Insonlar zulmatdan yorug‘likka, zalolatdan hidoyatga chiqishlari uchun O‘z payg‘ambarlarini yuborib, ularning tili orqali O‘z dinini mukammal qilgan Alloh taologa bitmas, tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
“O‘zimdan so‘ng sizlarga ikki narsani qoldirdim, agar ularni mahkam ushlasangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisi”, - deya ummatlari g‘amida bo‘lgan Allohning rasuli Muhammadga salotu salomlar bo‘lsin.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘zni qalblariga jo qilgan, U zotning sunnatlarini mahkam ushlab, kelgusi ummatga yetkazgan sahobalar, tobeinlar va barcha olimlarga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislari Islom shariatining Qur’ondan keyingi ikkinchi asl manbasi hisoblanadi. Shuning uchun ham hadisi sharif Qur’on bilan birga shariatning asosini tashkil qiladi. Bundan hadisi shariflar ham Qur’on kabi shariatning asosiy manbasi ekanligi, Qur’on qanday qilib keyingi avlodlarga yetkazilgan bo‘lsa hadislar ham xuddi shunday keyingi avlodlarga yetkazilishi kerak ekanligi tushuniladi.
Bu mas’uliyatni his qilgan sahobalar hadislarni biror-bir kalimasiga ham o‘zgartirish kiritmay tobeinlarga, ular esa o‘z navbatida tabaa tobeinlarga yetkazishga harakat qilganlar. Ba’zi sahobalar boshqalari oldiga borib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitmay qolgan hadislar bormikan, degan maqsadda ulardan hadislarni tinglashar va eshitmaganlari bo‘lsa, ularni o‘rganib olishar edi. Bunga Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhum va boshqa yosh sahobalarni misol qilish mumkin. Bu hol tobeinlar ichida yanada rivoj topdi. Tobeinlar hadis va dinga tegishli barcha narsalarni eshitish uchun sahobalarni mahkam tutdilar. Ulardan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning aytgan hadislarini eshitishga juda katta ahamiyat qaratdilar. Bu maqsadda sahobalarga soyadek ergashar va ulardan hadislarni eshitardilar. Juda ko‘plari bu borada mashhur bo‘lishdi. Sa’id ibn Musayyab, Hasan Basriy, Asvad ibn Yazid, Qatoda, Urva ibn Zubayr, Alqama va yuzlab tobeinlar bunga misol bo‘ladi. Tobeinlar o‘z navbatida hadis va shariatga tegishli barcha narsani o‘zlaridan keyingilarga, ya’ni tabaa tobeinlarga o‘rgatar edilar. Bu hol shu tarzda davom etib, hadis ilmi keyingi avlodlarga yetkazilar edi.
Bu kabi olim sahoba va tobeinlar “faqih” deb nomlanar edi. Shu narsaga e’tibor qaratish kerakki, “Madinaning yetti faqihi” deb nom olgan tobeinlar faqat fiqh bilan shug‘ullanib, boshqa (Qur’on, tafsir, hadis va hokazo) ilmlar bilan shug‘ullanmagan ekan-da, degan ma’no kelib chiqmaydi. Kim shu tushunchaga borsa, u nozik bir xatoga yo‘l qo‘yadi. Zero, faqih deb bizning nazdimizda faqat fiqh ilmi bilan shug‘ullanuvchi odamga ishlatiladi. Go‘yoki faqih inson hadis va boshqa ilmlarga fiqhchalik e’tibor bermaganday. Aslida esa tobeinlar va tabaa tobeinlar davrida faqih deb, butun din ilmlarini egallab, bu borada juda katta tajribaga ega va ayni vaqtda ma’lumotlar orasidan ham ko‘pchilik odamlar e’tibor bermagan nozik qirralarini biluvchi insonga aytilgan. Ayni shu ma’noda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Kimga Alloh ko‘p yaxshilikni xohlasa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, - deb aytganlar. Chunki bu hadisda biz bilgan faqihlargina maqtalmaganliklari aniq. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zamonlarida alohida fiqh degan ilm yo‘q edi. Balki uning ma’nosi shariat sir-asrorlarini, nozik qirralarni biluvchi kishi deganidir. Bu esa ayni vaqtda dinga tegishli barcha narsani, xususan, Qur’onni, hadisni juda yaxshi bilishni talab qiladi. Demak salafi solihlar davrida faqih tushunchasi muhaddis degan tushunchadan yuqoriroq bo‘lgan. Bundan mujtahid tobeinlar va tabaa tobeinlar faqatgina rivoyatlarni jamlash bilan shug‘ullangan muhaddislardan ustun bo‘lgani anglashiladi.
