Junayd Bag‘dodiy hazratlari Bag‘dodda yashagan buyuk olim va avliyo edi. Bir kuni uning huzuriga soch-soqoli oqargan, beli bo‘kilgan bir qariya keldi va:
– Ey Junayd, meni muridlikka qabul et, sening shogirding bo‘lmoq orzusidaman, – dedi.
Junayd Bag‘dodiy hazratlari:
– Agar istaging rost bo‘lsa, seni shogirdlikka bir shart bilan qabul qilaman, – dedi.
Qariya undan:
– Sharting nima? – deb so‘radi.
Junayd:
– Men nima desam hech inkor etmasdan bajarishga so‘z bersang, seni shogird qilib olaman, – dedi.
Qariya:
– Bu shartni qabul etdim, – dedi-da qo‘llarini qovushtirib, Junayd Bag‘dodiy hazratlarining xizmatiga shay turdi.
Oradan yigirma yil o‘tdi. Bir kuni Bag‘dodiy hazratlari qariyaga:
– Ey oqsoqol, chiroqqa moy solib sozla, bugun oqshom birgalikda bir do‘stimning ziyoratiga boramiz, – dedi. Qariya chiroqni tayyorlab yoqqanidan so‘ng oradan bir oz vaqt o‘tib ular yo‘lga chiqdi. Tun zimisiton, yer balchiq-loy edi. Oldinda Junayd, orqada chiroqni ko‘tarib qariya borar edi. Bir oz yo‘l bosganlaridan so‘ng ularning qarshisidan bir odam chiqib qoldi va Junaydga:
– Ey Junayd, shu loy-balchiqli yo‘lda o‘zi arang yurib kelayotgan qariyaga chiroq ko‘tartirib qo‘yib unga aziyat berish sendek olim odamga yarashadimi? – dedi.
Junayd unga xitoban:
– Shayton aziyatda bo‘lmog‘i kerak – dedi.
Qo‘lidagi chiroq bilan shilta yo‘lda zo‘rg‘a yurib kelayotgan qariya murid qo‘lidagi chiroqni jahl bilan yerga uloqtirib:
– Ey Junayd! Sen mening shayton ekanimni bilarmiding? – deb so‘radi.
Junayd:
– Sening shayton ekaningni kelgan kuningoq bilgan edim, – dedi.
Shayton kelgan kunidan boshlab poylagan fursati hozir kelganini taxmin etib:
– Ey Junayd! Sen haqiqatan buyuk inson ekansan, seni faqat bir marta vasvasaga solish uchun eshigingda yigirma yil qullik qilib, zahmat chekdim. Ammo buni bajara olmadim, – deya uning qalbida kibr uyg‘otmoqchi bo‘ldi.
Allohning yordami ila shaytonning bu ustamonligini fahmlagan Junayd:
– Bu yerdan hoziroq daf bo‘l, mal’un! Qalbimga mag‘rurlik hissini solib, yigirma yil davomida bajara olmagan ishingni hozir bajarmoqchimisan, – deya shaytonning sharridan Allohga sig‘indi.
Junayd Bag‘dodiyning buyukligini qarangki, shaytoni la’inni yigirma yil ibodat qilishga majbur etibdi. Parvardigor bizni ham shaytonning hiylasidan shunday saqlanmoqni nasib aylasin!
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan