Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2026   |   13 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2026, 13 Muharram, 1448

Taomlanish odobi

05.06.2017   87773   2 min.
Taomlanish odobi

Hamma narsaning odobi bo‘lganidek, taom yemoqning ham o‘ziga yarasha odobi bor. Ana shu odobni o‘rganib, unga amal qilish g‘oyat foydali amaldir.

Taom yeyish shartlari:

  • Taomi halol bo‘lmog‘i kerak. Chunki duo va ibodatlarning qabul bo‘lishiga halol luqma sabab bo‘ladi;
  • Rizqni Alloh taolodan deb bilish;
  • Alloh taolo taqsimotiga rozi bo‘lish;
  • Modomiki, yegan taomining quvvati badanida bor ekan gunoh ish qilmaslik.

Taom yeyish odoblari:

  • Taom yeyishdan oldin ikki qo‘lini bo‘g‘imigacha uch marta yuvish;
  • Taomni “Bismillahir-rohmanir-rohim” ni aytib boshlash;
  • Taomni o‘ng qo‘li bilan yeyish. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytadilar: “Har biringiz o‘ng qo‘li bilan yeng va o‘ng qo‘l bilan iching va o‘ng qo‘l bilan bering. Chunki shayton chap qo‘l bilan yeydi, chap qo‘l bilan ichadi va chap qo‘l bilan beradi;
  • Taom yeyishni tuz bilan boshlab, tuz bilan tugatmoq;
  • Nonni ikki qo‘l bilan sindirmoq. Chunki non ulug‘ ne’matdir.
  • Qo‘l bilan yeyiladigan taomni uch barmoq, yani, bosh barmoq, ko‘rsatkich barmoq va o‘rta barmoq bilan yemoq;
  • Taomni o‘z oldidan yemoq;
  • Taom yegan idishni yalamoq;
  • Taom yegandan so‘ng “Alhamdulillah” demoq. Rasululloh alayhissalom taomdan so‘ng ushbu duoni aytardilar: “Bizlarni taomlantirgan va suv bilan qondirgan hamda bizlarni musulmonlar jumlasidan qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”;
  • Taomdan so‘ng ikkala qo‘lini bo‘g‘imigacha uch marta yuvmoq;
  • Sheriklari bilan taom yemoq. Rasululloh alayhissalom: “Jam bo‘lingizlar taomlaringizga-ki, Alloh taolo ushbu taomga baraka beradi”, deb marhamat qilganlar;
  • Taomning oxirigacha sheriklari bilan birga yeb turmoq;
  • Luqmani kichik olmoq;
  • Tovoqning chetidan olmoq;

Shuni aytish kerakki, ovqatlanayotganda bosh va boshqa azolarni qashilamoq, og‘zida luqma bilan gaplashmoq, yonidagi sherigining ovqatlanishiga qaramoq, taomni issiq holda yemoq, taomni ayblamoq, taomni puflamoq, taom yurib ketayotib yemoq, tik turib taom yemoq nomaqbul amallardan.

Xulosa qilib aytganda, duo va ibodatlarning qabul bo‘lishi, komil va oqil farzandlarning dunyoga kelishi luqmai halolga bog‘liqdir.

N.NURMATOV,

Marhamat tumanidagi  «Sunna»  masjidi imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

26.06.2026   12051   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...

U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.

Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...

Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.

Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.

Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.

Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.

Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.

Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.

Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:

— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.

— Ba’zan, dedim.

U esa:

— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.

— Nega? — dedim.

— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.

O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.

Men unga:

— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.

Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:

— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.

Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.

Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.

Hammasini aytib berdim.

Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:

— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?

Men:

— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.

Otam biroz sukut saqlab:

— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.

So‘ng qo‘shimcha qildi:

— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.

Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.

Biz qahvamizni ichishda davom etdik.

Men unga:

— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.

U kishi jilmayib:

— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.

Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:

Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang.

Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:

Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.

U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.

Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.


Davron NURMUHAMMAD