Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.



Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV