1944 yili Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirganidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildi. Keyin Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahridagi turli idoralarda xizmat qildi. 1975–79-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Oliy ma’hadni bitirgach, “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali tahririyatida mas’ul kotib bo‘ldi. 1980–81-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsilni davom ettirdi. 1982–2006 yillari diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, “Movarounnahr” nashriyoti mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosaridir.
Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay’at raisidir.
Shayx Abdulaziz Mansur Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hay’ati a’zosi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar muallifidir.



Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov hamda ilmiy ishlar va fan bo‘yicha maslahatchi Soatmurod domla Primov Istanbul shahridagi “Dorul-hadis al-Avvomiyya” ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida markaz asoschisi Shayx Muhammad Avvoma hamda rahbari doktor Muhyiddin Avvoma bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Toshkent islom institutida islom ilmlarini o‘qitish an’analari, jumladan, allomalarimizning mo‘tabar asarlarini xatmul-kutub uslubida o‘rganish amaliyoti haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hadis to‘plamlari ularning maqbaralarida xatm qilinishi ta’kidlandi.
Shayx Muhammad Avvoma hazratlari O‘zbekistonda shaxsan Davlat Rahbari Shavkat Mirziyoyevning buyuk allomalarning ilmiy merosi va xotirasini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish va ularning maqbara hamda qadamjolarini obod etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shayx Muhammad Avvoma hazratlarining uchrashuv chog‘ida: «Agar dunyoda Makka va Madina bo‘lmaganida edi, umrimning qolgan qismini O‘zbekistonda yashab, shu yurtda vafot etishni orzu qilgan bo‘lardim», deya bildirgan samimiy fikrlari esa alohida e’tiborga molik.
Zero, bu so‘zlar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, islomiy ilm-fan va ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor hamda boy ilmiy-ma’naviy merosimizni asrab-avaylash va o‘rganish borasidagi sa’y-harakatlarga xorijdan turib berilayotgan samimiy va yuksak bahodir.
Uchrashuvda islom ilmlari sohasida zamonaviy ilmiy yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, ilmiy-tadqiqotlar sifatini oshirish, TIIning professor-o‘qituvchilarining markazda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, onlayn mahorat darslari va ilmiy suhbatlar tashkil etish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni amalga oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida “Dorul-hadis al-Avvomiyya” ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom instituti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Toshkent islom instituti Matbuot xizmati