Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan odillari (taqvodorlari) ko‘tarib yuradilar. Ular ilmni g‘uluga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Moturidiy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan edi.
Ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul hudo», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi»[1].
Shayx Abdulloh Mustafo Murog‘iy rahimahulloh «Al-Fathul mubin» asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni yozadi: «Abu Mansur Moturidiy hujjat va dalili kuchli, xusumatchini mot qiladigan, musulmonlar e’tiqodini himoya qilib adashgan va mulhidlarning shubhalariga raddiya bergan olimlardan edi»[2].
Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitobida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:
«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahullohlarning e’tiqodlari nazarda tutiladi»[3].
«Ar-Rovzatul bahiya» kitobining muallifi Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli Sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan:
«Shuni bilki, Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan»[4].
Alloma Toshkuprizoda rahimahulloh aqoid ilmining ikki imomi haqida «Miftahus saodat» kitobida shunday degan: «Ahli Sunna val Jamoaning kalom ilmidagi raisi ikki kishidir: biri hanafiy mazhabiga mansub Abu Mansur Moturidiy. Ikkinchisi esa shofe’iy mazhabiga mansub Abul Hasan Ash’ariydir»[[5].
Mulla Ali Qori rahimahulloh «Mirqotul mafatih» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi:
«Havoyi nafsini o‘ziga iloh qilib olgan kimsani ko‘rdingmi» oyatidagi havoyi nafsga Kitobu sunnatga xilof bo‘lgan e’tiqodiy fosid havoyi nafslarning barchasi kiradi. Ibn Hajar rahimahulloh munkar yomon havoyi nafsni bayon qilib shunday degan: «Munkar havoyi nafs bu Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomi: Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiyning e’tiqodlariga muxolif bo‘lgan fosid e’tiqodlardir»[6].
Imom Kavsariy rahimahulloh Imom Moturidiy haqida «Muqaddimatul Kavsariy» kitobida shunday degan:
«Ash’ariy va Moturidiy bular yerning mashriqu mag‘ribida Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomidir. Ular sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p kitob ta’lif qilishgan. Bu ikki imom o‘rtasidagi xiloflarning aksari lafziydir. Bu borada ko‘plab kitoblar yozildi. Bayzoviyning «Isharotul marom fi iborotil imom» kitobi bu boradagi eng yaxshi kitobdir. Zubaydiy «Ihyo»ning sharhida Bayzoviyning o‘sha kitobidan naql qilgan»[7].
Abul Hasan Nadaviy rahimahulloh o‘zining «Rijalul fikr vad da’va» kitobida bu zot haqida shunday degan: «Imom Moturidiy keng fikrli, zakovat va fahm egasi, turli fanlarni o‘zlashtirgan buyuk olim bo‘lgan»[[8].
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutining
4- bosqich talabasi Nurmuhammedova Vasila
[1] Abul Baqo Husayn Kafaviy. A’lamul axyor min fuqahoi mazhabin No‘mon muxtor. – Tehron: Kutubxona Majlis sho‘ro, 2011. – B. 138
[2] Abdulloh Mustafo Murog‘iy. Al-fathul mubiyn fi tabaqatil usuliyyin. – Bayrut: Dorul irfon, 1986. – B. 241
[3] Ibn Hajar Haytamiy.Zavojir an iqtirofil kabair. – Qohira: Doru darbul islam, 1987. – B. 80
[4] Shayx Abdulvojid Xallof. Xilofu tanavvu’il Moturidiy val ash’ariy. – Qohira: Doru kutubil ilmiyya, 1425. – B. 23
[5] Alloma Ahmad ibn MustafoToshkubrozoda. Miftahus saodat. – Bayrut: Doru kutubil ilmiyya, 1985. – B. 33
[6] Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton. Mirqotul mafotih – Bayrut: Doru kutubil ilmiya, 1998. – B.452
[7] Muhammad Zohid Kavsariy. Muqaddimot Kavsariy. – Bayrut: Dorus salom, 1425. – B. 51
[8] Abul Hasan Nadaviy. Rijalul fikri vad da’vati. – Bayrut: Doru muassasatir risala, 2003. – B. 432
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi