Bo‘lim mudiri Rahimberdi Rahmonov

|
Qabul vaqtlari |
Dushanbadan Jumagacha |
|
Telefon raqami |
+99871 150-64-12 |
|
Elektron pochta |
Ushbu bo‘lim mamlakatimizdagi masjidlar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish, ularning eski binolarini ta’mirlash, yangilarini qurish, masjidlarni davlat ro‘xatidan o‘tkazish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Mustaqillikdan oldin bor-yo‘g‘i 84 taga yaqin masjid bo‘lgan mamlakatimizda hozir 2000 dan ziyod jome ishlab turibdi. Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish va tajribasini boyitish, qayta tayyorlash uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etish, masjidlarga oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli, iqtidorli kadrlarni jalb etish bo‘limning asosiy vazifalaridir. Bo‘lim masjidlarning joylardagi mahalla, maktab, ma’rifat-ma’naviyat markazlari bilan aloqasini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar bilan ham shug‘ullanadi. Yoshlarning ma’naviy tarbiyasi, muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga, nogironlarga masjidlar orqali xayriya yordamlari kabi ishlarga hissa qo‘shadi.
Bo‘lim har yili Ramazon oyida masjidlarda diyorimiz qorilarini jalb qilgan holda, Qur’oni karim xatmlarini tashkil etmoqda. Keyingi yillarda respublika bo‘yicha 600–700 dan ziyod, Toshkent shahrida 100 ga yaqin masjidda Qur’oni karim xatm qilinmoqda. «Yil imomi» ko‘rik-tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Masjidlar bilan ishlash bo‘limini turli yillarda Yusufxon Shokirov, Abdug‘ani Abdullayev, Salohiddin Muhiddinov, Fozil qori Sobirov, Foziljon Ubaydullayev, Abdulaziz Mansur, Abdug‘ani Ismoilov, Homidjon Ishmatbekov, Muhammadnazar Qayumov boshqarishgan. Hozir bo‘limga Rahimberdi Rahmonov rahbarlik qilyapti.
Bo‘limda Is'hoqjon Begmatov, Muzaffar Kamolov hamda Sarvar Muhammadiyevlar faoliyat olib boradilar.
Bo‘lim faoliyatidan fotolavhalar:



Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati