Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

Ro‘zaning buzilish holatlari

01.06.2017   87208   2 min.
Ro‘zaning buzilish holatlari

Ro‘zaning buzilishi ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – qazo  va kafforatni vojib qiladigan holatlar hisoblanadi. Quyidagi holatlarda ro‘zasi buzilgan kishi har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda ikki oy ro‘za tutib beradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa 60 ta miskinning qornini to‘yg‘izadi:

  • Qasddan oziq-ovqat mahsulotlaridan yesa;
  • Qasddan ichimlik ichsa;
  • Qasddan jinsiy yaqinlik qilsa;
  • Ro‘zadorligini bila turib, dori-darmon iste’mol qilsa;
  • Og‘ziga kirgan yomg‘ir suvini qasddan yutsa;
  • Birovning g‘iybatini qilganidan, qon oldirganidan yoki shahvat bilan ushlaganidan keyin “Ro‘zam ochilib ketdi”, degan o‘y bilan qasddan yeb-ichsa.

Ikkinchisi – faqat qazoni vojib qiladigan holatlar. Quyidagi holatlarda  ro‘zadorning ro‘zasi buzilgan hisoblanib, bir kuniga bir kun qazo ro‘za tutib beradi:

  • Mayda tosh, tuproq yoki tangaga o‘xshash odatta yeyilmaydigan narsalarni yutib yuborsa;
  • Qasddan og‘zini to‘ldirib qussa; Ammo og‘zi to‘lmay yoki ro‘zaligi esdan chiqib yoki beixtiyor qusgan yoki taom emas,  balki balg‘am qusgan bo‘lsa ro‘zasi ochilmaydi.
  • Tishlari orasida qolgan no‘xatdan katta narsani yesa;
  • Tishining orasiga kirib qolgan no‘xatdan kichikroq taom qoldiqlarini og‘zidan tashqariga chiqarib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa;
  • Quyosh botdi, deb o‘ylab, yeb-ichsa, keyin botmagani ma’lum bo‘lib qolsa;
  • Tong otmadi, deb o‘ylab, yeb-ichsa, aslida tong otgan bo‘lsa;
  • Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa;
  • Tahorat qilayotgan paytida, ehtiyotsizlik qilib, tomog‘idan suv o‘tib ketsa;
  • O‘z amali bilan ichiga tutun kirgizsa;
  • Burundan dori qabul qilsa;
  • Qulog‘idan moy tomizsa; Ammo suv tomizsa, ro‘zasi ochilmaydi.
  • Saqich  chaynab, tupugini yutsa;
  • Boshqa kishining majburlashi yoki aldovi sababli ro‘zasini ochsa;
  • Danak, paxta, qog‘oz, teri kabi narsalarni yeb qo‘ysa;
  • Odatda shu holatida yeyilmaydigan, inson tabiati yeyishga moyil bo‘lmaydigan: xom guruch, pishmagan xamir, biror narsa aralashtirilmagan un kabi narsalarni yeb qo‘ysa;
  • Bemorlik, safar, majburlash, xato, beparvolik yoki shubha kabi shar’iy uzrlar sababli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon iste’mol qilsa;
  • Ro‘zadorligi esida yo‘q taom yegan bo‘lsa yoki suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, uning ro‘zasi ochilmaydi. Ammo hukmni bilmay, bo‘lar ish bo‘ldi, deb, yana taom yesa yoki suv ichsa ro‘zasi buziladi va faqat bir kuniga bir kun qazo ro‘za tutib beradi.

 

Manbalar asosida

 TII prorektori

Ibodulla Ahrorov

tayyorladi.

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hisobsiz ajr

10.11.2026   1034   1 min.
Hisobsiz ajr

Qur’oni karimda istig‘for aytishga amr qilingan: “O‘zingning, mo‘minlarning va mo‘minalarning gunohlari mag‘firat qilinishini so‘ra” (Muhammad surasi, 19-oyat).

 
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Kim mo‘min va mo‘minalar uchun istig‘for aytsa, Alloh taolo har bir mo‘min va mo‘mina (adadicha) unga yaxshilik yozadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).


Hadisi sharif barcha musulmonlar uchun istig‘for aytish buyuk fazilat ekani, uni bajargan kishiga Alloh taolo bu olamda yashab o‘tgan jamiki mo‘min va mo‘minalar sonicha yaxshilik (savob) yozishi xabar qilinmoqda. Bu esa hisobsiz ajrga erishish uchun ajoyib imkoniyat.


Quyidagicha istig‘for aytish matlubdir:

“Allohummag‘fir lil mu’miniyna val mu’minat, al-ahyai minhum val amvaat”.


Ma’nosi: “Yo Alloh, hayot bo‘lgan va olamdan o‘tgan mo‘min va mo‘minalarni mag‘firat qil”.


Rahmat so‘rab duo qilish:

“Allohummarhamil mu’miniyna val mu’minat”.


Ma’nosi: “Yo Alloh, mo‘min va mo‘minalarga O‘zing rahm qil”.

Yulduz KOMILOVA, 
tarjimasi

“Hidoyat” jurnalining 2026 yil 5-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

O'zbekiston yangiliklari