Qissalar nasihat va ibrat manbaidir. Qur’oni karimning ma’lum bir qismi aynan qissalarni batafsil bayon qilishga bag‘ishlangan. Shu boisdan ham Qur’oni karim bilan bir qatorda hadisi shariflarda ham avval yashab o‘tgan ummatlar haqidagi go‘zal qissa va xabarlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Zero, o‘tgan payg‘ambarlar hamda solih zotlarning hayotiy qissalarida keyingi keluvchi avlodlar uchun go‘zal o‘rnak va namuna bordir. Alloh taolo marhamat qiladi:
لَقَدْ كَانَ فِي قَصَصِهِمْ عِبْرَةٌ لِأُولِي الْأَلْبَابِ مَا كَانَ حَدِيثًا يُفْتَرَى وَلَكِنْ تَصْدِيقَ الَّذِي بَيْنَ يَدَيْهِ وَتَفْصِيلَ كُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
“Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan gap emas, balki o‘zidan oldingi narsalarni (ya’ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo‘lgan bir Kitob)dir” (Yusuf surasi, 111 oyat).
Mana shunday ajoib qissalardan biri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari orqali bizlarga xabarini bergan “Obid Jurayj” qissasidir.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini rivoyat qiladi: “Uch kishidan boshqa hech kim beshik (ya’ni go‘daklik vaqti)da gapirmagan. Ular: Iyso ibn Maryam alayhissalom, Jurayjning sherigi (uchinchi kishini boshqa rivoyatda Yusuf alayhissalomning pokliklariga guvohlik bergan chaqaloqni keltirganlar)”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Jurayj ibodatgo‘y kishi bo‘lib, bir uyni tanlab, o‘sha yerda ibodat qilar edi. Bir kuni Jurayj namoz o‘qiyotgan vaqtda uning onasi kelib qoldi va ey Jurayj, deb chaqirdi. Jurayj “Ey Xudoyim, onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi kuta-kuta ketdi. Ertasi kuni yana keldi va yana: “Ey, Jurayj!”, deb chaqirdi. Jurayj: “Yo, Xudoyim! Onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi yana qaytib ketdi. Ertasi kuni onasi yana keldi va ey Jurayj, deb chaqirdi. Jurayj “Yo, Xudoyim! Onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi: “Yo, Xudoyim! Buzuq ayollarning yuzlariga qarab qolmagunicha uning jonini olmagin”, deb duoyibad qildi.
Bani Isroil Jurayjni (o‘zlariga o‘rnak qilishar) va uning ibodati haqida bir-biriga so‘zlashar edi. Shu yerda o‘z husnu jamoli bilan mag‘rurlanib yuradigan fohisha ayol bor edi. U agar xohlasangizlar, uni yo‘ldan uraman, dedi. Keyin Jurayjning oldiga borib o‘zini taklif qildi. Jurayj unga qayrilib ham qaramadi. Ayol chiqib Jurayjning ibodatxonasiga yaqin joyda yashaydigan cho‘pon oldiga kelib unga o‘zidan foydalanishlik imkonini berdi. Ayol cho‘pon bilan zino qilib undan bola orttirdi va odamlar orasida uni Jurayjning farzandi degan ig‘voni tarqatdi. Odamlar Jurayjning ibodatxonasini buzib uni qo‘llari uchi bilan ko‘rsatadigan, hatto ko‘chalarda uni yoqasidan sudrab yuradigan bo‘lishdi. Biroq, Alloh taolo ibodatgo‘y bandasini shunday tashlab qo‘ymadi. Jurayj o‘z Rabbisiga ishonganligi tufayli namozlarida iltijo qilib, bu fitnani bartaraf etishini yolborardi. Zotan, namoz bandaning eng oliy maqomi, kushoyish mavqeidir. Odamlar endigina tug‘ilgan chaqaloqni ko‘tarib kelishganida Jurayj undan otasi kim ekanligini so‘radi. Chaqaloq Allohning qudrati bilan tilga kirib “otam falon cho‘pon” deya javob berdi. Shunday qilib, Alloh taolo ibodatgo‘y bandasini bunday fitnadan qutqarib, uni yana ibodat xalovatiga qaytardi. Odamlar esa Jurayjni ulug‘lab unga maqtovlar yog‘dirishdi”.
Endi ushbu qissadan quyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:
Alloh taolo barchalarimizga taqvo, O‘zini doim yod etib yurish, musibat payti sabr qilib, ne’mat kelganda esa shukr qilish baxtini nasib etsin! Oxiratda xato va kamchiliklarimizni avf etib, bizlarni jannati bilan mukarram qilsin! Omin!
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati