Alloh taolo ba’zi kishilarga ro‘zada ham yengillik qilgan. Bu islomning hukmlarida bandalarga yengillik iroda qilinganiga dalildir. Alloh taolo aynan ro‘za haqidagi oyatda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat) deb marhamat qiladi. Mana shunga ko‘ra, farz bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda bandalariga ro‘zasini ochishga ruxsat beradi. Bular ramazondagi uzrlilar bo‘lib, “Al-Fiqhul hanafiyya” kitobi muallifi ularni ikki qismga bo‘lgan:
Birinchi qismga quyidagilar kiradi:
1.Musofir. Islom dini o‘z yurtidan shar’iy safar masofasicha uzoqlikdagi joyga ketgan musofirga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. O‘z yurtidan 86 km. va undan ko‘proq masofada o‘n to‘rt kun va undan kamroq muddatga turishni niyat qilib chiqqan kishi musofir bo‘ladi va bu musofirga safardalik paytida ro‘za tutmaslikka islom shariati ruxsat beradi. Dalil: Alloh taolo: “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) deb marhamat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taoloning: “Agar bilsangiz ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara,184-oyat) degan oyatiga binoan, agar musofir kishiga zarar bo‘lmasa, ro‘za tutish afzal deydilar.
2.Bemor. Agar bemor kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa yoki kasallikdan tuzalishi kechikadigan bo‘lsa, islom unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Lekin bu gapni musulmon, ishonchli tabiblar aytgan bo‘lishi lozim. Agar u o‘zining fikriga asoslanib, ro‘zasini ochadigan bo‘lsa, unga kafforat lozim bo‘lib qoladi. Gohida ro‘za kasallikdan shifo topishiga ham sabab bo‘ladi. Bemor kishining ro‘za tutmasligiga ruxsat ekanligiga dalil, Alloh taoloning yuqoridagi “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) degan oyatidir.
3.Homilador va emizikli ayol. Shariatimiz bu ikkisiga agar o‘zlariga yoki farzandlariga zarar yetish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar” (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).
Emizikli ayol agar tabib buyurgan bo‘lsa, emizikli bolasini muolajasiga dori ichishi uchun og‘zini ochishi ham mumkin. Bu islomning rahmati, uning hukmlarining yengilligiga katta dalildir.
4. Halok bo‘lishdan qo‘rqqan kishi. Ro‘zador kishiga juda qattiq chanqoq yoki ochlik yetsa, undan halok bo‘lib qolishidan yoki aqli noqis bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, ro‘zasini buzib, uni qazo qilishi mumkin. Ammo, kafforat unga vojib bo‘lmaydi. Shuning uchun nonvoy, temirchi, konchiga o‘xshash og‘ir kasb egalariga ro‘zasini mukammal qilishdan ojiz qoldiradigan darajada ko‘p ish qilmasliklari vojib bo‘ladi. Balki, bular ramazon kunlarida ishlarini kamaytirishlari yoki imkoni bo‘lsa kechki paytga ko‘chirishlari lozim bo‘ladi.
Fatovoyi Hindiya kitobida “Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi” deyilgan.
Bu uzrli kishilar ramazonda og‘izlari ochiq yurgan paytlarida kunduzlari ramazonning hurmatidan oshkora taom yemasliklari vojib bo‘ladi. Ularning uzrlari ketgandan keyin, quyosh botgunga qadar ro‘zadorga o‘xshab saqlanib turadilar. Musofir kishi muqim bo‘lsa, bemor sog‘ayib qolsa, hayz va nifos ko‘rgan ayollar pok bo‘lsalar, og‘izni g‘arg‘ara qilganda bilmasdan ichiga suv ketib qolgan kishiga o‘xshash xato sababidan ro‘zasi ochilgan bo‘lsa, bularning hammasi ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismini yemasdan ro‘zadorga o‘xshab o‘tkazishligi vojib bo‘ladi.
Yuqorida zikrlari o‘tgan kishilar bir kunga bir kun qilib, necha kun qazo qilgan bo‘lsalar ramazondan keyin shuncha kun qazosini tutib beradilar.
II.Qism. Og‘iz ochish vojib va fidyasi vojib bo‘lgan kishilar. Bu toifadagi kishilar doimiy ojizlik yoki surunkali kasalliklari sababidan ro‘za tutishdan muttasil ojiz qoladigan kishilar hisoblanadi. Yoshi o‘tib qolgan keksalar va bedavo dardga chalinganlar ro‘za tuta olmasalar, bular og‘izlari ochiq yuraveradilar va ramazonning har bir kuniga fitr sadaqasi miqdoricha fidya beradilar. Bular xohlasalar ramazonning boshida, xohlasalar oxirida fidya beraveradilar. Alloh taolo “Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir” (Baqara,184-oyat) degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar”, deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. (“Al-Fiqhul hanafiyya”, 437-444-betlar).
Demak, yuqoridagi holatlardan xoli bo‘lgan kishilar ramazon oyini g‘animat bilib, uni ro‘zasini tutmoqqa bel bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” degan. Unutmaylikki, Alloh eng buyuk Zotdir. Buyuk Zotning mukofoti ham buyuk bo‘ladi. Shunday ekan, buyuk zotdan buyuk mukofotlarni olishga shoshilaylik.
“Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi D.ESONOV tayyorladi.
Saharlik – barakadir
Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Nabiy alayhissalom sahobalar bilan birga saharlik qilardilar
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlik – Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri
Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlikda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor
Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qiling
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro‘zalarimizni O‘zining roziligi bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD