Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Qozi Shurayh

26.05.2017   14041   10 min.
Qozi Shurayh

Shurayhdan: “Qay yo‘l bilan bunday ilmga erisha oldingiz?” deb so‘radilar. Shurayh: “Ulamolar bilan suhbat qilish, ulardan o‘rganib va o‘rgatish bilan erishdim”, deb javob berdi.

Mo‘minlar amiri Umar ibn Xattob (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin)  bir a’robiydan ot sotib olib, o‘sha yerning o‘zida otga minib, yo‘llariga ravona bo‘ldilar. Ammo, hali uzoq ketmaslaridanoq, otda uning yurishiga xalaqit beradigan nuqsonni sezgandek bo‘ldi. Umar roziyallohu anhu darhol ortga qaytib, a’robiyga bunday dedi:

— Otingni qaytarib ol, uning aybi bor ekan.

— Qaytarib olmayman, ey mo‘minlar amiri, chunki men uni sizga sotganimda u soppa-sog‘ edi.

— Unday bo‘lsa o‘rtamizda ajrim qiladigan bir kishini tanla.

— O‘rtamizda Shurayh ibn Horis hakam bo‘lsin.

Umar roziyallohu anhu rozi bo‘ldilar va muammoni hal qilish uchun Shurayhning oldiga yo‘l oldilar. Shurayh a’robiyning so‘zini eshitgach, Umar roziyallohu anhuga yuzlanib dedi:

— Otni olganingizda u soppa-sog‘ edimi, ey mo‘minlar amiri?

— Ha.

— Unday bo‘lsa, otni o‘zingizda olib qoling yoki qanday holda sotib olgan bo‘lsangiz shunday holicha egasiga qaytaring.

Bunday odilona hukmdan qoyil qolgan Umar roziyallohu anhu Shurayhga qarab:

— Mana buni hukm desa bo‘ladi. Siz Ko‘faga boring, men sizni u yerga qozi etib tayinlayman, dedi.

Umar roziyallohu anhu Shurayh ibn Horisni qozi etib tayinlashlaridan avval ham u kishi jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ulug‘ sahobalar va tobeinlar ichidagi ilm va fikr sohiblari orasida o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga sazovor kishilardan edi. Fozil va yetuk insonlar Shurayhdagi o‘tkir farosat va o‘ta noyob zakovatni, oliy xulq va boy hayotiy tajribani qadrlar edilar.

Shurayh ibn Horis asli yamanlik, Kinda qabilasidan bo‘lib, og‘ir kechgan hayotining yarmini johiliyatda o‘tkazgan edi. Arabiston yarim oroli hidoyat nuri bilan munavvar bo‘lib, Islom nuri Yaman yerlariga ham yetib borgach, Shurayh Alloh va Uning Rasuliga imon keltirgan, hidoyat va haq chaqiriqni lab­bay deb qabul qilgan ilk musulmonlardan bo‘ldi.

 Umar ibn Xattob (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) garchi o‘sha paytda Islom osmoni hali-hanuz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridek yorqin yulduzlar bilan porlab turgan bo‘lsa-da, tobeinlardan bo‘lgan kishini qozilik kabi mas’uliyatli mansabga tayinlab, xato qilmagan edilar. Umar roziyallohu anhuning farosati va tadbirlarining naqadar to‘g‘ri ekani kunlar o‘tishi bilan o‘z isbotini topdi. Qozi Shurayh musulmonlar o‘rtasida oltmish yil qozilik qildi. Uni bu mansabda qolishini, ketma-ket kelgan xalifalarning barchalari — Umar, Usmon, Ali va Muoviya roziyallohu anhumlar va ulardan keyingi Ummaviy xalifalar ham ma’qul topdilar.

Islomda qozilik tarixi Shurayhning qozilik sohasida boshdan kechirgan ajoyib va hayratomuz holat-hodisalar bilan bezatilib, kattayu-kichik musulmonlarning Shurayh amalda ko‘rsatib bergan Allohning shariatiga go‘zal tarzda bo‘ysunishlari ila porlab turibdi. Ana shunday ibratga to‘la voqealardan biri, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o‘zi uchun qadrli bo‘lgan sovutini yo‘qotib qo‘ygani xususidagi voqeadir. Sovutini yo‘qotib qo‘ygan Ali roziyallohu anhu ko‘p o‘tmay xuddi shu sovutni Ko‘fa bozorida bir zimmiyning qo‘lida ko‘rib qoladi. Zimmiy sovutni sotuvga qo‘ygan edi. Ali roziyallohu anhu sovutga ko‘zi tushishi bilan uni taniydi va zimmiyga qarata bunday deydi:

— Bu sovut meniki edi, falon kechada, falon joyda tuyamning ustidan tushib qolibdi.

— Yo‘q, bu mening sovutim, mana qo‘limda turibdi!

— Axir bu mening sovutim, uni birovga sotgan ham emasman, hadya ham qilmaganman-ki, seniki bo‘lib qolsa?!

— Unday bo‘lsa o‘rtamizda qozi bu muammoning yechimini topsin.

— Insof qilding, qani yur bo‘lmasa.

Ikkovlari Shurayh qozining huzuriga bordilar.

Qozi Shurayhning huzuriga kirishgach, Shurayh Ali ibn Abu Tolib  roziyallohu anhudan so‘radi:

— Qanday da’voingiz bor?

— Mana bu sovut mening sovutim edi, uni falon kechada, falon yerda yo‘qotib qo‘ygan edim. Banogoh, uni mana bu kishining qo‘lida ko‘rib qoldim. Unga bu sovut oldi-sotdi yo‘li yoki hadya orqali kelmagan.

Shurayh zimmiyga qarab dedi:

— Sen nima deysan?

— Sovut meniki, mana qo‘limda turibdi. Mo‘minlar amirini yolg‘on gapirishda ayblamayman, dedi zimmiy.

Shurayh Ali roziyallohu anhuga dedi:

— Ey mo‘minlar amiri, siz gapirayotgan gapingizda sodiq ekaningiz va bu sovut sizniki ekanida mening qalbimda zarracha ham shak-shubha yo‘q. Lekin, qilayotgan bu da’voingizning rost ekaniga ikki guvoh olib kelishingiz shart.

— Ha, albatta, xizmatkorim Qanbar va o‘g‘lim Hasan men uchun guvohlik beradi.

— O‘g‘ilning ota uchun guvohi o‘tmaydi, ey mo‘minlar amiri, dedi qozi Shurayh.

— Subhanalloh! Jannat ahlidan bo‘lgan kishining guvohligi o‘tmaydimi?! Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: “Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyididirlar”, deganlarini eshitmaganmisiz?

— Eshitganman, ey mo‘minlar amiri, lekin men farzandning ota uchun bergan guvohligini qabul qilmayman.

Shunda Ali roziyallohu anhu zimmiyga qarab dedi:

— Sovut senga bo‘laqolsin, mening bu ikkalasidan bosh­qa guvohim yo‘q.

— Ey mo‘minlar amiri, chindan ham sovut sizniki, — dedi Ali roziyallohu anhuning gapidan hayratga tushgan zimmiy, — Yo Alloh! Mo‘minlar amiri meningdek bir zimmiy bilan qoziga borib da’volashsa-yu, qozi esa mening foydamga, uning zarariga hukm chiqarsa-ya! Mana shunday odillikka buyuruvchi din haq ekaniga guvohlik beraman. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman. Ey qozi janoblari, haqiqatda bu sovut mo‘minlar amirining sovutidir. Men Siffinga (Shom viloyatidagi joyning nomi) yo‘l olgan lashkarning ketidan ketayotib, uning kul rang tuyasidan tushib qolgan sovutini olgan edim.

— Modomiki musulmon bo‘lding, bundan buyon bizga do‘stsan. Mana shu sovut va unga qo‘shimcha mana bu ot ham mendan senga hadya, — dedi Ali roziyallohu anhu.

Shurayhning o‘g‘li mahkamaga tortilgan bir kishiga kafil bo‘lib o‘rtaga tushdi. Shundan so‘ng u kishi mahkamadan qochib ketadi. Shurayh kafil bo‘lib o‘rtaga tushgan o‘g‘lini, qochib ketgan kishining o‘rniga qamoqga tashlaydi va o‘zi har kuni o‘g‘lining oldiga qamoqqa ovqat olib borib turadi.

Ba’zan qozixonaga da’volashib kelganlarning guvohlaridan Shurayhning ko‘ngli to‘lmas, aksincha, qalbida ularga nisbatan shubhalar paydo bo‘lardi. Ammo, guvohlar guvohlikka yaraydigan va rad qilish mumkin bo‘lmagani uchun, ularni qabul qilishdan o‘zga chora topmas edi. Lekin ular guvohlikka o‘tishlaridan avval, ularga nasihat qilib bunday der edi: “Menga quloq solinglar! Alloh sizni hidoyatda qilsin. Siz bu kishiga guvohlik berishingiz bilan unga hukm qilgan bo‘lasiz. Men qiyomatda sizlarni ro‘kach qilib do‘zaxdan saqlanaman, aslida do‘zaxdan saqlanadigan ishni qilish sizlarga lozimdir. Guvohligingiz chin bo‘lmasa, hozir guvohlikka o‘tmaslik imkoningiz bor”. Agar shundan keyin ham ular guvohlikka o‘tishda qattiq turib olsalar, unda bu guvohlarni olib kelgan kishiga qarata: “Bilib qo‘ygin, men bularning guvohligi bilan senga hukm chiqaraman, ammo bilib turibmanki, haq sen tarafda emas, lekin men gumon bilan emas, balki guvohlarning guvohligi bilan hukm qilaman. Men chiqargan hukm senga Alloh harom qilgan narsani halol qilib bermaydi”, der edi.

Qozi Shurayh o‘ziga shior qilib olgan va qozixonada tez-tez aytib turadigan so‘zlardan biri quyidagi so‘zlar edi:

“Ertaga qiyomatda zolim kishi aslida kim yutqizganini bilib oladi. Zolimlar azobni kutsalar, mazlumlar adolatni kutadilar. Qasam ichib aytamanki, Alloh uchun biron narsani tark etgan kishi, uni qo‘ldan boy bergani uchun aslo pushaymon qilgan emas”.

Shurayh faqatgina Alloh, Uning Kitobi va Rasuliga taalluqli burchini ado qilibgina qolmay, balki musulmonlarning olim va amirlari hamda omma xalqqa ham qo‘lidan kelgan ezgulikni ulashar, ularga nisbatan zimmasidagi vazifasini sadoqat bilan bajarar edi. Bunga quyidagi voqea dalil bo‘ladi.

Shurayh bir kishining boshqa bir kishidan nimadir so‘rayotganini ko‘rib: “Ey birodar, kim o‘ziga o‘xshagan odamdan hojatini o‘tashini so‘rasa, o‘zini qullikka topshirgan bo‘ladi. Agar so‘ralguvchi unga biron narsa bersa, shu narsa bilan so‘rovchini o‘ziga tobe qiladi. Mabodo bermasa, ikkovi ham xor bo‘ladi. Biriga baxillik xorligi, yana biriga esa rad qilinish xorligi bordir. Shuning uchun so‘rasang Allohdan so‘ra. Yordam so‘rasang ham Allohdan so‘ra. Yordamni ham Alloh beradi. Bilginki, Alloh taolodan o‘zga kuch-qudrat egasi va yordam berguvchi yo‘qdir”, deb nasihat qildi.

Shu tariqa qozi Shurayh oltmish yil mobaynida odamlar orasida adolatni mustahkam qildi. Biron kimsaga jabr-zulm qilmadi, haqdan burilmadi, shohu gadoga baravar muomala qildi. Shuning uchun ham Islom ummati u kishini yaxshilik bilan xotirlaydi. Alloh  U kishini O‘z rahmatiga olsin. 

Ilyosxon AHMЕDOV

Xalqaro aloqalar bo‘limi  xodimi

tayyorladi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" maqolasi e’lon qilindi

14.09.2026   18476   3 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning

Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — "The Chosun Daily"da Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. 

Maqolada O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investisiya aloqalari hamda munosabatlarni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan.

Maqolada qayd etilganidek – 

so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan;

Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan;

Ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda;

KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq;

2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.

Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidlab, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.

"Ishonchim komilki, aynan shu asosda hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz — alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin. Bu esa mamlakatlarimiz barqaror va uzoq muddatli farovonligining yanada mustahkam poydevorini barpo etadi".

Maqolada sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmasevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga investisiya kiritish, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi e’tirof etgan.

Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammiti O‘zbekiston va Koreya munosabatlari bilan bir qatorda, butun mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekaniligiga alohida urg‘u berdi.

"...O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida. Bu tashabbuslar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan mexanizmga aylantirishga qaratilgan".

Prezident maqolasida qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

"Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman"- deydi Davlatimiz Rahbari maqolada.

Ma’lumot o‘rnida: Ze Chosun Daily — 1920 yilda tashkil etilgan «Chosun Ilbo» mediaguruhi tarkibidagi nashr bo‘lib, Koreya Respublikasidagi yirik axborot platformalaridan biri hisoblanadi. 

Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb voqealarni keng yoritib boradi. Unda O‘zbekiston Prezidentining maqolasi e’lon qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.

 

https://t.me/Rasmiy_axborot_official/18156 

O'zbekiston yangiliklari