1-FATVO
Boyligi shariat belgilab qo‘ygan ma’lum miqdorga, ya’ni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil o‘tishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha boyligining qirqdan bir qismini, ya’ni 2,5 foizini shar’an belgilangan joylarga berishi farzi ayndir. Nisob 85 gr oltin qiymatiga barobar mablag‘dir. Zakotni uzrsiz kechiktirib berish gunoh sanaladi. Zakotni ajratayotgan yoki berayotgan paytda niyat qilish shart. Demak, shu ajratgan yoki berayotgan narsam sadaqa yoki ehson emas, zakotdir, deb niyat qilinadi. Ammo yilning oxiriga kelib, shu bir yil mobaynida bergan sadaqalarimni zakot deb niyat qildim, desa, bu niyati o‘tmaydi. Butun boyligini sadaqa qilib yuborsa, niyat shart emas. Zakotga ham o‘taveradi.
«Olamgiriya», «Muxtasar».
2-FATVO
Faqir kishiga bergan qarzidan kechib yuborsa, o‘sha qarzda turgan boyligidan beradigan zakotidan qutuladi. Agar bir qismidan kechsa, o‘sha qismidan beradigan zakoti soqit bo‘ladi. Boy kishidagi qarzini unga hadya qilib yuborsa, uning zakoti soqit bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
3-FATVO
Boy kishi faqir huzuriga borib falon odamga bergan qarzimni o‘zingga olgin, deb zakotni niyat qilsa, joizdir.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
4-FATVO
Miskinga pul berib, tilida hiba (hadya) yoki qarz deb aytib, dilida zakot deb niyat qilsa, zakotga o‘tadi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Qunya».
Sayyor yig‘ilish
Bugun diniy soha vakillariga aholining ishonchi ortib boryapti.
Nega? Chunki imom-xatiblar, imom noiblari, otinoyilar, "Haj 2025" ishtirokchilari mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga kirib, aholi bilan samimiy suhbatlashib, odamlarni qiynayotgan muammolarning barham topishida yaqindan yordam berib kelmoqda.
Shu yil 6 aprel kuni Yunusobod tumanidagi «Umar ibn Xattob» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, O‘MI Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng poytaxtimiz tumanlari bosh imomlari, ulamolar, tumandagi masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzdan ziyod xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
Tadbir ishtirokchilari yana «Umar ibn Xattob» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidagi rejalarni belgilab olishdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Yunusobod tumanidagi masjidlar hududlariga 40 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda gullar, rayhonlar ekildi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati