Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Namozga oid fatvolar

1.06.2017   69893   106 min.
Namozga oid fatvolar

1-FATVO

«Farz» namozni farz deb o‘qiyotgan bo‘lsa-yu, so‘zining ma’nosini tushunmay yoki namozning farz ekanini bilmay o‘qib yurgan bo‘lsa, o‘qigan namozi durust hisoblanmaydi.

«Olamgiriya», «Qunya», «Qozixon».

 

Namozning farzlaridan biri – qibla, ya’ni Makkai mukarrama shahridagi Ka’ba (Baytulloh) tomonga yuzlanishdir. Makka aholisi uchun qibla – Ka’baning o‘ziga bevosita va bilvosita yuzlanish, deb ittifoq qilingan. Ammo Makkadan uzoqda yashovchi musulmonlar oldingi paytlarda qiblani yulduzlar va boshqa taxminlar asosida aniqlashgan va masjidlar qiblasini ham shunga ko‘ra belgilashgan. Masalan, bizning diyorimiz uchun Shayx Abu Mansur Moturidiyning (q.s.) qibla to‘g‘risida bergan fatvosi asos qilib olingan. U zot bunday degan ekanlar: «Yozning eng uzun kunida quyosh botgan joyni belgilab qo‘y! So‘ngra qishning eng qisqa kuni quyosh botgan joyni ham aniqlab, belgilab qo‘y! Shu ikki alomat o‘rtasidagi oraliqni uchga bo‘lib, o‘ng tomoningga ikki hissasini, chap to­moningga bir hissasini taqsimlab, o‘rtasiga yuzlansang, shu qibladir».

«Qozixon».

 

Izoh:

Hozirgi ilm-fan taraqqiy etgan davrda, falakiyot va jug‘rofiya ilmlari chuqur o‘rganilib kelinayotgan bizning asrimizda qadim zamondagi taxminiy ma’lumotlar bilan qanoatlanish ma’qul emasligini hisobga olib, hozirgi vaqtda qiblani faqat kompas va qiblani aniqlash asboblari yordamida topish tavsiya etiladi. 

2-FATVO

Dushman, yirtqich, o‘g‘ri kabilardan xavfi bor odam xohlagan tomoniga yuzlanib namoz o‘qishi mumkin. Ammo kemada xavfsiz paytda faqat Ka’ba tomonga yuzlaniladi.

«Olamgiriya».

 3-FATVO

Begona joyda qiblani aniqlayolmay turganida ikki kishi qibla bu yoqda deb guvohlik bersa, qaraladi: agar u ikkisi shu yerlik bo‘lsa, so‘zlariga amal qilish shart. Bordi-yu, ular shu yerlik bo‘lishmasa, so‘zlariga parvo qilmay, o‘zining ijtihodi (qasdi) bilan bir tomonni qibla deb e’tiqod qilgan holda, namozini o‘qiyveradi. Keyin qibla boshqa tarafda ekani ma’lum bo‘lsa ham, o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi.

«Qozixon», «Olamgiriya», «Xulosa».

 

4-FATVO

Chuqur yerto‘la, baland tog‘ va qirlarda ham Ka’ba tomonga yuzlanib o‘qish joiz. Zero, Ka’baning qibla hisoblanmish hududi Yerning yettinchi qavatidan osmonning yettinchi qavatigachadir. Shuning uchun Ka’ba tomida o‘qilgan namoz ham  karohiyat bilan joiz, deyilgan.

«Olamgiriya», «Muzmarot».

 

5-FATVO

Begona joydagi masjidga kirib, mehrobi bo‘lmagani uchun qiblani aniqlay olmasdan bir tomonni qibla deb qasd qilib o‘qigandan keyin qiblada adashgani ma’lum bo‘lsa, so‘ramagani uchun namozni qayta o‘qiydi. Adashmagan bo‘lsa, namozi durust.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 6-FATVO

Bir kishi sahroda qiblani bir tomonga qasd qilib namoz o‘qib turganida, boshqa odam kelib, qiblani qasd qilmay, shak bilan unga iqtido qilib namoz o‘qidi. Keyin qiblaga to‘g‘ri yuzlanganlari ma’lum bo‘lsa, ikkisining namozi ham durust. Ammo qibla xato chiqsa, imomning namozi durust, qasdsiz iqtido qilgan kishining namozi esa durust emasdir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

7-FATVO

Qaysi namozni o‘qishga kirishayotganini dilida niyat bilan idrok etib turishi shart. Masalan, birov bexos «Qaysi namozni o‘qiyapsan», deb so‘rab qolsa, hech o‘ylanib o‘tirmasdan, to‘g‘ri javob bera olsa, qilgan niyati hisobga o‘tadi. Necha rakatligini ham niyat qilishi yaxshi, lekin shart emas. Farzdan boshqa namozlarda faqat namoz o‘qishni niyat qilishning o‘zi kifoyadir.

«Olamgiriya», «Sharhi Viqoya», «Qozixon».

 8-FATVO

Mabodo imom boshqa namozxonlarga imomlik qilishni emas, yakka namoz o‘qishni niyat etsa ham, unga ergashganlar namozi durust bo‘laveradi. Ayollarga imomlik qilganda esa, niyat shart.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

9-FATVO

Imomga iqtido qilish uchun niyat qilinadi. Imom «Tahrima takbiri»ni aytmay turib, iqtidoni niyat qilsa ham joiz, deyilgan. Lekin iqtidoni imom «Allohu akbar» degandan so‘ng niyat qilishi afzaldir.

 «Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

10-FATVO

Agar «Shu turgan Abdulloh ismli imomga iqtido qildim», deb niyat izhor etib, namoz o‘qigandan keyin imom Abdulloh emas, Nasrulloh ekani ma’lum bo‘lib qolsa, zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Tabyin».

12-FATVO

Namoz boshlanganda kelgan namozxon imomning farz yoki taroveh o‘qiyotganini bilmagani uchun «Agar xufton namozi bo‘lsa, iqtido qildim, taroveh namozi bo‘lsa, iqtido qilmadim», desa, namozi durust hisoblanmaydi, garchi xufton o‘qilayotgan esada.

«Olamgiriya», «Xulosa».

13-FATVO

Abu Hanifa (r.h.) so‘ziga ko‘ra, asr namozining qazosini peshin namozining qazosi, deb niyat qilish durust emas. Shuningdek, zimmamdagi to‘rt rakat qazosini o‘qiyman, deb niyat qilishi ham durust emas. Yana bir kecha-kunduz ichida bir vaqt namozni o‘qiyolmagan bo‘lsa, uning aniq qaysi namoz ekanini tayin qilib, keyin qazosini o‘qishi kerak. Agar eslay olmasa, besh vaqt namozning hammasini qaytadan o‘qishi lozim.

«Qozixon», «al-Muntaqo».

 14-FATVO

Namozni boshida farz deb boshlab, keyin namoz davomida nafl o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa yoki boshida nafl deb niyat qilib, namoz davomida farz o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa, namoz boshidagi niyati e’tiborga olinadi.

«Qozixon».

15-FATVO

Peshin vaqti chiqqanidan bexabar peshin namozini niyat qilib o‘qisa, namozi durustdir. Zero, vaqt chiqishi bilan peshin namozining qazosi zimmasiga tushadi. Qazo namozni ado (o‘z vaqtida o‘qilayotgan) namoz niyati bilan o‘qish ham joizdir.

«Qozixon».

16-FATVO

Agar namozxon imomga iqtido qilgan bo‘lsa, «Tahrima takbiri»ni imomdan oldin aytib qo‘y­sa, namozi to‘g‘ri emas. Iqtido qilmagan bo‘lsa, namozni yakka o‘quvchi sifatida boshlagan sanaladi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

17-FATVO

Namoz qiyomida uzrsiz bir oyoqda turib o‘qish makruhdir. Agar uzri bo‘lsa, zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Javhara», «Sirojiya».

18-FATVO

Namozda avrat hisoblanadigan a’zolarni o‘zga­lardan berkitish farz. Ammo namozxon o‘zi­dan berkitishi shart emas. Masalan, lozimsiz uzun kuylak kiyib o‘qiyotgan kishi engashib, ruku qil­ganida yoqadan avratiga ko‘zi tushsa, namozi bu­zilmaydi.

«Olamgiriya».

 

 19-FATVO

Farz namozlarini zaruratsiz buzish joiz emas. Zarurat deganda, biror kishi suvga g‘arq bo‘layotgan, yirtqich hayvon hamla qilayotgan, yordam so‘rab cha­qirayotgan kabi holatlar nazarda tutilgan. Nafl namozlarda namozda ekanini bilmagan odam cha­qirsagina namozni buzib javob qilinadi. Namoz o‘qiyotganini bilib turib, ota-onasidan biri chaqirsa ham, javob bermasligi mumkin.

«Al-Fathur-Rahmoniy».

 

20-FATVO

Namozda avrati ochilib ketsa, darhol yopib olsa, zarari yo‘q. Ammo bir rukn miqdorida ochiq qol­dirsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya».

 

21-FATVO

Erkak kishi ko‘ylak, lozim, salla bilan namoz o‘qishi mustahab hisoblanadi. Ammo faqat bir uzun kuylak bilan o‘qisa ham, makruh emas. Lekin bir lozimning o‘zi bilan o‘qishi makruhdir.

«Olamgiriya».

 

22-FATVO

Namoz uchun kiyim, badan, joynamoz pok bo‘­lishi shart. Ularda bir dirham miqdoridan ortiq najosat bo‘lsa, namoz durust bo‘lmaydi. Kiyimida bir dir­ham miqdoridan ortiq g‘aliz najosat borligini ko‘rib qoldi. Lekin qachondan beri shunday ekanini bilmaydi. Shu kiyim bilan o‘qigan biror namozini qaytadan o‘qimaydi.

«Olamgiriya».

 

 

23-FATVO

Kiyimdagi najosat bilan joynamozdagi najosatni qo‘shganda dirham miqdoricha chiqadigan bo‘lsa, namozni buzmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

24-FATVO

Agar kalish yoki unga o‘xshash oson yechiladigan oyoq kiyimini yechib, ustiga oyoqlarini qo‘yib namoz o‘qisa, zarari yo‘q. Bunda oyoq kiyimining os­ti pok yoki nopokligining daxli bo‘lmaydi.

«Olamgiriya».

 

25-FATVO

Qatnov yo‘li ustida, molxona, axlatxona, qas­sob­xona (kushxona), g‘uslxona, hammom, qabris­ton kabi joylarda va Ka’ba tomida namoz o‘qish mak­ruhdir. Yaylov, bo‘yra, gilam kabi narsalar ustida namoz o‘qishning zarari yo‘q.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

26-FATVO

To‘qqizta vaqt borki, o‘sha paytlarda qazo na­mozi, janoza, tilovat sajdasi joiz, lekin nafl namoz o‘qish joiz emas: bomdod namozining – far­zidan oldin (sunnati bundan mustasno); farz­dan keyin Quyosh chiqqunga qadar, asr na­mo­zi­dan ke­­yin shomgacha; shom namozidan oldin, juma namozining (arabcha) xutbasi paytida; ik­ki hayit namozining (arabcha) xutbasi paytida; quyosh, oy tutilganda o‘qiladigan namoz xutbasi asnosida.

«Qozixon».

 

27-FATVO

Makruh vaqtlarda nafl namozini boshlab qo‘y­gan odam namozni buzishi va keyin qazosini o‘qi­shi kerak.

«Qozixon».

 

28-FATVO

Ikki vaqt namozini qo‘shib bir vaqtda o‘qish, bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, faqat ikki joyda joiz. Birinchisi – Arafa kuni Arafotda pe­­shin bilan asr namozlari peshin paytida, ikkinchisi – Muzdalifada shom bilan xufton namozlari xufton vaqtida ketma-ket o‘qiladi. Am­mo shofi’iy mazhabida safar, kasallik, yomg‘ir ka­bi uzrlar sababli mazkur namozlar jam qilib bir vaqtda o‘qilaveradi.

«Qozixon».

 

29-FATVO

Sajda qilish bobida peshonasi va burnida uz­ri bo‘lsa, yuzini yoki iyagini yerga tekkizib sajda qilishi joiz emas. Bunday odam o‘tirgan holda sajda niyatida boshi bilan imo-ishora qiladi.

«Olamgiriya», «Xizona».

 

30-FATVO

Namozda qilinadigan jahriy qiroatning eng pasti – o‘zidan boshqa kishiga eshittirib o‘qish, maxfiy o‘qishning eng pasti – o‘ziga eshittirib o‘qishdir. Mabodo harflarni tili bilan o‘z jo­yidan chiqarib to‘g‘ri o‘qisa-yu, o‘ziga eshittirmasa, qiroat qilgan hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, jon­­liq so‘yganda aytiladigan «basmala», taloq ibo­ralari, qasamdagi istisno, savdolashuvdagi ke­­lishuv so‘zlari ham loaqal gapiruvchining o‘zi­­­ga eshitilishi shart.

«Muxtasar», «Olamgiriya»,

«Muhit», «Sirojiya».

 

31-FATVO

Bomdod namozining birinchi rakatida qiroat miqdorini ikkinchi rakatidan uzun qilish sunnatdir. Imom Muhammad (r.h.) so‘ziga ko‘ra, barcha namozlarda ham birinchi rakatda Fotiha surasidan ke­yin uzun, ikkinchisida qisqaroq sura zam qi­lish maqbuldir. Fatvo ham shunga berilgan.

«Olamgiriya», «Zohidiy»,

«Tatarxoniya».

 

32-FATVO

Ikkinchi rakat zam surasining miqdori birinchi rakatda o‘qilgan zam suradan uch yoki undan ko‘p  oyat ortiq bo‘lsa, makruh hisoblanadi. Agar farqi uch oyatdan kam bo‘lsa, makruh emas.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

33-FATVO

Farz namozlarining har ikki rakatida Fo­ti­ha surasi bilan birga butun bir surani o‘qish afzaldir. Agar birinchi rakatda suraning ayrim oyatlarini, ikkinchi rakatida boshqa oyatlarini o‘qisa, ba’zi ulamolar bu – makruh, desalar, bosh­qalari makruh emas, deyishgan.

«Olamgiriya».

 

34-FATVO

Bir rakatda bir necha surani o‘qib, ular orasidan bir yoki ko‘proq surani qoldirib o‘qisa, mak­ruhdir. Ammo ikki rakatda o‘qiganida esa, o‘rtada bir necha sura qoldirsa, makruh emas, bir sura qoldirsa, makruhdir. Ba’zi ulamolar o‘rtada qoldirilgan bir sura uzun bo‘lsa, makruh emas, deyishgan. Shuningdek, o‘rtada ikki kichik sura qol­dirilsa ham, makruh emas. Ba’zi ulamolar, o‘r­tada sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emas, deganlar. Ammo sunnat va nafl namozlarda suralar orasida sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emasdir.

 «Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».

 

35-FATVO

Namozda Qur’oni karimni xatm qilgan qori oxirgi rakatda Fotiha surasi bilan yana xoh­la­gan joyidan oyatlarni o‘qib, tugatishi tavsiya etiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

36-FATVO

Namozda «yetti qiroat»ning qaysi biri asosida o‘qisa ham joiz, lekin odamlarni taajjubga soladigan g‘arib, shozz qiroatlarni o‘qimagani ma’qul.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

37-FATVO

Namozxonning tili ba’zi harflarni o‘z maxrajidan chiqara olmaydigan bo‘lsa, o‘sha harflar uchramaydigan oyatlarni o‘qishi kerak bo‘ladi. Agar shunday oyatlar uchramasa, noiloj o‘qiyveradi. Le­kin tili kelmaydigan harflar uchramaydigan oyat­lar bo‘la turib, qiyin oyatlarni o‘qisa, namozi durust emas.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

38-FATVO

Namozda o‘qigan oyatlari orasidan biror harf yoki kalima (so‘z) tushib qolsa, qaraladi: agar bu bilan ma’no o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. Ma’no o‘zgarmaydigan bo‘lsa, namoz bu­zilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

39-FATVO

O‘qigan oyatlari orasiga biror harf qo‘shib o‘qi­sa ham, qaraladi: agar bu bilan oyat ma’nosi o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. O‘zgar­masa, buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».

 

 

40-FATVO

Agar oyatdagi bir kalima o‘rniga boshqa so‘zni o‘qib qo‘ysa, qaraladi: agar Qur’onda bor kalimalardan bo‘lib, ma’nosi ham qoldirilgan so‘z ma’nosiga yaqin bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Masalan: «al-Hakim» o‘rniga «al-Alim» o‘qigani kabi. Bordi-yu, Qur’onda yo‘q kalimani o‘qib qo‘ysa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.) nazdida, agar ma’nosi qoldirilgan kalima ma’nosiga yaqin bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, namoz buziladi. Masalan: «tavvobin» o‘rniga «tay­yobin» o‘qigani kabi. Bordi-yu mazkur kalima Qur’onda ham yo‘q, ma’nosi ham yaqin kelmasa, bil­ittifoq, namoz buziladi. Ma’nosi e’tiqod jihatidan kufr sanaladigan so‘zlarga almashtirib o‘qib qo‘ysa ham, namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

 41-FATVO

Agar qiroatda farzand nisbatini begona ota nomiga berib o‘qib qo‘ysa va u nom Qur’onda yo‘q bo‘lsa, bilittifoq, namoz buziladi. Qur’onda kel­­­gan nomlardan bo‘lsa, Imom Muhammad va barcha mashoyix ulamolar nazdida, buzilmaydi. Am­mo Iso (a.s.) bundan mustasno. Masalan, qiroatda «Iso ibn Luqmon» deb o‘qib qo‘ysa, namoz buziladi. Lekin «Muso ibn Iso» deb o‘qib qo‘ysa, namoz bu­zilmaydi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy».

 

 

42-FATVO

Namozdagi qiroatda oyat kalimalaridagi ha­ra­kat belgilarini (zer-zabarni) xato o‘qib qo‘ysa, namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya».

Izoh:

Agar ma’no buziladigan bo‘lsa, namoz ham buziladi.

 

43-FATVO

Farz namozlarni jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatlar sirasiga kiradi. Uni uzr­siz tark etish gunoh hisoblanadi. Lekin bir necha uzr sanalgan ishlar borki, ular bois masjidga va jamoatga chiqmaslik joiz hisoblanadi. Masalan, bemor, oyoqlari shol bo‘lgan, keksalik sabab­li be­darmonlikka uchragan, ko‘zi ojiz kishilar jamoatga chiqmasdan, uylarida o‘qishlari mumkin. Shuningdek, yomg‘ir, yo‘lning loyligi, qattiq sovuq havo, qalin qorong‘ilik, tundagi shamol kabilar ham uzr hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Sirojul-vahhoj».

 

44-FATVO

Burhoniddin Marg‘inoniy (r.h.) so‘zlariga ko‘ra, «havoyi fikr va bid’at egalari» deb nomlanuvchi firqalarning ayrim ashaddiylariga iqtido qi­lib namoz o‘qish joiz emas. Masalan: ravofiz, jahmiy, qadariy, mushabbiha singari firqalar­ga. Qur’on – maxluq deb e’tiqod qiluvchilarga ergashilmaydi. Xulosa qilib aytish mumkinki, imomlikka o‘tuvchi firqa vakilining e’tiqodi kufrga sabab bo‘ladigan aqidadan xoli, lekin karohiyatli jihatga ega bo‘lsa-da, unga iqtido qilish joizdir. Masalan, Payg‘ambarimiz Muhammadning (s.a.v.) Makkadan Masjidi Aqsoga qilgan sayrlari (Is­ro)­ni inkor etuvchi firqadan bo‘lsa, unga iqti­do qi­linmaydi. Zero, u (Isro) ma’nosi aniq oyat bilan sobitdir. Ammo Aqso masjididan osmonlarga qil­gan sayrlari (Me’roj)ni inkor etadigan fir­qalardan bo‘lsa, unga iqtido qilish joiz. Zero, Me’roj haqidagi dalillar qat’iy emas.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa».

 

45-FATVO

Tahorat bobida uzrli kishilar bir-birlariga iqtido qilishlari joiz. Lekin uzrlari bir xil bo‘lishi shart. Masalan, doimiy ravishda yel chiqish kasaliga chalingan odam doimiy siydigi tomib turuvchi kishiga ergashishi joiz emas.

 «Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq»,

«Tabyin».

 

46-FATVO

A’robiy, ko‘zi ojiz, qul, valadi zino va fosiq kishilardan biri imomligida namoz o‘qilsa, unga iqtido qilish joiz, lekin karohiyati bor.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

Izoh:

Valadi zinoga iqtido qilish karohiyatining sababi – odamlar o‘rtasida shov-shuv gaplarning paydo bo‘lish xavfidir.

 

47-FATVO

Erkak kishining ayollarga imom bo‘lib namoz o‘qishining shartlari – ularga imomlikni niyat qilishi va xilvat joyda bo‘lmasligidir. Ammo ayollarning hammasi yoki ayrimlari imomga mah­ram bo‘lsa, xilvatda o‘qishlari ham joiz. Lekin faqat ayollar jamoatiga imom bo‘lib o‘qishning ka­­rohiyati bor. Juma va hayit namozlarida imomga ergashgan ayollarga imomlikni niyat qilmasa ham, joizdir. Ammo erkak kishining ayolga iqti­do qilishi mutlaqo joiz emas.

«Olamgiriya», «Nihoya», «Xulosa», «Hidoya».

 

48-FATVO

Ayollardan biri imomlik qilgan holda, xoh farz, xoh boshqa namozlarni ado etishlari mak­ruhdir. Janoza namozi bundan mustasno. Jamoat bilan namoz o‘qigan taqdirda ham, imomlikka o‘tgan ayol oldinga chiqib olmay, birinchi saf orasida turgani yaxshi, deyilgan. Aslida, ayollar yakka holda namoz o‘qiganlari afzaldir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

49-FATVO

Namoz qiroatiga yarasha Qur’on suralaridan o‘r­ganib olish hammaga farzi ayn ekan, savod­siz ki­shi ham namozda o‘qilishi farz bo‘lgan miq­do­­­rda qiroatni to‘g‘ri o‘qishga kechayu kunduz ha­ra­kat qilishi lozimdir. Agar harakat qilma­sa, Alloh­ning huzurida uzrli sanalmaydi. Toqati boricha harakat qilsa ham, to‘g‘ri talaffuz bilan o‘qiyolmasa, namozni o‘qiyveradi. Xato o‘qilgan qi­roati uzrli hisoblanadi. Qiroati durust odam qi­roati uzrli kishiga, qiroati uzrli odam soqovga, kiyimli odam kiyimsizga, masbuq masbuqqa, lohiq lohiqqa, yerdagi odam otliqqa iqtido qilishi jo­iz emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».

 

50-FATVO

Imom bilan unga iqtido qiluvchi (muqtadiy) o‘rtasida yupqa devor bo‘lsa, yoki qalin bo‘lsa ham ovoz o‘tkazadigan teshikchalar qo‘yilgan bo‘lsa, ular orqali imomning engashayotgan, turayotgan ha­rakatlari ko‘rinib tursa, yoki takbirlari eshi­tilib tursa, namozi joizdir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

Izoh:

Shunga ko‘ra, hozirda masjid hududida, lekin imomdan olisda, alohida xonalarda, safdan ajralgan holda imomga iqtido qilib namoz o‘qishlar ovoz kuchaytirgichlar orqali imomning holati bilinib turgani uchun joizdir.

 

51-FATVO

Hovlisi masjidga qo‘shni bo‘lgan odam o‘z uyida turib, masjid imomiga iqtido qilishining sharti – o‘rtada qatnov yo‘lining bo‘lmasligi yoki bo‘lsa ham, yo‘l uzra saf tortilib, uni to‘ldirib turgan bo‘lishidir.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

52-FATVO

Imomga iqtido qiluvchi bir erkak yoki namozni tushunadigan yoshga yetgan norasida (sag‘ir) bo‘lsa, imomning o‘ng yonida turib namoz o‘qiydi. Agar chap tomonida turib o‘qisa, namozi joiz bo‘lsa-da, yomon ish qilgan hisoblanadi. Yakka odam imom ortida turib iqtido qilsa ham, namozi durustdir.

Lekin karohiyati bo‘lish-bo‘lmasligida ulamolar ikki xil xulosaga kelishgan.

«Olamgiriya», «Muhit», «Badoye».

 

53-FATVO

Iqtido qiluvchi ikki erkak bo‘lsa, imomning or­tida turishlari lozim. Bordi-yu, imomning ikki yonida turib o‘qishsa ham, namozlari joizdir.

«Olamgiriya».

 

54-FATVO

Agar turli jins va yoshdagi namozxonlar bir jamoatda bo‘lib qolsalar, imom orqasidagi saflarga katta yoshdagi erkaklar, ularning ortidagi saflarga norasida o‘g‘il bolalar, ularning ortidagi safga xunasalar turib, ular ortidan ayollar, ular ortidan norasida qizlar saf tortadilar.

«Olamgiriya», «Sharhi Tahoviy».

 

55-FATVO

Ayollarning masjidga qatnab, erkaklar jamoatiga qo‘shilib namoz o‘qishlari makruhdir. Keksa yoshdagi ayollarning bomdod, shom, xufton namozlariga kelishlari bundan mustasno. Lekin «Kofiy» kitobida «Buzg‘unchilik sababli bugungi kunda ayollarning barcha namozlarga kelishi makruh, deb fatvo berildi», deyilgan.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Tabyin».

 

56-FATVO

Erkaklar safiga kirib namoz o‘qigan bir nafar ayol uch erkak kishining: o‘ng, chap va orqa tomonidagi namozxonlarning namozi buzilishiga sabab bo‘ladi. Boshqalarning namozi buzilmaydi. Ikki nafar ayol to‘rt kishi: o‘ng, chap va orqadagi ikki kishining namozini buzadi. Uch nafar ayol bo‘lsa, ularning ikki yonidagi ikki kishi hamda ayollarning ortidagi uch kishi bilan yana saflar oxiri­gacha har safdan uch kishining namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Tatarxoniya».

 

57-FATVO

Iqtido qilgan odam «Attahiyyot»dan keyingi salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan, imom salom berib yuborsa, u ham salom berib namozdan chiqadi. Ruku va sajdadagi tasbehlarni uch marta aytmasidan, imom boshini ko‘tarsa, muqtadiy ham unga tobe bo‘lib boshini ko‘taradi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

58-FATVO

Imomdan oldin rukudan yoki sajdadan boshini ko‘tarib yuborgan odam darhol ruku va sajda holatiga qaytishi lozim. Bu bilan ruku yoki sajdani ikki bor qilgan bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

59-FATVO

Namozda shunday beshta amal borki, ularni imom bajarmasa, muqtadiy ham bajarmaydi: ik­­ki hayit namozidagi qo‘shimcha takbirlar, uch, to‘rt rakatli namozlardagi birinchi qa’da (o‘ti­rib «Attahiyyot» o‘qish), tilovat sajdasi, sahv saj­­­­da­si, «Qunut duosi». Yana amal borki, uni imom bajarsa ham, muqtadiy bajarmaydi – biror sajda­ni ortiqcha qilsa, hayit namozidagi tak­birlar soniga qo‘shsa, janoza namozida 5-takbirni aytsa, beshinchi rakatga sahvan turib ketsa. Agar imom esiga tushib, 5-rakatga sajda qil­may turib, qay­tib salom bersa, muqtadiy ham birga salom bera­di. Bordi-yu, imom sajda qilsa, muqtadiy unga qo‘­­shilmaydi, balki salom beradi. Imom beshinchi rakat sajdasini qilmasidan, muqtadiy salom berib qo‘ysa, har ikkisining ham namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy», «Xulosa».

 

60-FATVO

Namozga kech kelib qo‘shilgan kishi (masbuq), agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qila­yot­gan bo‘lsa, «Tahrima takbiri»ni aytib, iqtido qi­ladi. Lekin «sano» o‘qimaydi. Namoz oxirida qolgan qismini o‘qish oldidan «sano» bilan «A’u­zu»ni o‘qib, qiroat qiladi. Imom tovushsiz qi­ro­at qilayotganda ergashgan odam «sano» o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Zahiriya», «Qozixon».

 

61-FATVO

Masbuq imom salom berishi bilanoq qolgan qismini o‘qish uchun turmay, imom boshqa sunnat yoki nafl namozga turishini yoki meh­robdan yuz o‘girishini kutib turadi. Zero, imom sahv sajdasi qilib qolishi ham eh­timol.

«Olamgiriya», «Bahrur-roiq».

 

62-FATVO

Imom oxirgi qa’da (o‘tirish)da «Attahiyyot»­dan keyingi salavot va duolarni o‘qiyotganida, masbuq faqat «Tashahhud»ni o‘qiydi. Vaqti ortib qolsa, «Tashahhud»ni takroran o‘qiydi, ya’ni «Ashhadu al­la ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh»ni qayta-qayta o‘qib turadi. Mas­buq «Attahiyyot»ni bir marta sekin-asta, cho‘­zib o‘qib, imom bilan birga tugatishga harakat qi­ladi, degan ulamolar ham bor.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Qozixon», «Xulosa».

 

63-FATVO

To‘rt rakatli namoz tugagach, qavm imomga: «Uch rakat o‘qidingiz», desa, imom esa: «To‘rt rakat o‘qi­­dim», desa, qaraladi: imom shubhasiz, ishonch bi­lan so‘zida tursa, namoz qayta o‘qil­may­di. Aks holda, qavmning so‘zi e’tiborga olinib, namoz qayta  ado etiladi.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

 

64-FATVO

Agar imomning necha rakat namoz o‘qigani to‘g‘­risida na­­mozxonlar o‘rtasida tortishuv paydo bo‘lsa, imom qaysi tomonga qo‘shilsa, o‘sha ta­raf­ning so‘zi e’tiborga olinadi, garchi imom qo‘­shil­gan to­­monda faqat bir kishi bo‘lsa ham.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

65-FATVO

Namozni tik turib o‘qiydigan odam uzr bilan o‘tirib o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz bo‘l­ganidek, qomati rost odam bukriga iqtido qi­lishi joizdir.

«Qozixon».

 

66-FATVO

Imom qavmdan o‘rta bo‘yli odam barobaridagi baland joyda namoz o‘qishi makruhdir. Aksincha, imom pastlikda, qavm tepalikda o‘qisa, makruh emas. Bu Imom Karxiydan naql qilingan.

«Qozixon», «Navodir».

 

67-FATVO

Imomning ikki oyog‘i mehrobdan tashqarida bo‘­lishi kerak. Ammo namozxon ko‘pligidan izdi­hom hosil bo‘lganida esa, imom mehrob ichiga kirib o‘qishi ham joiz.

«Qozixon».

 

68-FATVO

Muqtadiyning bo‘yi imomga qaraganda uzunroq bo‘lib, imomdan oldinroq joyga sajda qilsa ham, namozi durust. Zero, muqtadiyning oyoqlari imom oyoqlaridan oldinga o‘tib ketmasligi shart. Ammo sajdada boshi o‘tib ketsa, zarari yo‘q.

«Qozixon».

 

69-FATVO

Namozga kechroq kelgan kishi imomni rukuda turganda topsa, tik turgan holda «Tahrima tak­biri»ni aytib, so‘ngra rukuga engashishi kerak. Bordi-yu, engashgan holda takbir aytsa, namozi durust bo‘lmaydi.

«Qozixon».

Izoh:

Zero, «Tahrima takbiri» tik holda aytilishi shart. Engashgan holda aytilgan takbir tahrima uchun ham, ruku uchun ham o‘tmaydi.

 

70-FATVO

Imom rukuda turganida iqtido qilgan kishi tik holda rukuga takbir aytsa ham, «Tahrima takbiri» uchun aytgan hisobiga o‘tadi. Ammo «Tah­rima» uchun bir takbir, ruku uchun yana bir takbir aytsa, yanada yaxshiroqdir.

«Qozixon».

 

71-FATVO

Birinchi qa’dada muqtadiy «Attahiyyot»ni o‘qib bo‘lmasidan imom uchinchi rakatga turib ket­sa, u bilan birga turib ketmasdan, «abduhu va rasuluh»gacha o‘qib, so‘ngra turishi kerak. Ammo namoz oxirida «Attahiyyot»dan keyin salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan oldin imom salom berib yuborsa, muqtadiy ham u bilan birga salom beraveradi.

«Qozixon».

 

72-FATVO

Muqtadiy vitr namozida «Qunut duosi»ni o‘qib bo‘lmasidan, imom rukuga ketsa, «Qunut»ni cha­la qoldirib, u bilan birga ruku qilaveradi. Bordi-yu, «Qunut duosi»ni oxirigacha yetkazsa, imom­ning rukudan bosh ko‘tarib yuborish ehtimo­li bo‘lmasa, «Qunut»ni oxirigacha yoki ulgurgan joyigacha o‘qiydi.

«Qozixon».

 

73-FATVO

Imom rukudan qaytgan paytda unga iqtido qil­­gan kishi «Tahrima takbiri»ni aytib, ruku qilgach, imom bilan birga ikki sajda qilsa ham, shu rakatni topmagan hisoblanadi. Lekin imom bi­lan o‘qigan boshqa rakatlari durust bo‘lib, imomdan so‘ng o‘sha qolgan rakatni o‘qiydi.

«Qozixon».

Izoh:

Jamoatga kech kelgan kishi imomni qaysi ho­lat­da topsa, «Tahrima takbiri»ni aytib o‘sha jo­yi­dan boshlab imom bilan namozni davom ettirishi lozim. Arkonlari to‘kis ado etilgan rakatlar hi­sobga o‘tadi. Boshqalarining qazosi o‘qiladi.

 

74-FATVO

Imom birinchi sajdadan boshini ko‘tarmay tu­rib, muqtadiy boshini ko‘tarib, imom sajdada ekanini bilgach, boshini yana sajdaga qo‘ysa, bu yerda ikki masala bor. Birinchidan, muqtadiy agar imom birinchi sajdada deb, bilgan holda boshini qayta qo‘yishda bu birinchi sajda deb, niyat qilgan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, imomdan oldin bosh ko‘targanda, imom ikkinchi sajdaga bosh qo‘ygan ekan, degan fikrga borgan bo‘lsa, ya’ni ik­kinchi sajdaga bosh qo‘ydim, deb niyat qilgan, shu paytda imom boshini ko‘tarib, ikkinchi sajda qil­ganini ham anglamagan bo‘lsa, muqtadiyning namozi buziladi. Ammo anglab, ikkinchi sajdani qo‘shsa, namozi durust bo‘ladi.

«Qozixon».

 

75-FATVO

Hayit namoziga kech kelib, imomni rukuda topsa, «Tahrima takbiri»ni aytib, sano aytmay ruku qiladi va rukudagi tasbehlar o‘rniga uch takbirni aytadi. Zero, tasbeh aytish – sunnat, hayit namozining oltita takbiri – vojib. Zero, vojib bilan sunnat bir vaqt­ga to‘g‘ri kelib qolganda, vojib ado etiladi.

«Qozixon».

 

76-FATVO

Imom jamoat namozi adosidan so‘ng sunnat yoki nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, imomlik qilgan jo­­yidan (mehrobdan) boshqa joyga o‘tib o‘qishi lozim. Agar jamoatga qarab o‘tirmoqchi bo‘lsa, o‘ng yoni bilan burilib o‘tirishi mus­tahab amallardandir.

«Qozixon».

Izoh:

Muqtadiyga ishtiboh bo‘lmasligi uchun imom bosh­qa joyga o‘tib olishi yoki yoniga boshqa bir-ikki namozxonni chorlashi lozim.

 

77-FATVO

Namozga kech kelgan ikki masbuq imom salomidan keyin namozning qolgan qismini alohida, mustaqil ravishda o‘qib olishlari kerak. Mabodo biri ikkinchisiga iqtido qilsa, iqtido qil­ganning namozi buziladi.

«Qozixon».

 

78-FATVO

Masbuq namoz oxirida imom bilan birga sah­van salom berib qo‘ysa, unga sahv sajdasi lozim bo‘lmaydi. Bordi-yu, imomdan keyin salom ber­sa, sahv sajdasi qiladi. Zero, imom salomidan ke­yin masbuq mustaqil namozxonga aylanadi.

«Qozixon».

 

79-FATVO

Imom peshin namozini to‘rt rakat o‘qib o‘tirib, so‘ngra yanglishib beshinchi rakatga tursa va shu paytda bir kishi kelib, unga iqtido qilsa, iq­ti­dosi durust. Lekin imom beshinchi rakatga sajda qilib qo‘ysa, imomning farz namozi buzilmaydi, chunki u «oxirgi qa’da»ga o‘tirgan. Keyingi rakatlari naflga o‘tadi. Ammo masbuqning namozi buziladi. Zero, nafl o‘qiguvchiga farz o‘qiguvchi iqtido qilishi joiz emas. Qa’daga o‘tirmagan bo‘­lishsa, hammasining namozi buziladi.

«Qozixon».

 

80-FATVO

Imom shom namozida uchinchi rakat oxirida o‘tirish o‘rniga to‘rtinchi rakatga turib ketsa, muqtadiy imom sajda qilmasidan, «Tashahhud»ni o‘qib, salom bersa, namozi buziladi.

«Qozixon».

 

81-FATVO

Masbuq ulgurmay kech qolgan joyini birinchi navbatda o‘qib olib, so‘ngra qolgan qismini imom bilan o‘qisa, namozi buzilmaydi. Lekin sunnatga xilof ish qilgani uchun makruh hisoblanadi.

«Qozixon».

 

82-FATVO

Zimmasida sahv sajdasi bo‘lgan imom ham, yak­ka o‘quvchi ham sahv sajdasidan oldin o‘qiydigan «Tashahhud»dan keyin salavot va duoni o‘qimaydi.

«Qozixon».

 

83-FATVO

Imom rukuda turganida safga bir notanish kishi kelib qo‘shilayotganini sezib, rukuga ulgursin deb, bir-ikki tasbeh qo‘shib o‘qisa, zarari yo‘q. Ammo tanish odami uchun ruku yoki qiroatni cho‘zishi mumkin emas.

«Qozixon».

 

84-FATVO

Juma kuni imom xutba o‘qib turganida bir namozxonning bomdod namozini o‘qimagani yodiga tushsa, darhol turib ikki rakat bomdod farzini o‘qib oladi. Bunday paytda xutbani tinglash vojibligi soqit bo‘ladi. Zero, xutbadan keyin o‘qib ulgurmaydi.

«Qozixon».

 

85-FATVO

Namozning ichida bir rakat kam o‘qigandek tuyulib, shubha qilsa, ehtiyotan bir rakat qo‘shib qo‘ya­di. Ammo namozni o‘qib bo‘lganidan keyin biror rakat kam o‘qidim, deb shubha qilsa, namozni qayta o‘qimaydi.

«Qozixon».

 

86-FATVO

Imomga bir-ikki rakat keyin kelib iqtido qilgan masbuq imom namoz oxirida salavot va duo o‘qib o‘tirishini kutganda, oldidan odamlar o‘tib, gunohkor bo‘lishidan qo‘rqsa, «Tashahhud»ni o‘qigach, kutmasdan, qiyomga turib, qolgan qismini o‘qishi mumkin.

«Qozixon».

 

87-FATVO

Namozda ovoz bilan yoki o‘zi eshitadigan darajada gapirib qo‘yish namozni buzadi. Bu xoh qasd­dan bo‘lsin, xoh unutish bilan, xoh xatolik yuza­sidan bo‘lsin, xoh oz, xoh ko‘p so‘zlasin, baribir namoz buziladi. Ovozini chiqarmay, faqat ti­lini qi­mirlatib gapirsa, namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

88-FATVO

Namoz ichida uxlab qolgan paytida gapirsa ham namoz buziladi. Ba’zi ulamolar buning aksini aytgan bo‘lsalar-da, lekin namozning buzilishi amalga tatbiq uchun tanlangan.

«Olamgiriya», «Navozil».

 

89-FATVO

Xufton namozining ikki rakatini o‘qib bo‘l­gach, bu taroveh namozi deb o‘ylab, salom berib qo‘y­sa, shuningdek, peshinning ikki rakatidan ke­yin bu juma namozi, degan fikrda salom berib qo‘ysa, yoki muqim to‘rt rakatli namozning ikki rakatidan keyin o‘zini safarda deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, namozini qaytadan o‘qiydi. Ammo mazkur holatlarda namozning oxiri, degan xayolda salom bergan bo‘lsa, namozi buzilmaydi, balki davomini o‘qib, oxirida sahv sajdasi qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

 

90-FATVO

Namoz o‘qiyotgan kishiga namozdan tashqarida­gi odam qiroatda yordam berib yuborsa, ya’ni esiga kelmay qolgan joyini esiga solsa yoki xato o‘qi­gan joyini tuzatib qo‘ysa va bu yordamni namoz­xon qabul qilsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Munyatul-musalliy».

 

91-FATVO

Imom qiroatda yordamga muhtoj bo‘lgan taq­dir­da muqtadiy darhol yordam berishga shoshilmasligi, balki bir oz o‘ziga qo‘yib berib, agar o‘zi uddasidan chiqolmasa yoki sukut saqlab qolsa, shundagina yordam berish lozim bo‘ladi. Lekin imom ham, agar namozga yarasha qiroat qilgan bo‘lsa, qavmni yordam berishga majbur qilmasligi, balki rukuga ketaverishi mumkin.

«Olamgiriya», «Muhit», «Kofiy».

 

92-FATVO

Namozda ingrasa, oh tortsa yoki ovoz bilan yig‘­lasa, qaraladi: agar jannat, do‘zax kabi uxroviy narsalarni o‘ylab shunday qilgan bo‘lsa, namozi buzilmaydi. Bordi-yu, og‘riq, kasallik, biror musibat sababli bo‘lsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya».

 

93-FATVO

Sajdagohdagi chang yoki tuproqni namoz ichida puflab ketkazsa, qaraladi: agar ovozsiz va harf (ifodalovchi tovush)larsiz nafas chiqargan bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Aks holda, namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

94-FATVO

Namoz ichida it, mushuk, qo‘y, echki kabi hay­von­larni qo‘risa yoki o‘ziga chorlasa, qaraladi: agar harf hosil bo‘ladigan ovoz bilan bo‘lsa, namoz buziladi, harfsiz bo‘lsa, buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Zaxira».

 

95-FATVO

Aksirganda yoki kekirganda, garchi harf chiqsa ham, namoz buzilmaganidek, yo‘talish, ingrash, oh tortish kabilar uzr bilan, beixtiyor bo‘lsa ham, namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

96-FATVO

Namozda qiroatga ovozini sozlash uchun yo‘tal­sa yoki imom qiroatda adashganda uni ogohlan­ti­rish uchun yoxud o‘zining namozda ekanini bildirish uchun yo‘talsa, namozi buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

97-FATVO

Namozda qiroatni Qur’oni karim kitobidan o‘qib qilsa, Abu Hanifa (r.h.) nazdida, namoz buziladi. Zero, Kitobni ko‘tarib turish, varaqlash, unga ko‘z tashlash ko‘p harakatni talab qiladi. Ko‘p amal va harakat esa, namozni buzuvchi omillardan. Shunga ko‘ra, agar Kitob biror narsa ustiga qo‘yilsa, varaqlamasa yoki mehrob devoriga yozilgan bitikdan o‘qib qiroat qilsa, namoz buzilmaydi. Lekin Abu Hanifaning (r.h.) namoz buzilishiga yana boshqa dalili bor. U ham bo‘lsa, Kitobdan o‘qish – bu ta’lim olish, o‘rganish demakdir. Bu esa namozning amallaridan emas. Demak, Kitobni ko‘tarib o‘qiydimi yoki qo‘yilgan holda o‘qiydi­mi, barobardir. Qaysi holatda bo‘lsa ham, namoz buziladi. Shu javob sahih deb topilgan. Ammo Abu Yusuf va Muhammad (r.h.) nazdida, namozda Qur’­­on kitobidan o‘qib qiroat qilish joiz. Yana Qur’onni yod biluvchi kishi Kitobdan o‘qib qiroat qilsa, namozi buzilmaydi, deganlar.

«Olamgiriya», «Kofiy».

 

98-FATVO

Mehrob devoriga Qur’on oyatlaridan boshqa so‘z­lar, masalan, fiqhiy qoidalar yozilgan bo‘­lib, namozxon uning ma’nosini tushunib yoki tushunmagan holda o‘qisa, Imom Muhammaddan (r.h.) bosh­qa mujtahidlar namoz buzilmaydi, deganlar.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Zaxira», «Hidoya».

 

99-FATVO

Namozda keraksiz ish va harakat (amali kasir) qilib qo‘ysa, namoz buziladi. Uning miqdori to‘g‘­risida uch xil ta’rif bor. Birinchisi – ikki qo‘l bilan qilinadigan ishlar. Masalan: salla o‘rash, ko‘ylak kiyish, ishton bog‘ini bog‘lash, kamondan o‘q otish. Ammo ko‘ylak yoki shalvarni yechish, do‘p­pi kiyish yoki uni yechish kabi bir qo‘l bilan qi­linadigan ishlarni ikki qo‘l bilan bajarsa ham, namoz buzilmaydi. Ikkinchisi – namozxon o‘zini ko‘p ish qilib yuborgandek sezsa, shuning o‘zi «amali kasir»dir, degan rivoyat bo‘lib, u Abu Hanifa (r.h.) ra’ylariga ham yaqindir. Uchinchisi – namozxonning harakatlarini uzoqdan ko‘rgan kishi u namozdan tashqarida deb bilsa. Ammo shak qilsa, hisob emas. Bu ta’rifni ko‘pchilik ulamolar ma’­qullashgan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Qozixon», «Xulosa».

 

100-FATVO

Namoz ichida bir saf miqdorida yursa, namozi buzilmaydi. Agar ikki saf oldinga yurmoqchi bo‘lsa, oldin birinchi safgacha yurib borib, bir oz to‘xtab, so‘ngra ikkinchi safga yurib borishi kerak. Birdaniga ikki saf miqdorida yursa, namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

101-FATVO

Namozda yuzning o‘zini u yoq-bu yoqqa bursa, gar­chi makruh bo‘lsa-da, namoz buzilmaydi. Ammo ko‘k­ragi bilan birga burilsa, namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy».

 

102-FATVO

Namoz ichida ilon va chayon o‘ldirsa, namoz buzilmaydi. Ammo hech kimga ziyon yetkazmaslik eh­timoli bo‘lsa, ularni o‘ldirishga harakat qilish makruhdir. Kimgadir aziyat yetkazish xavfi bo‘l­ganda esa, ularni masjid ichida quvib borib, hat­to imomning oldidan o‘tib bo‘lsa ham o‘ldirish joiz.

«Olamgiriya», «Navozil», «Xulosa», «Muhit».

 

103-FATVO

Agar namozda bir vaqtning o‘zida uch marta tosh otsa yoki bit, burga, chivin kabilarni o‘ldirsa, yoxud soqoli, yo sochining uch tolasini bittadan yulsa, namozi buziladi. Agar toshni qulochini keng ochib, kuchining boricha otsa, bir martada ham namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Tatarxoniya».

 

104-FATVO

Namozda turib uchta so‘z yozsa, namozi buziladi, undan kam bo‘lsa, buzilmaydi. Agar havoga yoki o‘z badaniga barmog‘i bilan yozsa, uch so‘zdan ko‘p bo‘lsa ham, namozi buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Sirojiya».

 

105-FATVO

Namozning bir ruknida uch marta qo‘lini ko‘­tarib, yuzi, bo‘yni kabi joylarni qashisa, namozi buziladi. Ammo qo‘lini bir ko‘targanicha uch marta qashisa, namozi buzilmaydi. Lekin namozda uzrsiz qashinish makruhdir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

 

106-FATVO

Namozda imomning oyoqlaridan ko‘ra muqtadiy­ning oyoqlari oldinga o‘tib ketsa, muqtadiyning namozi buziladi.

«Qozixon».

107-FATVO

Ayol kishi namozda bolasini emizsa, namozi buziladi. Agar bola o‘zi kelib, uch marta emsa, sut chiqsa yoki chiqmasa ham, namozi buziladi. Bir-ikki marta emganida sut chiqmasa, namozi buzilmaydi.

«Qozixon».

 

108-FATVO

Tashqaridagi odam namozxondan biror narsa so‘rasa yoki unga savol bersa, u boshi bilan «ha» yoki «yo‘q» ishorasini qilsa, namozi buzilmaydi.

«Qozixon».

 

109-FATVO

Namozda turib, chiroqning piligini ko‘tarsa (hozirgi paytda lampa o‘chirgichini bossa), namo­zi buzilmaydi.

«Qozixon».

 

110-FATVO

Namozda ayol kishining boshidagi sochidan to‘rt­dan bir qismi ochilib qolishi bilan namoz buziladi. Lekin bu miqdor uning quloqlari ustidagi qismidan hisoblanadi. Quloqlaridan pastga osilib turgan qismining ochilib qolishi namozni buzmaydi. Ammo erkaklar nazari tushishining ta­qiqlanishida quloq ustidagi bilan ostidagi sochlar barobardir.

«Qozixon».

 

111-FATVO

Imom Abu Yusuf (r.h.) so‘ziga binoan, ayol kishi­ning oyoq boldirlari namozda avrat hisob­lan­may­di. Bilaklari esa, qorni bilan barobardir. Abu Yusuf bilan Abu Hanifadan (r.h.) yana shunday rivoyat borki, namozda ayol kishining bilak­lari ham avrat sanalmaydi. Ya’ni, ikki bilagi ochiq hol­­da o‘qigan namozi durust hisoblanadi.

«Qozixon».

 

112-FATVO

Namoz ichida tahorati sinib qolgan kishi ta­horatini yangilab kelib, namozining qolgan qis­­mini davom ettirib o‘qishi mumkin. Lekin ta­horatga doir amallardan boshqa ish qilib qo‘y­sa yoki istinjo qilayotganda avrati ochilib qolsa, namozi buziladi. Shuning uchun namoz ichida ta­hora­ti singan kishi boshidan qayta o‘qigani afzaldir.

«Muxtasar», «Qozixon».

 

113-FATVO

Qabristonda Qur’on tilovat qilish xususi­da mujtahidlar ixtilof qilganlar. Abu Hani­fa (r.h.) buni makruh deb sanaganlar. Imom Mu­ham­­­­mad (r.h.) esa, makruh emas deganlar. Ma­sho­yix­lari­miz Imom Muhammadning (r.h.) so‘zla­rini ol­ganlar va qabristonga qori o‘tqizib, Qur’o­ni ka­rim­dan ma’lum oyat va suralarni o‘qitib, buning mayyitlarga manfaati bor, deb umid qilishgan.

«Qozixon».

 

114-FATVO

Piyoda yurib ketayotib yoki biror kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lgan holatda Qur’oni karimni ti­lovat qilish joiz. Lekin yurish va ish tilovat qilishga xalal bermasligi shart. Aks holda, mak­ruh bo‘ladi.

«Qozixon».

 

115-FATVO

Fiqh ilmi bilan shug‘ullanib, biror narsa yozib turgan kishiga eshittirib qiroat qilgan qori gunohkor bo‘ladi. Zero, odamlar ish bilan mash­g‘ul joyda qiroat qilish joiz emas. Qiroatni ting­lash uchun ishini to‘xtatmagan mazkur kotib gu­nohkor bo‘lmaydi.

«Qozixon».

 

116-FATVO

G‘ayridinlar Qur’on oyatlaridan saboq berishni yoki shariat ahkomlaridan o‘rgatishni talab qilishsa, o‘rgatilaveradi. Lekin ularga Qur’on ki­tobini ushlash mumkin emas. Agar g‘usl qilib ush­lamoqchi bo‘lishsa, ruxsat beriladi.

«Qozixon».

 

117-FATVO

Namozda kiyimi, soqoli yoki badanining biror joyini o‘ynash yoxud sajda qilayotib, kiyi­mining old tomonini orqaga yoki orqa tarafi­ni oldinga tortish makruhdir. Ruku qilayotganda badaniga yopishib qolmasligi uchun kiyimini qoqsa, zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Me’roj».

 

Izoh:

Bunda hozirgi davrimizda ba’zi tor shim kiyuvchilar rukudan sajdaga ketayotganlarida oyoqlariga yopishib qolib, qiyinlik tug‘dirmasligi uchun shimni ikki qo‘li bilan ushlab, tortib qo‘yishlariga ruxsat bordek ko‘rinadi.

 

118-FATVO

Namoz ichida peshonasiga yopishgan tuproq yoki xas-cho‘plarni uzrsiz qo‘li bilan silab tozalash makruhdir. Ammo namozga xalaqit beradigan da­rajada bo‘lsa, tozalashi mumkin. Tashahhud va sa­lomdan oldin tozalashi ham makruh emas. Shuningdek, peshonasidagi terni qo‘li bilan artishi ham makruh hisoblanmaydi. Lekin namoz ichida bu kabi ishlarni qilmaslik avlodir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

119-FATVO

Namoz ichida burni oqsa, uni yerga tushirgandan ko‘ra artgani avlodir.

«Olamgiriya», «Qunya».

 

120-FATVO

Farz namozlarda oyat va tasbehlarni qo‘l bilan sanab turish makruhdir. Ammo nafl namozlarda qo‘l bilan sanash ijmoan makruh emas. Faqat «Tabyin» kitobida bunga xilof gap bor, zarurat holati bundan mustasno.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Nihoya».

 

121-FATVO

Namozda qo‘l barmoqlarini bir-biriga kirish­tirish, barmoqlarini qirsillatish makruh ishlardandir. Ba’zi ulamolar barmoqlarni qir­sil­latish namozdan tashqarida (odamlar orasida bo‘lsa) ham makruhdir, deganlar.

«Qozixon», «Zohidiy».

 

122-FATVO

Namoz ichida u yoq-bu yoqqa yuzini burib qarash makruhdir. Yuzini burmasdan, ko‘zining qiri bi­lan qarasa, zarari yo‘q. Osmonga qarash ham mak­ruhdir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».

 

123-FATVO

Salla bo‘la turib, uni kiyishga erinib, bosh­yalang namoz o‘qish makruhdir. Ammo kamtarlik yuza­sidan boshyalang o‘qisa, makruh emas, hatto avlodir.

«Olamgiriya», «Zaxira».

 

124-FATVO

Boshga salla o‘raganida boshining o‘rtasini ochiq qoldirishi namozda ham, namozdan tash­qa­rida ham makruhdir.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

125-FATVO

Namozda esnash makruhdir. Agar uni qaytara olmasa, og‘zini qo‘li bilan to‘sadi. Ya’ni, qiyomda bo‘lsa, o‘ng qo‘li, boshqa holatlarda chap qo‘li pan­jasining orqa tomoni bilan to‘sadi.

«Olamgiriya», «Zohidiy».

 

126-FATVO

Namozda kerishish, ko‘zlarini yumib olish, kat­­ta-kichik tahorati hamda yel qistab turganda namoz o‘qish makruhdir. Shunday holatlarda bosh­­la­gan namozini to‘xtatishi lozim. Agar to‘x­tat­may namozni tugatsa, namozi hisobga o‘tsa-da, o‘zi gunohkor bo‘ladi. Lekin namozning vaqti ziq bo‘l­sa, qazo qilgandan ko‘ra makruhlik bilan bo‘lsa-da, o‘qiyvergani afzaldir.

«Olamgiriya».

 

127-FATVO

Yakka namoz o‘qimoqchi odam jamoat bilan o‘qi­yotganlar safida turib o‘qishi makruh­dir. Zero, bunda namozxonlarning turib o‘tirishida­gi mutanosiblikka putur yetkazadi.

«Olamgiriya».

 

128-FATVO

Safning ortida yakka qolgan kishi o‘ziga oldingi saf ora­sidan joy topishi mumkin bo‘lgani holda, yak­ka turishi makruhdir. Agar safda joy bo‘lmasa, Abu Hanifadan (r.h.) qilingan rivoyat­ga binoan, karohiyati yo‘q. Ammo saf ortida yakka turgandan ko‘ra oldindagi safdan bir kishini yoni­ga tortib olsa, yanada yaxshi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

129-FATVO

Sajdaga borishda ikki tizzadan oldin yerga ik­ki qo‘lni qo‘yish va sajdadan turishda ikki qo‘l­dan oldin ikki tizzani ko‘tarish uzrsiz bo‘lsa, makruhdir.

«Olamgiriya», «Munya».

 

130-FATVO

Ruku va sajdaga engashishda va boshni ko‘tarish­da imomdan oldin harakat qilib, undan ilgarilab ketish makruhdir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

131-FATVO

Imomning qavmdan bir gaz va undan yuqori balandlikda yakka turib imomlikka o‘tishi mak­ruhdir. Ammo yonida qavmning bir qismi bo‘lsa, karohiyati ketadi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

132-FATVO

Ichida olov yonib turgan tandir yoki o‘choqqa yuzlangan holda namoz o‘qish makruhdir. Qandil yoki chiroqqa yuzlanib o‘qishning zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

133-FATVO

Namozga kech kelib, iqtido qilayotgan odamni imom sezib, uning ulgurishiga yordam bo‘lishi uchun namozni bir oz cho‘zmoqchi bo‘lsa, qaraladi: agar u odamni tanib cho‘zgan bo‘lsa, makruh, tanimagan bo‘lsa, zarari yo‘q. Cho‘zganda ham bir-ikki tasbeh miqdorida cho‘zishga ruxsat etiladi.

«Olamgiriya», «Muxtorul-fatovo».

 

134-FATVO

Masjid binosini turli naqshlar va tillo suvi ishlatib bezash mumkin. Lekin naqsh va bezash ishlariga masjidning vaqf pulidan ishlatil­may­di, balki biror homiyning xususiy mulkidan sarf qilinadi. Masjidning vaqf mulkidan uning qurilish ishlariga ishlatish mumkin. Agar mutavalli undan bezak ishlariga ishlatib qo‘ysa, puliga zomin bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Hidoya».

 

135-FATVO

Masjidni qurib, Alloh yo‘liga atagan kishi shu masjidning barcha obodonchilik, ta’mir ishlari, palosni qanday solishdan tortib qandillarni qayerga qanday ilish ishlarigacha bosh-qosh bo‘lish­ga o‘zgalardan ko‘ra haqliroqdir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».

 

136-FATVO

Vitr namozi xususida Imom A’zamdan (r.h.)uch xil rivoyat naql qilingan. Birinchisi – uning farzligi. Ikkinchisi – uning sunnati muakka­daligi. Uchinchisi – uning vojib ibodat ekani. Shu uchinchi, vojib ekani to‘g‘risidagi rivoyat u zotning oxirgi so‘zlaridir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

137-FATVO

Vitr namozi qasddan yoki unutilgan holda tark etilgan bo‘lsa, oradan qancha ko‘p vaqt o‘tgan bo‘l­sa ham, qazosi o‘qilishi kerak. Qazoda «Qunut duosi» ham o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Kifoya».

 

138-FATVO

Vitr namozidagi «Qunut duosi»ni o‘qishga tili yaxshi kelmaydigan yoki yod ololmaydigan odam «Robbana atina fid dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina azaban nar» oyatini bir marta yoki «Allohummag‘fir lana» jumlasini uch marta o‘qiydi. Bu Abu Lays Samarqandiy (r.h.) fat­vosidir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya».

 

139-FATVO

«Qunut duosi»ni o‘qimagani rukuga borganida esiga tushsa, uni rukuda o‘qimaydi, qiyomga qaytib ham o‘qimaydi. Bordi-yu, qiyomga qaytib o‘qisa va rukuni ikkinchi marta qilmasa, namozi buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya»,

«al-Bahrur-roiq».

 

140-FATVO

Vitr namozining uchinchi rakatida zam sura qilmasdan rukuga ketgan bo‘lsa, qiyomga qaytib zam sura bilan birga «Qunut duosi»ni ham qayta o‘qiydi va namoz oxirida sahv sajdasini qila­di. Fotiha surasini o‘qimay rukuga ketgan bo‘lsa ham, xuddi shunday qiladi. Rukuni qayta qilsa ham, qilmasa ham bo‘laveradi.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

141-FATVO

Vitr namozini Ramazon oyida imomga iqtido qilib o‘qiyotgan odam «Qunut duosi»da ham unga er­gashadi. Ya’ni, duoni o‘qib ulgurmasidan, imom rukuga ketsa, u ham duoni kelgan joyida to‘xta­­tib, imom ortidan rukuga ketadi. Agar imom «Qu­nut»­ni o‘qimay rukuga ketsa, qaraydi, agar imom rukudan bosh ko‘targuncha o‘qib ulgursa, «Qunut»ni o‘qib, so‘ngra ruku qiladi. Ammo ulgurmaydigan bo‘lsa, duoni o‘qimasdan, rukuga ketadi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

142-FATVO

Masbuq, ya’ni bir-ikki rakat kech kelib, imomga iqtido qilgan kishi «Qunut»ni imom bilan birga o‘qiydi. Uchinchi rakatda o‘qimaydi.

«Olamgiriya», «Munya»,

«Muzmarot».

 

143-FATVO

Masbuq imomni vitr namozining uchinchi rakatida topib, iqtido qilsa-yu, «Qunut»ni o‘qiyol­magan bo‘lsa, keyin ham o‘qimaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

144-FATVO

Fiqhga doir kitoblarda yozili­shi­ga ko‘ra, sunnat sanaluvchi namozlar quyidagi­lardir:

Bomdod farzidan oldin 2 rakat.

Peshin farzidan oldin 4, farzdan keyin 2 rakat.

Shom farzidan keyin 2 rakat.

Xufton farzidan keyin 2 rakat.

Juma namozidan oldin 4, keyin yana 4 rakat.

Eng kuchli sunnat namozi bomdodning 2 rakat sunnatidir. Undan keyin shomning 2 rakati, so‘ng­ra peshindan keyingi 2 rakat, so‘ngra xuftonning 2 rakat sunnati, so‘ngra peshinning 4 rakat sun­nati.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

 

145-FATVO

Peshinning 4 rakat sunnatini o‘qishga ulgurmay, imomga iqtido qilgan kishi farzdan ke­yin o‘qib oladi. Lekin 2 rakat sunnatdan oldinmi yoki keyinmi ekani haqida ikki xil rivoyat bor: Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) nazdida, 2 ra­kat sunnatdan keyin, Imom Muhammad (r.h.) naz­dida esa, undan oldin o‘qiladi. Fatvo shunisiga berilgan.

«Olamgiriya», «Muhit»,

«Haqoiq», «as-Sirojul-vahhoj».

 

146-FATVO

Sunnat namozlarining sunnatligiga ishonib o‘qimasa, gunohkor sanaladi. Bordi-yu, ularning sunnatligini inkor etib o‘qimasa, kofir bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

147-FATVO

Asrdan avval hamda xufton namozining farzidan oldin va keyin 4 rakatdan nafl namozlari mavjuddir.

«Muxtasar», «Kanz», «Olamgiriya».

 

148-FATVO

Yana shunday namozlar borki, ularni o‘qish farz ham, vojib ham, sunnat ham emas, balki maz­ha­bimizga ko‘ra, ixtiyoriy nafl namozlaridir. Ularni vaqti bemalol kishilar o‘qisa, savob, o‘qimasa, gunohi yo‘q. Ular asosan quyidagi namozlardir:

  1. «Choshgoh namozi». Eng kami 2, ko‘pi 12 ra­kat, vaqti quyosh chiqib, bir oz ko‘tarilgandan bosh­­­lab, peshin vaqti kirgunga qadar davom etadi.
  2. «Tahiyyai masjid». 2 yoki 4 rakatli namoz, biror masjidga kirganda, masjid hurmati uchun o‘qiladigan salomlashish namozidir. Bomdod va asr namozlaridan keyin masjidga kirgan kishi uni o‘qimaydi, balki tasbeh, tahlil va salavot aytsa ham, masjid haqini ado etgan bo‘laveradi. Shuningdek, masjidga farz namozini o‘qish niyatida kirgan kishi ham «tahiyya» o‘qimaydi. Yana, bir kunda bir masjidga ko‘p marta kirsa ham, bir marta «tahiyya» o‘qisa, kifoyadir.
  3. «Shukri vuzu». Tahorat qilgandan keyin o‘qiladigan shukrona namozi.
  4. «Istixora namozi». Biror muhim ishni qi­lish yoki qilmaslikda ikkilanib qolgan kishi o‘qiydigan namoz. Buning uchun xufton namozidan keyin, uxlashdan oldin ikki rakat istixora namozini niyat qilib o‘qiydi. Tushida Allohning izni bilan qaysi yo‘l uning uchun foydali ekani ayon bo‘ladi.
  5. «Hojat namozi». 2 rakat bo‘lib, biror ho­jatni ravo qilishini Allohdan umid qilgan hol­da o‘qiladi.
  6. «Tahajjud», ya’ni tungi namoz. Tunda uy­qudan bedor bo‘lgan holda o‘qiladigan namoz, eng kami 2, ko‘pi 8 rakatdir.
  7. «Tasbeh namozi». 4 rakat bo‘lib, birinchi rakatida «Subhanakallohumma...»dan keyin «Sub­hanallohi valhamdu lillahi vala ilaha il­lal­lohu vallohu akbar» jumlalarini 15 marta takrorlay­di. So‘ngra «A’uzu...»dan keyin Fotiha bilan Ta­kosur suralarini o‘qiydi. So‘ngra rukuda mazkur jumlalarni 10 marta aytadi. Qiyomga turganda ham ularni 10 marta, har sajdada 10 marta, ikki sajda orasida ham 10 marta o‘qiydi. Keyingi uch ra­katni xuddi shu tariqa bajaradi. Faqat bu rakatlarda Asr, Kofirun va Ixlos suralarini Fotihadan keyin zam sura sifatida o‘qiydi.

«Tasbeh namozi»ning vaqti peshindan oldindir.

  1. «Tatavvu’ namozlari». Kecha va kunduzning xohlagan soatida istalgan miqdorda bo‘sh vaqt­larda o‘qilishi mumkin bo‘lgan namozlardir.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «al-Bahrur-roiq», «Muhit», «Muzmarot», «Muxtasar», «Jome’ur-rumuz», «Temirtoshiy», «al-Fathur-Rahmoniy».

 

149-FATVO

Nafl namozlarni imkoni boricha jamoat joylarida va masjidlarda o‘qimaslik, balki uyida yoki xilvat joylarda o‘qishga harakat qilish, riyokorlik aralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lo­zim bo‘ladi. Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sun­nat namozlari esa, farz o‘qilgan masjidda ado eti­lishi kerak. Lekin sunnat namozlari farz o‘qilgan joydan bir qadam bo‘lsa ham boshqa yerga o‘tib o‘qilishi lozim. Bu imomga ham tegishlidir. Nafl namozini safda turib o‘qish o‘ta makruh ishlardan sanaladi.

«Olamgiriya», «Kofiy»,

«Nihoya».

 

 

 

150-FATVO

Nafl namozlarida tik turishga qodir bo‘la turib, o‘tirib o‘qishning karohiyati yo‘q. Shuningdek, namozni tik turgan holda boshlab, so‘ngra uzrsiz o‘tirib olsa ham, Abu Hanifa (r.h.) nazdida, zarari yo‘q. Yana, naflni o‘tirgan holda boshlab, so‘ngra tik turib olsa ham, karohiyati yo‘q.

«Olamgiriya», «Majma’ul-bahrayn», «Muhit».

 

151-FATVO

Nafl namozini tik turib o‘qishda charchaydi­gan bo‘lsa, hassaga yoki devorga suyanib o‘qisa ham za­rari yo‘q. Nafl namozlarini uzrsiz imo-ishora bilan o‘qish ruxsat etilmaydi.

«Olamgiriya», Hussomiyning
«al-Jome’us-sag‘ir»i, «Tatarxoniya».

 

152-FATVO

Nafl yoki farz namozida uzr sababli o‘tirib o‘qimoqchi bo‘lsa, qiroat paytida ikki tizzasini tikkalab, qo‘llari bilan oyoqlarini quchoq­lab olgan holda yoki chordana qurib o‘tirgan holda o‘tirishi mumkin. Lekin imkoni boricha «Tashah­hud» o‘qiyotgan holatidek (cho‘kka tushib) o‘tirgani yaxshidir.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Hidoya».

 

153-FATVO

«Tatavvu’» namozini o‘tirgan holda boshlagach, qiroatdan so‘ng turib qiyomdan ruku qilmoqchi bo‘l­sa, qiyomda o‘qish uchun qiroatdan ozgina qol­di­radi. Lekin bunday qilishi shart emas. O‘tirib o‘quvchi odam qiyom savobiga qisman bo‘lsa-da ega bo‘lishi uchun turganda qomatini rost tutishi shart.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

154-FATVO

Bir masjidda ikki marta taroveh namozi o‘qi­lishi makruh hisoblanadi. Agar ikkinchi marta o‘qishni xohlasalar, jamoat holatida emas, balki yakka-yakka o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon»,

«Tatarxoniya».

 

155-FATVO

Bir kishining ikki masjidda taroveh namoziga to‘liq holda imomlik qilishi joiz emas. Am­mo oddiy namozxon ikki masjidga qatnab, taroveh­ni ikki joydagi imomlarga iqtido qi­lib o‘qishi mumkin. Bunda vitr namozini birida o‘qigan bo‘lsa, ikkinchisida o‘qimaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Muzmarot».

 

156-FATVO

Agar uyida xufton, taroveh va vitr namozlarini o‘qib olib, boshqa joydagi jamoatga imomlik niyati bilan taroveh o‘qib bersa, bu imom uchun makruh, qavm uchun makruh emas.

«Olamgiriya».

157-FATVO

Taroveh namoziga imomlik qilish ikki kishiga to‘g‘ri kelib qolsa, ikki rakat salomidan ke­yin emas, balki 4 rakat salomidan keyin o‘rin almashish mustahabdir.

«Olamgiriya».

 

158-FATVO

Tarovehga kech kelgan kishi qolgan tarovehi­ning qazosini o‘qib olay desa, vitrga iqtido qi­lish­dan ham qoladi. Bunday holatda oldin vitr­­ni, so‘ngra ulgurmagan taroveh rakatlarini o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

159-FATVO

Xuftondan keyingi 2 rakat sunnatni o‘qimay kelib, taroveh imomiga o‘sha sunnat niyati bilan iqtido qilsa joiz, lekin taroveh namozidan hi­soblanadi.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

160-FATVO

Tarovehning birinchi rakati oldidan qilgan niyati 20 rakatning oxirigacha kifoyadir; har 2 rakat uchun niyatni yangilash shart emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Sirojiya».

 

161-FATVO

Tarovehda «Attahiyyot»dan keyingi salavotlar ham o‘qiladi. Mabodo imom salavotdan keyingi duoni o‘qishi qavmga malol kelayotganini sezsa, uni tark etishi mumkin.

«Olamgiriya», «Nihoya».

 

162-FATVO

Taroveh va boshqa namozlarda imomning tez qi­roat qilishi, arkonlarni shoshilinch bajarishi makruhdir. Qiroatni «tartil» bilan, ya’ni do­na-dona qilib o‘qish tavsiya etiladi. Lekin qi­roatni uzundan-uzoq qilib, qavmni masjiddan bezdirib qo‘ymaslik kerak. Zero, uzun qiroatdan ko‘ra, jamoatning ko‘p bo‘lgani afzaldir.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Muhit».

 

163-FATVO

Qur’oni karim xatmi Laylatul-qadr kechasida yoki undan oldin tugatilgan bo‘lsa ham, qolgan kechalarda taroveh o‘qish to‘xtatilmasligi lozim. Aks holda, makruh bo‘ladi.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

164-FATVO

Bomdod yoki shom namozining farzini yakka hol­da o‘qiyotganida jamoat namozi barpo bo‘lib qol­sa, qaraladi: agar endi bir rakat o‘qigan bo‘lsa, darhol namozdan chiqib, imomga iqtido qiladi. Bordi-yu, ikkinchi rakatda bo‘lsa, qaraladi: agar sajda qilmagan bo‘lsa, namozini kesib, jamoatga qo‘shiladi. Bordi-yu, sajda qilgan bo‘lsa, namozini oxiriga yetkazaveradi. Lekin imomga nafl niyati bilan iqtido qilmaydi. Zero, bomdoddan ke­yin nafl o‘qish makruh bo‘lganidek, shomdan keyin ham uch rakatli nafl o‘qish bid’at hisoblanadi. Mabodo iqtido qilsa, bir rakat qo‘shib to‘rt rakat qilib qo‘yadi. Zero, imomga muvofiq bo‘lishdan ko‘ra, sunnatga muvofiq ish tutish yaxshiroqdir.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».

 

165-FATVO

Peshinning farzini yakka holda boshlaganda ja­moat barpo bo‘lib qolsa, qaraladi: agar birinchi rakatda bo‘lib, hali sajda qilmagan bo‘lsa, namozini kelgan joyida to‘xtatib, imomga iqtido qiladi. Agar sajda qilgan bo‘lsa, yana bir rakat qo‘­shib tugatib, so‘ngra jamoatga qo‘shiladi.

Shuni bilib qo‘yish kerakki, jamoatga takbir (iqomat) aytilgan paytda peshinning farzi­ni en­di boshlagan odam darrov namozini kesmas­ligi lozim. Balki, imom kelib «Tahrima tak­biri»ni aytgunga qadar ikki rakatni tugatib qo‘yishi lozim.

«Olamgiriya», «Hidoya».

 

166-FATVO

Peshin farzidan uch rakatni yakka holda o‘qi­ganidan keyin jamoat barpo bo‘lib qolsa, albat­ta, to‘rtinchi rakatni ham o‘qib, so‘ngra imomga nafl niyati bilan iqtido qiladi. Faqat asr namozidan keyin bunday qilinmaydi.

Ammo uchinchi rakat sajdasini qilmagan bo‘l­sa, yo darhol o‘tirib salom berib tugatadi, yoki tik turgan joyida «Tahrima takbiri»ni aytib, imom­ga iqtido qiladi. Tik turgan holda salom ber­maydi. Lekin ba’zi fuqaholar bir tomoniga salom beradi, deb ta’kidlaganlari naql qi­lingan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».

 

167-FATVO

Bomdodning ikki rakat sunnatini o‘qimagan odam imomni farz namozida topsa, qaraydi: agar sunnatni o‘qigach, farzdan bir rakatga ulguradigan bo‘lsa, safdan uzoqroq joyda sunnatni o‘qib, so‘ngra imomga iqtido qiladi. Chamasida bir rakatga ham ulgurmaydigan bo‘lsa, sunnatni tark etib, farzni o‘qish bilan kifoyalanadi. Sunnatining qazosi o‘qilmaydi. Uning qazosi faqat farzi bilan birga tark etilgan taqdirdagina o‘qiladi. Boshqa sunnatlar qazosi aslo o‘qilmaydi.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya».

 

168-FATVO

Ulamolar kech kelib imomga iqtido qilgan kishi «Tahrima takbiri»ni ay­tib bo‘lgunicha imom rukuga ketsa, u imomdan ke­yinroq ruku qilsa ham, shu rakatni topgan bo‘­­la­di, deb ijmo qilishgan. Ammo imom rukudan boshini ko‘targan payt­da («qavma»da) iqtido qilgan bo‘lsa, shu rakatni topmagan sanaladi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

 

169-FATVO

O‘qilmay qoldirilgan farz namozlarining qa­zosi farz, vojib namozlarining qazosi vojib, sunnat namozlarining qazosi sunnatdir, gar­chi ular qasddan, yoki sahvan, yoxud uxlab qolib ado etil­ma­gan bo‘lsa ham, shuningdek, ular oz yoki ko‘p miq­dor­da bo‘lsa ham. Illo, sunnat namozlarining qa­zo­si o‘qilmasa-da, kechirilishiga umid qilinadi.

«Olamgiriya».

 

170-FATVO

Majnun bo‘lgan kishi sog‘aygach, zimmasiga majnunligida va undan oldingi sog‘ paytida tark etgan namozlarining qazosi lozim emas. Shu­ning­­dek, murtadlik paytida o‘qimagan namozla­ri, imon keltirgan, lekin namoz farzligi­ni bil­­­may o‘tkazgan kunlaridagi namozlar qa­zo­si ham o‘qil­maydi. Yana behushlikdagi hamda bir kecha va kunduzdan ortiq imo-ishora bilan ham o‘qiyolmagan namozlarining qazosi ham o‘qilmaydi.

«Olamgiriya».

 

171-FATVO

Safarda o‘qilmay qolgan namozlarning qazosi safardan keyin ham qasr, ya’ni ikki rakat o‘qi­ladi. O‘z vatanida o‘qilmay qolgan namozlarning qazosi safarda bo‘lsa ham qasrsiz to‘liq o‘qiladi.

«Olamgiriya».

 

172-FATVO

Qazo namozlarini uch vaqtdan tashqari barcha qulay paytlarda o‘qish mumkin. Uch vaqt – quyosh­ning chiqish, qiyom (tush)ga kelish va botish paytlaridir. Bu onlarda hech qanday namoz o‘qilishi mumkin emas.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

 

173-FATVO

Qazo namozi jamoat bilan o‘qilsa, uchta jah­riya namozi (bomdod, shom, xufton)da imom qi­ro­atni ovoz chiqarib o‘qiydi. Yakka o‘qigan kishining qi­roati xususida uch xil fatvo bor: ixtiyori o‘zi­da, jahriy o‘qiydi, maxfiy o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Muxtasar».

 

174-FATVO

Vaqtiya namozlari bilan qazo namozlari o‘r­tasida tartib rioyasi shartdir. Ya’ni, qazo namo­zi o‘qilmagunicha vaqtiya namoz o‘qilishi mumkin emas. Shuningdek, 5 vaqt farzi bilan vitr o‘r­tasida ham tartib shart. Masalan, vitr namozini o‘qimagani esida turib, bomdod o‘qisa, durust bo‘lmaydi. Unutish uzr hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Muhit»,

«Sharhi Viqoya», «Qozixon».

 

175-FATVO

Tahoratsiz ekanini esidan chiqarib, peshin na­mozini o‘qisa-yu, buni asr namozini ta­horat qilib o‘qiganidan keyin eslab qolsa, peshinning o‘zini qayta o‘qiydi. Zero, peshin unutish uzri­­dan hisoblanib, tartib soqit bo‘ladi. Le­kin Arafotda Arafa kuni shunday holat yuz bersa, peshinga qo‘shib asrni ham qayta o‘qiydi. Zero, u yerda o‘sha kuni asr peshinga tobedir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

176-FATVO

O‘qilmay qolgan namozlar sonining ko‘pligi ular o‘rtasidagi tartibni soqit qiladi. Masalan, bir oylik namoz qazosini o‘qishda dastlab 30 ta bomdod, so‘ngra 30 ta peshin va boshqalarini ham shu kabi o‘qisa, joizdir. Qazo namozlar o‘qilib, oxiri 6 tadan kam qolgan taqdirda ham tartib tiklanmay turadi. Bu Abu Hafs Kabirning (r.h.) fatvosidir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».

 

177-FATVO

Agar bir oylik namozlarni o‘qimagan bo‘lsa, so‘ngra ularning qazosini o‘qimasdan, bir muddat vaqtiya namozlarni o‘qib yuravergan bo‘lsa, ba’zi fuqaholar joiz emas, boshqalari esa joiz, deganlar. Fatvo joizligiga berilgan.

 «Olamgiriya», «Kofiy».

 

178-FATVO

Asr namozini kech o‘qiyotgan odamga quyosh botgandan keyin biror kishi iqtido qilsa, qarala­di: agar imom muqim, muqtadiy musofir bo‘lmasa, iqtidosi durust bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Yatima», «Tatarxoniya».

 

 

179-FATVO

Shofi’iy mazhabiga mansub odam hanafiy maz­habiga o‘tgandan keyin qazosi o‘qilmagan oldingi namozlarini hanafiy mazhabiga muvofiq ravishda o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

180-FATVO

G‘ayridin odam o‘z yurtida Islomni qabul qil­gan bo‘lsa-yu, lekin namoz, ro‘za kabi shariat ko‘r­satmalarini bilmagani uchun bajarmagan hol­da o‘lib ketsa yoki musulmonlar yashaydigan yurtga ko‘­chib kelsa, uning zimmasiga mazkur ibodatlar­ning qazosi yuklatilmagan bo‘ladi.

Hasan ibn Ziyodning (r.h.) Abu Hanifadan (r.h.) qilgan rivoyatiga ko‘ra, Islomni qabul etgan g‘ay­ridinga musulmonlardan ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishi shariat ko‘rsatmalari­dan xabar bermagunicha, uning zimmasiga hech narsa lozim bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

181-FATVO

Umr bo‘yi o‘qigan farz namozlarini ehtiyot yuza­sidan qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, ularda kamchilik va makruh amallar bo‘lgani uchun, deb niyat qi­lishi va bomdod bilan asr namozlaridan keyin o‘qimasligi lozim. Zero, mabodo oldingi namozi qabul bo‘lgan bo‘lsa, keyingi o‘qigan namozi nafl hisoblanadi. Mazkur ikki vaqtda esa, nafl namozining o‘qilishi makruh sanaladi. Mazkur niyat bilan ikkinchi marta o‘qilgan namoz naflga aylanib qolishi ehtimoli bo‘lgani uchun uning bar­cha rakatlarida zam sura o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Zahiriya».

 

182-FATVO

Zimmasida qazo namozlari bo‘lgan kishi nafl namozlari bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga o‘sha namozlarini o‘qishga harakat qilgani yaxshidir. Lekin sunnat namozlar, choshgoh namozi, tasbeh namozi va hadislarda targ‘ib etilgan ma’lum sura va zikrlarni o‘qish tavsiya qilingan nafl namoz­lar bundan mustasno. Qazo namozlarni masjidda, jamoat joylarida emas, balki o‘z uyida o‘qishga harakat qilish kerak.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Vajiz».

 

183-FATVO

Zimmasida qazo namozlari bor kishi vasiyat qilmagan bo‘lsa ham, merosxo‘rlari o‘z ixtiyori bilan fidyani ado etishlari mumkin.

Kafforatning hammasini bitta faqir yoki mis­kinga bersa bo‘ladi. Qasam, zihor (ayolini o‘z ona­sining a’zolaridan biriga tenglashtirish yo‘­li bilan nikohga putur yetkazish) va ro‘za kaffo­rati bir kishiga emas, balki belgilangan adadning hammasiga taqsimlanishi kerak.

«Olamgiriya», «Hujja».

 

184-FATVO

Namozdagi vojib sanalgan amallardan birortasi sahvan, ya’ni unutilib tark etilsa, namoz oxi­rida bir «tashahhud», bir salom va ikki sajda qilish bilan nuqson yopiladi. Bu sajda «sahv sajdasi» deb ataladi.

Masalan, Fotiha surasidan keyin zam sura o‘qish­ni unutib, rukuga ketgan bo‘lsa, darhol qiyomga qaytib, zam sura o‘qiydi va qayta ruku qilish bilan davom etadi hamda namoz oxirida sahv sajdasi qiladi.

 «Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

185-FATVO

Fotiha surasidan oldin «Attahiyyot»ni o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi. Fotihadan keyin o‘qib qo‘ysa, qiladi. Zero, zam sura o‘qish o‘rniga boshqa narsa o‘qish bilan vojib amalni kechiktirgan bo‘ladi. Fotihadan oldin esa, sano o‘qi­ladigan mahaldir. Lekin farz namozining uchin­chi, to‘rtinchi rakatlarida «Attahiyyot»ni o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».

 

186-FATVO

«Attahiyyot»dan keyin Fotiha surasini o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi. «Attahiyyot» o‘rni­ga Fotiha surasini o‘qib qo‘ysa, sajda qiladi. Avval Fotiha surasini qiroat qilib, keyin «At­tahiyyot»ni o‘qisa ham, baribir, sahv sajdasi qiladi. Bu Abu Ha­ni­fadan (r.h.) qi­lingan rivoyatdir.

«Olamgiriya»,

«Voqeotun-Notifiy».

 

 

187-FATVO

Birinchi qa’dada «Attahiyyot»ni takroran o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qiladi. Zero, bunda rukn, ya’ni qiyom ta’xir bo‘ldi (kechiktirildi). Oxir­gi qa’dada takroran o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qil­maydi. Zero, bu maqom namozning oxiri bo‘­lib, na­mozxon xohishiga ko‘ra, har qancha salavot va duo o‘qib, so‘ngra o‘z ixtiyori bilan namozdan chi­qa­digan mahaldir.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Muzmarot».

 

188-FATVO

«Attahiyyot» o‘qishni unutib, salom bergandan keyin esiga kelsa, darhol o‘qib, sahv sajdasi qi­ladi. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusufning (r.h.) so‘zlaridir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

189-FATVO

Qiyomga turishi kerak paytda o‘tirib olsa yoki aksincha, o‘tirishi lozim holda turib ketsa, sahv sajdasi qilish vojib bo‘ladi. Bunda esiga tushgan paytda yerga yoki qiyomga yaqin ekani e’tiborga olinadi. Masalan, qa’daga o‘tirishni unutib, qiyomga turayotganida esiga tushsa, qaraydi: agar yerga yaqin bo‘lsa, o‘tiradi va namoz oxirida sahv sajdasi qi­ladi. Bordi-yu, qiyomga yaqin bo‘lsa, turadi va bunda ham sahv sajdasi qiladi.

Ulamolar yerga yaqin yoki uzoq bo‘lishni insonning beli­dan pastki qismiga nisbatan belgilaganlar. Masalan, pastki qismi oyoqlari bilan tik holatda turgan bo‘lsa, qiyomga, aks holda, yerga yaqin, deb hisoblaganlar.

Bir rivoyatda aytilishicha, ikki tizzasi uzra turganida esiga kelsa, qaytib o‘tiradi va oxirida sahv sajdasi qiladi. Bunda har ikki qa’da barobardir. Abu Yusufdan (r.h.) qilingan rivoyatga ko‘ra, ikki tizza yerdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiraveradi, sahv sajdasi qilmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin», «Kofiy».

 

190-FATVO

Sahv sajdasi juma, ikki hayit namozi, farz va nafllarning hammasida qilinishi kerak. Lekin mashoyixlarimiz fitnaga sabab bo‘lmasin, degan maqsadda juma bilan ikki hayit namozida sahv sajdasi bajarilmasligini lozim top­ganlar.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Muhit».

 

191-FATVO

Agar namozda «A’uzu...» yoki «Bismilloh...» yoxud «Omin»ni jahriy aytib qo‘ysa, sahv sajdasi vojib bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

192-FATVO

Bomdod namozining oxirgi qa’dasiga o‘tir­gach, esidan chiqargan holda uchinchi rakatga turib, sajda qilgandan keyin esiga kelsa, to‘r­tinchi rakatni qo‘shib qo‘ymaydi. Zero, bomdoddan ke­yin nafl namoz yo‘q. Ammo ikki rakatdan ke­yin o‘tirmay, uchinchi rakat sajdasini qilib qo‘ygan bo‘lsa, namozni qayta o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «al-Bahrur-roiq».

 

193-FATVO

Bomdod farzidan oldin ikki rakat sunnatdan boshqa nafllar makruh. Lekin asr namozidan oldin nafl o‘qish makruh bo‘lmagani uchun asrning oxirgi qa’dasida o‘tirmay, qiyomga turib, beshinchi rakatga sajda qilib qo‘ysa, yana bir rakat qo‘shish bilan olti rakatli naflga aylantirib, so‘ngra asrni qayta o‘qib oladi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

194-FATVO

Ramazon oyida vitr jamoat bilan o‘qilayotga­ni­da imom qiroatni maxfiy o‘qib qo‘ysa, sahv saj­dasi qilish vojib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

195-FATVO

Qur’oni karimda, bizning hanafiy mazhabi­mizga ko‘ra, 14 ta sajda oyati bo‘lib, ulardan qaysi biri tilovat qilinsa, o‘qiganga ham, eshitganga ham bitta tilovat sajdasi qilish vojibdir. O‘qigan­da o‘zi yoki yaqin turgan kishi eshitgan bo‘­li­shi shart. Lablari qimirlagani bilan ovoz chiq­­­ma­sa, sajda vojib bo‘lmaydi. Shuningdek, mu­­­­sulmon bo‘l­ma­­gan odam, majnun, norasidalar, hayz va nifosdagi ayol­lar o‘qisa ham, sajda qil­maydilar.

«Olamgiriya», «Xulosa»,

«Zohidiy».

 

Izoh:

Tilovat sajdasini ado etish uchun tahorat bilan qiblaga yuzlangan holda «Allohu akbar» deb qiyomdan sajdaga boriladi. Takbirni qo‘llarini ko‘­tar­mas­dan aytadi, sajdada uch marta tasbeh aytgach, «Al­lohu akbar» deb boshini sajdadan ko‘­taradi.

 

196-FATVO

Sajda oyatini o‘qimay, balki yozgan kishiga sajda qilish vojib bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

197-FATVO

Sajda oyatining fors tilidagi tarjimasini o‘qiganga ham, eshitganga ham sajda vojib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

198-FATVO

Qulog‘i kar odam sajda oyatini o‘qisa, o‘zi eshitmasa ham, sajda vojib bo‘laveradi. Harf­ma-harf hijjalab o‘qigan odamga sajda vojib bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa»,

«Sirojiya».

 

199-FATVO

Imom sajda oyatini o‘qisa, o‘zi ham, eshitganu eshitmaganlar ham sajda qiladilar. Lekin imom maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda sajda oyatini o‘qimasligi mustahabdir.

«Olamgiriya».

 

200-FATVO

Namozda o‘qilgan sajda oyati uchun namoz ichida sajda qilinmagan bo‘lsa, uning namoz tashqa­ri­sidagi qazosi yo‘qdir. Vojibni tark etgani uchun gunohkor bo‘ladi. Bu holda istig‘for aytishdan o‘z­ga chora yo‘q.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Kofiy».

 

201-FATVO

Namoz ichida sajda oyatini o‘qib, sajda qil­gandan keyin namozni salom bilan tugatib, turgan joyida o‘sha oyatni qayta o‘qisa, yana bir marta sajda qilishi kerak bo‘ladi. Ba’zi ulamo­lar sa­lomdan keyin gapirib qo‘ygan bo‘lsa, deb shart qo‘yganlar. Bordi-yu, namoz ichida saj­da oyatini o‘qib, sajda qilmay, salom berganidan ke­yin yana o‘sha oyatni o‘qisa, bitta sajda ki­foyadir.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

202-FATVO

Sajda oyatini ado etish uchun o‘rnidan turib, qiyomdan sajdaga borish, sajdadan keyin ham o‘r­nidan tik turib, so‘ngra o‘tirish mustahab amallardandir.

Sajda niyatini dilida «Allohga tilovat sajdasini qilyapman», deb qo‘ysa, kifoya.

«Olamgiriya», «Zahiriya»,

«as-Sirojul-vahhoj».

 

203-FATVO

Namozdan tashqarida sajda oyatini o‘qisa, dar­hol sajda qilishi shart emas, balki qachon sajda qilsa ham, qazo emas, ado hisoblanaveradi. Ammo namoz ichida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qi­lishi kerak bo‘ladi. Sajda qilmay, qiroatni cho‘zib yuborib, so‘ngra sajda qilsa, qazosini bajargan bo‘ladi. Ayrim fuqaholar nazdida, uch oyat yoki undan ortig‘i qiroatni cho‘zganidir.

«Olamgiriya», «G‘iyosiya»,
«Tatarxoniya», «al-Bahrur-roiq».

 

204-FATVO

Qiroat qilganda sajda oyatini qoldirib o‘qish makruhdir. Agar sajda oyatidan oldinroq joyda to‘xtasa yoki faqat sajda oyatini o‘qish bilan ki­foyalansa, makruh emas. Lekin boshqa oyatlardan ham qo‘shib o‘qish mustahabdir.

«Olamgiriya», «Muxtasar», «Qozixon».

 

205-FATVO

Sajda oyatini odamlar eshitadigan joyda o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaraydi: agar ular saj­da qilishga tayyor bo‘lib, ularga mashaqqat tug‘­di­rib qo‘ymasligini bilsa, ovozini chiqarib o‘qi­sa bo‘laveradi. Ammo ular tahoratsiz bo‘lishsa yoki eshitsalar-da, sajda qilmasliklari mumkinligini anglasa, yoxud tahoratli bo‘lsalar ham, o‘sha paytda sajda qilish ularga malollik keltiri­shini bilsa, maxfiy o‘qishi lozimdir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

206-FATVO

Bir joyda bitta sajda oyatini ko‘p marta tak­roran o‘qisa ham, bir marta sajda qilish vojib bo‘ladi. Bir joyda 14 ta sajda oyatidan nechtasini o‘qisa, o‘sha miqdorda sajda qilish vojibdir. Eshituvchi nechta joyda va sajda oyatlaridan qanchasini eshitganiga qarab sajda qiladi.

«Muxtasarul-Viqoya».

 

207-FATVO

Shukr sajdasi xususida mujtahidlarimiz ixtilof qilishgan. Ya’ni, biror ne’matga erishganda, farzand yoki nabira ko‘rganda, yo‘qolgan nar­sasi topilganda, dardiga shifo topganda, kut­gan kishisi safardan sog‘-salomat qaytganda, bi­ror tashvishidan forig‘ bo‘lganda va hokazo xursandchilik soatlarida Allohga shukrona qilish maqsadida bitta sajda qilishni Abu Ha­nifa (r.h.) keraksiz, deb sanaganlar. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) uni savobli ishlardan deb hisoblaganlar. Ulamolar shun­ga fatvo berishgan.

 «Olamgiriya», «Tatarxoniya»,

 «as-Sirojul-vahhoj».

 

 

208-FATVO

Namozni tik turgan holda ado etishga ojizlik qil­gan kishi o‘tirib o‘qishi mumkin. Ojizlik de­ganda, tik tursa, o‘ziga biror zarar yetadigan yoki kasali zo‘rayishidan, yoxud tuzalishi kechi­ki­­­shi­dan qo‘rqadigan, tursa boshi aylanadigan bemorlar tushuniladi. Ammo tik turishida xiyol ma­shaq­qat yuzaga keladigan bo‘lsa, uzr hisoblan­may­­di. Shuning uchun bir ozgina tik turishga qo­­dir bo‘l­sa ham, namozni tik holda boshlab, ruku pay­ti­gacha toqat qila olmasa, xohlagan vaq­ti­da o‘ti­rib, namozni davom ettirishi mumkin.

«Olamgiriya», «Kofiy»,

«Xulosa».

 

209-FATVO

Biror narsaga suyanib yoki hassaga tayanib tik turishi mumkin bo‘lgan taqdirda ham, namozni o‘tirib o‘qishi joiz emas. Albatta, tik holda o‘qi­shi kerak bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

210-FATVO

Uzr bilan namozni o‘tirib o‘qiydigan odam o‘ziga qulay bo‘ladigan holatda o‘tirishi mumkin. Agar devorga yoki biror insonga suyanib o‘tirish­ga ehtiyoj sezsa, suyanib o‘tirishi lozim. Ammo yotib olishi mumkin emas.

«Olamgiriya», «Zaxira»,

«Tabyin».

 

211-FATVO

Tik turish, ruku va sajda qilishga qodir bo‘l­magan kishi namozni o‘tirgan holida imo-ishora bilan o‘qiydi. Rukudan ko‘ra sajda ishoratida boshini pastroq egadi. Agar ruku bilan sajdada boshi bir xil egilsa, durust bo‘lmaydi.

 «Olamgiriya», «Qozixon»,

«al-Bahrur-roiq».

 

212-FATVO

Tik turishga qodir, lekin ruku va sajdaga egilishga ojiz kishi namozni tik holda imo-ishora bilan o‘qisa ham bo‘ladi. Lekin o‘tirgan holda o‘qigani yaxshidir. Sahv sajdasini ham imo-ishora bilan bajaradi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

 213-FATVO

Imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishi sajdaga egilish uchun biror taxta, yostiq kabi narsa­larni baland qo‘yib olishi to‘g‘ri emas. Ba’zi rivoyatlarda, shunday taqdirda ham boshini rukudan ko‘ra sajdada past­roq ega olsa, namozi joiz bo‘­ladi, deyilgan. Lekin narsa qo‘yib o‘qimagani ma’qul. Ammo boshini egmagan holda biror narsani peshonasiga ko‘tarib sajda qilsa, namozi durust bo‘lmaydi. Yerga yostiq kabi narsalarni qo‘yib, unga sajda qilishi makruh bo‘lsa-da, namozi joiz.

 «Olamgiriya», «Xulosa»,

«Muzmarot».

 

214-FATVO

Peshonasida jarohati bo‘lgan kishi namozni uz­rim bor, deb imo-ishora bilan o‘qishi mumkin emas. Balki sajdada burnini yerga tekkizishi kerak.

«Olamgiriya», «Zaxira».

 

215-FATVO

Namozni o‘tirib o‘qishga ham qudrati yetmaydigan odam oyoqlarini qibla tomonga uzatgan holda orqasi bilan yotib, boshi ostiga yostiq qo‘yadi. O‘ng yoki chap yoni bilan qiblaga qarab yotishi ham mumkin. Lekin oldingisi avlodir.

«Olamgiriya», «Kofiy», «as-Sirojul-vahhoj».

 

 216-FATVO

Sog‘lom odam namoz asnosida uzrli bo‘lib qol­sa, ya’ni, tik tura olmaydigan xastalikka uchrasa, o‘tirib imo-ishora bilan o‘qishni boshlaydi. O‘ti­rishga ham majoli yetmasa, yotgan holda davom etadi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

217-FATVO

Uzr bilan o‘tirib namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, namozni tik turib davom ettiradi. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) so‘zlaridir.

«Olamgiriya».

 

218-FATVO

Imo-ishora bilan namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, qaraladi: agar ruku yoki saj­dadan keyin bo‘lsa, namozini boshidan qayta o‘qiydi. Bordi-yu, ruku, sajda qilmagan bo‘lsa, o‘qish­ni davom ettiraveradi.

«Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara».

 

219-FATVO

Boshi bilan imo-ishora qilib namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan kishi ko‘zlari yoki qoshlari bilan imo-ishora qilib o‘qimaydi. Balki namoz o‘qi­may turadi. Sog‘aygach yoki kasali yengillashgach, qa­raladi: agar bir kechayu kunduzdan ortiq namoz o‘qiy olmagan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi. Aks holda, o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Zahiriya».

 

220-FATVO

Bemor namozxon qiroat, tasbeh va tashahhudni sog‘lom odamdek o‘qiyveradi. Faqat o‘tirib-turish, ruku va sajdalarda farq qiladi. Bordi-yu, mazkurlarni o‘qishga toqati yetmasa, ularni o‘qi­may, faqat imo-ishora bilan kifoyalanadi.

 «Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

221-FATVO

Bemor qiblaga o‘girilib olishga kuchi yet­­masa yoki yordam beradigan odam ham topa olma­sa, qaysi tomonga qarab namozini o‘qisa ham bo‘­laveradi. Keyin qayta o‘qimaydi. Ammo qibla­ga qaratib qo‘yadigan odam bo‘la turib, undan yor­dam so‘ramay, boshqa tarafga qarab o‘qigan namozi durust emas.

Shuningdek, bemor yotgan to‘shak nopok bo‘lsa va uni o‘zi almashtira olmasa, yordam beradigan odam ham topilmasa, namozini o‘sha to‘shakda o‘qiy­ve­ra­di. Biroq odam bo‘lsa, albatta, undan yor­dam so‘­ra­shi shart. Aks holda, namozi durust emas.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

222-FATVO

Besh vaqt namoz vaqti o‘tgunga qadar hushsiz yotgan odam keyin o‘sha namozlarning qazosini o‘qi­maydi. Majnunlikka (ruhiy kasallikka) uchragan kishining hukmi ham xuddi shunday.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

223-FATVO

Besh vaqt namoz o‘tgunga qadar aql-hush­siz, mast yotgan odam keyin qazosini o‘qiydi. Shuningdek, dori, nasha, qoradori yoki boshqa giyohlar iste’mol qilishi natijasida bir kecha va kunduz aql-hush­siz yotgan odamdan ham namozlar soqit bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

224-FATVO

Ramazon oyida ro‘za tutsa, darmoni qurib, namozni tikka holda o‘qiyolmaydigan, ro‘za tutma­sa, tik turib o‘qiy oladigan odam ro‘za tutib, namozni o‘tirgan holda o‘qishi kerak bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

225-FATVO

Ayol kishi bemorlikdan o‘zi tahorat qila olmasa, erining zimmasiga uni tahorat qildirib qo‘yish tushmaydi. Balki tayammum bilan namozini o‘qiyveradi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

226-FATVO

Bemor agar tik turib namoz o‘qiydigan bo‘lsa, peshobi yoki jarohatidan yiring oqishi sababli namozni tark qilishi to‘g‘ri emas.

«Olamgiriya», «Sirojiya».

 

227-FATVO

Boshini baland ko‘tarishga dushmandan xavfi bor, chodirdan tashqarida loygarchilik yoki yom­g‘ir yog‘ayotgan bo‘lsa, chodir pastligidan tik turib o‘qishning ilojini topmaydigan odamlar namozni o‘tirgan holda o‘qishlari mumkin.

«Olamgiriya».

 

228-FATVO

Kishi sog‘aygach, bemorligida qazo qilgan namozlarini o‘tirib yoki imo-ishora bilan emas, bal­ki sog‘lom odamdek, ruknlarni to‘la bajargan hol­da o‘qishi shart.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

 

229-FATVO

Bemor kishi sog‘lom vaqtida o‘qimagan qazo namozlarini o‘z holiga qarab, o‘tirib yoki imo-ishora bilan o‘qishi mumkin.

«Olamgiriya», «Sirojiya».

 

230-FATVO

Agar namozxon hatto namoz o‘qiyotganida bir odam yonida o‘tirib, qachon ruku, sajda qilishi kerakligini aytib turmasa, namoz o‘qiy olmaydigan darajada faromushxotir bo‘l­sa, shunday qilib ham namozni o‘qiyvergani yaxshi.

«Olamgiriya», «Qunya».

 

 

231-FATVO

Juma namoziga chiqa olmagan bemor imomning shu namozdan forig‘ bo‘lishini kutib, ke­yin peshin namozini o‘qigani yaxshidir. Zero, juma namo­zi o‘qilayotgan vaqtda peshin o‘qish mak­ruh­dir.

«Olamgiriya», «Muzmarot».

 

232-FATVO

Shar’an musofir nomini olib, ayrim imtiyozlarga ega bo‘lishi uchun kishi eng kamida uch kecha va kunduzlik yo‘lni bosib o‘tishni niyat qilib yo‘lga chiqqan bo‘lishi kerak. Yilning eng qisqa kunlaridagi uch kecha va kunduzlik yo‘l odamning piyoda yoki tuyaning yurish tezligi bilan o‘lchana­di. Musofirga beriladigan imtiyozlar – to‘rt ra­katli farz namozlarning ikki rakatga aylanishi, Ramazon ro‘zasini tu­tish-tutmaslik ixti­yori, poyabzalga uch kechayu kunduz mas'h tortish mum­kinligi, juma va ikki ha­yit namozining soqit bo‘lishi kabilardir.

«Olamgiriya», «Sirojiya»,

«Tabyin».

 

233-FATVO

Uch kecha va kunduzlik masofa ertadan kechgacha yo‘l yurish bilan belgilanmaydi. Safar masofasi tongda yo‘lga chiqib, peshin vaqti kirgunicha yo‘l bosib, so‘ngra bir joyda dam olib, tunab, yana ertasi tong­da yo‘lga chiqib, peshingacha yurib, uchinchi kuni ham shu tariqa yo‘l yurish bilan o‘lchana­di. Farsax yoki kilometr bilan o‘lchash shart emas. Zero, har bir yo‘l­ning o‘ziga xos qulayligi va qi­yinchiliklari bor.

«Olamgiriya», «al-Javhara»,

«al-Bahrur-roiq».

 

Izoh:

Shunga ko‘ra, safar masofasini km bilan belgilashda ulamolar o‘rtasida qadimdan ixtilof mavjud. Ba’zilar buni 80, boshqalar 90, ayrim ulamolar 100 km deb hisoblaydilar.

 

234-FATVO

Musofir ko‘zlagan manzilning ikkita yo‘li bo‘lib, biri uzoq, ikkinchisi yaqin bo‘lsa, uzog‘i uch kechayu kunduzlik, yaqini ikki kechayu kunduzlik masofani tashkil etsa, uzog‘i bilan yursagina musofir hisob­lanadi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

235-FATVO

Uch kechayu kunduzlik yo‘lni ulov bilan ikki kunda bosib o‘tgan bo‘lsa ham musofir hisoblanib, to‘rt rakatli farz namozlarni qasr (ikki rakat) qilib o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Javhara».

 

236-FATVO

Musofir odam qasr o‘qishi, ya’ni to‘rt rakatli farz namozlarni ikki rakat qilib o‘qishi vojibdir. Bordi-yu, to‘rt rakat o‘qib, ikki rakatdan keyin o‘tirgan bo‘lsa, namozi durust hisoblanadi. Lekin keyingi ikki rakat naflni qo‘shish bilan salomni kechiktirgani uchun gunohkor bo‘ladi. Ammo birinchi qa’daga o‘tirmagan bo‘lsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Hidoya».

 

237-FATVO

Ba’zi ulamolar safarda sunnat namozlarini o‘qimaslikka ruxsat bergan bo‘lsalar-da, xavf-xa­tarli yerlarda o‘qimaslik, barqaror, tinch joy­larda o‘qish avlodir.

«Olamgiriya»,

«Vajizi Kardariy».

 

238-FATVO

Musofir namozlarni qasr qilib o‘qishni uyida niyat qilgan vaqtidan emas, balki yo‘lga tushib, shahri yoki qishlog‘ining chekka uylari or­tida qolgan joydan boshlaydi. Safardan qaytishda ham xuddi shu yerga kelganidan keyin qasrni to‘x­tatib, to‘la o‘qishga o‘tadi.

«Olamgiriya», «Muhit»,

«Tatarxoniya».

 

239-FATVO

Uch kecha-kunduzlik yo‘lga chiqishni niyat qil­may safarga chiqsa-yu, bir oylik yo‘l bosib o‘t­gan bo‘lsa ham, shar’an musofir hisoblanmaydi. Masalan, otini qidirib uzoq masofagacha izlab borgan odam qancha yo‘l bosgani bilan niyatsiz bo‘l­gani uchun musofir sanalmaydi. Ammo uyi­ga qaytishda musofirga aylanadi. Zero, safar masofasidagi uyiga borishni niyat qildi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

240-FATVO

Musofir safar masofasini bosib o‘tgach, biror shahar yoki qishloqda eng kami o‘n besh kun turishni niyat qilib to‘xtasa, musofirlik imtiyozlari soqit bo‘ladi. Shuningdek, safar masofasini bosib o‘tmay turib, biror joyda o‘n besh kun turish­ni yoki uyiga qaytishni niyat qilsa ham, muqimga aylanib, musofirlik imtiyozlaridan xoli bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Hidoya».

 

241-FATVO

Sahro va dashtu biyobonlarda chodir tikib yashay­digan ko‘chmanchi qabila kishilari agar bir joy­da o‘n besh kun va undan ortiq turishni niyat qilishsa, Abu Yusufdan (r.h.) qilingan ikki xil rivoyatning biriga ko‘ra, muqimga aylanadilar.

«Olamgiriya», «Hidoya».

 

242-FATVO

Bir shaharga kelgan musofir ishim bitgan ku­ni qaytaman, degan niyat bilan bir necha yil tu­rib qolsa ham, muqimga aylanmaydi.

«Olamgiriya», «Tahzib».

 

243-FATVO

Musofir 15 kun yoki undan ortiq vaqt ikki manzilda turishni niyat qilsa, qaraladi: agar o‘sha ikki joy o‘ziga mustaqil makonlar bo‘lib, biri ikkinchisiga tobe bo‘lmasa, muqimga aylanmaydi. Agar 15 kun kunduzi bir qishloqda, tunda ikkinchi qishloqda bo‘laman, deb niyat qilsa, tunaydigan qishloqqa kirishi bilan muqimga aylanadi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

244-FATVO

Hoji Makka shahriga zulhijja oyining birinchi kuni kirib kelib, 15 kun yoki ortiqroq tu­raman, deb niyat qilgani bilan muqim bo‘lib qol­maydi. Zero, oyning sakkizinchi kuni Minoga, to‘q­qizinchi kuni Arafotga chiqib ketishi kerak. Demak, 15 kuni bir joyda o‘tmay, bo‘linib turadi. Shuning uchun musofirligicha qolib, namozlarni qasr qilib o‘qiyveradi.

«Olamgiriya»,

«al-Bahrur-roiq».

 

245-FATVO

Savdogar bir shaharga borib, hojatimni ado etgunimcha 15 kun turaman, deb niyat qilsa, mu­qim­­ga aylanmaydi. Zero, ertaroq hojati bitsa, yurtiga qaytishi aniq. Demak, 15 kun turishiga ishonchi mustahkam emas. Binobarin, niyat ham bar­qarorlikdan yiroq.

«Olamgiriya»,

«al-Bahrur-roiq».

 

 246-FATVO

Birovga tobe holda safarga chiquvchilarning mu­sofir yoki muqimga aylanishi ularning rahba­riga bog‘liq. Ya’ni, uning niyati va qaroriga qa­rab, bularning holi o‘zgarib turadi. Masalan, shogirdlar ustoziga, xotinlar erlariga, mardikor xo‘jayiniga qarab ish ko‘radi. O‘zlaricha musofir yoki muqim bo‘lishni niyat qilishlari mumkin emas.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

247-FATVO

Musofir namoz ichida, shu shaharda 15 kun yoki undan ortiq turishni niyat qilsa, namozini qasr qilmay, to‘rt rakat o‘qiydi. Bunda uning yakka yoki imomga iqtido qilib o‘qiyotgani, yoxud masbuq ekanining farqi yo‘q.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

248-FATVO

Namozni kech boshlagani uchun uni tugatmasi­dan vaqti chiqsa va shundan keyin musofir 15 kun yoki undan ko‘proq turishni niyat qilsa, namozi qasrligicha qoladi. Agar namozni buzib qo‘ysa, shu namozning qazosini ikki rakat o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

249-FATVO

Musofir boshqa musofirlarga imom bo‘lib namoz o‘qiyotganida tahorati singach, orqadan bir mu­sofirni o‘rniga qo‘yib, tahoratini yangilash uchun chiqib ketganidan keyin, vaqtincha imomlik qilayotgan namozxon 15 kun shu shaharda turishni niyat qilsa, orqadagilarning namozi qasrdan to‘rt rakatga o‘zgarmaydi. Birinchi tahorati singan imom agar masjiddan chiqmay turib shunday niyat qilsa, o‘zining ham, iqtido qilgan musofirlarning ham qasr namozlari to‘rt rakatga o‘zgaradi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

250-FATVO

Musofir muqimga iqtido etib namoz o‘qisa, qasr qilmay, to‘rt rakat o‘qiydi. Ammo namozni buzib qo‘yib, o‘zi qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, yana qasr qiladi. Agar muqimga nafl niyati bilan iq­tido etgan bo‘lsa-yu, namozni buzib qo‘yib, qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘rt rakat o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

251-FATVO

Juma kuni zavoldan oldin yoki keyin safarga otlanish makruh emas. Lekin shaharni tark etguniga qadar juma vaqti chiqmasligini bilsa, jumani o‘qib, so‘ngra ketishi lozim. Aksincha qilsa, makruhdir.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

252-FATVO

Mashoyixlarimiz so‘ziga ko‘ra, ko‘pchilik kishilarda ikki xil vatan bo‘ladi. Birinchisi – vatani asliy. Ya’ni, ahl-oilasi va mol-mulki turadigan vatan. Ikkinchisi – vatani iqomat. Ya’ni, vatani asliydan vaqtincha kelib yashaydigan ikkinchi turar joyi. Bunda kamida 15 kun yashashni niyat qilishi shart. Ko‘piga chegara yo‘q. Vatani asliydan ahl-oilasi bilan ikkinchi vatanga ko‘chib borsa, oldingi joyiga kelganda musofir hukmida bo‘ladi. Ammo ahl-oilasini olib ketmay, ikkinchi yashash joyida yangi oila qursa, har ikki vatanda ham muqim hisoblanadi. Vatani asliy safar bilan yoki boshqa joydagi iqomat joyi bilan yo‘q bo‘lmaydi. Ammo 15 kunlik iqomat joyi safar bilan ham, ikkinchi iqomat joyiga borish bilan ham yo‘q bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Kifoya»,

«Tabyin».

 

 

253-FATVO

Agar vatani asliyda hovli va yerini qoldirib, ahl-oilasi va ko‘chlari bilan boshqa joyga borib vatan tutsa, oldingisi ham vatani asliyligicha qoladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy».

 

254-FATVO

Musofir namoz o‘qiy desa, o‘g‘ri va qaroqchilar narsalarini talab ketishi xavfi bo‘lsa, namozni o‘qimasligi mumkin.

«Olamgiriya», «G‘aroib».

 

255-FATVO

Farz namozini uzrsiz ulov ustida o‘qish joiz emas. Uzr deganda, ulovdan tushsa, o‘zi, kiyimi yoki uloviga o‘g‘ri, yirtqich yoki dushman tajovuz qilishidan qo‘rqishi, ulovga qaytib minishiga ko‘zi yetmasligi yoki yer loy bo‘lib, quruq joyning yo‘qligi kabilar nazarda tutiladi.

«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz», «Muhit».

 

256-FATVO

Ulov ustida namoz o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, ulovning ayrim joylariga najosat tekkan bo‘lsa, ba’zi ulamolar egar bilan uzangi pok bo‘lsa, zarari yo‘q, desalar, boshqalari, egarning o‘zi pok bo‘lsa, kifoya, deganlar. Lekin «Kanzul ibod» ki­tobiga sharh yozgan alloma Badriddin Ayniy, ulovdagi najosat qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, namozga zararsizdir, deb aytganlar.

«Olamgiriya»,

«Sharhul-Kanz».

 

257-FATVO

Suzib borayotgan kemaga mingan odam namozni tik holda o‘qishga qodir bo‘lsa-da, uzrsiz o‘tirib o‘qishi joiz. Lekin karohiyati bor. Bu Abu Ha­nifa (r.h.) so‘zidir. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) nazdida, joiz emas. Demak, uzrsiz o‘tirib o‘qilmagani yaxshi ekan. Kema bog‘­liq holda, suzmay turgan bo‘lsa, barcha ulamolar nazdida, uzrsiz o‘tirib o‘qish joiz emas.

«Olamgiriya»,

«Tahzib».

 

258-FATVO

Juma namozining farzligi Qur’on, sunnat va ijmo bilan sobit bo‘lgani bois, uni inkor etish kufr hisoblanadi. Jumaning farz bo‘lishi uchun namozxonda oltita shart topilishi kerak. Ya’ni, shaharda yashash, sihat-salomatlik, hurriyat (ya’ni qul bo‘lmaslik), erkak va balog‘at yoshida bo‘lish hamda ko‘z bilan oyoqlar sog‘lomligidir. Ba’zi ulamolar aqlni ham qo‘shishgan. Lekin shulardan salomatlik, shaharda yashash, hurriyat, erkaklik kabi shartlar topilmagan kishilar juma namozi­ni o‘qisalar, joiz hisoblanib, peshin namozi zimmalaridan soqit bo‘ladi.

Jumani ado etish uchun beshta shart belgilangan. Ular – shahar yoki uning hududi, ruxsatnoma­ga ega masjid, xutba, jamoat va peshin vaqti bo‘­lishidir.

«Olamgiriya», «Muxtasar»,

«Badoye», «Kanz».

 

259-FATVO

Abu Hafs Kabir (r.h.) so‘ziga ko‘ra, mardikorning juma namoziga borishiga xo‘jayini qarshi­lik qilishi mumkin. Ammo Abu Ali Daqqoqning (r.h.) nazdida, shaharda bo‘lsa, qarshilik qilishga haqi yo‘q. Lekin jumaga borib-kelgunicha ketgan vaqti uchun ish haqidan ushlab qoladi. Bu ham masjid uzoq bo‘lsagina mumkin. Biroq yaqin bo‘lsa, haqidan ushlab qolmaydi. Jumaga borib-kelgunicha o‘tgan vaqti uchun mardikorning haq talab qilishi ham joiz emas.

«Olamgiriya», «Muhit»,

«al-Bahrur-roiq».

 

260-FATVO

Mujtahid imomlardan Abu Yusuf, Muhammad va Karxiy (r.h.) kabi zotlar bir shaharda bittadan ortiq juma o‘qiladigan jome masjidi bo‘lmasligi kerak, degan masalada kengroq izlanish olib borib, bir shaharda ikkita yoki uchtagacha jome masjidi bo‘lishi mumkin, degan qarorga kelganlar. Ammo Imom Muhammadning (r.h.) Abu Hanifadan (r.h.) qilgan rivoyatida bir shaharda uchtadan ortiq jo­me masjidida ham juma namozi o‘qilishi mumkin, deyiladi.

«Olamgiriya», «Badoye».

 

 

261-FATVO

Juma o‘qilmaydigan kichik qishloqdan shaharga bir kun turish uchun kelgan odam juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, juma namozini o‘qishi zarur. Lekin shu kuni uyiga qaytadigan bo‘lsa, juma o‘qishi lozim emas. Ammo shunda ham jumani o‘qib ketsa, ajrga ega bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tajnis».

 

262-FATVO

Juma vojib bo‘lmagan kishilar peshinni jamoat bo‘lib, azon va iqomat bilan o‘qiyveradilar. Shaharda yurgan musofirlar, jumaga bora olmagan shaharliklar peshin namozini jamoat bo‘lmasdan, yakka-yakka holda o‘qiydilar.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

263-FATVO

Arafotda juma namozi o‘qilmaydi. Abu Hanifa va Imom Muhammad (r.h.) so‘ziga ko‘ra, bir shaharning bir necha joyida juma namozi o‘qilishi mumkin. Shu so‘zga amal qilamiz. Qattiq yog‘ayotgan yomg‘ir juma namoziga bormaslikka uzr bo‘la oladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».

 

 

264-FATVO

Juma namozidan oldin imomning xutba o‘qishi farz. Xutbaning farzlari bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, ikkita. Biri – peshin vaqtida, lekin jumadan oldin o‘qilishi. Ikkinchisi – Alloh­ning zikri. Ya’ni, hamdu sano yo tahlil, yoki tasbeh aytilishi. Xutbaning sunnatlari 15 ta. Ular – tahoratli bo‘lish, tik turish, qavmga yuzlanish, «A’uzu...»ni ichida aytish, xutbani qavmga eshittirish, hamd bilan boshlash, Allohning zotu sifatlariga xos sanolar aytish, ikki shahodat kalimasini o‘qish, Payg‘ambarimizga salavot aytish, pandu nasihat qilish, oyatlardan o‘qish, ikkinchi xutbada hamdu sano va salavotlarni takroran aytish, musulmonlar haqiga duo qilish, har ikki xutbani qisqaroq o‘qish, ikki xutba orasida bir oz o‘tirish va xutbani minbarda aytish ham sunnat amallardan deyilgan.

«Olamgiriya», «Sharhi Hidoya»,

«al-Bahrur-roiq».

 

265-FATVO

Agar xutbani aytganidan keyin tahoratini yangilash harakatida o‘rniga imomlikka boshqa odamni qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘sha odam xutbani eshitgan bo‘lishi shart. Aks holda, imomligi durust bo‘lmaydi. Ammo xutba o‘qigan imom namozni boshlaganidan keyin tahoratga chiqadigan bo‘lsa, o‘rniga xutbani eshitgan odamni qo‘yishi shart emas.

«Olamgiriya», «Kofiy»,

 «Tahzib».

 

266-FATVO

Juma xutbasini o‘qish uchun imom minbarga chiqishi bilan namozxonlarga har qanday namoz, gap, salavot, yeb-ichish kabi amallar taqiqlanadi. Hatto birov nojo‘ya ish qilayotgan bo‘lsa ham, uni qaytarish uchun ovoz chiqarmasdan qo‘l bilan ishora qilish lozim.

«Olamgiriya», «Muhit»,

«Xulosa».

 

Izoh:

Bilib qo‘yish lozimki, arablar juma xutbasini arab tilida aytadilar. Shuning uchun ular bir yo‘la ikkinchi azondan boshlab, ikkita xutbani o‘qiydilar. Ammo bizning diyorimizga o‘xshash ajam yurtlarida birinchi azongacha mahalliy tilda mav’iza qilinadi. Bu xutba emas. Gapirish kabi ishlar taqiqlanadigan xutba – bu bizda ikkinchi azondan keyingi xutbadir.

 

267-FATVO

Juma xutbasiga hozir bo‘lganlar tiz cho‘kib o‘tiradimi yo chordona quribmi, yoki boshqacha o‘tiradimi, farqi yo‘q. Lekin namozda o‘tirgandek cho‘kkalab o‘tirish mustahabdir.

«Olamgiriya», «Muzmarot»,

«Me’roj».

 

268-FATVO

Nafl o‘qib turganida imom ikkinchi azondan keyingi xutbani o‘qiy boshlasa, sajda qilmagan bo‘lsa, naflni to‘xtatib, xutbaga quloq soladi. Agar sajda qilib qo‘ygan bo‘lsa, ikki rakatni tugatib, so‘ngra xutbaga quloq soladi.

«Olamgiriya»

269-FATVO

Imomlikka juma xutbasini o‘qigan odam o‘tishi shart emas.

«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor».

 

Izoh:

Bu yerda shart emas, deyilishidan, xutba o‘qigan kishining imomlikka o‘tishining afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin shart emasligi ba’zi holatlarda yengillik paydo qiladi.

 

270-FATVO

Bemorga qarash xizmatida bo‘lib turgan kishiga jumaga borish vojib emas.

«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor».

 

271-FATVO

Juma namozi durust bo‘lmog‘i uchun jamoat mavjudligi ham shart. Bunda imomdan tashqari kamida uch kishi hozir bo‘lishi kerak. Ular xutbani tinglagan bo‘lishlari shart emas, balki imomlikka yaroqli kishilardan bo‘lishlari zarur. O‘zi uch kishidan iborat jamoatda biri ayol yoki sag‘ir, yoxud imomlikka yaroqsiz bo‘lsa, juma o‘qilishi durust emas.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Muhit».

 

272-FATVO

Shaharda uzrsiz juma o‘qimaganlar juma namozi tugamagunicha peshin namozini o‘qimay turishlari lozim. Bemor va musofirlar ham peshin namozini jumadan keyin o‘qishlari mustahabdir.

«Olamgiriya», «Kanz», «al-Vajiz».

 

273-FATVO

Bemor odam kasalligi yengillashgani sababli peshin namozini uyida o‘qiganidan keyin jome masjidiga borib, juma namozini o‘qisa, o‘qigan peshin namozi naflga aylanadi. Imomni «Attahiyyot» o‘qiyotganida yoki sahv sajdasi qilayotganida topsa ham, iqtido qilib, jumani o‘qiyverishi lozim. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) so‘zidir.

«Olamgiriya», «Nihoya».

 

274-FATVO

Ikki hayit namozi vojib amallar sirasiga kiradi. Shartlari juma shartlari bilan bir xil. Faqat bularda xutba shart emas, balki sunnatdir. Xutba jumada namozdan oldin o‘qilsa, ikki hayit namozida undan keyin o‘qiladi. Ramazon hayiti­ namozi uzr bilan ertasi kuni o‘qilishi mumkin. Qurbon hayiti namozi uzrli va uzrsiz uch kungacha o‘qilaveradi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar».

 

275-FATVO

Hayit namoziga kech kelib, imomni rukuda topgan kishi tik holda «Tahrima takbiri»ni aytgach, qaraydi: agar imom rukudan boshini ko‘tarmasidan oldin hayit namozining uchta takbirini ay­tishga ulgursa, tik holda aytib, keyin ruku qiladi. Ulgurmaydigan bo‘lsa, ruku qilib, unda takbirlarni aytib tugatadi. Lekin uch takbirni rukuda aytganida qo‘llarini ko‘tarmaydi. Bordi-yu, rukuda takbirlarni aytayotganida imom rukudan boshini ko‘tarsa, imomga ergashib, u ham bosh ko‘taraveradi. Aytilmay qolgan takbirlar soqit bo‘ladi.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj»,

«Kofiy».

 

276-FATVO

Hayit namozining birinchi rakatida imom qiroatidan oldin uch takbir aytishni unutib, qiroat qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni qiroatdan keyin aytishi ham mumkin. Agar rukuga borganda esiga tushsa, takbirlarni qo‘l ko‘tarmay, rukuda aytsa ham bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya».

 

277-FATVO

Qurbon hayiti namozi uzr bilan ertasiga yoki uchinchi kunda o‘qilsa, karohiyati yo‘q. Ammo uzrsiz hayitdan keyingi kunlarga qoldirish joiz bo‘lsa-da, makruhdir. Ro‘za hayiti namozini esa, uzrsiz bir kunga kechiktirish ham joiz emas.

«Olamgiriya», «Javhara», «Tabyin».

 

278-FATVO

Hayit namozi bilan janoza namozini o‘qish bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, birinchi bo‘lib hayit namozi, keyin janoza o‘qiladi. Hayit namozining xutbasi janoza namozidan keyin o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Qunya».

 

279-FATVO

Qurbon hayitining Arafa kungi bomdod namozidan boshlab «Tashriq kunlari»ning oxirgi kuni asr namozidan keyingacha jamoat bi­lan o‘qilgan har bir farz namozidan so‘ng «Tashriq takbiri»ni bir marta aytish vojib. O‘qilishi bunday: «Allohu akbar, Allohu akbar. La ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar. Valillahilhamd». U hammaga emas, balki shaharda yashovchi erkaklarga, muqimga iqtido qilgan musofir va ayollarga vojib bo‘ladi. Yolg‘iz o‘zi o‘quvchi odam bu takbirni aytmaydi.

«Olamgiriya», «Muxtasar».

 

280-FATVO

Imom «Tashriq takbiri»ni aytmasa, iqtido qiluvchilar darhol aytib yubormasdan, uning haqiqatan takbirni unutganiga va aytmasligiga to‘la ishonch hosil qilishlari lozim. Masalan, gapirib qo‘yishi, boshqa zikr-tasbehlarni boshlashi, masjiddan chiqishga harakat qilishi kabi holatlar sodir bo‘lsa, shundagina takbirni muqtadiylarning o‘zlari aytadilar.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

281-FATVO

Quyosh tutilganda jome masjidida yoki keng maydonda juma masjidining imomi jamoat bilan ikki rakat nafl namoz o‘qishi sunnat amallardandir. Tovushsiz, uzunroq qiroat qilinadi. Namozdan so‘ng uzoq duo o‘qiladi. Agar imom kelmasa, jamoat yakka-yakka bo‘lib o‘qishadi. Lekin Imom Halvoniy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, juma, hayitga o‘tib yurgan imom uzr bilan kela olmay, boshqa biror kishining imom bo‘lib o‘qishiga buyursa, joizdir. Qavmga malol keltirmaslik maqsadida imom qiroatni uzun qilsa, duoning qisqaroq bo‘lishiga e’tibor beradi. Duoni uzoq qilmoqchi bo‘lsa, qiroatni ixchamlashtiradi.

«Muxtasar», «Olamgiriya»,

«Javhara».

 

282-FATVO

Oy tutilganda ham xuddi quyosh tutilgandagi kabi ikki rakat nafl namoz o‘qiladi. Faqat bunda jamoat bilan emas, balki har kim o‘zi yakka holda o‘qiydi. Shuningdek, qattiq shamol, bo‘ron ko‘tarilganda, qor yoki yomg‘ir tinmay qattiq yog‘averganda, osmon qizarib ketganda, kunduzni zulmat qoplaganda yoki biror kasallik ommaviy ravish­da tarqalganda, zilzilada, chaqmoq ko‘p chaqqanda, yulduzlar ko‘p uchganda, tunda ortiqcha yorug‘­lik paydo bo‘lganda, dushmandan xavf kuchayganda ham ikki rakat nafl namoz o‘qib, Allohdan najot so‘rash tavsiya etiladi. Oy tutilganda va yuqorida eslatilgan holatlarda jamoat bilan emas, balki har kim o‘z uyida o‘qiydi.

 «Olamgiriya», «Muhit»,

«Sirojiya», «Tabyin».

NAMOZ
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

30.01.2025   2780   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari