Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Bir kuni Rasululloh solallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Bizlarning birortamiz uni tanimadik ham. U kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini U zotning tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va “Ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) menga Islom haqida habar ber”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam; “Islom – Laa ilaha ilallallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado etmog‘ing, zakotni bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang baytni haj qilmog‘ing, dedilar”. “To‘g‘ri aytding”, -dedi. Biz uning ishidan ajablandik. O‘zi so‘rar va o‘zi tasdiq qilar edi.
“Menga iymon haqida habar ber”-dedi. “Iymon – Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing”, dedilar. “To‘g‘ri aytding”, dedi.
U “Menga ehson haqida habar ber”, dedi. “Ehson – Allohga huddi uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen uni ko‘rmasang U seni ko‘rib turibdi”, dedilar.
“Menga qiyomat haqida habar ber”, dedi. “Bu borada so‘ralinayotgan kishi so‘rayotgan kishidan bilguvchi emas”, dedilar. “Unda uning alomatlari haqida xabar ber”, dedi. “Cho‘ri o‘z xojasini tug‘moqligi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarni bino qurishda bir-biridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing”, dedilar.
So‘ngra u qaytib ketdi. Bir muddat turib qoldim. So‘ng U zot menga “Ey, Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?”, dedilar. “Alloh va uning Rasuli bilguvchi”, dedim. “Albatta U Jabroildir. Sizlarning diningizni o‘rgatish uchun kelibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Daqiyq al-Iyd aytadi: “Bu hadis juda muhim hadis bo‘lib, u barcha zohiriy va botiniy amallarni o‘zida mujassam etgan. Shariat ilmlarining barchasi bu hadisdan to‘yingan. Chunki, bu hadis barcha sunnat ilmlarini jamlagan. “Fotiha” surasi Qur’onning onasi deb nomlangani kabi bu hadis ham sunnatning onasidir”.
“Jibril hadisi” nomini olgan bu hadis mutavotir hadis hisoblanadi. Zero, bu hadisni Abu Hurayra, Umar, Abu Zarr, Anas, Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Omir Ash’riy, Jariyr Balxiy kabi buyuk sahobiylar rivoyat qilganlar.
Hadisdan olinadigan foydalar;
Kiyim bosh va ko‘rinishni chiroyli tutish. Masjid va ilm majlislariga borish uchun pokiza kiyimlarni kiyish va hushbo‘yliklarni surish mustahab sanaladi. Shuningdek ilm majlislarida olimlar bilan odob doirasida muomilada bo‘lish. Zero, Jabroil alayhissalom insonlarga gaplari va xolatlari bilan ilm o‘rgatish uchun tashrif buyurgan edilar.
Ehson nima? Ehson – biror ishni puxta va ixlos bilan qilishlikdir. Ya’ni, Alloh taologa ibodat shu darajada xolis bo‘lishi kerakki, go‘yoki banda ibodat vaqtida Allohni ko‘rib turgandek bo‘lishi kerak. Agar buning uddasidan chiqa olmasa, shuni yodiga tutsinki, Alloh taolo uni ko‘rib turibdi va undan sodir bo‘layotgan barcha katta va kichik amallardan xabardor ekanini his qilib turishidir.
Qiyomat va uning alomatlari. Qiyomat qachon qoim bo‘lishi faqatgina Alloh taoloning o‘zigagina ma’lum bo‘lgan g‘aybiy ishdir. Biroq hadisda uning alomatlari zikr qilinmoqda.
Ilm haqida so‘rashning zarurligi. Musulmon inson o‘zining dunyosi va oxirati uchun foydali narsalar haqida so‘rab o‘rganishi va befoyda narsalarni tark qilishi lozim. Shuningdek, bir ilm majlisiga borsa va bu yerdagilar biror masalaga muxtoj ekanliklarini ko‘rsa-yu, biroq bu masala haqida hech kim so‘ramayotgan bo‘lsa, agarchi o‘zi bu haqda bilsa ham huddi bilmagan odam singari bu haqda olim odamga savol berishi kerak. Chunki uning savoli natijasida shu masaladan bexabar bo‘lganlar uning mohiyatini bilib oladilar.
Kimki o‘zi bilmaydigan narsalar haqida savol berilsa unga “bilmayman” deb javob qaytarishi vojib bo‘ladi. Bu uning taqvosi va ilmini to‘g‘ri yo‘naltirganining dalilidir.
Savol javob ham tarbiya berish usullarining biridir. Bu uslub qadimda ham hozirda ham ommalashgan usuldir. Shuningdek, bu usul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning juda ko‘p hadislarida ham takrorlangan. Zero, bunday uslub tinglovchilarning nazarini o‘ziga jalb qiladi va ularni javobga tashna xolatga keltiradi.
Jaloliddin Hamroqulov
"Novza" jome masjidi imom-xatibi,
TII ”Tahfizul Qur’on” kafedra mudiri
Qiyomat qoim bo‘lishining yana bir belgisi – musulmonlarning Quddusni fath etishi sanaladi.
Siyrat va tarix ilmi bo‘yicha mutaxassislar Quddus fathi Umar roziyallohu anhu davrida hijriy 16 yilida yakunlanganini qayd etishgan.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning shaxsan o‘zlari Quddusga mahalliy aholi bilan tinchlik shartnomasi tuzish uchun boradilar va u yerda masjid quriladi.
Imom Ahmad Ubayd ibn Adamdan uning Ka’bul Axbor bilan suhbatini keltiradi:
“Umar roziyallohu anhu so‘radilar:
Ka’b aytadi:
Umar roziyallohu anhu dedilar:
Keyin Umar roziyallohu anhu qibla tomonga qarab namoz o‘qidilar, so‘ng ridolaridan changlarni qoqib tashladilar.
Shu o‘rinda Ka’bul Axbor rahmatullohi alayh haqida to‘xtalib o‘tsak. U ahli kitoblarning buyuk olimlaridan bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu davrida Islomni qabul qilgan. Umar roziyallohu anhu davrida Madinaga ko‘chib o‘tgan. So‘ngra Shomda yashadi va Usmon roziyallohu anhu davrida vafot etgan.
Ma’lumki, salibchilar Quddusni 100 yil davomida egallab turdi. Nihoyat bu muborak joyni buyuk jangchi va himoyachi Sulton Salohiddin rahimahulloh fath etgan.
Alloh taolo unga Umar roziyallohu anhuning g‘alabasidek g‘alaba berdi. G‘alaba ko‘lami bo‘yicha unga teng keladigani Konstantinopolni zabt etgan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh edi.
Muhammad Fotih (hijriy 832-886 / milodiy 1432-1481) – 1444 va 1451-1481 yillarda Usmonli sultoni. U fath siyosatini faol olib bordi. Usmonli qo‘shinining 26 ta yurishiga rahbarlik qilgan. Konstantinopolni 1453 yil qo‘lga kiritdi va uni Usmonli xalifaligining poytaxtiga aylantirdi.
Vizantiya mavjudligiga nuqta qo‘ydi, keyin Serbiya (1459), Morea (1460), Trebizond imperiyasi (1461), Bosniya (1463), Evbeyani (1471) fath etdi.
Karaman podshohligi (1471), Qrim xonligi va Albaniyani bo‘ysundirdi (1475), Albaniya (1479). Oqqo‘yunli davlati hukmdori Uzun Hasan bilan muvaffaqiyatli urushlar olib borgan.
Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.