Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

“Sunnatlarning onasi”

28.05.2017   20217   5 min.
“Sunnatlarning onasi”

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Bir kuni Rasululloh solallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Bizlarning birortamiz uni tanimadik ham. U kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning  to‘g‘rilariga o‘tirdi.  Ikki tizzasini U zotning tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va “Ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) menga Islom  haqida habar ber”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam; “Islom Laa ilaha ilallallohu Muhammadur  Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni  to‘kis ado etmog‘ing, zakotni bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang baytni haj qilmog‘ing, dedilar”. “To‘g‘ri aytding”, -dedi. Biz uning ishidan ajablandik. O‘zi so‘rar va o‘zi tasdiq qilar edi.

“Menga iymon haqida habar ber”-dedi. “Iymon Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing”, dedilar. “To‘g‘ri aytding”, dedi.

U “Menga ehson haqida habar ber”, dedi. “Ehson Allohga huddi uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen uni ko‘rmasang U seni ko‘rib turibdi”, dedilar.

“Menga qiyomat haqida habar ber”, dedi. “Bu borada so‘ralinayotgan kishi so‘rayotgan kishidan bilguvchi emas”, dedilar.  “Unda uning alomatlari haqida xabar ber”, dedi.  “Cho‘ri o‘z xojasini tug‘moqligi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarni bino qurishda bir-biridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing”, dedilar. 

So‘ngra u qaytib ketdi. Bir muddat turib qoldim.  So‘ng U zot menga “Ey, Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?”, dedilar. “Alloh va uning Rasuli bilguvchi”, dedim. “Albatta U Jabroildir. Sizlarning diningizni o‘rgatish uchun kelibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ibn Daqiyq al-Iyd aytadi: “Bu hadis juda  muhim hadis bo‘lib, u barcha zohiriy va botiniy amallarni o‘zida mujassam etgan. Shariat ilmlarining barchasi bu hadisdan to‘yingan. Chunki, bu hadis barcha sunnat ilmlarini  jamlagan. “Fotiha” surasi Qur’onning onasi deb nomlangani kabi bu hadis ham sunnatning onasidir”.

“Jibril hadisi” nomini olgan bu hadis mutavotir hadis hisoblanadi. Zero, bu hadisni Abu Hurayra, Umar, Abu Zarr, Anas, Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Omir Ash’riy, Jariyr Balxiy kabi buyuk sahobiylar rivoyat qilganlar.

Hadisdan olinadigan foydalar;

Kiyim bosh va ko‘rinishni chiroyli tutish. Masjid va ilm majlislariga borish uchun pokiza kiyimlarni kiyish va hushbo‘yliklarni surish mustahab sanaladi. Shuningdek ilm majlislarida olimlar bilan odob doirasida muomilada bo‘lish. Zero, Jabroil alayhissalom insonlarga gaplari va xolatlari bilan ilm o‘rgatish uchun tashrif buyurgan edilar.

Ehson nima? Ehson – biror ishni puxta va ixlos bilan qilishlikdir. Ya’ni, Alloh taologa ibodat shu darajada xolis bo‘lishi kerakki, go‘yoki banda ibodat vaqtida Allohni ko‘rib turgandek bo‘lishi kerak. Agar buning uddasidan chiqa olmasa, shuni yodiga tutsinki, Alloh taolo uni ko‘rib turibdi va undan sodir bo‘layotgan barcha katta va kichik amallardan xabardor ekanini his qilib turishidir.

Qiyomat va uning alomatlari. Qiyomat qachon qoim bo‘lishi faqatgina Alloh taoloning o‘zigagina ma’lum bo‘lgan g‘aybiy ishdir. Biroq hadisda uning alomatlari zikr qilinmoqda.

Ilm haqida so‘rashning zarurligi. Musulmon inson o‘zining dunyosi va oxirati uchun foydali narsalar haqida so‘rab o‘rganishi va befoyda narsalarni tark qilishi lozim. Shuningdek, bir ilm majlisiga borsa va bu yerdagilar biror masalaga muxtoj ekanliklarini ko‘rsa-yu, biroq bu masala haqida hech kim so‘ramayotgan bo‘lsa, agarchi o‘zi bu haqda bilsa ham huddi bilmagan odam singari bu haqda olim  odamga savol berishi kerak. Chunki uning  savoli natijasida shu masaladan bexabar bo‘lganlar uning  mohiyatini bilib oladilar.

Kimki o‘zi bilmaydigan narsalar haqida savol berilsa unga “bilmayman” deb javob qaytarishi vojib bo‘ladi. Bu uning taqvosi va ilmini to‘g‘ri yo‘naltirganining dalilidir.

Savol javob ham tarbiya berish usullarining biridir. Bu uslub qadimda ham hozirda ham ommalashgan usuldir. Shuningdek, bu usul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning juda ko‘p hadislarida ham takrorlangan. Zero, bunday uslub tinglovchilarning nazarini o‘ziga jalb qiladi va ularni javobga tashna xolatga keltiradi.

Jaloliddin  Hamroqulov

"Novza" jome  masjidi imom-xatibi,

TII ”Tahfizul Qur’on” kafedra mudiri

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Namangan vakilligi yangi binosi foydalanishga topshirildi

30.07.2026   35365   1 min.
Namangan vakilligi yangi binosi foydalanishga topshirildi

Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namanganga safarlari davomida viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdilar.

Muftiy hazratlari vakillik xodimlari va hududdagi diniy soha vakillarini yangi bino bilan muborakbod etib, bunday zamonaviy sharoitlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar Prezidentimizning sohaga qaratayotgan alohida e’tibori natijasi ekanini ta’kidladilar.

Shuningdek, Shayx hazratlari bugun imom-xatiblar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, vakilliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani, 100 nafar Prezident hojisi muborak safarga yuborilganini alohida e’tirof etdilar. So‘ng ushbu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetib, yanada fidokorlik bilan mehnat qilish zarurligini uqtirdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov vakillik ahlini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan bunday muhtasham sharoitlar Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ezgu islohotlarning uzviy davomi ekanini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilish davomida Diniy idoraning Namangan viloyat vakilligi yangi binosini barpo etishda alohida jonbozlik va fidokorlik ko‘rsatgan mutasaddilar tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan viloyat vakilligiga avtomashina sovg‘a qilindi. Ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan mutasaddilar hamda homiylar haqiga duo qilindi.

Safar asnosida Muftiy hazratlari va mehmonlar vakillik xodimlarining munosib faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va qulayliklarni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘ldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari