“Sahoba” so‘zi lug‘atda do‘st, hamroh, yo‘ldosh kabi ma’nolarni bildiradi. Bu so‘zning istilohiy ma’nosida ko‘plab tariflar berilgan. Ularning orasida hadis ulamolari bergan ta’rif eng mukammalidir. Hadis ulamolari Ibn Saloh, Ibn Kasir, Ibn Hajar va imom Suyutiylar “sahoba” so‘ziga quyidagicha ta’rif berishgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganidan to vafot etgunlaricha U zotga imon keltirgan holda yo‘liqib shu holda vafot etgan kishiga “sahoba” deyiladi.
Bu qisqaligiga qaramasdan juda ko‘plab ma’nolarni o‘z ichiga oladi. Jumladan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatida doimiy yurganlarning sahobaligiga shubha yo‘q. Ammo atroflarida u zotni ko‘rgan-u, ovozlarini eshitmagan yoki ko‘zi ojizligi sabab ko‘rolmay qolgan yoxud u zotdan biror bir hadis rivoyat qilmagan kishilar bor edi. O‘sha zamonda hali balog‘at yoshiga yetmagan yoshlar, hayotida bir lahzagina ko‘rishish baxtiga ega bo‘lganlar bor edi. Bu ta’rifdagi “U zotga imon keltirgan holida yo‘liqib”, degan jumla umumiy bo‘lib, yuqoridagilarning barchasini ham qamrab oladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘rishib, gaplashib yurgan, o‘tmishdagi payg‘ambarlarga imon keltirgan, ammo u zotga imon keltirmagan yoki vafot qilganlaridan so‘ng imon keltirganlar yoxud tili bilan imon keltirib, qalbida tasdiqlamagan munofiqlar[1] “U zotga imon keltirgan holida yo‘liqib”, degan jumladagi sahobalar qatoriga qo‘shilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga imon keltirib, adashib murtad bo‘lgan, so‘ng yana imonga kelgan kishilar bo‘lgan edi. Ular ham “U zotga imon keltirgan holda vafot etgan”ligi uchun sahoba deyiladi. Bundagi asosiy shart Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotliklarida imonga kelgan bo‘lishidir.
Oxirgi zamon payg‘ambariga ishonib, kutib yashagan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelishidan avval ko‘rib vafot etganlar, u zotni vafot qilganlaridan so‘ng ko‘rganlar ham “payg‘ambarlik kelganidan toki vafot etgunlaricha” degan qayd bilan sahoba deyilmaydi.
Ko‘rinib turibdiki, o‘sha zamonda yashagan kishilarning sahobaligini aniqlash masalasi juda ham mushkul ish sanaladi. Shuning uchun ham ulamolar sahobalikni aniqlashning muayyan yo‘llarini belgilaganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ana shu taxlit taniladi. Bundan tashqari, islom olamining zabardast ulamolari va tarixchilari sahobalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus kitoblar yozgan. Masalan, Abu Nuaymning “Ma’rifat us-sahoba”, Ibn Hajar Asqaloniyning “Isoba fiy tamyiz sahoba”, Ibn Abdulbarrning “Istiob fiy ma’rifat il-as'hob”, Ibn Asiyrning “Usud ul-g‘oba fiy ma’rifat is-sahoba”, Imom Zahabiyning “Tajriyd asmo is-sahoba” kabi mashhur asarlar mavjudki, bugungi kunda ana shu kitoblarda nomlari keltirilgan shaxslar ham sahobiy deb tan olingan.
Abdulboqiy TURSUNOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
[1] . Ularning munofiqligi Rasululloh s.a.v.ning so‘zlari yoki sahobalardan ishonchli sanadlar ila kelgan mutavotir rivoyatga qarab aniqlanadi. Birovni munofiqlikda ayblashga sahobalar o‘zlaricha botinishmagan.
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan