Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Ramazon oyi mehr-muruvvat oyi

09.06.2017   68518   2 min.
Ramazon oyi mehr-muruvvat oyi

Alloh taolo o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.  Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib  beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara, 261).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kimki dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Bir banda boshqa bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam ko‘rsatadi”, deganlar.

Yuqoridagi oyat va hadislardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, “Mehribonlik”, “Sahovat”, “Muruvvat” uylariga, ikkinchi jahon urush qatnashchilari va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyat Denov tumani imom-xatiblari tomonidan muborak Ramazon oyi munosabati bilan tumandagi kam ta’minlangan oilalarga va imkoniyati cheklanganlarga xayr-ehson qilindi.

Jizzax shahar “Qassoblik” jome masjidi homiylar tomonidan ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalladagi “Ko‘zi ojizlar jamiyati” tashkilotidagi a’zolarga qo‘y so‘yib, go‘shti tarqatildi. Mirzacho‘l tumani “Tojiddin o‘g‘li Abdulahad ota” jome masjidi hamda homiylar tomonidan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga maktab o‘quv qurollari tarqatildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning biriga davolanishi uchun yordam puli berildi.    

Buxoro viloyati vakilligi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari ham saxovatli ishga bel bog‘ladi. G‘ijduvon tumani Abduxoliq G‘ijduvoniy masjidi imom-xatibi Jo‘rabek Murodov ham yurtimizda bo‘layotgan sahovatli ishlarda o‘z hissasini qo‘shishni, kam ta’minlangan oilalarga yordam berishni maqsad  qilib, G‘ijduvon tumanida yashovchi aholining kam ta’minlangan  oilalariga oziq-ovqat mahsulotlari ehson qildi. Buning natijasida ko‘pgina oilalarning xursandchiligi va duolariga musharraf bo‘ldi.

Andijon viloyati Marhamat tumani bosh imom-xatibi Muhtorjon Sharofiddinov tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan homiylarni jalb etgan  holda imkoniyati cheklanganlarga nogironlik aravachasi hadya qilindi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   21794   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari