Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Haj va umraga doir fatvolar

31.05.2017   28696   37 min.
Haj va umraga doir fatvolar

1-FATVO

Haj ibodati aqli raso, balog‘at yoshidagi sog‘lom musulmon kishi zimmasiga, agar yo‘lga qodir bo‘lsa, umrida bir marta ado etish farzdir. Borib-kelishga har tomonlama qodirligi yuzaga chiqishi bilan o‘sha yili borishi vojib bo‘ladi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida, o‘sha yili borishi shart emas. Umrining oxirigacha borsa, kifoya. Lekin vaqtida, tezroq borgani yaxshi. Boshqa faqihlar nazdida, qodir bo‘lgan yili bormasdan, orqaga sursa, gunohkor bo‘ladi. Xususan, sog‘lig‘i davom etishidan umidi oz kishi kechiktirmagani avlo. Kechiktirib qilgan haji ham hisobga o‘tadi. Alloh asrasin, qodir bo‘lgan yillari bormasdan, kechiktirib yurganda vafot etsa, dunyodan gunohkor holda ketgan bo‘ladi.

Hajning farz bo‘lish shartlaridan biri – ulov bilan oziq-ovqatga qodirlikdir. Shuningdek, borib kelguniga qadar oila a’zolari uchun yetadigan nafaqaga ham qodir ekanidir. Nafaqa o‘rtacha miqdorda bo‘lishi nazarda tutilgan. Qo‘lidagi mablag‘i hajga yetarli, lekin oila qurish niyati ham bo‘lsa, uylanishni keyinga qo‘yib, hajga borishi lozim.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Muxtasar», «Xizona».

 

2-FATVO

Yashayotgan uyimni sotib, o‘rniga arzonroq uy sotib olsam, ortgan puli haj safari xarajatiga yetar ekan, degan o‘yga borib, uyini sotishi shart emas. Shuningdek, hovlisidagi ortiqcha uylarni sotib, puliga hajga borishi lozim bo‘lmaydi. Agar o‘z ixtiyori bilan sotib hajga borsa, bu ham avlodir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Izoh».

 

3-FATVO

Sog‘liq ham hajning farz bo‘lishi uchun shart qilingan. Surunkali kasalga chalingan, ko‘zi ojiz, falaj, ikki oyog‘i kesilgan kabi kishilarga haj vojib emas. Ularni boshqa odamlar haj qildirib qo‘yishlari ham vojib hisoblanmaydi, og‘ir kasal bo‘lsa, badal hajiga vasiyat qilishi ham lozim emas. Shuningdek, katta yoshli notavon kishilar, bemorlarga ham haj lozim bo‘lmaydi. Bu Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammaddan (r.h.) qilingan rivoyat. Oxirgi ikki imomdan yana mazkur uzrli kishilarga ham haj qilish vojib, degan naql bor. Agar o‘sha ojizlik davom etib tursa, ular birovlarga haj qildirsalar joiz, bordi-yu, ojizlik ketib, qudrat hosil bo‘lsa, o‘zlari qaytadan haj qilishlari vojib.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».

 

4-FATVO

Yo‘lga qodir, sog‘lom odam hajga bormay yurganida to‘satdan surunkali kasal yoki falajga aylanib qolsa, xarajatini to‘lab, badal haji qildirishi lozim. Agar uzrli, notavon bemor kishilar qiyinchilikka qaramay, o‘zlari hajni ado etsalar, hajlari hisobga o‘tadi. Sog‘ayganlaridan keyin qaytadan haj qilishlari lozim emas.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».

5-FATVO

Yurti bilan Makka shahri o‘rtasidagi uzoqlik safar masofasi (90–100 km)ga teng yoki ortiq bo‘lsa, ayol kishi uchun hajga birga borib keladigan mahram bo‘lishi shart qilingan. Mahram deb, eri yoki o‘rtalarida nikoh ravo bo‘lmaydigan erkak qarindoshlaridan biri tushuniladi. Uning qarindoshligi nasab yo emikdoshlik, yoki qudachilik jihatidan bo‘lishi mumkin. Musulmon bo‘lishi shart emas. Oqil, bolig‘, ishonchli bo‘lsa, kifoya. Nikohning farqiga bormaydigan majusiy mahramlikka yaramaydi.

 «Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon», «Muhit».

6-FATVO

Mahram bo‘lib hajga hamroh sifatida borib keluvchi kishining ovqat va yo‘l xarajatlari ayolning zimmasidadir. Ayol kishida yo‘lga qodirlik va mahram mavjud bo‘lsa, farz sanaluvchi hajga erining ruxsatisiz ham borishi joiz. Ammo nafl sanaluvchi haj safariga erining ruxsatisiz borishi joiz emas. Ayolga mahram topilmagani uchun erga tegib, uni olib ketishi vojib emas.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 7-FATVO

Ayol kishiga qo‘yilgan shartlardan yana biri – iddada o‘tirganlardan bo‘lmasligidir. Iddasi eri o‘lgani yoki taloq qilingani sababli bo‘lishining farqi yo‘q. Agar haj safari asnosida eri o‘lib yoki taloq bilan idda o‘tirishga to‘g‘ri kelib qolsa, yetgan joyidagi shahardan iddasi tugaguncha chiqmasligi lozim.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 8-FATVO

Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda bo‘lish, «ziyorat tavofi» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»,
«Muxtasar», «al-Bahrur-roiq».

9-FATVO

Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda bo‘lish, «ziyorat tavofi» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Mar­va orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»,
«Muxtasar», «al-Bahrur-roiq».

 

10-FATVO

Hajning odoblari – hajga otlangan odam avvalo, qarzlarini ado etsin. Hajga borish xu­susida aqlli, dono kishilarga maslahat solsin. Istixora qilsa, yanada yaxshi. So‘ngra tavba-tazarru bilan niyatni xolis qilsin. Birovning omonati bo‘lsa, egasiga topshirsin. Rozi-rizolik so‘rasin. Namoz va ro‘zalarining qazosi bo‘lsa, ado etsin. Xato va kamchiliklari uchun nadomat chekib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Faxrlanish, riyokorlik, maqtanishdan saqlansin. Faqat haloldan yiqqan puliga hajga borishga harakat qilsin. Shubhali yo harom yo‘l bilan topilgan mablag‘ga haj qilgani uchun gunohkor bo‘lsa-da, hajning farzi zimmasidan soqitdir, degan so‘z ham manbalarda kelgan. Hajda tijorat bilan ham shug‘ullansa, savobi kamayib qolmaydi. Lekin savdoni aralashtirmagani avlo.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Qozixon».

 

11-FATVO

Modomiki hajda ehromli ekan, behuda, fahsh so‘zlardan, fisqu fujur ishlardan, janjalu nizolardan, ov qilishdan, xushbo‘y narsalar sepish, tirnoq olish, yuzini yopish, bosh kiyim kiyish, boshni shampun bilan yuvish, soch oldirish yoki qisqartirish, tikilgan kiyim, salla kiyish kabilardan saqlanish vojibdir. Cho‘milish, salqin joyda dam olish, beliga hamyon bog‘lash kabi ishlar joiz.

«Muxtasarul-Viqoya».

 

12-FATVO

Ota-onadan biri rozilik bermasa ham, hajga borish makruhdir. Ammo ular farzandning xiz­matiga muhtoj bo‘lishmasa, hajga borishning zarari yo‘q. Ota-ona yo‘qligida bobo va momolar ularning hukmidadirlar. Shuningdek, nafaqasiga muhtoj xotini, bolalari, qarindoshlari uning hajga borishini yoqtirmasalar ham, borib-kelgunicha moddiy tomondan qiynalib qolmasliklariga aqli yetsa, hajga ravona bo‘lishi joiz. Ota soqoli chiqmagan o‘g‘lini hajga yuborishga rozi bo‘lmasligi mumkin. Ammo farz bo‘lgan hajning adosi ota itoatidan avlo. Otaga bo‘ysunish nafl bo‘lgan hajdan avlodir.

«Olamgiriya», «Muhit».

13-FATVO

Ka’bani tavof qilib turganida yoki Safo bilan Marva o‘rtasida yurib sa’y qilayotganida namozga iqomat (takbir) aytilib qolsa, darhol tavof va sa’yni to‘xtatib, namozga keladi. Janoza o‘qish uchun ham sa’yni to‘xtatib keladi. Janozadan keyin qolgan sa’yni davom ettiradi.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».

 14-FATVO

Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilish, ya’ni, yetti bor yurib chiqish tavofdan keyin ijro etiladi. Agar oldin sa’y qilgan bo‘lsa, tavofdan keyin takrorlaydi. Safodan Marvagacha yurishi bir marta, Marvadan Safogacha yurishi ikkinchi martaga o‘tadi. Sa’yni Marvadan boshlasa, Safogacha yurib borgani bir martaga o‘tmaydi. Ehromdan chiqqach, hatto bir necha oydan so‘ng sa’y qilsa ham, bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira».

 

15-FATVO

Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilishda tahoratciz yoki junub holatida bo‘lsa ham, sa’yi durust hisoblanaveradi. Aslida, Ka’bada qilinmaydigan haj amallari (manosiklari) uchun tahorat shart emas. Masalan, sa’y, Arafotda, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabilar Ka’badan tashqaridagi amal bo‘lgani uchun tahoratli bo‘lish shart qilinmagan.

«Olamgiriya», «Sharhut-Tahoviy».

 

16-FATVO

Ka’ba tavofini tugatgach, Ibrohim (a.s.) maqomi oldiga kelib, ikki rakat namoz o‘qiydi. Agar u joyda odam ko‘pligidan o‘qish qiyin bo‘lsa, masjidning xohlagan yeriga borib o‘qishi mumkin. Bu ikki rakat namoz, bizning mazhabimizda, vojib. Shuning uchun uni masjidning tashqarisida bo‘lsa ham, qoldirmay o‘qish kerak. Birinchi rakatiga «Qul yo ayyuhal kofirun» surasini, ikkinchi rakatiga Ixlos surasini zam sura sifatida o‘qiydi. Namozdan so‘ng maqom ortiga kelib, hojatlarini so‘rab, Allohga iltijo qiladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Qozixon».

15-FATVO

Ro‘za uch turli bo‘ladi – farz, vojib, nafl. Farz sanaluvchi ro‘za ikki xil – muayyan farz, ya’ni, Ramazon oyi ro‘zasi bilan kafforat uchun tutiladigan ro‘za va Ramazon oyida uzrli tutilmagan ro‘za qazosi. Vojib ham ikki xil – muayyan nazr va qachon hamda qanchaligi tayin etilmagan nazr. Qol­gan ro‘zalar nafl hisoblanadi.

Ro‘zaning vaqti tong yorishgan paytdan boshlab, quyosh botguniga qadardir. Saharlik qilayotganida tong yorishgani yoki yorishmaganida shak qilib qolsa, darhol yeb-ichishni to‘xtatadi. Bordi-yu, yeb-ichishda davom etaversa, lekin tong yorishgandan keyin ham yeb-ichishdan to‘xtamagani aniq bo‘lmasa, ro‘zasi durust. Agar aniqlansa, bir kuniga bir kun qazosini tutadi. Kafforat lozim emas.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Tabyin».

 

Izoh:

Bu masala taqvim, soat keng joriy bo‘lmagan davrlarga to‘g‘ri keladi. Ammo bizning asrimizda shak qilishga o‘rin yo‘q. Qo‘lida taqvimi, soati bo‘la turib, aniq belgilab qo‘yilgan vaqtidan keyin ham yeb-ichaversa, albatta, ro‘zasi hisobga o‘tmaydi. Ro‘za kafforati bir kuniga 60 kun ro‘za tutish yoki 60 nafar miskinga taom berishdan iboratdir.

 

16-FATVO

Agar ikki kishi tong otganiga, yana ikki odam tong otmaganiga guvohlik berganlaridan keyin yeb-ichishni to‘xtatmagan bo‘lsa, so‘ngra oldingilarning gapi rost chiqsa, ham qazo, ham kafforatni ado etadi. Agar tong otdi, deb bir guvoh, tong otmadi, deb yana bir guvoh aytganidan keyin yebichsa va oldingi guvohning gapi rost chiqib qolsa, bir kun ro‘za qazosi vojib bo‘ladi. Kafforat vojib bo‘lmaydi. Zero, tong otganiga bitta guvohning gapi to‘liq hujjat bo‘la olmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

17-FATVO

Quyosh botdi, deb ikki kishi, botgani yo‘q, deb yana ikki odam guvohlik berganidan keyin og‘zini ochib yuborgan ro‘zadorga quyosh botmay turib iftorlik qilgani ma’lum bo‘lib qolsa, qazo vojib bo‘ladi, kafforat emas.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

18-FATVO

Ro‘zaning farz bo‘lish shartlari – Islom dinida bo‘lish, aql, balog‘at, sog‘liq, o‘z yurtida turish, safarga chiqmaganlik, niyat, hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Niyat aslida dil bilan bo‘ladi. Lekin til bilan ham aytish sunnatdir.

«Olamgiriya», «Kofiy»,

«Nihoya», «an-Nahrul-foiq».

 

19-FATVO

Ramazon kechasida turib, saharlik qilishning o‘zi ro‘za niyati o‘rniga o‘tadi. Zero, diliga ro‘za tutishni keltirish niyatga o‘tar edi. Saharlik qilgan odamning diliga o‘z-o‘zidan ro‘za tutish niyati kelgan bo‘ladi. Bizning mazhabimizda, Ramazon tugaguncha har kuni niyat yangilab turiladi. Niyatning vaqti quyosh botgandan boshlab, ertasi kuni qiyom paytigachadir.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon».

 

Izoh:

Shuning uchun iftorlik duosini o‘qiyotganda ertangi ro‘za niyatini ham qilib qo‘yish ayni ehtiyot­korlikdir. Zero, saharlikka tura olmasa, o‘sha niyati kifoya qiladi.

 

20-FATVO

Ramazon ro‘zasini nafl niyati yoki umuman ro‘za niyati bilan tutish ham mumkin. Muayyan nazr, nafl ro‘za niyatining hukmi ham xuddi shunday. Lekin safarda va bemorlikda tutilgan ro‘za uchun qaysi ro‘zaga niyat qilayotganini aniqlab, tayin qilib qo‘yishi shart.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «al-Jome’us-sag‘ir».

 

21-FATVO

Qazo ro‘zasi, kafforat uchun tutiladigan ro‘za, tayin etilmagan nazr ro‘zasi uchun tong otmasdan oldin, tunda niyat qilish shart.

«Muxtasar», «Niqoya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

22-FATVO

Ramazon oyi hilolini (birinchi kuni chiqqan yangi oyni) yakka o‘zi ko‘rgan odam, garchi boshqalar buni inkor etsalar ham, ertasi kundan ro‘za tutishi vojib. Agar tutmasa, bir kun qazosini tutib beradi. Hayit hilolini yakka ko‘rgan kishi ham, guvohligi o‘tmagani uchun ertasi kuni ham ro‘za tutadi. Agar tutmasa, qazosini tutib beradi.

«Muxtasar», «Qozixon»,

 «Ixtiyor».

 

Izoh:

Ro‘za hiloli uchun ham, hayit hiloli uchun ham kamida ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishining guvohligi zarur. Bizning asrimizda hilolni ko‘rib, ro‘za tutish va hilolni ko‘rib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamola­ri ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo bo‘lgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy bo‘lgani ko‘pchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida «ru’yati hilol»ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qan­day yozilganidan qat’i nazar, yangi oy hilolini ko‘r­gan guvohlar so‘ziga binoan e’lon qilinadi. Natijada, bizning mintaqamizga o‘xshagan ko‘plab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida ba’zan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda ro‘zani boshlash yoki hayitni e’lon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat o‘zining iqlimiga qarab hilol ko‘rinishini belgilab, o‘zining hisob-kitobi bo‘yicha ro‘za va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani «Badoyeus-sanoye» kitobida keltirilgan.

 

 

23-FATVO

Ramazon hilolini ko‘rib, 29 kun ro‘za tutgan bir shahar ahliga bir guruh kishilar kelib, falon shahar aholisi hilolni sizlardan bir kun oldin ko‘rishibdi, shunga ko‘ra, bugun ro‘zaning 30-kuni, deb aytsalar, ularning gapiga amal qilinmaydi. Zero, hilolni ularning o‘zlari ko‘rgan emas, balki boshqalarning ko‘rganini naql qildilar.

«Qozixon», «Olamgiriya».

 

24-FATVO

Ramazon hilolini ko‘rmasdan ro‘zani boshlab, 28-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolgan kishilar, sha’bon oyi hilolini ko‘rib, 30 kun hisoblagan bo‘lsalar, bir kun qazo tutadilar. Bordi-yu, 29-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolsalar, qazo lozim emas. Ammo sha’bon hilolini ko‘rmasdan, uni 30 kun hisoblab, ro‘zani boshlagan bo‘lsalar, ikki kun qazo tutadilar.

«Xulosa», «Olamgiriya».

 

25-FATVO

Hilolni ko‘rgan holda Ramazon oyidan 29 kun tutib, hayit e’lon qilgan shahar ahli ichida kasalligi sababli ro‘za tutmagan kishi bo‘lsa, u ham 29 kun qazo tutadi. Bordi-yu, u shahar ahlining 29 kun tutganidan xabarsiz bo‘lsa, 30 kun qazo tutaveradi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

Izoh:

Ramazon oyi taqvim bo‘yicha 30 kun bo‘lsa-da, sha’bon oyi oxirida Ramazon hiloli ko‘rinib qolsa, ro‘za bir kun keyin boshlanadi. Shu sababli Ramazon ba’zan 29 kun bo‘ladi. Shunday uzr sababli tutilmagan bir kunning qazosi tutilmaydi. Shuningdek, Ramazonning oxirida shavvol hiloli oldinroq ko‘rinib qolsa ham, ro‘za to‘xtatiladi, tutilmay qolgan kun qazosi tutilmaydi. Shu bois ba’zi yillarda ro‘za 28 kun tutiladi.

 

26-FATVO

 Ro‘zadorligi esida yo‘q kishi biror ovqat yeb qo‘ysa yo ichimlik, yoki dori ichib qo‘ysa, yoxud jinsiy aloqa qilib qo‘ysa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo shu ishlardan birortasini qasddan qilsa, ro‘zasi ochiladi. Keyin u har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda 60 kun ro‘za tutib beradi yoki 60 nafar och kishi (miskin) qornini to‘yg‘azadi. Ro‘zador ayolini jinsiy aloqaga majburlagan bo‘lsa, o‘zi 60 kun kafforat, ayoli bir kun qazo ro‘zasini tutadi. Ayoli rozilik bergan bo‘lsa, u ham 60 kun kafforat ro‘zasini tutadi.

 «Olamgiriya», «Hidoya».

 

27-FATVO

G‘izo uchun yeyiladigan yoki dori sifatida iste’mol qilinadigan narsalarni g‘izo va dori niyati bilan qasddan iste’mol qilsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Ammo mazkur narsalarni boshqa niyat, maqsadda iste’mol qilsa, kuniga – kun qazo ro‘zasini tutadi. Lekin kafforat lozim emas. Hayvon go‘shti yoki yog‘ini xomicha yesa ham, ro‘za ochiladi.

«Olamgiriya», «Xizonatul-muftin».

 

28-FATVO

Daraxt barglari ichida tok bargi kabi yangi unib chiqqan paytida yoki har doim yeyiladiganlari bor. O‘shalardan yeb qo‘ysa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Agar odatda yeyilmaydigan daraxt yoki giyoh barglaridan yesa, ro‘zasi ochiladi. Lekin ro‘za qazosini tutadi, kafforat lozim emas.

«Al-Bahrur-roiq», «Olamgiriya», «Tabyin».

 

29-FATVO

Uzumning bir dona urug‘ini chaynab yutsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Chaynamay yutsa, faqat qazo vojib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

30-FATVO

Tuz yesa, faqat qazo vojib bo‘ladi. Ammo tuz yeb yurishga odatlangan odam bo‘lsa, ham qazo, ham kafforat vojibdir. Lekin tuz yegan ro‘zadorga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi, degan fatvolar ham bor. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tabyin»,
«Xulosa», «Sharhi Niqoya».

 

31-FATVO

Ro‘zadorligi esidan chiqib, ovqatlanayotgan kishini ko‘rib qolgan odam qaraydi: agar u kechgacha ro‘zasini bemalol yetkazadigan kishidek tuyulsa, ro‘zasini eslatadi. Aks holda, makruh ish qilgan bo‘ladi. Bordi-yu, u keksa odam va chamasida ro‘zasini kechgacha yetkaza olmaydigan bo‘lsa, ro‘zani eslatmasligi joiz.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

32-FATVO

Birovning majbur qilishi sababli yoki ro‘zaligi esida bo‘la turib, ehtiyotsizlik bilan (xatoan) ro‘zasini ochib qo‘ysa, qazoning o‘zi vojib, kafforat lozim emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muxtasar».

 

Izoh:

Ehtiyotsizlik deganda, masalan, tahorat yoki g‘usl qilayotganda tomog‘idan suv o‘tib ketishi kabilar tushuniladi. Agar ro‘zadorligi esida yo‘q bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi.

 

33-FATVO

Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

 

34-FATVO

Odatda yeyilmaydigan – tosh, tuproq, danak, paxta, hashak, qog‘oz kabi narsalarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Lekin kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa».

 

35-FATVO

Tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini yutsa, ular no‘xatdan katta bo‘lmasa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo og‘zidan tashqariga chiqarib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa, no‘xatdan kichik bo‘lsa ham, ro‘zasi ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘l­masligida ixtilofli fatvolar mavjud. Vojib bo‘lmasligiga Abu Lays Samarqandiydan (r.h.) rivoyat bor.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

36-FATVO

Tish orasidagi bir dona kunjutni yutib yuborsa, kichik bo‘lgani uchun ro‘zasi ochilmaydi. Ammo uni og‘zidan chiqarib, so‘ngra yana qayta og‘ziga solib yutsa, ro‘za ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilof bor. Agar tish orasidagi bir dona kunjutni chaynasa, ro‘zasi ochilmaydi. Lekin chaynab yutganida tomog‘ida uning mazasini sezsa, ro‘zasi ochiladi. Boshqa har qanday taom, don yoki boshqa chaynalgan kichik narsalar shu qoidaga qiyos qilinaveradi.

«Olamgiriya», «Muxtasar»,
 «Qozixon», «Fathul-Qadir».

 

37-FATVO

Og‘iz so‘lagini tashqariga chiqarmay yutsa, ro‘zasi ochilmaydi. Tashqariga chiqarib olib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa, ro‘zasi ochiladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

38-FATVO

Og‘zini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini og‘iz so‘lagiga qo‘shib yutib yuborsa, shuningdek, dimog‘iga kelgan burun suyuqligini tomog‘iga tortib yuborsa, ro‘zasi ochilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

39-FATVO

Qonni yutib yuborsa, kafforatsiz qazoning o‘zini tutadi. Tishlarning milkidan chiqqan qonni so‘lak bilan qo‘shib yutib yuborsa, qon bilan so‘lakdan qaysi biri ortiq yoki kam miqdorda bo‘lishiga qaraladi. Agar qon ortiq bo‘lsa yoki so‘lak bilan barobar bo‘lsa, ro‘za ochiladi. Bordi-yu, so‘lak ortiq bo‘lsa, ochilmaydi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

40-FATVO

Gazlama to‘quvchi ish jarayonida bo‘yalgan ip tolalarini og‘ziga solganida yuqqan ko‘kmi, qizilmi, sariqmi, boshqa rangmi, so‘laklariga aralashib, tomog‘idan o‘tib ketsa, ro‘zasi ochiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

41-FATVO

Tomog‘iga chang, tutun, pashsha, chivin kabi narsalar kirsa, ro‘zasi ochilmaydi. Shuningdek, ehtilom bilan ham ro‘za ochilmaydi.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Izohul-Kirmoniy».

 

42-FATVO

Bir-ikki tomchi ko‘zyoshi yoki yuzidan oqqan ter og‘ziga kirib, tomog‘idan o‘tib ketsa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo bu miqdordan ziyod bo‘lib, og‘zida ko‘pgina sho‘rlikni sezsa, ro‘zasi ochiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

43-FATVO

Badanning tabiiy teshikchalaridan (ikki maxrajdan boshqa) kirgan moy, suv kabi narsalar bilan ro‘za ochilmaydi. Ko‘ziga dori tomizganda, garchi tomog‘ida uning mazasi bilinsa ham, ro‘za ochilmaydi.

«Olamgiriya», «an-Nahr»

 

44-FATVO

Og‘zi to‘la qussa, kafforatsiz qazoning o‘zini tutib beradi. Bordi-yu, u qaytarishga kuchi yetmaydigan darajada kuch bilan kelsa, ro‘za ochilmaydi.

«Muxtasar», «an-Nahr».

 

45-FATVO

Huqna qildirish, burun bilan dorini dimoqqa tortib yutish, quloqqa yog‘ tomizish kabilar bilan ro‘za ochiladi va kafforatsiz qazo vojib bo‘ladi. Agar qulog‘iga suv kirib ketsa, ro‘zasi ochilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Hidoya».

 

46-FATVO

Go‘shtni ipga bog‘lab turib yutib, darhol qaytarib tortib olsa, ro‘za ochilmaydi. Bir cho‘pning uchini tomog‘idan o‘tkazsa-yu, ikkinchi uchini qo‘lida ushlab turgan bo‘lsa, so‘ng qayta tortib chiqarsa, ro‘za ochilmaydi. Ammo cho‘p tomoqdan o‘tib, ichida qolib ketsa, ro‘za ochiladi.

«Olamgiriya», «Badoye», «Xulosa».

 

47-FATVO

Suv bilan istinjo qilayotganida ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi. Aks holda, ostidan suv kirib, ro‘zasining ochilib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

 

48-FATVO

Oq saqichni chaynab, so‘lagini yutsa ham, ro‘zasi ochilmaydi, lekin makruh sanaladi. Qora saqichni chaynab, so‘lagini yutsa, ro‘zasi ochiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».

 

Izoh:

Oldingi vaqtlarda oq saqich tarkibiga hech qanday shirinlik mahsulotlari qo‘shilmas edi. Shuning uchun uni chaynaganda hech narsa ajralib chiqmasdi. Hozirgi oq saqichlar (jevachkalar) tarkibida turli xil shirinlik moddalari mavjud. Shuning uchun ularni chaynab, tupugini yutsa, ro‘zasi ochiladi. Mazasi yo‘q qora saqichlar hozirda chaynalmaydi.

 

49-FATVO

Uzrsiz taom tuzini totib ko‘rish, bozordan meva sotib olayotganda tanlash uchun totib ko‘rish makruh ishlardandir. Uzrli bo‘lsa, makruh emas. Masalan, erining fe’li yomonligidan taomning tuzini totib ko‘rishga majbur bo‘lsa, xo‘jayinning urishishidan qo‘rqib, bozor mevalarini totib ko‘rib, xarid qilsa, makruh emas. Shuningdek, yosh bolaga ovqatni chaynab beradigan odam yo‘qligidan ro‘zador bo‘la turib, o‘zi chaynab berishi uzr hisoblangani uchun makruh sanalmaydi.

«Olamgiriya», «an-Nahrul-foiq».

 

50-FATVO

Ro‘zador odamning kunduz kuni (uzrsiz) cho‘milishi, boshidan suv quyishi, suvga tushib o‘tirishi, ho‘l kiyimga o‘ralib olishi, ayrim ulamolar nazdida, makruh sanalgan. Abu Yusuf (r.h.) esa, bu kabi ishlar makruh emas, deb fatvo bergan.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

51-FATVO

Saharlik qilish mustahab amallardandir. Vaqti tunning oltinchi qismi hisoblanadi. Iftorlikni shom namozidan oldin, vaqt kirishi bilan qilish, saharlikni esa, oxirgi muddatigacha davom ettirish mustahabdir. Iftorlik duosini o‘qib, ertasi kun ro‘zasi uchun ham niyat qilib qo‘yish sunnat amallardandir.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj», «Me’roj».

 

52-FATVO

Ikki hayit kunlari, tashriq kunlari (qurbon hayiti arafasidan boshlab 5 kun davomida) nafl ro‘za tutish makruhdir. Ro‘za hayitidan keyin olti kun shavvol oyida ro‘za tutish mustahab amallardandir. Lekin paydarpay emas, balki har haftada ikki kundan tutish lozim bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

53-FATVO

Bir yilning barcha kunlarida, hatto taqiq­langan kunlarida ham qoldirmay ro‘za tutish makruhdir. Ammo taqiqlangan kunlari tutmay, qolgan kunlari tutsa, makruh emas. Shuningdek, iftorlik qilmasdan, bir necha kun nafl ro‘za tutish ham makruhdir. Nafl ro‘zaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslikdir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

54-FATVO

Ataylab emas, balki odatda tutib yurgan kunlari davomiga to‘g‘ri kelib qolsa, shanba, yakshanba, navro‘z, mehrjon kunlari nafl ro‘za tutishning karohati yo‘q.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Muhit».

 

55-FATVO

Nafl ro‘zani ayol kishi eridan ruxsatsiz tutishi joiz emas. Mardikor ro‘za tutsa, ishga zarari tegadigan bo‘lsa, xo‘jayindan ruxsat olib tutishi lozim bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

56-FATVO

Musofir Ramazon ro‘zasini tutmay, safardan qaytgach, kuniga – kun qazo tutib berishiga ruxsat etilgan. Lekin ro‘za tutsa, qiynalmaydigan bo‘lsa, yana hamrohlari ham ro‘zador bo‘lishsa, u ham ro‘za tutgani afzal. Ammo ovqatlanish xarajatlari o‘rtada sheriklik bo‘lsa-yu, hamrohlari ro‘za tutmay, kunduzlari ovqatlanadigan bo‘lishsa, u ham ro‘za tutmagani afzal.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

57-FATVO

Musofir ro‘zador holida vataniga qaytib kelsa yoki boshqa shaharda 15 kundan ortiq turishni niyat qilsa, quyosh botgunga qadar ro‘zasini ochmay turadi. Agar ochib yuborsa, makruh va o‘sha kunning qazosi ham vojib bo‘ladi. Muqim kishi kunduzi safarga chiqadigan bo‘lsa, shu kuni ro‘za tutishi lozim. Agar ro‘zasini ochib yuborsa, kafforatsiz qazo lozim bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muxtasar», «Qozixon».

 

 

58-FATVO

Ramazon oyida tutolmay qolgan qazo ro‘zalari zimmasida turib, nafl ro‘za tutishi makruh emas.

«Olamgiriya», «Me’roj».

 

59-FATVO

Agar qasddan ro‘za tutmagan kuni to‘satdan xizmat safariga chiqib ketgan bo‘lsa, kafforat zimmasidan soqit bo‘lmaydi. Zero, safar keyin ma’lum bo‘ldi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

60-FATVO

Bemor kishi halok bo‘lishidan yoki kasali kuchayib ketishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmasligi mumkin. Keyin qazosini tutib beradi. Hatto sog‘lom holatdagi odam ham agar ro‘za tutsa, kasal bo‘lib qolishi ehtimoli g‘olib bo‘lsa, tutmasligi joiz.

«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar», «Tabyin».

 

61-FATVO

Homilador, bola emizadigan hamda hayz va nifosdagi ayollar ro‘za tutmaydilar. Lekin keyin qazosini tutadilar. Agar ayol odati bo‘yicha hayzi keladigan kuni qasddan ro‘za tutmasa va o‘sha kuni hayzi kelmasa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya».

 

 

62-FATVO

Agar ro‘za tutsa, ochlik va tashnalikdan halok bo‘lishi yoki aqldan ozishining xavfi bo‘lsa, shuningdek, havoning yuqori haroratida qurilish ishlarida xizmat qilishga podshohlik tomonidan buyurilgan bo‘lsa va bunday sharoitda ro‘za tutish halokatga yoki aqldan ozishga olib kelishi mumkin bo‘lsa, bularning har biri ro‘za tutmaslikka uzr bo‘ladi. Keyin kafforatsiz qazosi tutilaveradi.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».

 

63-FATVO

Shayxi foniy sanaluvchi erkak va ayollar ro‘za tutmasdan har bir kun uchun bir miskin taomi miqdorida fidya to‘lab qo‘yadilar. «Shayxi foniy» deb, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan keksalarga aytiladi. Fidyani Ramazon oyining boshida yoki oxirida berish mumkin.

«Olamgiriya», «Hidoya», «al-Bahrur-roiq».

 

64-FATVO

Kasallik yoki safar sababli ro‘za tutmay yurgan kishi sog‘aymay yoki uyga qaytmay turib vafot etib qolsa, zimmasidan qazo soqit bo‘ladi. Lekin shunda ham o‘limi oldidan merosxo‘rlariga fidya berishni vasiyat qilgan bo‘lsa, uni ijro etish joiz. Qoldirgan merosining uchdan biri hisobidan fidya ajratiladi. Ammo kasal sog‘ay­gandan keyin yoki musofir uyiga qaytgandan keyin qazo qilgan ro‘za kunlari miqdoricha yashasa, qazolarini o‘zi tutadi. Agar tutmasdan, o‘sha miqdordagi kunlarni o‘tkazib yuborgandan ke­yin o‘lim to‘shagida yotib qolsa, fidya berishni merosxo‘rlariga vasiyat qilib qo‘yishi vojibdir. Fidya har bir kun uchun 2 kg bug‘doy yoki 4 kg arpa, yoxud ularning qiymati miqdoridagi pul mablag‘i. Agar vasiyat qilmagan bo‘lsa-yu, merosxo‘rlar o‘zlaricha fidya bersalar ham, joiz. Ammo vojib emas. Fidya o‘rniga boshqalarning ro‘za tutib berishi joiz emas.

«Olamgiriya», «Badoye»,
«Hidoya», «Qozixon».

 

65-FATVO

Nafl ro‘zani ham uzrsiz ochish joiz emas. Mehmonga borish, mezbon bo‘lish kabilar uzr hisoblanadi. Agar mehmondorchilik qilinayotgan joyda hech kim ranjib qolmaydigan bo‘lsa, nafl ro‘zasini ochmagani ma’qul. Aks holda, ro‘zani ochib, keyin qazosini tutaveradi. Imom Halvoniy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, keyin qazosini tutib bera olishiga ko‘zi yetmasa, ro‘zasini ochmaydi. Yana bu gaplarga zavol vaqtigacha bo‘lsagina amal qilinadi. Ammo zavoldan keyinga yetganda, katta uzr bo‘lmagunicha ochmaydi. Masalan, agar ochmasa, ota-ona norozi bo‘lib qolishiga sabab bo‘lsa.

«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Muhit», «Sharhi Viqoya».

 

66-FATVO

Ro‘za tutsa, namozni tik turib o‘qishga kuchi yetmaydi, o‘tirib o‘qishga majbur bo‘ladi. Ro‘za tutmasa, namozni tik turib o‘qishga qodir. Bunday odam ro‘za tutib, namozni o‘tirib o‘qiyveradi. Shunday qilganda, har ikki ibodatni bajargan bo‘ladi.

«Bazzoziya».

 

67-FATVO

Musofir ro‘za tutmagan holda uyiga qaytsa, quyosh botgunga qadar ovqatlanmay turishi vojib. Shuningdek, hayzdan kunduzi pok bo‘lgan ayol, ro‘zaning birinchi kuni ekani aniqlanganda shak kuni e’tibori bilan ro‘za tutmay turgan, ehtiyotsizligi bois yoki majburiy ravishda ro‘zasi ochilgan kishilar baribir ro‘zam ochildi-ku, deb ovqatlanavermasdan, iftorlik vaqtigacha xuddi ro‘zadorlardek o‘zlarini yeb-ichish va jinsiy aloqadan tiyib turishlari vojibdir.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Fathul-Qadir».

 

68-FATVO

Hayz va nifosdagi ayollar, bemor va musofirlar o‘zlarini ro‘zadordek ko‘rsatib, ro‘za tutmaganlarini odamlardan yashirishlari lozim emas.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

69-FATVO

Nafl ro‘zani tutishga kirishish bilan uni ochmasdan quyosh botgunga qadar yetkazish vojib bo‘ladi. Agar o‘z ixtiyori yoki boshqa sabab bilan ro‘zasi ochilsa, qazosini tutishi vojibdir. Masalan, nafl ro‘za tutgan ayol kunduzi hayz ko‘rib qolsa, ro‘zasi ochilib ketgani uchun o‘sha kunning qazosi ham vojib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Hidoya», «Nihoya».

 

70-FATVO

Qazo ro‘za tutishning niyatini tong otgandan keyin qilsa, durust emas. Lekin nafl ro‘za deb niyat qilsa, Imom Nasafiy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, joiz. Agar shunday niyat qilgandan keyin ro‘zasini ochsa, qazosini tutishi vojibdir.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

71-FATVO

Hazrat Alining (r.z.): «Ro‘zangizning birinchi kuni qurbonlik qiladigan kuningizdir», degan so‘zlari xususida fuqaholarimiz bunday xulosa qilganlar. Masalan, «Olamgiriya»da Qurbon hayiti Ramazon oyining birinchi kuniga qarab belgilanmaydi. Ya’ni, payshanba kuni ro‘za tutilgan bo‘lsa, Qurbon hayitining Arafa kuni ham payshan­ba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, aniqlanmagunicha shu kuni qurbonlik qilish joiz emas. Zero, hazrat Alining (r.z.) mazkur so‘zlari o‘sha yilning o‘ziga xos bo‘lib, abadiylikni kasb etmasligi mumkin, deyilgan. Xuddi shu ma’no «Qozixon», «Bazzoziya» kitoblarida ham ta’kidlangan. Demak, obdon aniqlanmagunicha ro‘za bilan qurbonlik kuni bir kunga to‘g‘ri keladi, degan gapga amal qilish joiz emas. Ayrim yillarda tasodifan to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Lekin har yili emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Bazzoziya».

 

 

72-FATVO

Ado etilishi farz qilingan ro‘zalar o‘n uch xildir. Ulardan yettitasi kunora emas, ketma-ket tutilishi vojib. Ular Ramazon ro‘zasi, xun kafforati, «zihor» kafforati, qasam kafforati, Ramazon ro‘zasi kafforati, muayyan nazr va muayyan qasam ro‘zalari. Olti xil ro‘zada paydar-pay tutish vojib emas. Ular – Ramazon ro‘zasining qazosi, tamattu’ hajining «mut’a» ro‘zasi, hajda sochini muayyan vaqtidan oldin oldirgani uchun tutiladigan ro‘za, hajda ov qilib qo‘ygani uchun tutiladigan ro‘za, mutlaq (tayinsiz) nazr ro‘zasi va qasam ro‘zasi. Ramazon oyida qazo bo‘lgan ro‘za kunlarini uzluksiz tutish-tutmasligi ixtiyoriy bo‘lsa-da, birin-ketin tutgani yaxshi. Bunda zimmasidagi qarzini tezroq ado etgan bo‘ladi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «as-Sirojul-vahhoj».

 

73-FATVO

Laylatulqadr kechasi Abu Hanifa (r.h.) nazdida, Ramazon oyida kechadi. Lekin muayyan bir kechada emas. Ba’zan oldin, ba’zan keyinroq kelaveradi. Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) nazdida, har yili muayyan bir kechada keladi. Laylatulqadr kechasini topib, undan bahramand bo‘lishga harakat qilish mustahab amallardandir.

«Olamgiriya», «Me’roj», «Fathul-Qadir».

 

Izoh:

Imom Bag‘aviy tafsirida yozishiga ko‘ra, Ramazon oyining nechanchi kechasi Laylatul-qadr ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Lekin sahobalar Rasuldan (a.s.) uni aniqlab berishlarini so‘rayverganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi o‘n kunligida, deb, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar. Oxiri bu muborak kechaning alomatlarini aytganlaridan so‘ng 27-kecha degan xulosaga kelishgan.

 

74-FATVO

Ramazon oyi tugab, hayit kunining tongi yorishishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. U 2 kg bug‘doy yo mayiz, 4 kg xurmo yoki arpa, yoxud ularning qiymati deb belgilangan. Fitr sadaqasi zakot nisobi miqdorida boyligi bo‘lgan musulmonlar zimmasiga vojibdir. Bunda zakotdagi kabi boyligining o‘sib turishi (numuv) shart emas. Demak, nisobga ega, lekin zakot berishi vojib bo‘lmagan kishilar ham fitr sadaqasini berishlari kerak. Uni o‘z hisobidan va balog‘atga yetmagan faqir bolalari nomidan beradi. Xotini, katta yoshdagi bolalari va boy farzandlari uchun berishi vojib emas. Balki ularning o‘zlari berishadi. Fitr sadaqasini beruvchi odam sadaqa qabul qilmaydi, zimmasiga qurbonlik va yaqin qarindoshlarining nafaqasi ham vojib bo‘ladi. Fitr sadaqasini hayit kuni bera olmagan odam zimmasidan soqit bo‘lmaydi, balki keyinroq bo‘lsa ham uni ado etadi.

«Muxtasarul-Viqoya».

Izoh:

Mabodo kishi xotini, katta yoshdagi farzandlari nomidan fitr sadaqasi bermoqchi bo‘lsa, joiz. Lekin ularga bildirib qo‘yishi lozim.

 

 

HAJ VA UMRA
Boshqa maqolalar

Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

8.01.2025   17074   14 min.
Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.

Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.

Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.

Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.

Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!

Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).

Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!

«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).

Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).

Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).

So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».

Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).

Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).

Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan