Muso alayhissalomni tarbiyasiga olib voyaga yetkazgani va uning dinida bo‘lgani bois Osiyo ona mo‘tabar ayollardan biriga aylangani ayon. Bu muhtarama ayolning Muso alayhissalomni qanday qilib tarbiyasiga olgani va u zotning onasini maosh berib sut emizishga va bola tarbiyasiga yollaganini ta’sirlanib eshitamiz. Shu bilan Muso alayhissalomning onasi haqida gap tugaydi.
U ayol o‘zi kim bo‘lgan? Qaysi avloddan edi? Nega boshqalar emas, aynan u payg‘ambarni dunyoga keltirgan? Bolasini tuqqanidan so‘ng qanday og‘ir sharoitda qolgan, o‘sha choqda qanday tuyg‘ularni boshidan kechirgan? Quyida bilganimiz qadar shu masalalar haqida so‘z yuritamiz.
Hazrati Odam ato va Momo Havodan boshqa barcha insonlar bir onaning mehnatlari, zahmatlari, yana ham aniqrog‘i, o‘zining hayotini garovga qo‘yishi evaziga dunyoga kelgan. Farzandni dunyoga keltirish – Alloh taolo ayollarga nasib etgan eng go‘zal fazilatlardan biridir. Alloh taolo yaratish mo‘jizasiga vosita qilmoq uchun ayol zotiga buyuk bir karam ko‘rsatgan.
Bu muborak va sharafli vazifani bajarganlarning eng buyuklari, shubhasiz, payg‘ambarlarning onalaridir. Jumladan, Muso alayhissalomning onasi ham shunday mo‘tabar onalar sirasidan.
Muso alayhissalomning ota-onasining ismi QUr’oni karimda keltirilmagan. Yahudiy manbalarda u zotning otasining ismi Amram ekani aytilgan. Amram Yusuf alayhissalom davrida Misrga o‘rnashib qolgan Ya’qub alayhissalomning o‘g‘illaridan birining avlodidan deyiladi. Ayni manbalarda Muso alayhissalomning onasining oti Jakobet (arabcha talaffuzda Ioxaved yoki Yaqubayt) bo‘lgani aytilgan.
Muso alayhissalomning onasi Qur’oni karimda taqvodor, soliha va Allohga tavakkuli kuchli ayol sifatida tasvirlanadi. Uning boshidan o‘tgan hodisalar, har bir erkak va ayolga ibrat bo‘ladigan favqulodda holatlardir. Bu muborak ayol shaxsida bir mo‘min Allohga butkul bog‘langan va tavakkul ila itoat etgani zahoti Robbimizning unga qilingan va’dalarini bajarganini ko‘ramiz, hatto umid uzish yoqasiga kelib qolgan choqlarda ham...
Haqiqatan, Muso alayhissalomning onasining imtihoni aql bovar qilmas darajada shiddatli va yurakni larzaga soladigan darajada qo‘rqinchlidir. Axir o‘z bolasini jallodlar qo‘liga topshirish oson ish bo‘libdimi...
Yusuf alayhissalom davrida Misr maliki tavhid diniga iymon keltirib, Isroil avlodlarini Misrga joylashtirgan edi. Ammo undan keyin taxtga o‘tirgan Fir’avn o‘zini iloh deb e’lon qildi va Isroil avlodlarini qulga aylantirdi.
Diktaturaga asoslangan davlat boshqaruvida qibtiylarning aslzoda tabaqalariga va harbiylarga tayangan Fir’avn qibtiylardan tashqari muhojirlarga, ayniqsa, Isroil avlodlariga juda qattiq zulm qilar edi. Ularning mol-davlatini tortib olib o‘zlarini qul, xotinlari va bolalarini xizmatkorga aylantirgan edi.
Bu xorlikdan qutula olmasin deya tug‘ilgan o‘g‘il chaqaloqlarni bir yil o‘ldirar, bir yil ulardan qullar yetishtirmoq uchun sog‘ qoldirar edi.
Oyati karimda bunday deyilgan: “Darhaqiqat, Fir’avn yerda (Misrda) tug‘yonga ketib, uning aholisini bo‘lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o‘g‘illarini so‘yar, qizlarini tirik qo‘yar edi. Albatta, u buzg‘unchilardandir” (Qasas surasining 4-oyati).
Jiddiy imtihon
Muso alayhissalomning onasi chaqalog‘ini tuqqan yilda o‘g‘il bolalar o‘ldiriladigan sana edi. Ko‘zi yoriganidan so‘ng chaqalog‘ining o‘g‘il bola ekanini ko‘rgan ona bechoraning eti jimirlab ketdi, ko‘z oldi qorong‘ulashib, qattiq g‘amga botdi.
“Ko‘p o‘tmay Fir’avnning odamlari eshikka keladi, ko‘zim yoriganini bilgani zahoti chaqaloqni ko‘rsat deydi, uni ko‘rganlari hamon bag‘rimdan yulib olib qatl qilishga olib ketadi”, deb o‘yladi u. Bir chora qidirdi, ammo topa olmadi.
Yashirib qo‘yib Fir’avnning odamlariga “o‘lik tug‘ildi”, desa-chi. Ammo bu bir chaqaloq bo‘lsa, yig‘lab sirni fosh qilib qo‘yadi-da. Chunki mo‘minlarning mahallalari kecha-yu kunduz qattiq nazorat ostida. Sir saqlashga harchand urinmasin foydasi yo‘q. Bu go‘zal yuzli, ma’sum chaqaloqning taqdiri ham boshqalarniki kabi bo‘lishi hech gap emas.
Faqat o‘sha kezda muborak onada g‘ayritabiiy bir hol yuz berdi. Zotan, shu chaqaloqqa homilador bo‘lganidan beri o‘zida boshqacha hollar bo‘layotganini his qilayotgan edi. Tushlarida oppoq kiyimlar ichidagi muborak ayollar atrofini o‘rab olib unga mujdalar bergan edi.
Rahmidagi bolaning boshqa bolalarga o‘xshamasligini aytib, uni halol luqma yemoqqa, g‘iybatu mishmishlarni tinglamasdan, vaysaqilardan uzoq yurishni ta’kidlagan edi. U taqvo sohibasi va ibodatga berilgan ayol edi-yu, lekin shu homilasida o‘zida boshqacha bir ma’naviy hol yuz berayotganini aniq his etar edi.
Ana endi yana ruhiyatini ma’naviy hol qoplab oldi. O‘ziga vahiy keldimi, ilhommi aniq bilolmaydi, Alloh taolodan bunday xabar keldi: “Biz Musoning onasiga vahiy (ilhom) qildikki: “Uni emizaver. Bas, agar (uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero Biz uni senga qaytaruvchi va uni payg‘ambarlardan qiluvchidirmiz” (Qasas surasining 7-oyati).
“Muso alayhissalomning onasiga qilingan vahiy payg‘ambarlarga qilingan vahiydek emas, balki Maryamga qilingan vahiy kabi ilhom yoki tush hukmidadir. Zero, ayollardan payg‘ambar bo‘lishi mumkin emas...” (Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. 386-bet).
Shuningdek, Nahl surasining 43-oyatida ham Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga murojaat qilib payg‘ambarlik faqat erkaklarga yuklanishini ma’lum qilgan. Binobarin, payg‘ambarlik g‘oyat tahlikali va mashaqqatli ish. Chunki kofirlarga Allohning amrlarini yetkazish kerak edi. Ular ayollarni, nogironlarni, qullarni, muhojirlarni, g‘ariblarni nazariga ilmagani bois ularning gaplarini jiddiy qabul qilmas edi.
Aslida nogiron, qul, muhojir bo‘lmoq Allohning sevgan bandasi bo‘lmoqqa, avliyo bo‘lmoqqa monelik qilmaydi. Ammo payg‘ambarlik vazifasi yuklanadigan kishilar bu ishonchni oqlay ola biladigan kuch-quvvatga sohib, hur va ozod, xalq orasida tanilgan, nasl-nasabli erkaklardan tanlangan.
Shuning bilan birga Alloh subhanahu va taolo ba’zi amrlari va xabarlarini ayrim muhtarama ayollarga ochiq xabar bergani ham ko‘rinadi. Bundan Muso alayhissalomning onasi oddiy ayollardan bo‘lmaganini, bu sharafga loyiq soliha ayol bo‘lganini bilib olamiz. Muhimi, uning onalik tuyg‘ulariga ters keladigan eng qiyin amrga itoat etganini ko‘ramiz.
Bir oz mushohada qiladigan bo‘lsak, yaqindagina ko‘zi yorigan ko‘kragi sutga, ko‘ngli bolasining sevgisiga to‘la onaning hali diydoriga to‘ymagan bolasini sandiqqa solib oqizib yuborishga qaysi ona rozi bo‘ladi!
Nima uchun ona bolasini bunchalik yaxshi ko‘radi, nima uchun bola rohati yo‘lida o‘zini qurbon qiladi? Negaki, Alloh taolo yangi ko‘zi yorigan onani chaqalog‘iga qattiq bog‘lansin deya onalik gormonlarini rivojalantirib qo‘ygan. Shuning uchun onalik tuyg‘ulari chaqalog‘ini hatto ko‘zining oldidan ayrimasliklarini istaydi. Agar Rabbimiz jamiki onalarni, parranda-yu darrandalarni ham bolalariga mehribon qilib qo‘ymaganida Yer yuzida hayot davom etmas, yangi tug‘ilgan, himoyasiz chaqaloqlarning barchasi nobud bo‘lib ketar edi. Shunday ekan, onaning bolasini suvga oqizib yuborishi qanchalar shiddatli amrdir.
“Sandiq to‘nkarilib bola bug‘ilib qolsa yoki suv uni dengizgacha oqizib ketsa yo baliqmi, timsohmi bolani yutib yuborsa yoxud biror baliqchi tutib olib askalarga keltirib bersa, nima bo‘ladi?”
Shubhasiz, har qanday ona ana shunday andesha va vasvasaga g‘arq bo‘ladi. Tayinki, Muso alayhissalomning onasi ham andeshali edi. Ammo u Allohning izni bilan andeshalarini bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘ydi va Allohning buyrug‘iga bo‘ysundi. Ona zoti uchun juda og‘ir bo‘lgan imtihondan yorug‘ yuz bilan chiqdi va jamiki ayollarga sharaflilik borasida ibrat bo‘ldi.
Imtihondan a’lo o‘tdi
Muso alayhissalomning onasining yuragi farzandi muhabbati bilan to‘la edi. Bundan tashqari, chaqaloq sevimchil edi. Alloh taolo uning chehrasiga bir go‘zallik ato etgan edi.
Mushtipar onaning farzandiga bo‘lgan muhabbati imtihon qilinayotgan edi. Onazior bolasini juda ham sevar edi. Zotan, qaysi ona sevmaski? Ammo bu – Alloh taolo ato etgan juda kuchli sevgi edi. U ma’sum chaqaloqni, u pokiza siymoni ko‘rgan har qanday kishi hayratda qolar edi. Ammo bu ayol shunday qattiq sevgisini Alloh uchun, Unga itoat etmoq uchun fido etdi. Chunki jami sevgilar bir imtihon edi. Agar bolasini Alloh uchun sevsa, uni Allohga omonat etib, Alloh amr etganidek suvga oqizadi. Yuragi yig‘lasa ham Allohning va’dasiga ishonadi. Nihoyat u Allohga itoat etmoqni niyat qilgani zahoti Rabbimiz ham uning imtihonini osonlashtiradi va qalbini mustahkam qiladi.
Oyati karimada uning bolasining taqdiridan boshqa hech bir narsani o‘ylamasligi, ammo Alloh uning qalbini xotirjam qilgani quyidagicha ifoda etilgan.
“Muso onasining qalbi (tashvishdan) forig‘ bo‘ldi. Agar Biz (“Musoni o‘zingga qaytarurmiz, degan va’damiz”)ga ishonuvchilardan bo‘lishi uchun uning ko‘nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o‘z o‘g‘li ekani)ni fosh qilib qo‘ygan bo‘lur edi” (Qasas surasining 10-oyati).
Tadbir va tavakkul
“(Ona Musoning) opasiga: “Uning (ortidan) tushgin!” – dedi. Bas, u ular sezmagan hollarida (Musoni) bir chetdan kuzatib turdi” (Qasas surasining 11-oyati). Sandiq ortidan ergashib borgan opasi suv sandiqni Fir’avnning saroyiga qarab oqizib borganini va xizmatkorlar sandiqni suvdan chiqarib olib Fir’avnning xotinining oldiga olib borganini ko‘rdi.
Bu hodisadan Allohga tavakkul etgan holda tadbir qo‘llash samarali bo‘lishi ko‘zga tashlanadi. Chunki Alloh taolo buni hukm etgan. Alhosil, boshqa oyatlarda ham buni ko‘ramiz. Masalan, Ya’qub alayhissalom o‘g‘illariga tadbirli bo‘lishni tayinlaydi, ammo tadbirining Allohning taqdiriga mone bo‘lmasligiga ham da’vat etadi.
“(So‘ngra ularni safarga kuzatayotib) aytdi: “Ey o‘g‘illarim! (Misrga) bir darvozadan kirmangiz, balki turli xil darvozalardan kiringiz!” Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O‘zigagina tavakkul qilsinlar” (Yusuf surasining 67-oyati).
Muso alayhissalomning onasi ham shu yo‘lni tutib bir tarafdan qizini chaqalog‘ining orqasidan yuborgan, bir tarafdan Allohga tavakkul qilgan.
Muso alayhissalomning opasi yo saroyda ishlagan yoki saroydagilarni tanigan bo‘lsa kerak, Saroyga kirib-chiqib yurganlardan biri bo‘lgan esa askarlarning e’tiborini tortmasdan saroyga kirib boravergan.
Ko‘ngillar Allohning izmidadir
O‘shanda Musoni (alayhissalom) ko‘rgan Fir’avnning xotini uning go‘zalligini ko‘rib hayratga tushadi va uni farzand qilib olishni istaydi. Qur’oni karimda bu shunday tasvirlangan: "Fir’avnning xotini (unga): “(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmangiz! Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak”, – dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edilar (Qasas surasining 9-oyati).
Fir’avn bu holatdan qanchalik shubhalanmasin, xotinining istagiga qarshi bora olmaydi. Minglarcha ma’sum chaqaloqni qatl etgan berahm va qattol zolim xotinining ko‘ngliga qarashga majbur bo‘ladi va uning bu chaqaloqni saqlab olishiga mone bo‘lmaydi. Chunki qalblar Allohning qudrati ostidadir.
Fir’avnning ayoli bolani bag‘riga bosadi. O‘shanda Muso (alayhissalom) bir necha kunlik yoki bir necha haftalik chaqaloq edi. Albatta, qorni ochib yig‘lay boshlaydi. Uni emizishi mumkin bo‘lgan bir onaga ehtiyoj tug‘iladi. Darhol jarchi xabar chaqirib yangi ko‘zi yorigan onalarini saroyga chorlaydi.
Fir’avn asrab olgan bolani emizadigan onaga, albatta, yaxshi haq beriladi. Shuning uchun emizikli ayollarning hammasi saroyga oshiqadi. Biroq qanchalik harakat qilmasin ma’sum go‘dak hech qaysi sut onani emmaydi.
Odamlar bu chaqaloqning qorni och qolsa ham emmayotganiga hayron bo‘ladi. “Bu boshqa chaqaloqlarga o‘xshamaydi”.
Alloh taolo kelajakda payg‘ambarlik vazifasini yuklaydigan chaqaloqqa onasining sutidan boshqalarning sutini harom etgan. U ham qorni och bo‘lgani holda ro‘za tutib, o‘ziga ta’qiqlangan sutlarni emishga yaqinlashmagan.
Ana shu holat Muso alayhissalomning o‘z onasining himoyasida uning tarbiyasini olib ulg‘ayishiga sabab bo‘lgan. Oyati karimada bir siradir ukasiga yaqin joylarda turib, uni ko‘rib turgan Muso alayhissalomning opasining bu holatda qanday oqilona yo‘l tutgani bunday tasvirlangan: "Biz oldindan (Musoga barcha) emizuvchi ayollarni taqiqladik (u hech bir ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): “Men sizlarga unga kafil bo‘lib (emizadigan) va unga xolis (doyalik qiladigan) bir oilani ko‘rsataymi?” – dedi (Qasas surasining 12-oyati).
Oyati karimadan ko‘rinadiki, Muso alayhissalomning opasi g‘oyat to‘g‘ri yo‘l tutgan. Bir sira o‘zining kim ekani va chaqaloqning o‘ziga kim ekanini boplab sir tutgan, hech kimsada shubha ham uyg‘otmagan. Qulay vaziyat tug‘ilishini sabr-toqat qilib kutib turadi. Ular sut ona topolmay chorasiz qolganidan so‘ng bu taklifni aytadi. Sabrli, diqqatli va o‘ng‘ay vaqt kelgani zahoti jasoratli harakat qilgani natijasida onasi yana ukasini bag‘riga olishiga sababchi bo‘ladi.
Alloh taoloning va’dasi amalga oshdi
Muso alayhissalomning onasi saroyga chaqirildi. Muhtaram ona Allohning tanlagan rasullaridan biri bo‘ladigan bolasini quchog‘iga olgani zahoti hech kimsani emmagan chaqaloq darrov onasini ema boshlaydi. Buni ko‘rgan Fir’avnning xotini haq olish evaziga emizib tarbiyalasin deb chaqaloqning o‘z onasini yollaydi.
Bu hodisadan ayollarning ham mushkul ishlarni g‘oyat aql ila idora eta olishi, zolimlarning zulmi ostida ham mardonavor harakat eta olishga qodir ekani ko‘rinmoqda. Demak, zolimlar xalqni qo‘rqitmoq va itoat ettirmoq uchun nima qilsa, qilaversin, Allohga samimiyat ila iymon keltirgan ko‘ngillarga U o‘z xazinasidan jasorat va azmu shijoat berib qo‘yadi.
Zolimlar nazariga ilmagan, xizmatchilik qilishdan boshqa ishga aqli yetmaydi deb o‘ylagan ayollar Fir’avnni va askarlarini dog‘da qoldirdi va butun tuzumini ostin-ustun qildi. Chunki Alloh istaganini qiladi, zolimlarning fitna va hiylalari Allohning taqdiri qarshisiga aslo chiqa olmaydi.
Ushbu voqeaning ibratini qarangki, Fir’avn o‘ldirmoqchi bo‘lgan bolani o‘z himoyasiga oldi, uning onasiga esa o‘z bolasini emizgani uchun sut onalik haqini to‘laydi.
Ana Alloh taologa tavakkul qilgan va Uning diniga xizmat etmoq uchun fidokorlik ko‘rsatishning mukofoti… Shubhasiz, Parvardigor bandalariga va’da etgan ne’matlarni ikki dunyoda ham bermoqqa qodirdir.
Bu hodisada Alloh kibrli va zolim Fir’avnga O‘zining qudratini isbot etgani kabi Muso alayhissalomning onasiga bergan va’dasini ham amalga oshirgan. Mutakabbir va berahm Fir’avn nihoyatda zolim bo‘lishiga qaramay, o‘zi ashaddiy dushman deb hisoblagan muhojirlarning chaqalog‘iga mehr qo‘yadi.
Muso alayhissalomning onasi esa zaif va mazlumligiga qaramay, Allohning yordamiga erishgan, jonidan ortiq sevgan farzandiga yana qovushgan, uni pokiza suti bilan oziqlantirib ulg‘aytirgan. Shunday ekan, Rabbi va Mavlosi Alloh taolo bo‘lgan bandalarning qo‘rqishiga hech qanday sabab yo‘qdir.
Alloh taolo Muso alayhissalomni kelajakda yuklanadigan vazifalarga tayyor bo‘lsin, iymoni quvvatlansin, Allohning va’dasi haq ekaniga yaqindan inonsin deya shunday bir ibratli hayot hikoyasi ila yetishtirdi.
Binobarin, bu voqeaning ba’zi hikmatlari Qur’oni karimda bunday ifoda etilgan: “Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko‘zlari quvonishi va g‘am chekmasligi uchun hamda Allohning va’dasi haq ekanini bilishi uchun onasiga qaytardik Lekin ko‘pchiligi (buning hikmatini) bilmaydilar (Qasas surasining 13-oyati).
So‘ngra Muso alayhissalom boshidan kechgan hodisalar-la ulg‘ayib kamolga yetgan. Allohning ulul-azim payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan. Ana shu hodisada biz uchun katta bir ibrat bor. Zolimlar qanchalik tuzum tuzog‘ini qursalar ham Alloh taolo istasa fir’avnlarning saroylarida musolarni yetishtirmoqqa qodirdir.
Shuningdek, bu voqeada ayollarning sevgi va marhamatining ne qadar buyuk va katta kuchga ega ekani ko‘rinadi. Odatda, ayollarning muloyim hislari erkaklar dunyosida xor va zabun tuyg‘ular bo‘lib ko‘rinadi. Holbuki, dunyo yuzida necha urushlar, nizolar, raqobatlar bir ko‘pik kabi kelib ketadi. Ammo Alloh inson ko‘nglida yaratgan sof va pok sevgi xuddi buloq suvi kabi hamma vaqt qaynab chiqishda davom etadi. Aslida asl go‘zalliklarni yetishtirgan ham ana shu muhabbatdir.
Zolimlarning yoqib yiqitganlari, qatl etganlari, ariq-ariq qonlar to‘kishiga qarshi Alloh taolo ayollarning ko‘nglidagi sevgi, marhamat, sabr va fidokorlik ila yangi nasllar yetishtirdi. U nasllar orasida o‘sha zamonda Muso alayhissalom kabi payg‘ambar yetishgan bo‘lsa, kelajakda ham Allohning ko‘plab sevgan bandalari, olimlar, siddiqlar yetishib chiqdi.
Bugun ham mo‘mina onalar iymon va muhabbat bilan farzandlarini ulg‘aytirishda davom etmoqda. Ular Allohdan farzandlarining O‘zi rozi bo‘ladigan bandalaridan bo‘lib voyaga yetishini so‘rab duolar qiladi.
Rabbimiz ayollarimizga ana shunday muhtarama ayollar yo‘lidan davom etishni nasib aylasin.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!