1944 yili Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirganidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildi. Keyin Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahridagi turli idoralarda xizmat qildi. 1975–79-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Oliy ma’hadni bitirgach, “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali tahririyatida mas’ul kotib bo‘ldi. 1980–81-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsilni davom ettirdi. 1982–2006 yillari diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, “Movarounnahr” nashriyoti mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosaridir.
Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay’at raisidir.
Shayx Abdulaziz Mansur Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hay’ati a’zosi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar muallifidir.



Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” doirasida “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” shiori ostida sayyor ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda aholiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati yetkazilib, "Qirqvolida" mahallasi va "Mirzaobod" qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi samimiy suhbatlar o‘tkazilib, tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 55 ta ehtiyojmand oilaga moddiy xayriya yordamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati