1-FATVO
Haj ibodati aqli raso, balog‘at yoshidagi sog‘lom musulmon kishi zimmasiga, agar yo‘lga qodir bo‘lsa, umrida bir marta ado etish farzdir. Borib-kelishga har tomonlama qodirligi yuzaga chiqishi bilan o‘sha yili borishi vojib bo‘ladi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida, o‘sha yili borishi shart emas. Umrining oxirigacha borsa, kifoya. Lekin vaqtida, tezroq borgani yaxshi. Boshqa faqihlar nazdida, qodir bo‘lgan yili bormasdan, orqaga sursa, gunohkor bo‘ladi. Xususan, sog‘lig‘i davom etishidan umidi oz kishi kechiktirmagani avlo. Kechiktirib qilgan haji ham hisobga o‘tadi. Alloh asrasin, qodir bo‘lgan yillari bormasdan, kechiktirib yurganda vafot etsa, dunyodan gunohkor holda ketgan bo‘ladi.
Hajning farz bo‘lish shartlaridan biri – ulov bilan oziq-ovqatga qodirlikdir. Shuningdek, borib kelguniga qadar oila a’zolari uchun yetadigan nafaqaga ham qodir ekanidir. Nafaqa o‘rtacha miqdorda bo‘lishi nazarda tutilgan. Qo‘lidagi mablag‘i hajga yetarli, lekin oila qurish niyati ham bo‘lsa, uylanishni keyinga qo‘yib, hajga borishi lozim.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muxtasar», «Xizona».
2-FATVO
Yashayotgan uyimni sotib, o‘rniga arzonroq uy sotib olsam, ortgan puli haj safari xarajatiga yetar ekan, degan o‘yga borib, uyini sotishi shart emas. Shuningdek, hovlisidagi ortiqcha uylarni sotib, puliga hajga borishi lozim bo‘lmaydi. Agar o‘z ixtiyori bilan sotib hajga borsa, bu ham avlodir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Izoh».
3-FATVO
Sog‘liq ham hajning farz bo‘lishi uchun shart qilingan. Surunkali kasalga chalingan, ko‘zi ojiz, falaj, ikki oyog‘i kesilgan kabi kishilarga haj vojib emas. Ularni boshqa odamlar haj qildirib qo‘yishlari ham vojib hisoblanmaydi, og‘ir kasal bo‘lsa, badal hajiga vasiyat qilishi ham lozim emas. Shuningdek, katta yoshli notavon kishilar, bemorlarga ham haj lozim bo‘lmaydi. Bu Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammaddan (r.h.) qilingan rivoyat. Oxirgi ikki imomdan yana mazkur uzrli kishilarga ham haj qilish vojib, degan naql bor. Agar o‘sha ojizlik davom etib tursa, ular birovlarga haj qildirsalar joiz, bordi-yu, ojizlik ketib, qudrat hosil bo‘lsa, o‘zlari qaytadan haj qilishlari vojib.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
4-FATVO
Yo‘lga qodir, sog‘lom odam hajga bormay yurganida to‘satdan surunkali kasal yoki falajga aylanib qolsa, xarajatini to‘lab, badal haji qildirishi lozim. Agar uzrli, notavon bemor kishilar qiyinchilikka qaramay, o‘zlari hajni ado etsalar, hajlari hisobga o‘tadi. Sog‘ayganlaridan keyin qaytadan haj qilishlari lozim emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
5-FATVO
Yurti bilan Makka shahri o‘rtasidagi uzoqlik safar masofasi (90–100 km)ga teng yoki ortiq bo‘lsa, ayol kishi uchun hajga birga borib keladigan mahram bo‘lishi shart qilingan. Mahram deb, eri yoki o‘rtalarida nikoh ravo bo‘lmaydigan erkak qarindoshlaridan biri tushuniladi. Uning qarindoshligi nasab yo emikdoshlik, yoki qudachilik jihatidan bo‘lishi mumkin. Musulmon bo‘lishi shart emas. Oqil, bolig‘, ishonchli bo‘lsa, kifoya. Nikohning farqiga bormaydigan majusiy mahramlikka yaramaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon», «Muhit».
6-FATVO
Mahram bo‘lib hajga hamroh sifatida borib keluvchi kishining ovqat va yo‘l xarajatlari ayolning zimmasidadir. Ayol kishida yo‘lga qodirlik va mahram mavjud bo‘lsa, farz sanaluvchi hajga erining ruxsatisiz ham borishi joiz. Ammo nafl sanaluvchi haj safariga erining ruxsatisiz borishi joiz emas. Ayolga mahram topilmagani uchun erga tegib, uni olib ketishi vojib emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
7-FATVO
Ayol kishiga qo‘yilgan shartlardan yana biri – iddada o‘tirganlardan bo‘lmasligidir. Iddasi eri o‘lgani yoki taloq qilingani sababli bo‘lishining farqi yo‘q. Agar haj safari asnosida eri o‘lib yoki taloq bilan idda o‘tirishga to‘g‘ri kelib qolsa, yetgan joyidagi shahardan iddasi tugaguncha chiqmasligi lozim.
«Olamgiriya», «Qozixon».
8-FATVO
Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda bo‘lish, «ziyorat tavofi» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»,
«Muxtasar», «al-Bahrur-roiq».
9-FATVO
Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda bo‘lish, «ziyorat tavofi» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»,
«Muxtasar», «al-Bahrur-roiq».
10-FATVO
Hajning odoblari – hajga otlangan odam avvalo, qarzlarini ado etsin. Hajga borish xususida aqlli, dono kishilarga maslahat solsin. Istixora qilsa, yanada yaxshi. So‘ngra tavba-tazarru bilan niyatni xolis qilsin. Birovning omonati bo‘lsa, egasiga topshirsin. Rozi-rizolik so‘rasin. Namoz va ro‘zalarining qazosi bo‘lsa, ado etsin. Xato va kamchiliklari uchun nadomat chekib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Faxrlanish, riyokorlik, maqtanishdan saqlansin. Faqat haloldan yiqqan puliga hajga borishga harakat qilsin. Shubhali yo harom yo‘l bilan topilgan mablag‘ga haj qilgani uchun gunohkor bo‘lsa-da, hajning farzi zimmasidan soqitdir, degan so‘z ham manbalarda kelgan. Hajda tijorat bilan ham shug‘ullansa, savobi kamayib qolmaydi. Lekin savdoni aralashtirmagani avlo.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Qozixon».
11-FATVO
Modomiki hajda ehromli ekan, behuda, fahsh so‘zlardan, fisqu fujur ishlardan, janjalu nizolardan, ov qilishdan, xushbo‘y narsalar sepish, tirnoq olish, yuzini yopish, bosh kiyim kiyish, boshni shampun bilan yuvish, soch oldirish yoki qisqartirish, tikilgan kiyim, salla kiyish kabilardan saqlanish vojibdir. Cho‘milish, salqin joyda dam olish, beliga hamyon bog‘lash kabi ishlar joiz.
«Muxtasarul-Viqoya».
12-FATVO
Ota-onadan biri rozilik bermasa ham, hajga borish makruhdir. Ammo ular farzandning xizmatiga muhtoj bo‘lishmasa, hajga borishning zarari yo‘q. Ota-ona yo‘qligida bobo va momolar ularning hukmidadirlar. Shuningdek, nafaqasiga muhtoj xotini, bolalari, qarindoshlari uning hajga borishini yoqtirmasalar ham, borib-kelgunicha moddiy tomondan qiynalib qolmasliklariga aqli yetsa, hajga ravona bo‘lishi joiz. Ota soqoli chiqmagan o‘g‘lini hajga yuborishga rozi bo‘lmasligi mumkin. Ammo farz bo‘lgan hajning adosi ota itoatidan avlo. Otaga bo‘ysunish nafl bo‘lgan hajdan avlodir.
«Olamgiriya», «Muhit».
13-FATVO
Ka’bani tavof qilib turganida yoki Safo bilan Marva o‘rtasida yurib sa’y qilayotganida namozga iqomat (takbir) aytilib qolsa, darhol tavof va sa’yni to‘xtatib, namozga keladi. Janoza o‘qish uchun ham sa’yni to‘xtatib keladi. Janozadan keyin qolgan sa’yni davom ettiradi.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
14-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilish, ya’ni, yetti bor yurib chiqish tavofdan keyin ijro etiladi. Agar oldin sa’y qilgan bo‘lsa, tavofdan keyin takrorlaydi. Safodan Marvagacha yurishi bir marta, Marvadan Safogacha yurishi ikkinchi martaga o‘tadi. Sa’yni Marvadan boshlasa, Safogacha yurib borgani bir martaga o‘tmaydi. Ehromdan chiqqach, hatto bir necha oydan so‘ng sa’y qilsa ham, bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira».
15-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilishda tahoratciz yoki junub holatida bo‘lsa ham, sa’yi durust hisoblanaveradi. Aslida, Ka’bada qilinmaydigan haj amallari (manosiklari) uchun tahorat shart emas. Masalan, sa’y, Arafotda, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabilar Ka’badan tashqaridagi amal bo‘lgani uchun tahoratli bo‘lish shart qilinmagan.
«Olamgiriya», «Sharhut-Tahoviy».
16-FATVO
Ka’ba tavofini tugatgach, Ibrohim (a.s.) maqomi oldiga kelib, ikki rakat namoz o‘qiydi. Agar u joyda odam ko‘pligidan o‘qish qiyin bo‘lsa, masjidning xohlagan yeriga borib o‘qishi mumkin. Bu ikki rakat namoz, bizning mazhabimizda, vojib. Shuning uchun uni masjidning tashqarisida bo‘lsa ham, qoldirmay o‘qish kerak. Birinchi rakatiga «Qul yo ayyuhal kofirun» surasini, ikkinchi rakatiga Ixlos surasini zam sura sifatida o‘qiydi. Namozdan so‘ng maqom ortiga kelib, hojatlarini so‘rab, Allohga iltijo qiladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Qozixon».
15-FATVO
Ro‘za uch turli bo‘ladi – farz, vojib, nafl. Farz sanaluvchi ro‘za ikki xil – muayyan farz, ya’ni, Ramazon oyi ro‘zasi bilan kafforat uchun tutiladigan ro‘za va Ramazon oyida uzrli tutilmagan ro‘za qazosi. Vojib ham ikki xil – muayyan nazr va qachon hamda qanchaligi tayin etilmagan nazr. Qolgan ro‘zalar nafl hisoblanadi.
Ro‘zaning vaqti tong yorishgan paytdan boshlab, quyosh botguniga qadardir. Saharlik qilayotganida tong yorishgani yoki yorishmaganida shak qilib qolsa, darhol yeb-ichishni to‘xtatadi. Bordi-yu, yeb-ichishda davom etaversa, lekin tong yorishgandan keyin ham yeb-ichishdan to‘xtamagani aniq bo‘lmasa, ro‘zasi durust. Agar aniqlansa, bir kuniga bir kun qazosini tutadi. Kafforat lozim emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Tabyin».
Izoh:
Bu masala taqvim, soat keng joriy bo‘lmagan davrlarga to‘g‘ri keladi. Ammo bizning asrimizda shak qilishga o‘rin yo‘q. Qo‘lida taqvimi, soati bo‘la turib, aniq belgilab qo‘yilgan vaqtidan keyin ham yeb-ichaversa, albatta, ro‘zasi hisobga o‘tmaydi. Ro‘za kafforati bir kuniga 60 kun ro‘za tutish yoki 60 nafar miskinga taom berishdan iboratdir.
16-FATVO
Agar ikki kishi tong otganiga, yana ikki odam tong otmaganiga guvohlik berganlaridan keyin yeb-ichishni to‘xtatmagan bo‘lsa, so‘ngra oldingilarning gapi rost chiqsa, ham qazo, ham kafforatni ado etadi. Agar tong otdi, deb bir guvoh, tong otmadi, deb yana bir guvoh aytganidan keyin yebichsa va oldingi guvohning gapi rost chiqib qolsa, bir kun ro‘za qazosi vojib bo‘ladi. Kafforat vojib bo‘lmaydi. Zero, tong otganiga bitta guvohning gapi to‘liq hujjat bo‘la olmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
17-FATVO
Quyosh botdi, deb ikki kishi, botgani yo‘q, deb yana ikki odam guvohlik berganidan keyin og‘zini ochib yuborgan ro‘zadorga quyosh botmay turib iftorlik qilgani ma’lum bo‘lib qolsa, qazo vojib bo‘ladi, kafforat emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
18-FATVO
Ro‘zaning farz bo‘lish shartlari – Islom dinida bo‘lish, aql, balog‘at, sog‘liq, o‘z yurtida turish, safarga chiqmaganlik, niyat, hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Niyat aslida dil bilan bo‘ladi. Lekin til bilan ham aytish sunnatdir.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Nihoya», «an-Nahrul-foiq».
19-FATVO
Ramazon kechasida turib, saharlik qilishning o‘zi ro‘za niyati o‘rniga o‘tadi. Zero, diliga ro‘za tutishni keltirish niyatga o‘tar edi. Saharlik qilgan odamning diliga o‘z-o‘zidan ro‘za tutish niyati kelgan bo‘ladi. Bizning mazhabimizda, Ramazon tugaguncha har kuni niyat yangilab turiladi. Niyatning vaqti quyosh botgandan boshlab, ertasi kuni qiyom paytigachadir.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon».
Izoh:
Shuning uchun iftorlik duosini o‘qiyotganda ertangi ro‘za niyatini ham qilib qo‘yish ayni ehtiyotkorlikdir. Zero, saharlikka tura olmasa, o‘sha niyati kifoya qiladi.
20-FATVO
Ramazon ro‘zasini nafl niyati yoki umuman ro‘za niyati bilan tutish ham mumkin. Muayyan nazr, nafl ro‘za niyatining hukmi ham xuddi shunday. Lekin safarda va bemorlikda tutilgan ro‘za uchun qaysi ro‘zaga niyat qilayotganini aniqlab, tayin qilib qo‘yishi shart.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «al-Jome’us-sag‘ir».
21-FATVO
Qazo ro‘zasi, kafforat uchun tutiladigan ro‘za, tayin etilmagan nazr ro‘zasi uchun tong otmasdan oldin, tunda niyat qilish shart.
«Muxtasar», «Niqoya», «as-Sirojul-vahhoj».
22-FATVO
Ramazon oyi hilolini (birinchi kuni chiqqan yangi oyni) yakka o‘zi ko‘rgan odam, garchi boshqalar buni inkor etsalar ham, ertasi kundan ro‘za tutishi vojib. Agar tutmasa, bir kun qazosini tutib beradi. Hayit hilolini yakka ko‘rgan kishi ham, guvohligi o‘tmagani uchun ertasi kuni ham ro‘za tutadi. Agar tutmasa, qazosini tutib beradi.
«Muxtasar», «Qozixon»,
«Ixtiyor».
Izoh:
Ro‘za hiloli uchun ham, hayit hiloli uchun ham kamida ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishining guvohligi zarur. Bizning asrimizda hilolni ko‘rib, ro‘za tutish va hilolni ko‘rib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamolari ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo bo‘lgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy bo‘lgani ko‘pchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida «ru’yati hilol»ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qanday yozilganidan qat’i nazar, yangi oy hilolini ko‘rgan guvohlar so‘ziga binoan e’lon qilinadi. Natijada, bizning mintaqamizga o‘xshagan ko‘plab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida ba’zan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda ro‘zani boshlash yoki hayitni e’lon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat o‘zining iqlimiga qarab hilol ko‘rinishini belgilab, o‘zining hisob-kitobi bo‘yicha ro‘za va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani «Badoyeus-sanoye» kitobida keltirilgan.
23-FATVO
Ramazon hilolini ko‘rib, 29 kun ro‘za tutgan bir shahar ahliga bir guruh kishilar kelib, falon shahar aholisi hilolni sizlardan bir kun oldin ko‘rishibdi, shunga ko‘ra, bugun ro‘zaning 30-kuni, deb aytsalar, ularning gapiga amal qilinmaydi. Zero, hilolni ularning o‘zlari ko‘rgan emas, balki boshqalarning ko‘rganini naql qildilar.
«Qozixon», «Olamgiriya».
24-FATVO
Ramazon hilolini ko‘rmasdan ro‘zani boshlab, 28-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolgan kishilar, sha’bon oyi hilolini ko‘rib, 30 kun hisoblagan bo‘lsalar, bir kun qazo tutadilar. Bordi-yu, 29-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolsalar, qazo lozim emas. Ammo sha’bon hilolini ko‘rmasdan, uni 30 kun hisoblab, ro‘zani boshlagan bo‘lsalar, ikki kun qazo tutadilar.
«Xulosa», «Olamgiriya».
25-FATVO
Hilolni ko‘rgan holda Ramazon oyidan 29 kun tutib, hayit e’lon qilgan shahar ahli ichida kasalligi sababli ro‘za tutmagan kishi bo‘lsa, u ham 29 kun qazo tutadi. Bordi-yu, u shahar ahlining 29 kun tutganidan xabarsiz bo‘lsa, 30 kun qazo tutaveradi.
«Olamgiriya», «Muhit».
Izoh:
Ramazon oyi taqvim bo‘yicha 30 kun bo‘lsa-da, sha’bon oyi oxirida Ramazon hiloli ko‘rinib qolsa, ro‘za bir kun keyin boshlanadi. Shu sababli Ramazon ba’zan 29 kun bo‘ladi. Shunday uzr sababli tutilmagan bir kunning qazosi tutilmaydi. Shuningdek, Ramazonning oxirida shavvol hiloli oldinroq ko‘rinib qolsa ham, ro‘za to‘xtatiladi, tutilmay qolgan kun qazosi tutilmaydi. Shu bois ba’zi yillarda ro‘za 28 kun tutiladi.
26-FATVO
Ro‘zadorligi esida yo‘q kishi biror ovqat yeb qo‘ysa yo ichimlik, yoki dori ichib qo‘ysa, yoxud jinsiy aloqa qilib qo‘ysa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo shu ishlardan birortasini qasddan qilsa, ro‘zasi ochiladi. Keyin u har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda 60 kun ro‘za tutib beradi yoki 60 nafar och kishi (miskin) qornini to‘yg‘azadi. Ro‘zador ayolini jinsiy aloqaga majburlagan bo‘lsa, o‘zi 60 kun kafforat, ayoli bir kun qazo ro‘zasini tutadi. Ayoli rozilik bergan bo‘lsa, u ham 60 kun kafforat ro‘zasini tutadi.
«Olamgiriya», «Hidoya».
27-FATVO
G‘izo uchun yeyiladigan yoki dori sifatida iste’mol qilinadigan narsalarni g‘izo va dori niyati bilan qasddan iste’mol qilsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Ammo mazkur narsalarni boshqa niyat, maqsadda iste’mol qilsa, kuniga – kun qazo ro‘zasini tutadi. Lekin kafforat lozim emas. Hayvon go‘shti yoki yog‘ini xomicha yesa ham, ro‘za ochiladi.
«Olamgiriya», «Xizonatul-muftin».
28-FATVO
Daraxt barglari ichida tok bargi kabi yangi unib chiqqan paytida yoki har doim yeyiladiganlari bor. O‘shalardan yeb qo‘ysa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Agar odatda yeyilmaydigan daraxt yoki giyoh barglaridan yesa, ro‘zasi ochiladi. Lekin ro‘za qazosini tutadi, kafforat lozim emas.
«Al-Bahrur-roiq», «Olamgiriya», «Tabyin».
29-FATVO
Uzumning bir dona urug‘ini chaynab yutsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Chaynamay yutsa, faqat qazo vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
30-FATVO
Tuz yesa, faqat qazo vojib bo‘ladi. Ammo tuz yeb yurishga odatlangan odam bo‘lsa, ham qazo, ham kafforat vojibdir. Lekin tuz yegan ro‘zadorga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi, degan fatvolar ham bor. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Tabyin»,
«Xulosa», «Sharhi Niqoya».
31-FATVO
Ro‘zadorligi esidan chiqib, ovqatlanayotgan kishini ko‘rib qolgan odam qaraydi: agar u kechgacha ro‘zasini bemalol yetkazadigan kishidek tuyulsa, ro‘zasini eslatadi. Aks holda, makruh ish qilgan bo‘ladi. Bordi-yu, u keksa odam va chamasida ro‘zasini kechgacha yetkaza olmaydigan bo‘lsa, ro‘zani eslatmasligi joiz.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
32-FATVO
Birovning majbur qilishi sababli yoki ro‘zaligi esida bo‘la turib, ehtiyotsizlik bilan (xatoan) ro‘zasini ochib qo‘ysa, qazoning o‘zi vojib, kafforat lozim emas.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muxtasar».
Izoh:
Ehtiyotsizlik deganda, masalan, tahorat yoki g‘usl qilayotganda tomog‘idan suv o‘tib ketishi kabilar tushuniladi. Agar ro‘zadorligi esida yo‘q bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi.
33-FATVO
Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
34-FATVO
Odatda yeyilmaydigan – tosh, tuproq, danak, paxta, hashak, qog‘oz kabi narsalarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Lekin kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa».
35-FATVO
Tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini yutsa, ular no‘xatdan katta bo‘lmasa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo og‘zidan tashqariga chiqarib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa, no‘xatdan kichik bo‘lsa ham, ro‘zasi ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilofli fatvolar mavjud. Vojib bo‘lmasligiga Abu Lays Samarqandiydan (r.h.) rivoyat bor.
«Olamgiriya», «Xulosa».
36-FATVO
Tish orasidagi bir dona kunjutni yutib yuborsa, kichik bo‘lgani uchun ro‘zasi ochilmaydi. Ammo uni og‘zidan chiqarib, so‘ngra yana qayta og‘ziga solib yutsa, ro‘za ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilof bor. Agar tish orasidagi bir dona kunjutni chaynasa, ro‘zasi ochilmaydi. Lekin chaynab yutganida tomog‘ida uning mazasini sezsa, ro‘zasi ochiladi. Boshqa har qanday taom, don yoki boshqa chaynalgan kichik narsalar shu qoidaga qiyos qilinaveradi.
«Olamgiriya», «Muxtasar»,
«Qozixon», «Fathul-Qadir».
37-FATVO
Og‘iz so‘lagini tashqariga chiqarmay yutsa, ro‘zasi ochilmaydi. Tashqariga chiqarib olib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa, ro‘zasi ochiladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
38-FATVO
Og‘zini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini og‘iz so‘lagiga qo‘shib yutib yuborsa, shuningdek, dimog‘iga kelgan burun suyuqligini tomog‘iga tortib yuborsa, ro‘zasi ochilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
39-FATVO
Qonni yutib yuborsa, kafforatsiz qazoning o‘zini tutadi. Tishlarning milkidan chiqqan qonni so‘lak bilan qo‘shib yutib yuborsa, qon bilan so‘lakdan qaysi biri ortiq yoki kam miqdorda bo‘lishiga qaraladi. Agar qon ortiq bo‘lsa yoki so‘lak bilan barobar bo‘lsa, ro‘za ochiladi. Bordi-yu, so‘lak ortiq bo‘lsa, ochilmaydi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
40-FATVO
Gazlama to‘quvchi ish jarayonida bo‘yalgan ip tolalarini og‘ziga solganida yuqqan ko‘kmi, qizilmi, sariqmi, boshqa rangmi, so‘laklariga aralashib, tomog‘idan o‘tib ketsa, ro‘zasi ochiladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
41-FATVO
Tomog‘iga chang, tutun, pashsha, chivin kabi narsalar kirsa, ro‘zasi ochilmaydi. Shuningdek, ehtilom bilan ham ro‘za ochilmaydi.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «Izohul-Kirmoniy».
42-FATVO
Bir-ikki tomchi ko‘zyoshi yoki yuzidan oqqan ter og‘ziga kirib, tomog‘idan o‘tib ketsa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo bu miqdordan ziyod bo‘lib, og‘zida ko‘pgina sho‘rlikni sezsa, ro‘zasi ochiladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
43-FATVO
Badanning tabiiy teshikchalaridan (ikki maxrajdan boshqa) kirgan moy, suv kabi narsalar bilan ro‘za ochilmaydi. Ko‘ziga dori tomizganda, garchi tomog‘ida uning mazasi bilinsa ham, ro‘za ochilmaydi.
«Olamgiriya», «an-Nahr»
44-FATVO
Og‘zi to‘la qussa, kafforatsiz qazoning o‘zini tutib beradi. Bordi-yu, u qaytarishga kuchi yetmaydigan darajada kuch bilan kelsa, ro‘za ochilmaydi.
«Muxtasar», «an-Nahr».
45-FATVO
Huqna qildirish, burun bilan dorini dimoqqa tortib yutish, quloqqa yog‘ tomizish kabilar bilan ro‘za ochiladi va kafforatsiz qazo vojib bo‘ladi. Agar qulog‘iga suv kirib ketsa, ro‘zasi ochilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Hidoya».
46-FATVO
Go‘shtni ipga bog‘lab turib yutib, darhol qaytarib tortib olsa, ro‘za ochilmaydi. Bir cho‘pning uchini tomog‘idan o‘tkazsa-yu, ikkinchi uchini qo‘lida ushlab turgan bo‘lsa, so‘ng qayta tortib chiqarsa, ro‘za ochilmaydi. Ammo cho‘p tomoqdan o‘tib, ichida qolib ketsa, ro‘za ochiladi.
«Olamgiriya», «Badoye», «Xulosa».
47-FATVO
Suv bilan istinjo qilayotganida ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi. Aks holda, ostidan suv kirib, ro‘zasining ochilib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
48-FATVO
Oq saqichni chaynab, so‘lagini yutsa ham, ro‘zasi ochilmaydi, lekin makruh sanaladi. Qora saqichni chaynab, so‘lagini yutsa, ro‘zasi ochiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
Izoh:
Oldingi vaqtlarda oq saqich tarkibiga hech qanday shirinlik mahsulotlari qo‘shilmas edi. Shuning uchun uni chaynaganda hech narsa ajralib chiqmasdi. Hozirgi oq saqichlar (jevachkalar) tarkibida turli xil shirinlik moddalari mavjud. Shuning uchun ularni chaynab, tupugini yutsa, ro‘zasi ochiladi. Mazasi yo‘q qora saqichlar hozirda chaynalmaydi.
49-FATVO
Uzrsiz taom tuzini totib ko‘rish, bozordan meva sotib olayotganda tanlash uchun totib ko‘rish makruh ishlardandir. Uzrli bo‘lsa, makruh emas. Masalan, erining fe’li yomonligidan taomning tuzini totib ko‘rishga majbur bo‘lsa, xo‘jayinning urishishidan qo‘rqib, bozor mevalarini totib ko‘rib, xarid qilsa, makruh emas. Shuningdek, yosh bolaga ovqatni chaynab beradigan odam yo‘qligidan ro‘zador bo‘la turib, o‘zi chaynab berishi uzr hisoblangani uchun makruh sanalmaydi.
«Olamgiriya», «an-Nahrul-foiq».
50-FATVO
Ro‘zador odamning kunduz kuni (uzrsiz) cho‘milishi, boshidan suv quyishi, suvga tushib o‘tirishi, ho‘l kiyimga o‘ralib olishi, ayrim ulamolar nazdida, makruh sanalgan. Abu Yusuf (r.h.) esa, bu kabi ishlar makruh emas, deb fatvo bergan.
«Olamgiriya», «Muhit».
51-FATVO
Saharlik qilish mustahab amallardandir. Vaqti tunning oltinchi qismi hisoblanadi. Iftorlikni shom namozidan oldin, vaqt kirishi bilan qilish, saharlikni esa, oxirgi muddatigacha davom ettirish mustahabdir. Iftorlik duosini o‘qib, ertasi kun ro‘zasi uchun ham niyat qilib qo‘yish sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj», «Me’roj».
52-FATVO
Ikki hayit kunlari, tashriq kunlari (qurbon hayiti arafasidan boshlab 5 kun davomida) nafl ro‘za tutish makruhdir. Ro‘za hayitidan keyin olti kun shavvol oyida ro‘za tutish mustahab amallardandir. Lekin paydarpay emas, balki har haftada ikki kundan tutish lozim bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
53-FATVO
Bir yilning barcha kunlarida, hatto taqiqlangan kunlarida ham qoldirmay ro‘za tutish makruhdir. Ammo taqiqlangan kunlari tutmay, qolgan kunlari tutsa, makruh emas. Shuningdek, iftorlik qilmasdan, bir necha kun nafl ro‘za tutish ham makruhdir. Nafl ro‘zaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslikdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
54-FATVO
Ataylab emas, balki odatda tutib yurgan kunlari davomiga to‘g‘ri kelib qolsa, shanba, yakshanba, navro‘z, mehrjon kunlari nafl ro‘za tutishning karohati yo‘q.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Muhit».
55-FATVO
Nafl ro‘zani ayol kishi eridan ruxsatsiz tutishi joiz emas. Mardikor ro‘za tutsa, ishga zarari tegadigan bo‘lsa, xo‘jayindan ruxsat olib tutishi lozim bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
56-FATVO
Musofir Ramazon ro‘zasini tutmay, safardan qaytgach, kuniga – kun qazo tutib berishiga ruxsat etilgan. Lekin ro‘za tutsa, qiynalmaydigan bo‘lsa, yana hamrohlari ham ro‘zador bo‘lishsa, u ham ro‘za tutgani afzal. Ammo ovqatlanish xarajatlari o‘rtada sheriklik bo‘lsa-yu, hamrohlari ro‘za tutmay, kunduzlari ovqatlanadigan bo‘lishsa, u ham ro‘za tutmagani afzal.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
57-FATVO
Musofir ro‘zador holida vataniga qaytib kelsa yoki boshqa shaharda 15 kundan ortiq turishni niyat qilsa, quyosh botgunga qadar ro‘zasini ochmay turadi. Agar ochib yuborsa, makruh va o‘sha kunning qazosi ham vojib bo‘ladi. Muqim kishi kunduzi safarga chiqadigan bo‘lsa, shu kuni ro‘za tutishi lozim. Agar ro‘zasini ochib yuborsa, kafforatsiz qazo lozim bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muxtasar», «Qozixon».
58-FATVO
Ramazon oyida tutolmay qolgan qazo ro‘zalari zimmasida turib, nafl ro‘za tutishi makruh emas.
«Olamgiriya», «Me’roj».
59-FATVO
Agar qasddan ro‘za tutmagan kuni to‘satdan xizmat safariga chiqib ketgan bo‘lsa, kafforat zimmasidan soqit bo‘lmaydi. Zero, safar keyin ma’lum bo‘ldi.
«Olamgiriya», «Muhit».
60-FATVO
Bemor kishi halok bo‘lishidan yoki kasali kuchayib ketishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmasligi mumkin. Keyin qazosini tutib beradi. Hatto sog‘lom holatdagi odam ham agar ro‘za tutsa, kasal bo‘lib qolishi ehtimoli g‘olib bo‘lsa, tutmasligi joiz.
«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar», «Tabyin».
61-FATVO
Homilador, bola emizadigan hamda hayz va nifosdagi ayollar ro‘za tutmaydilar. Lekin keyin qazosini tutadilar. Agar ayol odati bo‘yicha hayzi keladigan kuni qasddan ro‘za tutmasa va o‘sha kuni hayzi kelmasa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
62-FATVO
Agar ro‘za tutsa, ochlik va tashnalikdan halok bo‘lishi yoki aqldan ozishining xavfi bo‘lsa, shuningdek, havoning yuqori haroratida qurilish ishlarida xizmat qilishga podshohlik tomonidan buyurilgan bo‘lsa va bunday sharoitda ro‘za tutish halokatga yoki aqldan ozishga olib kelishi mumkin bo‘lsa, bularning har biri ro‘za tutmaslikka uzr bo‘ladi. Keyin kafforatsiz qazosi tutilaveradi.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
63-FATVO
Shayxi foniy sanaluvchi erkak va ayollar ro‘za tutmasdan har bir kun uchun bir miskin taomi miqdorida fidya to‘lab qo‘yadilar. «Shayxi foniy» deb, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan keksalarga aytiladi. Fidyani Ramazon oyining boshida yoki oxirida berish mumkin.
«Olamgiriya», «Hidoya», «al-Bahrur-roiq».
64-FATVO
Kasallik yoki safar sababli ro‘za tutmay yurgan kishi sog‘aymay yoki uyga qaytmay turib vafot etib qolsa, zimmasidan qazo soqit bo‘ladi. Lekin shunda ham o‘limi oldidan merosxo‘rlariga fidya berishni vasiyat qilgan bo‘lsa, uni ijro etish joiz. Qoldirgan merosining uchdan biri hisobidan fidya ajratiladi. Ammo kasal sog‘aygandan keyin yoki musofir uyiga qaytgandan keyin qazo qilgan ro‘za kunlari miqdoricha yashasa, qazolarini o‘zi tutadi. Agar tutmasdan, o‘sha miqdordagi kunlarni o‘tkazib yuborgandan keyin o‘lim to‘shagida yotib qolsa, fidya berishni merosxo‘rlariga vasiyat qilib qo‘yishi vojibdir. Fidya har bir kun uchun 2 kg bug‘doy yoki 4 kg arpa, yoxud ularning qiymati miqdoridagi pul mablag‘i. Agar vasiyat qilmagan bo‘lsa-yu, merosxo‘rlar o‘zlaricha fidya bersalar ham, joiz. Ammo vojib emas. Fidya o‘rniga boshqalarning ro‘za tutib berishi joiz emas.
«Olamgiriya», «Badoye»,
«Hidoya», «Qozixon».
65-FATVO
Nafl ro‘zani ham uzrsiz ochish joiz emas. Mehmonga borish, mezbon bo‘lish kabilar uzr hisoblanadi. Agar mehmondorchilik qilinayotgan joyda hech kim ranjib qolmaydigan bo‘lsa, nafl ro‘zasini ochmagani ma’qul. Aks holda, ro‘zani ochib, keyin qazosini tutaveradi. Imom Halvoniy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, keyin qazosini tutib bera olishiga ko‘zi yetmasa, ro‘zasini ochmaydi. Yana bu gaplarga zavol vaqtigacha bo‘lsagina amal qilinadi. Ammo zavoldan keyinga yetganda, katta uzr bo‘lmagunicha ochmaydi. Masalan, agar ochmasa, ota-ona norozi bo‘lib qolishiga sabab bo‘lsa.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Muhit», «Sharhi Viqoya».
66-FATVO
Ro‘za tutsa, namozni tik turib o‘qishga kuchi yetmaydi, o‘tirib o‘qishga majbur bo‘ladi. Ro‘za tutmasa, namozni tik turib o‘qishga qodir. Bunday odam ro‘za tutib, namozni o‘tirib o‘qiyveradi. Shunday qilganda, har ikki ibodatni bajargan bo‘ladi.
«Bazzoziya».
67-FATVO
Musofir ro‘za tutmagan holda uyiga qaytsa, quyosh botgunga qadar ovqatlanmay turishi vojib. Shuningdek, hayzdan kunduzi pok bo‘lgan ayol, ro‘zaning birinchi kuni ekani aniqlanganda shak kuni e’tibori bilan ro‘za tutmay turgan, ehtiyotsizligi bois yoki majburiy ravishda ro‘zasi ochilgan kishilar baribir ro‘zam ochildi-ku, deb ovqatlanavermasdan, iftorlik vaqtigacha xuddi ro‘zadorlardek o‘zlarini yeb-ichish va jinsiy aloqadan tiyib turishlari vojibdir.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Fathul-Qadir».
68-FATVO
Hayz va nifosdagi ayollar, bemor va musofirlar o‘zlarini ro‘zadordek ko‘rsatib, ro‘za tutmaganlarini odamlardan yashirishlari lozim emas.
«Olamgiriya», «Xulosa».
69-FATVO
Nafl ro‘zani tutishga kirishish bilan uni ochmasdan quyosh botgunga qadar yetkazish vojib bo‘ladi. Agar o‘z ixtiyori yoki boshqa sabab bilan ro‘zasi ochilsa, qazosini tutishi vojibdir. Masalan, nafl ro‘za tutgan ayol kunduzi hayz ko‘rib qolsa, ro‘zasi ochilib ketgani uchun o‘sha kunning qazosi ham vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Hidoya», «Nihoya».
70-FATVO
Qazo ro‘za tutishning niyatini tong otgandan keyin qilsa, durust emas. Lekin nafl ro‘za deb niyat qilsa, Imom Nasafiy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, joiz. Agar shunday niyat qilgandan keyin ro‘zasini ochsa, qazosini tutishi vojibdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
71-FATVO
Hazrat Alining (r.z.): «Ro‘zangizning birinchi kuni qurbonlik qiladigan kuningizdir», degan so‘zlari xususida fuqaholarimiz bunday xulosa qilganlar. Masalan, «Olamgiriya»da Qurbon hayiti Ramazon oyining birinchi kuniga qarab belgilanmaydi. Ya’ni, payshanba kuni ro‘za tutilgan bo‘lsa, Qurbon hayitining Arafa kuni ham payshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, aniqlanmagunicha shu kuni qurbonlik qilish joiz emas. Zero, hazrat Alining (r.z.) mazkur so‘zlari o‘sha yilning o‘ziga xos bo‘lib, abadiylikni kasb etmasligi mumkin, deyilgan. Xuddi shu ma’no «Qozixon», «Bazzoziya» kitoblarida ham ta’kidlangan. Demak, obdon aniqlanmagunicha ro‘za bilan qurbonlik kuni bir kunga to‘g‘ri keladi, degan gapga amal qilish joiz emas. Ayrim yillarda tasodifan to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Lekin har yili emas.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Bazzoziya».
72-FATVO
Ado etilishi farz qilingan ro‘zalar o‘n uch xildir. Ulardan yettitasi kunora emas, ketma-ket tutilishi vojib. Ular Ramazon ro‘zasi, xun kafforati, «zihor» kafforati, qasam kafforati, Ramazon ro‘zasi kafforati, muayyan nazr va muayyan qasam ro‘zalari. Olti xil ro‘zada paydar-pay tutish vojib emas. Ular – Ramazon ro‘zasining qazosi, tamattu’ hajining «mut’a» ro‘zasi, hajda sochini muayyan vaqtidan oldin oldirgani uchun tutiladigan ro‘za, hajda ov qilib qo‘ygani uchun tutiladigan ro‘za, mutlaq (tayinsiz) nazr ro‘zasi va qasam ro‘zasi. Ramazon oyida qazo bo‘lgan ro‘za kunlarini uzluksiz tutish-tutmasligi ixtiyoriy bo‘lsa-da, birin-ketin tutgani yaxshi. Bunda zimmasidagi qarzini tezroq ado etgan bo‘ladi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «as-Sirojul-vahhoj».
73-FATVO
Laylatulqadr kechasi Abu Hanifa (r.h.) nazdida, Ramazon oyida kechadi. Lekin muayyan bir kechada emas. Ba’zan oldin, ba’zan keyinroq kelaveradi. Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) nazdida, har yili muayyan bir kechada keladi. Laylatulqadr kechasini topib, undan bahramand bo‘lishga harakat qilish mustahab amallardandir.
«Olamgiriya», «Me’roj», «Fathul-Qadir».
Izoh:
Imom Bag‘aviy tafsirida yozishiga ko‘ra, Ramazon oyining nechanchi kechasi Laylatul-qadr ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Lekin sahobalar Rasuldan (a.s.) uni aniqlab berishlarini so‘rayverganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi o‘n kunligida, deb, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar. Oxiri bu muborak kechaning alomatlarini aytganlaridan so‘ng 27-kecha degan xulosaga kelishgan.
74-FATVO
Ramazon oyi tugab, hayit kunining tongi yorishishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. U 2 kg bug‘doy yo mayiz, 4 kg xurmo yoki arpa, yoxud ularning qiymati deb belgilangan. Fitr sadaqasi zakot nisobi miqdorida boyligi bo‘lgan musulmonlar zimmasiga vojibdir. Bunda zakotdagi kabi boyligining o‘sib turishi (numuv) shart emas. Demak, nisobga ega, lekin zakot berishi vojib bo‘lmagan kishilar ham fitr sadaqasini berishlari kerak. Uni o‘z hisobidan va balog‘atga yetmagan faqir bolalari nomidan beradi. Xotini, katta yoshdagi bolalari va boy farzandlari uchun berishi vojib emas. Balki ularning o‘zlari berishadi. Fitr sadaqasini beruvchi odam sadaqa qabul qilmaydi, zimmasiga qurbonlik va yaqin qarindoshlarining nafaqasi ham vojib bo‘ladi. Fitr sadaqasini hayit kuni bera olmagan odam zimmasidan soqit bo‘lmaydi, balki keyinroq bo‘lsa ham uni ado etadi.
«Muxtasarul-Viqoya».
Izoh:
Mabodo kishi xotini, katta yoshdagi farzandlari nomidan fitr sadaqasi bermoqchi bo‘lsa, joiz. Lekin ularga bildirib qo‘yishi lozim.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan