Joriy yilning 16 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi futbol jamoalari o‘rtasida 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan futbol turnirining final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati imom-xatiblaridan tashkil topgan “Do‘stlik” jamoasi va Toshkent shahri imom-xatiblaridan tashkil topgan “Minor” jamoalari o‘zaro to‘p surishdi. Shiddatli kechgan uchrashuvda “Do‘stlik” jamoasi “Minor” jamoasini 8:6 hisobida mag‘lub etib, turnir kubogini qo‘lga kiritdi.
Final uchrashuvida, ko‘plab mehmonlar, jamoalar murabbiylari, hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar Bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov tashrif buyurdi.
Quyida, g‘olib jamoalar va turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanganlarni e’lon qilamiz:
1-o‘rin – “Do‘stlik” jamoasi;
2-o‘rin – “Minor” jamoasi;
3-o‘rin – “Buxoriy avlodlari” jamoasi.
Turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanganlar:
Eng yaxshi murabbiy – Xayrulla Turmatov
Eng yaxshi darvozabon – Umidjon Sodiqov
Eng yaxshi himoyachi – Shavkat Apisov
Eng yaxshi yarim himoyachi – G‘ayrat Rahmatullayev
Eng yaxshi hujumchi – Shuxrat Xodjiboyev
Eng ko‘p to‘purar – Saidov Otabek
Eng jonkuyar muxlis – Bahriddin Sharipov
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi turnir Istiqlolimizning 26 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladi. Ushbu turnirga, Toshkent shahridagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti mezbonlik qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
axborot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati