Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Ro‘zador ayollarga xos hukmlar

02.06.2017   37397   4 min.
Ro‘zador ayollarga xos hukmlar

Ro‘zaning farzi ayn ekaniga Baqara surasining 183-oyati dalil bo‘ladi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz. Sanoqli kunlar...”

Ushbu oyatdan ro‘za tutish har bir imon keltirgan erkak va ayolga farzligi ma’lum bo‘lmoqda. Demak, ayollar ham ro‘za tutar ekanlar, ramazon va unga oid ayrim xukmlarni bilib borishlari lozim:

  • Ro‘zador ayol labiga bo‘yoq surtsa, lab tashqi a’zo hisoblangani sabab ro‘zasi ochilmaydi.[1]
  • Ramazon kunlarida subhi sodiqdan keyin hayz va nifosi to‘xtagan ayol kunning qolgan qismida o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib, ro‘zadorga o‘xshab turishi mustahab sanaladi.
  • Hayz, nifos ko‘rgan ayol ro‘za tutishi, yolg‘iz qolganida ham ro‘zador kabi yeb-ichishdan o‘zini to‘xtatib turishi harom sanaladi. Odamlar orasida esa o‘zini yeb-ichishdan tiyib, ro‘zadorga o‘xshatib turishi ramazonga hurmat va hayo sanaladi.
  • Subhi sodiqdan keyin hayz qoni to‘xtash ehtimoli bor bo‘lgan ayol saharlik qilib ro‘zani niyat qilishi mumkin bo‘lmaydi. Ayol kishining ro‘zasi ro‘za bo‘lishi uchun subhi sodiqdan avval hayzdan pok bo‘lishi lozim.

Ro‘zaning ado bo‘lishining shartlaridan biri: hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Zero, ulardan pok bo‘lish sahobai kiromlarning ijmosi bilan ro‘zaning adosi to‘g‘ri bo‘lishi uchun shartdir.[2]

  • Subhi sodiqdan avval hayz qoni to‘xtagan ayol: agar hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa bo‘ladigan miqdor vaqtda to‘xtasa, garchi g‘usl qilmasa-da ro‘za tutishi lozim bo‘ladi. Hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa ulgurmaydigan miqdor vaqtda to‘xtasa, ro‘za tutishi lozim bo‘lmaydi.
  • Ramazon oyida subhi sodiqqacha g‘usl qilib olsa bo‘ladigan vaqtda ayolning hayz qoni to‘xtasa o‘sha kunning ro‘zasini tutishi lozim bo‘ladi.[3]
  • Ayol kishi ro‘zador holatida ginekolog tekshiruvidan o‘tsa, bu holatdagi ayol hukmi shuki: uning jinsiy a’zosiga namlangan holdagi biror narsa kirishi bilan ro‘zasi ochiladi.

Ro‘zador ayol old yoki ort jinsiy a’zosiga barmog‘ini kirgizishi bilan ro‘zasi ochilmaydi, ho‘l barmog‘ini kirgizishi bilan esa ro‘zasi ochiladi. Shuningdek, quruq barmog‘ining hammasini yoki ba’zi qismini kirgizib, tashqariga chiqarib so‘ng yana qayta kirgizishi bilan ham ro‘za ochiladi. Agar old jinsiy a’zosiga quruq paxta yoki shu kabi vositalarni kirgizsa va uning bir uchi tashqarida qolsa ro‘zasi ochilmaydi. Butunlay ichkariga kirgizib yuborsa, ro‘zasi ochiladi.[4]

  • Ayol kishi qomati barobaricha suvni kechib o‘tishi natijasida: odatiy yo‘llardan ichkariga suv kirgani aniq bo‘lmasa, ro‘zasi ochilmaydi agar suv kirganligi aniq bo‘lsa ro‘zasi ochiladi.
  • Ayol kishi ro‘zadorligida kasalligi tufayli jinsiy a’zosiga biror narsa kirgizib olsa ichkariga narsa kirgani bois ro‘zasi ochiladi. Agar subhi sodiqdan avval yoki iftorlikdan keyin jinsiy a’zosiga davolanish maqsadida biror narsa qo‘ysa va bu bilan ro‘zador holatida ham yursa ro‘zasi ochilmaydi. Orqa a’zosiga kirgizilgan davoning ham hukmi shunday.
  • Kasal, hayz va nifos ko‘rgan ayollar kabi uzrli kishilar uzrlari ketgandan keyin vafot etsalar, sog‘ayganidan so‘ng yoki hayz va nifosi to‘xtaganidan so‘ng necha kun yashagan bo‘lsalar, o‘shancha kun ro‘zasining fidyasini vasiyat qilishlari lozim bo‘ladi.
  • Kafforot ro‘zasini tutayotgan ayol hayz ko‘rib qolsa, qasddan ro‘zasini ochib qo‘ygani bois ikki oy kafforotini tutayotgan ro‘zasini qaytadan boshlashi shart emas. Uzrlari ketgach, davom ettirib ketaveradilar.
  • Kafforot ro‘zasini tutayotgan kishi yo ayol qaysidir uzr tufayli ikki oy ichida biror kun ro‘zasini ochib yuborsa qaytadan boshlaydi. Hayz ko‘rish bundan mustasnodir (nifos esa mustasno emas).[5]

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti o‘qituvchisi Qutbidinova Maharam Eshonxon qizi tayyorladi.

 

[1] “Kitabul Fatava”, Xolid Sayfulloh Rahmoniy

[2] “Badoi’us Sanoyi’”, Alouddin Kosoniy

[3] “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn

[4]  “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn

[5] “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

14.07.2025   1331   1 min.
AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

2025 yil 19 iyul shanba kuni AQSHning Jorjiya shtati poytaxti — Atlanta shahrida ilk bor halol taomlar festivali bo‘lib o‘tadi. Mashhur “Atlantic Station” maydonida tashkil etiladigan festivalda 50 dan ortiq halol taom mahsulotlari sotuvchisi ishtirok etishi kutilmoqda.


Festival ishtirokchilari tomonidan Yaman, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, hatto O‘zbekiston oshxonalariga xos kabob, burger, dukkaklik mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar (falaful) va turli xil shirinliklar taklif etiladi.


Ushbu tadbir Atlanta musulmonlari festivallari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda. Festival ayni paytda shahardagi AQSH bojxona va migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari orasida muhojirlar madaniyatini nishonlash imkonini ham yaratadi.


Festival tashabbuskorlaridan biri — Hasaneyn Lakhani bunday dedi:

 
“Atlanta shahrida ilk halol ovqat festivalini o‘tkazish — juda ham hayratlanarli va ajoyib fikrdir. Men bu shaharda doimiy istiqomat qiluvchi sifatida musulmon jamoasiga yaqinligimni har doim his qilganman. Ramazon ovqat festivallari kabi kichik tadbirlardan to oshxona va ko‘chmas mulk sohalaridagi faoliyatgacha ishtirok etib kelaman”.


Uning ta’kidlashicha, festival – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun bir joyda to‘planib, shaharning madaniy xilma-xilligini nishonlash, shu bilan birga musulmonlar turmush tarzi va halol taomlar bilan tanishish imkonini beradi.

 
Lakhani Atlanta yaqinidagi Lorensvill shahrida joylashgan “BurgerFi” restorani sohibidir. U, shuningdek, ushbu restoran — Gruziya shtatidagi yagona halol sertifikatiga ega burger shohobchasidir.

Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.

Dunyo yangiliklari