Ramazon oyi ibodat oyi, Qur’on oyi bo‘lish bilan bir qatorda mutasaddilar uchun mas’uliyat oyi hamdir. Masjidlarda namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, taroveh namozi va Xatmi Qur’onlarning tinch-osuda o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyat vakilligi, shahar va tuman bosh imomlari hamda masjid imom-xatiblari barcha kerakli ishlar, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Jumladan,
27 may Ramazon oyining ilk kunida Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov, viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Yoqubjon Mansurov birgalikda Samarqand shahridagi "Domla Kamoliddin", “Abdulloh ibn Abbos”, “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” masjidiga tashrif buyurdi.
"Domla Kamoliddin" masjidida Peshin namozini, “Abdulloh ibn Abbos” masjidida Asr namozini ado etib bergan viloyat bosh imomi Z.Eshonqulov ibodat nihoyalangach yig‘ilganlarga Ramazon oyining fazilatlari, shukronalik hissi bilan yashash, bu oydan unumli foydalanib qolish borasida oyat va hadislar asosida qisqacha ma’ruza qilib berdi. Ma’ruza yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salom va tabriklari jamoatga yetkazildi.
Shundan so‘ng masjid imom xatiblariga masjid hovlisi va tahoratxonasini toza - ozoda tutish, taroveh namozini ado etishda namozxonlarga qulayliklar yaratib berish, ogohlik va hushyorlikni oshirish to‘g‘risida birqancha ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
“Xo‘ja Is'hoqi Valiy” masjidida Ramazon oyi uchun ko‘rilgan tayyorgarliklarni ko‘zdan kechirish bilan bir qatorda masjid sharqidan yangidan bunyod etilayotgan xonaqodagi qurilish jarayoni bilan tanishildi. Yangi masjid binosida ishlar nihoyalanish arafasiga kelib qolgan bo‘lib, imom-xatib va me’morlar Ramazon hayitiga namozxonlarga tuhfa tariqasida masjidni foydalanishga topshirishni rejalashtirayotganlarini ma’lum qildilar.
Viloyat vakilligi rahbariyati tomonidan muborak oy davomida ko‘plab masjidlarga tashrif buyurish rejalashtirilgan bo‘lib, bundan masjidlardagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish, muammo va kamchiliklarni joyida bartaraf etish, Ramazon oyining tinch-osuda o‘tishiga erishish ko‘zda tutilgan.




Samarqand shahridagi “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidida o‘tkazilayotgan Xatmi Qur’ondan fotolavhalar
Usmonxon Muhammadiyev,
O‘MI Samarqand viloyati
vakilligi mutaxassisi
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati