1944 yili Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirganidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildi. Keyin Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahridagi turli idoralarda xizmat qildi. 1975–79-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Oliy ma’hadni bitirgach, “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali tahririyatida mas’ul kotib bo‘ldi. 1980–81-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsilni davom ettirdi. 1982–2006 yillari diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, “Movarounnahr” nashriyoti mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosaridir.
Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay’at raisidir.
Shayx Abdulaziz Mansur Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hay’ati a’zosi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar muallifidir.



Poytaxtimizdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Indoneziya mustaqilligining 81 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirni Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Siti Ruha’ini Juha’yatin xonim hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ochib berdi.
Tadbirda diplomatik korpus vakillari, davlat organlari, ishbilarmon doiralar hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, Indoneziya xalqi uchun muhim bo‘lgan ushbu sanani nishonladi. O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni alohida qayd etib o‘tishdi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan rais o‘rinbosari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Zayniddin domla Eshonqulov ham ishtirok etib, elchini istiqlol bayrami bilan muborakbod etdi. O‘zaro suhbat jarayonida Indoneziya Diyonat vazirligi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, ikki davlatning vaqf fondlari aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati