Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Yigirma yilda ham ish bermagan hiyla

01.05.2017   11192   3 min.
Yigirma yilda ham ish bermagan hiyla

Junayd Bag‘dodiy hazratlari Bag‘dodda yashagan  buyuk  olim va avliyo edi. Bir kuni uning huzuriga soch-soqoli oqargan, beli bo‘kilgan bir qariya keldi va:

– Ey Junayd, meni muridlikka qabul et, sening shogirding bo‘lmoq orzusidaman, – dedi.

Junayd Bag‘dodiy hazratlari:

– Agar istaging rost bo‘lsa, seni shogirdlikka bir shart bilan qabul qilaman, – dedi.

Qariya undan:

– Sharting nima? – deb so‘radi.

Junayd:

– Men nima desam hech inkor etmasdan bajarishga so‘z bersang, seni shogird qilib olaman, – dedi.

Qariya:

– Bu shartni qabul etdim, – dedi-da qo‘llarini qovushtirib, Junayd Bag‘dodiy hazratlarining xizmatiga shay turdi.

Oradan yigirma yil o‘tdi. Bir kuni Bag‘dodiy hazratlari qariyaga:

– Ey oqsoqol, chiroqqa moy solib sozla, bugun oqshom birgalikda bir do‘stimning ziyoratiga boramiz, – dedi. Qariya chiroqni tayyorlab yoqqanidan so‘ng oradan bir oz vaqt o‘tib ular yo‘lga chiqdi. Tun zimisiton, yer balchiq-loy edi. Oldinda Junayd, orqada chiroqni ko‘tarib qariya borar edi. Bir oz yo‘l bosganlaridan so‘ng ularning qarshisidan bir odam chiqib qoldi va Junaydga:

– Ey Junayd, shu loy-balchiqli yo‘lda o‘zi arang yurib kelayotgan qariyaga chiroq ko‘tartirib qo‘yib unga aziyat berish sendek olim odamga yarashadimi? – dedi.

Junayd unga xitoban:

–  Shayton aziyatda bo‘lmog‘i kerak – dedi.

Qo‘lidagi chiroq bilan shilta yo‘lda zo‘rg‘a yurib kelayotgan qariya murid qo‘lidagi chiroqni jahl bilan yerga uloqtirib:

– Ey Junayd! Sen mening shayton ekanimni bilarmiding? – deb so‘radi.

Junayd:

– Sening shayton ekaningni kelgan kuningoq bilgan edim, – dedi.

Shayton kelgan kunidan boshlab poylagan fursati hozir kelganini taxmin etib:

– Ey Junayd! Sen haqiqatan buyuk inson ekansan, seni faqat bir marta vasvasaga solish uchun eshigingda yigirma yil qullik qilib, zahmat chekdim. Ammo buni bajara olmadim, – deya uning qalbida kibr uyg‘otmoqchi bo‘ldi.

Allohning yordami ila shaytonning bu ustamonligini fahmlagan  Junayd:

– Bu yerdan hoziroq daf bo‘l, mal’un! Qalbimga mag‘rurlik hissini solib, yigirma yil davomida bajara olmagan ishingni hozir bajarmoqchimisan, – deya shaytonning sharridan Allohga sig‘indi.

Junayd Bag‘dodiyning buyukligini qarangki, shaytoni la’inni yigirma yil ibodat qilishga majbur etibdi. Parvardigor bizni ham shaytonning hiylasidan shunday saqlanmoqni nasib aylasin!

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bosh imom masjidlardagi bunyodkorlik jarayoni bilan tanishdi

07.09.2026   35669   1 min.
Bosh imom masjidlardagi bunyodkorlik jarayoni bilan tanishdi

Namangan viloyati bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Abdulloh domla Samatov Pop tumanidagi «Yakka tut» hamda Mingbuloq tumanidagi «Gulbog‘» jome masjidlarida bo‘ldi.


Tashrif davomida bosh imom-xatib mazkur masjidlarda namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qayta qurilayotgan tahoratxonalar holati bilan yaqindan tanishdi.


Qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, barpo etilayotgan zamonaviy tahoratxonalarning sifatli, milliy me’morchilik an’analari va barcha sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.


Shuningdek, ushbu xayrli ishlarda fidoyilik ko‘rsatayotgan quruvchilar va hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz haqqiga duo qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Bosh imom masjidlardagi bunyodkorlik jarayoni bilan tanishdi Bosh imom masjidlardagi bunyodkorlik jarayoni bilan tanishdi
O'zbekiston yangiliklari