Zero, muhaddis hadislarni jamlaydi, ularni ishonchlisini ishonchsizidan ajratadi va ayrimlarini kitoblarda qayd qiladi. Mujtahidlarda ham aynan muhaddislardagi rivoyatlar bo‘ladi, lekin ular muhaddislardan farqli o‘laroq hadislarni faqat rivoyat qilish yo kitobga qayd qilish bilangina emas, balki ularni tahlil qilish, ko‘rinishidan bir-biriga qarshi ko‘ringan hadislarni izohlash, ularni bir-biri bilan muvofiqlashtirish va ularni Qur’on oyatlari bilan muvofiq kelishini izohlash, ikki manba naslari borasidagi sahobalar va o‘zlaridan oldin o‘tganlarniing so‘zlarini sharhlash bilan shug‘ullanadilar. Bu narsa ulardan juda katta ilmni talab qiladi. Bu kabi mujtahidlarga Sayyid ibn Musayyab, Madinaning yetti faqihi, Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Sufyon Savriy, Imom Avzoiy, Ahmad ibn Hanbal, Imom Shofeiy (rahmatullohi alayhim) va boshqalarni misol qilish mumkin.
Asfuski, XX va XXI asrga kelib, dinni yaxshi tushunmaydigan, oldingi olimlarni qay darajada ilmga ega bo‘lganliklari, ular davridagi ilmiy muhit, bitta hukm chiqarish uchun qanchadan-qancha oyat va hadislarga yana bir karra nazar solishlari va barcha kishilardan, hatto shogirdlaridan ham ma’lumotlar olishga tashna bo‘lganliklarini anglamasdan barcha jabhada peshvo bo‘lgan mazhabboshi mujtahid olimlarga tana toshini otish, ularni hadis va Qur’onga amal qilmay, masalalarni o‘z fikr va xohishlari bilan chiqarishlarida ayblaydiganlar chiqib qolgani hech kimga sir emas. Tabiiyki, ana shu jabridiyda mujtahidlarning asosiylaridan biri mazhabboshimiz bo‘lmish Abu Hanifa rahmatullohi alayhdir. Ayniqsa, ular mazhabboshimizning fikrlari bilan olingan bir qancha fiqhiy hukmlarni sahih hadisga, ba’zan umuman hadisga asoslanmaganligini, hadislar turganda o‘z ra’ylari bilan fatvo berganliklarini aytadilar. Abu Hanifa (r.a.) va uning shogirlarini “as'hobi ra’y” deb nomlanishlarining asosiy sababi ham shu, deb ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Go‘yoki, Abu Hanifa(r.a.) hadislarni qo‘yib, o‘z fikriga tayanib dalil chiqargan-u, boshqa mujtahidlar hadisga amal qilganlar. Tabiiyki, bu kabi so‘zlar ular salafi solihlar davrini yaxshi bilmasliklari, o‘zlarining to‘liq ilmlari bo‘lmagani va boshqa bir qancha omillarga borib taqaladi. Ularning bu kabi asossiz gaplariga bir qancha ko‘rinishda raddiyalar berish mumkin. Ulardan ba’zilarini quyida keltiramiz:
- Hamma mujtahidning ham, xususan Abu Hanifa(r.a.)ning ham doim fatvosi ostida albatta yo oyatdan, yo hadisdan yoki sahobaning so‘zidan iborat bir dalil bo‘lgan. Qachonki bulardan birontasi bo‘lmasagina ijtihod qilgan.
- Abu Hanifa (r.a.) 80 hijriy yilda tug‘ilgan va ayrim sahobalarni ko‘rgan. Bu narsa esa u zotning boshqa mazhabboshilardan katta ustunlikka ega ekanliklarini bildiradi. Axir tobeinni tabaa tobeindan ustunligini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘zlari aytganlar.
- Abu Hanifa(r.a.)ning 80 hijriy yilda tug‘ilib, hadislarni roviylarning og‘zidan eshitganliklari, u zotdan keyin yashagan mujtahidlar bilmagan gaplardan xabardor bo‘lganliklarini anglatadi.
- Abu Hanifa(r.a.)ning 4000 mingta ustozi bo‘lgan. Tabiiyki, ulardan faqat din ishlarini o‘rgangan. U ilmlar esa Qur’on, hadis, sahoba va tobeinlarning so‘zlariga asoslangan bo‘lgan, albatta.
- Abu Hanifa(r.a.)ko‘p hollarda oldin mavjud bo‘lgan hukmlarni tarjih qilganlar. Sahoba va tobeinlar davrida uchramagan masalalarga yangidan hukm chiqarganlar. Chunki u zot aytgan hukmlar sahobalar va tobeinlar orasida ham mavjud bo‘lgan. U zot esa faqatgina shu fikrni ustun ekanligini isbotlab berganlar, xolos. Masalan, namozda qo‘lni bog‘lash masalasini olsak, Abu Hanifa(r.a)gacha ham hamma namoz o‘qigan va namozda qo‘lini bog‘lagan. Lekin hamma o‘ziga yetib kelgan asarlarga ko‘ra turlicha fikrda bo‘lganlar. Abu Hanifa(r.a) o‘ziga yetib kelgan hadis va asarlarni jamlab, chuqur taammul va ijtihod bilan ularning birini tarjih qilgan hamda buni isbotlab bergan. Aslida esa qo‘lni kindik ostiga bog‘lashni u zot birinchi bor paydo qilmaganlar.
- Abu Hanifa(r.a.)ning juda ko‘plab shogirdlari mujtahid darajasidagi olimlar bo‘lgan. Ulardan bir qanchalari esa ana shu davrning buyuk muhaddislari bo‘lishgan. Masalan, Imom Abu Yusuf, imom Muhammad, imom Zufar, Abdulloh ibn Muborak, Vake’ ibn Jarroh, Mis’ar ibn Kidom, Ali ibn Mus'hir, Yahyo ibn Zakariyo va boshqalar. Manbalarda kelishicha, ularning 40 tasi mujtahid olim bo‘lishgan. Ayni vaqtda bu zotlar esa boshqa buyuk muhaddislarga bevosita ustoz yoki ustozlarining ustozi bo‘lganlar. Mana shu kabi yuz minglab hadislarni biladigan buyuk muhaddislar hadislarga amal qilishni qo‘yib, o‘z havoi nafsiga berilib, fatvo beruvchi odamga shogird bo‘lishlari va uning darsida ustozga juda tavoze’lik bilan o‘tirishlari mumkinmi?! Bu gap kulgili ekanligini bilish uchun inson aqlli bo‘lishi shart emas.
- Abu Hanifa(r.a.)ning darslari asosan munozara tarzida bo‘lib, bu munozaralarda yuqorida zikr qilingan mujtahid odamlar ishtirok etgan. Ba’zan bir masala juda uzoq muddat o‘rganilgan. Oxir-oqibat uning hukmi aytilgan. Agar Abu Hanifa(r.a.) tomonidan aytilgan hukmlar dalillarga, xususan, hadislarga asoslanmagan bo‘lganida darsda o‘tirgan muhaddislar albatta bundan norozi bo‘lgan va bunga raddiya keltirgan bo‘lar edilar. Lekin voqelikda ular imomning hukmlarni dalillardan chiqarib olishlari, u zotda haddan tashqari ma’lumotlar ko‘pligi va dalillarni tushunishda aql-idroklarining naqadar teranligiga qoyil qolganliklari ko‘p kitoblarda naql qilingan. Bu esa u zotning hukmlari juda kuchli dalillarga tayanganini ko‘rsatadi.
- Abu Hanifa (r.a)ning ilmi mujtahid va muhaddis talabalarni qoniqtirgani uchun ham ular dars halqasida doimo u zotni intizor bo‘lib kutganlar.
- Abu Hanifa(r.a.)ga o‘z zamondoshlari ta’na toshini otmagan. Balki u zot bilan hamfikr bo‘lganlar yoki u zotdan keyin yashaganlar ham u zotni juda maqtaganlar.
- Abu Hanifa (r.a.)dan keyin ham katta olimlar, xususan, muhaddislar u zotning mazhabini tutishi ham Abu Hanifa(r.a)ning hadis borasidagi darajalarini ko‘rsatib beradi. Masalan, hijriy 164 yilda tug‘ilgan, buyuk muhaddis, jarh va ta’dil olimlaridan bo‘lgan Yahyo ibn Ma’in ham Abu Hanifa(r.a) mazhabini tutgan. Manbalarda kelishicha, Yahyo ibn Ma’in bir million asar jamlagan. Uni Ahmad ibn Hanbal juda hurmat qilgan va uning yaqin do‘sti bo‘lgan. Endi o‘ylab ko‘raylikchi, qachon bir million hadis to‘plagan odam o‘zga odamga ergashadi? Qachonki, u odamni hadislari ko‘pligi va ularni o‘zidan yaxshiroq tushunishini tan olgan kishigina o‘zidan olimroq kishiga ergashadi. Aslida Yahyo ibn Ma’in ham fahm-farosatda mashhur edi.
- Abu Hanifa (r.a.) va u zotning shogirdlariga “as'hobi ra’y” degan nomni ishlatilishi ularning hadisga tayanmay, o‘z fikriga ko‘ra hukm chiqarganlaridan emas, balki Qur’on va hadisni yaxshi bilganliklari va asarlarni boshqalar ilg‘amaydigan jihatlarini ko‘ra olganliklari sababli bu nom u kishi va shogirdlariga nisbatan ishlatilgan. Chunki, ra’y so‘zi shu maqsadda ishlatilishi ham ana shu zamonda urfda bo‘lgan. Masalan, Imom Molikning mashhur ustozi Robi’aga ham “Robiatur-Ra’y” deb nom berilgan.
Bu gaplardan shuni tushunish mumkinki, aslida Abu Hanifa(r.a.) hadislarni bilish borasida buyuk muhaddislardan ustun bo‘lsalar ustun bo‘lganlar-u, lekin kam bo‘lmaganlar. Chunki u zotda hadisdan tashqari ulardan hukm olish salohiyati ham kuchli bo‘lgan. Shu ustunlikni yaxshi anglagan buyuk muhaddislar u zotga bevosita yoki bilvosita shogird bo‘lganlar va o‘zlarini u zotga nisbatlaganlar. Ayni vaqtda ular bundan o‘zlarida faxr hissini tuyganlar. Bunga buyuk muhaddislarning yuzlab e’tiroflari dalil hamda bu ma’lumotlar ko‘pgina kitoblarda qayd qilingan. Demak, bugungi kunda U zotni nasga, xossatan, hadisga tayanmay hukm chiqarishda va hadisni yaxshi bilmaganlikda ayblashlik go‘yo bir go‘dakning xarxashasiga o‘xshaydi.
Toshkent islom instituti
o‘qituvchisi F. Mamanasirov
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD