Muborak ramazon oyining qutlug‘ kunlarida xayriya tadbirlari o‘tkazish, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli faoliyat ko‘rsatish barchamizning oldimizga qo‘ygan maqsadimizdir. Zero, ramazon oyi ro‘za tutish bilan bir qatorda bag‘rikenglik, birdamlik, tinchlik-osoyishtalikka sabab bo‘luvchi mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda qilinadigan mehr-muruvvatga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam chorlab: “Ehsonlarning afzali ramazon oyida qilinganidir”, deb marhamat etganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi muborakda ramazon oyida qilingan xayr-saxovatlar boshqa oylarda qilingan xayr-saxovatlardan afzalligini bildirib, Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam insonlarning saxiysi edilar. Ayniqsa, muborak ramazon oyida, Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida yana ham saxiy bo‘lib ketar edilar”, deganlar.
Rivoyatlarning birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ro‘za oyini “sabr oyi” deb nomlagan bo‘lsalar boshqa bir rivoyatda ramazoni sharif insonning iroda va sabrining yarmi ekanini ta’kidlab: “Ro‘za sabrning yarmidir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlari har bir insonning qalbidan joy olishi tahsinga loyiq. Shu ma’noda, qalblari taskinga muhtoj, ehtiyoji cheklanganlarga e’tibor qaratishdan ko‘ra a’lo fazilat bo‘lmasa kerak.
Aynan shu ne’matlarga hamohang viloyatimizdagi barcha masjidlarda taroveh va xatmi Qur’onlar boshlab yuborildi. Namozxonlar masjidlarda qorilarning Qur’on o‘qib berishlarini maroq bilan tinglamoqdalar. Qaysi bir masjidga nazar solsangiz muborak ramazon oyi shukuhi davom etmoqda. Ana shu ne’matlar ichida eng ulug‘laridan biri tinchlik va osoyishtalik ne’matidir. Tinchlik va xotirjamlik bo‘lgan yurtda rivojlanish va taraqqiyot bo‘ladi. Ibodatlar tinch va osoyishtalik ila ado etiladi. Farzandlarimizning quvnoq ovozlari jaranglaydi.
Abdulhay TURSUNOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida “Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning turli joylaridan kelgan soha mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar va yetuk mutaxassislarni bir joyga jamlagan ushbu yirik tadbirda asosiy mavzu – ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish. Jumladan, jarayonlarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va tashkiliy ishlar sifatini oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ta’kidlash kerakki, ushbu xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Nufuzli tadbir doirasida Saudiya Arabistonining Haj va umra vaziri, doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia maxsus ma’ruza bilan chiqish qilib, bo‘lajak “Haj – 2027” mavsumi uchun belgilangan yangi talablar va tashkiliy mezonlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi:
– tayyorgarlik jarayonlarini erta boshlash hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish;
– mehmonxonalar va boshqa yashash joylarining belgilangan yuksak sifat hamda xavfsizlik standartlariga qat’iy mos kelishini ta’minlash;
– barcha tashkiliy va hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini faqatgina raqamli «Masar» yagona platformasi orqali amalga oshirish;
– eng muhimi, ziyoratchilarga keng qulayliklar taqdim etadigan hamda ularning shaxsini tasdiqlovchi «Nusuk» kartasini doimiy ravishda yonda olib yurish talabi qat’iy belgilangani alohida ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aynan mana shu yangi talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, Haj va umra vazirligi mutasaddilari hamda yetakchi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning vakillari bilan qator manfaatli muzokaralar o‘tkazdi. Bo‘lib o‘tgan samimiy va amaliy muloqotlarda asosiy e’tibor yurtdoshlarimiz uchun yaratiladigan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Xususan, muzokaralar davomida ziyoratchilarimiz ibodatlari uchun qulay sharoitlarni hozirlash, zamonaviy transport vositalarini jalb qilish, eng shinam turar joylarni tanlash, hojilarimizni sifatli taomlar bilan ta’minlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, ularning xavfsizligi va salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada kuchaytirish hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanishga alohida urg‘u berildi.
Bu kabi sa’y-harakatlar va erishilgan kelishuvlar kelgusi haj mavsumini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, yurtdoshlarimiz ulug‘ amallarini xotirjam, xavfsiz va eng qulay sharoitlarda ado etishlari ta’minlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Jidda shahridagi Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi shu yilning 11 noyabr kuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati