Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Ramazondagi uzrlilar va ularga oid hukmlar

08.06.2017   42688   6 min.
Ramazondagi uzrlilar va ularga oid hukmlar

Alloh taolo ba’zi kishilarga ro‘zada ham yengillik qilgan. Bu islomning hukmlarida bandalarga yengillik iroda qilinganiga dalildir. Alloh taolo aynan ro‘za haqidagi oyatda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat) deb marhamat qiladi. Mana shunga ko‘ra, farz bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda bandalariga ro‘zasini ochishga ruxsat beradi. Bular ramazondagi uzrlilar bo‘lib, “Al-Fiqhul hanafiyya” kitobi muallifi ularni ikki qismga bo‘lgan:

  1. Og‘zini ochish muboh va qazosi vojib bo‘lgan uzrlilar.
  2. Og‘zini ochish vojib va fidya vojib bo‘lgan uzrlilar.

Birinchi qismga quyidagilar kiradi:

1.Musofir. Islom dini o‘z yurtidan shar’iy safar masofasicha uzoqlikdagi joyga ketgan musofirga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. O‘z yurtidan 86 km. va undan ko‘proq masofada o‘n to‘rt kun va undan kamroq muddatga turishni niyat qilib chiqqan kishi musofir bo‘ladi va bu musofirga safardalik paytida ro‘za tutmaslikka islom shariati ruxsat beradi. Dalil: Alloh taolo: Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) deb marhamat qilgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

   Alloh taoloning: “Agar bilsangiz ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara,184-oyat) degan oyatiga binoan, agar musofir kishiga zarar bo‘lmasa, ro‘za tutish afzal deydilar.

2.Bemor. Agar bemor kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa yoki kasallikdan tuzalishi kechikadigan bo‘lsa, islom unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Lekin bu gapni musulmon, ishonchli tabiblar aytgan bo‘lishi lozim. Agar u o‘zining fikriga asoslanib, ro‘zasini ochadigan bo‘lsa, unga kafforat lozim bo‘lib qoladi. Gohida ro‘za kasallikdan shifo topishiga ham sabab bo‘ladi.  Bemor kishining ro‘za tutmasligiga ruxsat ekanligiga dalil, Alloh taoloning yuqoridagi Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) degan oyatidir.

3.Homilador va emizikli ayol. Shariatimiz bu ikkisiga agar o‘zlariga yoki farzandlariga zarar yetish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).

Emizikli ayol agar tabib buyurgan bo‘lsa, emizikli bolasini muolajasiga dori ichishi uchun og‘zini ochishi ham mumkin. Bu islomning rahmati, uning hukmlarining yengilligiga katta dalildir.

4. Halok bo‘lishdan qo‘rqqan kishi. Ro‘zador kishiga juda qattiq chanqoq yoki ochlik yetsa, undan halok bo‘lib qolishidan yoki aqli noqis bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, ro‘zasini buzib, uni qazo qilishi mumkin. Ammo, kafforat unga vojib bo‘lmaydi. Shuning uchun nonvoy, temirchi, konchiga o‘xshash og‘ir kasb egalariga ro‘zasini mukammal qilishdan ojiz qoldiradigan darajada ko‘p ish qilmasliklari vojib bo‘ladi. Balki, bular ramazon kunlarida ishlarini kamaytirishlari yoki imkoni bo‘lsa kechki paytga ko‘chirishlari lozim bo‘ladi.

Fatovoyi Hindiya kitobida “Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi” deyilgan.

Bu uzrli kishilar ramazonda og‘izlari ochiq yurgan paytlarida kunduzlari ramazonning hurmatidan oshkora taom yemasliklari vojib bo‘ladi. Ularning uzrlari ketgandan keyin, quyosh botgunga qadar ro‘zadorga o‘xshab saqlanib turadilar. Musofir kishi muqim bo‘lsa, bemor sog‘ayib qolsa, hayz va nifos ko‘rgan ayollar pok bo‘lsalar, og‘izni g‘arg‘ara qilganda bilmasdan ichiga suv ketib qolgan kishiga o‘xshash xato sababidan ro‘zasi ochilgan bo‘lsa, bularning hammasi ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismini yemasdan ro‘zadorga o‘xshab o‘tkazishligi vojib bo‘ladi.

Yuqorida zikrlari o‘tgan kishilar bir kunga bir kun qilib, necha kun qazo qilgan bo‘lsalar ramazondan keyin shuncha kun qazosini tutib beradilar.

II.Qism. Og‘iz ochish vojib va fidyasi vojib bo‘lgan kishilar. Bu toifadagi kishilar doimiy ojizlik yoki surunkali kasalliklari sababidan ro‘za tutishdan muttasil ojiz qoladigan kishilar hisoblanadi. Yoshi o‘tib qolgan keksalar va bedavo dardga chalinganlar ro‘za tuta olmasalar, bular og‘izlari ochiq yuraveradilar va ramazonning har bir kuniga fitr sadaqasi miqdoricha fidya beradilar. Bular xohlasalar ramazonning boshida, xohlasalar oxirida fidya beraveradilar. Alloh taolo “Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir” (Baqara,184-oyat) degan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar”, deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. (“Al-Fiqhul hanafiyya”, 437-444-betlar).

Demak, yuqoridagi holatlardan xoli bo‘lgan kishilar ramazon oyini g‘animat bilib, uni ro‘zasini tutmoqqa bel bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” degan. Unutmaylikki, Alloh eng buyuk Zotdir. Buyuk Zotning mukofoti ham buyuk bo‘ladi. Shunday ekan, buyuk zotdan buyuk mukofotlarni olishga shoshilaylik.

“Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi D.ESONOV tayyorladi.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   16746   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari