhimi ular ro‘za ibodatini kishining o‘zini har qanday yomon xulq va fahsh so‘zlarni gapirishdan uzoq bo‘lishi deb bilib, bu salbiy illatlardan nafsini tiyishga harakat qiladilar. Masjidlarda taroveh namozida qatnashadi, Qur’onni xatm qilishadi. Ayniqsa, alban xalqi “Laylatul qadr” kechasini o‘zgacha tarovat bilan qarshilaydi. Unda maxsus “Hosud” nomli shirinlik tayyorlab, qarindoshlar va qo‘shnilarga tarqatadilar, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishadi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.
Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida “Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning turli joylaridan kelgan soha mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar va yetuk mutaxassislarni bir joyga jamlagan ushbu yirik tadbirda asosiy mavzu – ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish. Jumladan, jarayonlarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va tashkiliy ishlar sifatini oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ta’kidlash kerakki, ushbu xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Nufuzli tadbir doirasida Saudiya Arabistonining Haj va umra vaziri, doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia maxsus ma’ruza bilan chiqish qilib, bo‘lajak “Haj – 2027” mavsumi uchun belgilangan yangi talablar va tashkiliy mezonlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi:
– tayyorgarlik jarayonlarini erta boshlash hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish;
– mehmonxonalar va boshqa yashash joylarining belgilangan yuksak sifat hamda xavfsizlik standartlariga qat’iy mos kelishini ta’minlash;
– barcha tashkiliy va hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini faqatgina raqamli «Masar» yagona platformasi orqali amalga oshirish;
– eng muhimi, ziyoratchilarga keng qulayliklar taqdim etadigan hamda ularning shaxsini tasdiqlovchi «Nusuk» kartasini doimiy ravishda yonda olib yurish talabi qat’iy belgilangani alohida ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aynan mana shu yangi talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, Haj va umra vazirligi mutasaddilari hamda yetakchi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning vakillari bilan qator manfaatli muzokaralar o‘tkazdi. Bo‘lib o‘tgan samimiy va amaliy muloqotlarda asosiy e’tibor yurtdoshlarimiz uchun yaratiladigan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Xususan, muzokaralar davomida ziyoratchilarimiz ibodatlari uchun qulay sharoitlarni hozirlash, zamonaviy transport vositalarini jalb qilish, eng shinam turar joylarni tanlash, hojilarimizni sifatli taomlar bilan ta’minlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, ularning xavfsizligi va salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada kuchaytirish hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanishga alohida urg‘u berildi.
Bu kabi sa’y-harakatlar va erishilgan kelishuvlar kelgusi haj mavsumini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, yurtdoshlarimiz ulug‘ amallarini xotirjam, xavfsiz va eng qulay sharoitlarda ado etishlari ta’minlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Jidda shahridagi Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi shu yilning 11 noyabr kuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati