Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Fiqh nima?

02.05.2017   38294   6 min.
Fiqh nima?

Fiqh – Islomdagi eng mo‘tabar fanlardan biri. Paydo bo‘lish tarixi ham o‘zoq o‘tmishga borib taqaladi. Fiqh keng qamrovli ilmlardan bo‘lib, ko‘plab shahobchalarga bo‘linib ketadi. Fiqh islomning avvalida paydo bo‘lib, bugungi kunimizga qadar o‘z qadrini yo‘qotmay davom etib kelayotgan va qiyomat kuniga qadar saqlanib qoladigan ilmlardan biridir.

Tarix davomida ko‘plab fuqaholar yetishib chiqdi. Ular bu ilmga oid son-sanoqsiz asarlarni ta’lif va tasnif etdilar. Bu kitoblarning sanog‘ini aniq bilishning iloji ham yo‘q. Bu, musulmon ulamolarining yuksak e’tiborlari nishonasi desak ayni haqiqat bo‘ladi.

Fiqh – Insonning o‘zi o‘ziga,  o‘zidan boshqalarga va Robbisiga nisbatan haq-huquqlar, axloq odob me’yorlari, yoqimli va yoqimsiz ishlar borasidagi tutgan o‘rnini nozik va nafis jihatlarigacha o‘rganadigan, asl va furu’(asosiy va ikkinchi darajali hukmlar)da mukammal tarzda bahs olib boruvchi ilm hisoblanadi.

Fiqh – ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida uchraydigan turli masalalar xususida bahs yuritib bu masalalarga nisbatan shari’atning tutgan o‘rnini belgilab beruvchi ilmdir.

Fuqohalar: “Biron bir voqea hukmdan holi bo‘lmaydi”-deydilar.Ya’ni sodir bo‘layotgan har bir voqea hodisotlarga tegishli, o‘ziga xos hukm chiqarilishi lozim bo‘ladi.

Fiqhning lug‘atdagi ma’nosi;

Fiqh, aslida bilim va fahm demoqdir! “Lisonul arab” nomli kitobda fiqh so‘zi lug‘oviy jihatdan quyidagicha tahlil qilingan;

“Fiqh – Biror narsani bilish, uni fahmlash va anglash”.

Fiqh kalimasi Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarda lug‘oviy ma’noda kelgan. 

Alloh ta’olo shunday deydi;

قال تعالى﴿لَهُمْ قُلُوبٌ لا يَفْقَهُونَ بِهَا

Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan «anglamaydilar». (A’rof – 179)

 وَمَا كَانَ الْمُؤْمِنُونَ لِيَنْفِرُوا كَافَّةً فَلَوْلا نَفَرَ مِنْ كُلِّ فِرْقَةٍ مِنْهُمْ طَائِفَةٌ لِيَتَفَقَّهُوا فِي الدِّينِ وَلِيُنْذِرُوا قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوا إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ

Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?! (Tavba - 122)

Fiqhning istilohdagi ma’nosi;

Ulamolar fiqhga quyidagi ta’riflarni beradilar:

“Oxirat sa’odatiga erishish uchun, aniq shar’iy dalillar asosida  far’iy amaliy hukmlarni chiqarib olish”.

Aniq shar’iy dalillar deyilganda Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salomning sunnatlarini tushunamiz.

Far’iy amaliy hukmlar, asliy hukmlardan ajrab chiqadigan ikkinchi darajali hukmlar sanalib, shari’atda ibodat va muomalotlarni o‘z ichiga oladi.

Qur’on va sunnatda  mavjud bo‘lgan aniq dalillar asosida shar’iy hukmlarni anglash, tegishli hukmlarni ishlab chiqish ularni, musulmon kishi zimmasidagi hayotning turli sohalarida  duch keladigan ishlar va ibodatlarni tartibga solib turivchi fan fiqh deb nomlanadi.

Fiqh – Biror narsaga nisbatan halol, harom, farz, vojib, mandub,  makruh va shu kabi bir qancha hukmlarni tayin qiladi.

Fiqh – ibodatlar, odamlar o‘rtasidagi madaniy aloqa va muomalalar, nikoh va ajrim masalalari, jinoyat va jazo, savdo sotiq shuningdek ko‘plab hukmlarni o‘z ichiga oladi.

Islom fiqhi nazariy jihatdan bir qancha ilmlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan:

  1. Usul al-fiqh;
  2. Furu’ al-fiqh;
  3. Ilm al-istidlol

Fiqhga bo‘lgan zarurat va ehtiyoj

Inson Alloh ta’ologa iymon keltirganidan keyin, Unga qullikni izhor qilganidan so‘ng, islom dinini tan olib, dinning o‘z shari’ati va qonun-qoidalari borligini anglaydi va bu qoidalarga bo‘ysinish lozim ekanini tushunib yetadi.

Mo‘min kishi, islom shari’atinig qonun-qoidalariga mos amaliy hatti-harakatlarni hayotning barcha sohalarida aniq va tiniq belgilab olishi zarur.

Mo‘min, duch kelgan biron bir masala yoki muammoni shunchaki tashlab qo‘ysinmi? Yoki uni yechimini topsinmi? Uni shariatning qaysi yo‘rig‘iga binoan tasarruf qilsin?

Mo‘min qachonki masala va muammoning yechimini aniq belgilab olsa va shari’at yuklaganidek uning buyruq va qaytariqlariga amal qilsa, albatta Alloh, taqvodor bandalariga va’da qilgan jannatga loyiq bo‘ladi. Abadiy saodatga erishadi.

Biroq, shari’atning hukmlari barchaga ochiq-oydin, mukammal suratda osonlik bilan ma’lum bo‘lsa, amaliy hatti-harakatlarning chegarasi har bir shaxs uchun juda oson ish bo‘lib qoladi. Chunki, har bir inson o‘zining amaliy harakatlarini vojib amallarda “qilmoq kerak”, harom ishlarni “qilmaslik lozim”, muboh amallarni “xoxlasa qiladi, xoxlamasa qilmaydi, u ixtiyoriy ishlar”- deb belgilab oladigan bo‘lsa, inson amallarini chegaralab beruvchi juda keng ma’nodagi ilmiy bahs va munozaralarga ehtiyoj sezmaydi. Biroq haqiqat undoq emas.

Islom qonun-qoidalari joriy bo‘lgan zamondan yiroqlashganimiz,  shari’at hukmlaridan ko‘pining o‘zimizga nisbatan noaniq va chigal suratlarda saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Inson sodir bo‘lgan qandaydir voqeaga nisbatan shari’atning belgilab bergan hukmi farzmi, vojibmi, sunnatmi, harom yoki muboh darajasida ekanini bilmasa o‘zining bu voqeaga nisbatan harakatlarini aniq yo‘naltirolmaydi.

Ana shu asosga binoan, har bir sodir bo‘lgan voqea-hodisotlarga shari’at tushunchalaridan kelib chiqadigan, har qanday chigal va yechimini topmayotgan masalalarga oydinlik kirita oladigan ilmning bo‘lish zarurati yuzaga keladi. Aynan mana shunday muhim ishni kafolatlaydigan ilm bu fiqh ilmidir! 

 “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi T. Karimov

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   2057   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari