Yaratganga beadad shukrlar aytamiz. Alloh taolo ramazon oyida ro‘zani farz qildi va ushbu oyni rahmat va mag‘firat oyi deya atadi. Bu oy bizlarga nafsimizni tarbiya qilishda yordam beradi, sabrni, mehr-shafqatni o‘rganamiz. Barcha payg‘ambarlar nafs tarbiyasida shu ibodatdan foydalanganlar. Agarda inson ana shu ibodat mashaqqatiga sabr qilsa, uni muhabbat bilan ado etsa, ushbu oyda ko‘proq ehson, sadaqalar qilsa, oxirat qiyinchiliklaridan qutiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, deya marhamat qiladi (Baqara surasining 185-oyati).
Ramazon oyida tutilgan ro‘za orqali vaqtinchalik ochlik va chanqoqlik mashaqqatini totish bilan oxiratdagi og‘ir mashaqqatdan qutilishi Furqon surasining 75-76-oyatlarida quyidagicha ma’lum qilingan:
“Aynan o‘shalar sabr qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar. U eng go‘zal qarorgoh va eng go‘zal dargohdir”.
Ro‘za-ochlik va chanqoqlik kabi qiyinchilikdan iborat. Bu esa ro‘zadordan sabr-matonat talab qiladi. Ushbu ochlikka sabr qilgan inson sobir bandalar qatoridan joy oladi. Sobirlarga va’da qilingan mukofot esa abadiy jannatdir. Robbimiz barchamizga ibodatlarni chiroyli ado etishda sabr ato etsin.
Sabr to‘g‘risida Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday deganlar: «Kimga sabr qilish ne’mati ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum bo‘lmaydi».
Zumar surasining 10-oyatida:
“…Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” deyiladi.
Sabr oyi bo‘lmish ramazoni sharifdan unumli foydalanib, sabr deb atalmish fazilatga erishishga mahkam bel bog‘laylik. Shoyadki, Alloh taolo bizlarni ham o‘zining sobir bandalarining qatoriga qo‘shsa.
Abdulaziz Bobomirzayev,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati