Xalqimizda davo uchun yoki ko‘z tegmaslik uchun Quron oyatlaridan dam solish odati mavjud. Binobarin, Quroni karim shifo bo‘lib, bu haqda Alloh taolo: «(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz» (Isro,82) deb marxamat etgan. Qurondagi xar bir oyat hissiy va manaviy, zohiriy va botiniy kasalliklarga shifodir.
Insondagi ruhiy tasirning yaxshi va yomon jihatning g‘olibligiga qarab ko‘z tegishi, atrofdagilarga yomon ta’sir etishi mumkin. Zero, Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ko‘z tegishi haqiqatdir”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam) ham ko‘z tegishiga qarshi “Falaq” va “Nos” suralarini o‘qib panohlanganlar. Shuningdek, kim biron narsani ko‘rib, ko‘zi quvnasa, “Mashaalloh, la havla va la quvvata illa billah”, deyishi mustahab amaldir.
Afsuski, ko‘z tegishidan panohlanishning odamlar qo‘llayotgan tumor, ko‘zmunchoq, qalampir, taqa, isiriq kabilarni taqish yoki osib qo‘yish kabi usullari tobora avj olib, ko‘payib bormoqda. Bunday qilish Allohdan o‘zga narsadan panoh so‘rash bo‘lgani uchun shariatimizda harom va shirk sanaladi.
Bir kuni bir odam oldimga dam solib qo‘yishimni, iltimos qilib keldi. Ranglari so‘lik, ko‘zlaridan nur qochgan edi. Kelib o‘tirib olgandan so‘ng dardini ayta boshladi. Ishlari yurishmay qolganini, sog‘lig‘ining mazasi yo‘q ekanligini aytdi. Bir folchining oldiga borganini, u ayol esa unga ilmu-amal qilingani, oldi olinmasa, tez orada vafot etishini “bashorat” kilganmish. Ilmu-amalni qo‘shnisi qilganini ham aytib o‘tgan. O‘zim sizni davolayman, o‘qib qaytariq qilaman deb, u bechoradan katta miqdorda pulini olgan. Folchi dam solib bergan narsalarni qo‘shnisining darvozasi tagiga sepgan. Buni qo‘shnisi ko‘rib, o‘rtada adovat paydo bo‘lgan. Natijada esa, holat yanada yomonlashgan. Bormagan mullam, folchim qolmadi, deb so‘zini davom ettirdi.
Men unga muqaddas dinimiz ko‘rsatmalarini aytib berdim. Uning qilgan ishlari gunoh ekanligi, bu shariatimizga ko‘ra qattiq taqiqlangan amal ekanini aytdim. Darrov tavba kilishi kerakligini, shunda hammasi o‘z izniga qaytishini tushuntirdim.
Gaplarimni qabul qildi va tavba qilishni, bundan buyon besh vaqt namozni kanda qilmasligini aytdi. Oradan bir kancha vaqt o‘tib, u bilan ko‘chada uchrashib qoldik. Yuzlari to‘lishgan, ranglari toza bo‘lib, xursand holda edi. Salomlashganimizdan so‘ng, menga o‘z tashakkurini izhor etdi. Ishlari yurishib, sog‘lig‘i ham yaxshilanganini aytganda qalbimda iliqlik paydo bo‘ldi. Zero, bir adashib, yo‘lini topa olmayotgan odamga yordam berganimdan Allohga shukronalar aytdim. Afsus, bu odamga o‘xshab adashib, yo‘lini topa olmayotgan, dardini ilmli kishilarga emas, aksincha, ilmsiz, joxil kimsalarga duch kelib, sarson-sargardon bo‘lib yurganlar kancha. Shifo Allohdandir. Nima ish qilayotganimizni bir o‘ylab, kimlarga murojaat qilish kerakligini ham mushohada qilib ko‘raylik.
Baxtiyorxon UMARALIYEV
Zarbdor tumani “Qusom ibn Abbos”
jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati