Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan odillari (taqvodorlari) ko‘tarib yuradilar. Ular ilmni g‘uluga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Moturidiy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan edi.
Ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul hudo», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi»[1].
Shayx Abdulloh Mustafo Murog‘iy rahimahulloh «Al-Fathul mubin» asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni yozadi: «Abu Mansur Moturidiy hujjat va dalili kuchli, xusumatchini mot qiladigan, musulmonlar e’tiqodini himoya qilib adashgan va mulhidlarning shubhalariga raddiya bergan olimlardan edi»[2].
Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitobida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:
«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahullohlarning e’tiqodlari nazarda tutiladi»[3].
«Ar-Rovzatul bahiya» kitobining muallifi Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli Sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan:
«Shuni bilki, Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan»[4].
Alloma Toshkuprizoda rahimahulloh aqoid ilmining ikki imomi haqida «Miftahus saodat» kitobida shunday degan: «Ahli Sunna val Jamoaning kalom ilmidagi raisi ikki kishidir: biri hanafiy mazhabiga mansub Abu Mansur Moturidiy. Ikkinchisi esa shofe’iy mazhabiga mansub Abul Hasan Ash’ariydir»[[5].
Mulla Ali Qori rahimahulloh «Mirqotul mafatih» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi:
«Havoyi nafsini o‘ziga iloh qilib olgan kimsani ko‘rdingmi» oyatidagi havoyi nafsga Kitobu sunnatga xilof bo‘lgan e’tiqodiy fosid havoyi nafslarning barchasi kiradi. Ibn Hajar rahimahulloh munkar yomon havoyi nafsni bayon qilib shunday degan: «Munkar havoyi nafs bu Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomi: Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiyning e’tiqodlariga muxolif bo‘lgan fosid e’tiqodlardir»[6].
Imom Kavsariy rahimahulloh Imom Moturidiy haqida «Muqaddimatul Kavsariy» kitobida shunday degan:
«Ash’ariy va Moturidiy bular yerning mashriqu mag‘ribida Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomidir. Ular sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p kitob ta’lif qilishgan. Bu ikki imom o‘rtasidagi xiloflarning aksari lafziydir. Bu borada ko‘plab kitoblar yozildi. Bayzoviyning «Isharotul marom fi iborotil imom» kitobi bu boradagi eng yaxshi kitobdir. Zubaydiy «Ihyo»ning sharhida Bayzoviyning o‘sha kitobidan naql qilgan»[7].
Abul Hasan Nadaviy rahimahulloh o‘zining «Rijalul fikr vad da’va» kitobida bu zot haqida shunday degan: «Imom Moturidiy keng fikrli, zakovat va fahm egasi, turli fanlarni o‘zlashtirgan buyuk olim bo‘lgan»[[8].
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutining
4- bosqich talabasi Nurmuhammedova Vasila
[1] Abul Baqo Husayn Kafaviy. A’lamul axyor min fuqahoi mazhabin No‘mon muxtor. – Tehron: Kutubxona Majlis sho‘ro, 2011. – B. 138
[2] Abdulloh Mustafo Murog‘iy. Al-fathul mubiyn fi tabaqatil usuliyyin. – Bayrut: Dorul irfon, 1986. – B. 241
[3] Ibn Hajar Haytamiy.Zavojir an iqtirofil kabair. – Qohira: Doru darbul islam, 1987. – B. 80
[4] Shayx Abdulvojid Xallof. Xilofu tanavvu’il Moturidiy val ash’ariy. – Qohira: Doru kutubil ilmiyya, 1425. – B. 23
[5] Alloma Ahmad ibn MustafoToshkubrozoda. Miftahus saodat. – Bayrut: Doru kutubil ilmiyya, 1985. – B. 33
[6] Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton. Mirqotul mafotih – Bayrut: Doru kutubil ilmiya, 1998. – B.452
[7] Muhammad Zohid Kavsariy. Muqaddimot Kavsariy. – Bayrut: Dorus salom, 1425. – B. 51
[8] Abul Hasan Nadaviy. Rijalul fikri vad da’vati. – Bayrut: Doru muassasatir risala, 2003. – B. 432
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Samarqand tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor tadbirlarni mazmunli va samarali o‘tkazish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. U kishi har bir imom-xatib va mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dardi va ehtiyojlarini eshitish hamda imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Xayrullo domla “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidi imom-noibi Umar domla Najmiddinov hamrohligida tumanning Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Tashriflar davomida har bir xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berildi, samimiy muloqot va ezgu duolar orqali muhabbat va minnatdorlik ruhi hukm surdi.
Shuningdek, viloyat ishchi guruhi Samarqand tumanidagi 6 ta masjidda peshin namozini jamoat bilan ado etib, quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:
Shu kuni Xayrullo domla Sattarov “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidida “Eng yaxshi inson kim?” mavzusida yuraklarga nur va ruhlarga ilhom bag‘ishlagan ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ham ishtirok etdi.
Zayniddin domla o‘z so‘zida imom-xatiblar va mahalla faollariga xalq bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, masjidlarni xalq hayotining ma’naviy markaziga aylantirish hamda xayr-ehson va saxovat ishlarini izchil davom ettirish zarurligini alohida ta’kidladi.
U kishi:
“Xalq bilan birdam bo‘lish, ularning dardiga sherik bo‘lish — bu faqat imomning burchi emas, balki butun jamoatning ma’naviy mas’uliyatidir,” — deya fikr bildirdi.
Shuningdek, Zayniddin domla tomonidan Samarqand tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolarini chuqur o‘rganish, masjid hujjatlarini namunaviy yuritish, obodonchilik ishlarini kuchaytirish hamda jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.
Yig‘ilish so‘ngida rahbarlar va ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlarga zafarlar tilab, birgalikda duo qildilar.
Bu sayyor yig‘ilish nafaqat amaliy yordam, balki Samarqand ahli uchun ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati