Mansur Halloj nomi tilga olinganda deyarli doimo uning “Anal haq” degan mashhur gapi va bu gapning hukmi haqidagi tortishuvlar ham eslab o‘tiladi. Haqiqatan mazkur gap haqida uzundan-uzoq bahslar qilingan bo‘lib, ularning xulosasi quyidagilardan iboratdir:
“Anal haq” lug‘atda “Men Haq Xudoman” degan ma’noga dalolat qiladi. Mansur Halloj mazkur gapni aytgani va undan qaytmasdan turib olgani uchun murtad sifatida qatl etilgan. Ammo u zamondoshlari orasida ilmi va amali bilan tanilgan so‘fiy kishi bo‘lgan. U qatl etilganidan so‘ng ba’zi tasavvuf ahllari uni qatl etganlarni uning so‘zidan ko‘zlangan ma’noni tushunmaganlikda ayblaganlar va uning so‘zini Islom e’tiqodiga zid bo‘lmagan ma’nolarga ta’vil qilib tushuntirganlar.
Ana shundan so‘ng Mansur Hallojni dindan qaytgan murtad deb e’tiqod qilinadimi, yoki gapini boshqa ma’noga ta’vil qilish mumkin bo‘lgani sababli kofirga chiqarilmaydimi degan masala atrofida turli bahslar qilingan.
Ushbu bahslarni tahlil qilishdan oldin shuncha bahslarga sabab bo‘lgan kishining tarjimayi holi bilan yaqindan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mansur Hallojning asl ismi Husayn ibn Mansur bo‘lib kunyasi Abul Mug‘iys yoki Abu Abdulloh bo‘lgan. U hijriy 244 yilda forslarning shaharlaridan biri bo‘lgan "Bayzo" shahrida tug‘ilgan. Iroqning "Vosit" nomli joyida o‘sib ulg‘aygan. Makka, Xuroson va Hind o‘lkalaridagi ko‘plab shaharlarga safar qilgan. Sahl ibn Abdulloh Tustariydan tasavvuf ilmini o‘rgangan. Junayd ibn Muhammad, Amr ibn Usmon Makkiy va Abulhusayn Nuriy kabi tasavvuf olimlari bilan do‘st bo‘lgan. Halloj deb nomlanish sababi haqida shunday rivoyat qilingan: "Bir kuni u bir paxta tozalovchining do‘konida o‘tirgan. Paxta tozalovchidan bir ishni bajarib kelishini so‘ragan. Paxta tozalovchi: “Men paxta ishi bilan bandman”, – degan. Shunda u: “Sen men aytgan ishga boraver, men paxta tozalab turaman”, – degan. Paxta tozalovchi uning ishiga ketgan. Qaytib kelganida barcha paxtalari tozalangan bo‘lgan. Tozalangan paxtalar esa o‘n kishi bir necha kunda bajarishi mumkin bo‘ladigan darajada ko‘p bo‘lgan. Shundan so‘ng u "Halloj" ya’ni paxta tozalovchi deb nom olgan".
Ba’zilar uning otasi paxta tozalovchi bo‘lgan, shuning uchun u mazkur nom bilan atalgan deyishgan.
Asarlari:
Masur Halloj asarlar ham ta’lif etgan bo‘lib, unga quyidagi ikkita kitob nisbat berilgan:
Mansur Halloj hijriy 309 yilda qozi Abu Umar Muhammad ibn Yusuf Molikiyning fatvosiga ko‘ra abbosiy xalifalardan Muqtadir billahning qarori bilan murtad sifatida qatl etilgan.
“Anal haq” atrofidagi bahslar:
Mansur Hallojni aytgan gapi uchun kofirlikda ayblaganlardan biri Ibn Taymiya bo‘lib bu haqida u quyidagilarni yozgan: “Kimki Hallojning e’tiqod qilib gapirgan so‘ziga e’tiqod qilsa, musulmonlar ittifoqi bilan kofir va murtad bo‘ladi. Chunki musulmonlar Mansur Hallojni kufr lafzlarni gapirgani uchun qatl qilganlar”.
Qozi Iyozning bu haqida shunday degani rivoyat qilingan: Muqtadirning rahbarligi davrida Molikiylardan bo‘lgan Bag‘dod fuqaholari Hallojning ilohiyotni da’vo qilib “Anal haq” degani va boshqa buzuq gaplarni aytgani uchun shariatning zohiriga amal qilganiga qaramasdan uni qatl etilishiga va osilishiga ijmo’ qilganlar”.
Ba’zi tasavvuf ahllari esa Mansur Hallojning “Anal haq”ini madh etganlar. Bu haqida Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” asarida quyidagicha bayon qilingan:
Ayo oshiq, dardu holat paydo qilg‘il,
Mansur sifat "Anal-Haq" deb g‘avg‘o qilg‘il,
Dunyo qo‘yub, oxiratni savdo qilg‘il,
Savdo qilg‘an Haq diydorin ko‘rar bo‘lg‘ay.
Muhaqqiq ulamolar esa bu so‘zning turli ta’villarini bayon qilganlar. Ibn Hajar Haytamiy “Fataval hadisiya” kitobida quyidagilarni yozgan: “Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zi haqida quyidagilarni aytamiz: Orif zotlarda shunday vaqtlar bo‘ladiki, bu vaqtlarda ularda Haq taologa bo‘lgan muhabbat shavqi g‘olib bo‘ladi. Agar ularda mazkur shavq holati komil darajaga yetsa, barcha narsalarni hatto o‘zlarini ham unutadilar, qalblari tamomila Haq taologa bog‘langanidan boshqa biror narsani his qila olmay qoladilar. Ana shu vaqtda gapirgan so‘zlari o‘sha ulug‘vor holatning tiliga ko‘ra so‘zlangan bo‘ladi. Bu holatga quyidagi hadisi qudsiyda ishora bor:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « إنّ الله تعالى قال : من عادى لي وليّاً فقد آذنته بالحرب ، وما تقرب إليّ عبدي بشيء أحب إليّ مما افترضته عليه ، ولا يزال عبدي يتقرب إليّ بالنوافل حتى أحبّه ، فإذا أحببته كنت سمعه الذي يسمع به ، وبصره الذي يُبصِر به ، ويده التي يبطش بها ، ورجله التي يمشي بها ، ولئن سألني لأعطينّه ، ولئن استعاذني لأعيذنّه » . رواه البخاري .
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo: “Kim mening biror do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman. Bandam uning zimmasiga farz qilganimdan boshqa men uchun sevimli bo‘lgan biror narsa bilan (farzlarni bajargandagidek) menga suyukli bo‘la olmaydi. Bandam nafl (ibodatlarni bajarish) bilan menga suyukli bo‘lib boraveradi, hatto uni yaxshi ko‘rib qolaman. Agar uni yaxshi ko‘rib qolsam, uning eshitadigan qulog‘i bo‘laman, ko‘radigan ko‘zi bo‘laman, tutadigan qo‘li bo‘laman, yuradigan oyog‘i bo‘laman, agar mendan (biror narsani) so‘rasa albatta unga ato qilaman, agar mendan (biror narsadan) panoh tilasa, albatta unga panoh beraman”, deb aytdi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Shunga ko‘ra valiylar Haq taologa xos narsani haqiqatan emas balki xayolan o‘zlariga isbot qiladilar. Ularning bu gaplari aslo Alloh bilan birlashish ma’nosida emasdir. Chunki bu ma’no ayni kufr bo‘ladi. Alloh ularni bu narsadan saqlagandir. Shuning uchun “Anal haq” so‘zini aytuvchisining holatiga ko‘ra ikki xil ma’noda tushunish mumkin:
Hujjatul islom imom G‘azzoliy “Anal haq”ni shunday tushuntirgan: “Anal haq” degan kishi noto‘g‘ri gapirgan bo‘ladi. Ammo bu so‘zning ikki ta’vili bo‘lib ularning har biri bilan bu so‘zni to‘g‘ri deyish mumkin:
Uzoq ta’vilda “Anal haq” (men haqman)ni “Ana bilhaq” (Men Haq sababidan borman) ma’nosiga ta’vil qilinadi. Ushbu ta’vilning uzoqligi shundaki bu lafzdan xabar tushunilmaydi. Chunki bu faqat aytuvchining o‘ziga xos xabar emas, balki butun olam Haq taolo sababli bor bo‘lgani xabarga hojat bo‘lmagan haqiqatdir;
Yaqin ta’vilda “Anal haq” (men haqman)ni “Ana mustag‘riqun bilhaq” (Men batamom Haq bilan band bo‘ldim) ma’nosiga ta’vil qilinadi. Ya’ni bundan menda Haqdan o‘zgaga mutlaqo o‘rin qolmadi, ma’nosi tushuniladi”.
Imom Qushayriydan Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zi haqida shunday degani naql qilingan: “Agar u “Ana Alloh” (men Allohman) demagan bo‘lsa, uni kechirish mumkin. Chunki Alloh ismi (bandaning qalbi unga) bog‘lanadigan ismdir, xulqlanadigan ism emas. Alloh taoloning ushbu ismidan boshqa barcha ismlari bilan banda xulqlanishi mumkin”.
Jaloliddin Rumiy “Anal haq” haqida shunday degan: “Agar sen o‘z borlig‘ingdan fano bo‘lsang, doimo Alloh taolo bilan birga bo‘lasan. Bu sen Uning zotiga aylanasan degani emas, balki olov sababli qip-qizil cho‘g‘ga aylangan temir singari bo‘lasan, deganidir. (Farazan) qip-qizil cho‘g‘ga aylangan temirning: “men olovman” deyishi joiz bo‘ladiku. Xuddi shuningdek Haq yo‘lida foniy bo‘lgan kishi ham “Anal haq” degan haq so‘zni aytishi mumkin bo‘ladi”.
Marhum ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh "Tasavvuf haqida tasavvur" nomli asarlarida bu haqida quyidagilarni yozganlar: "Tasavvuf haqida biroz bo‘lsa ham xabardor bo‘lgan kishi shatahot so‘zini faqat tasavvufda ishlatilishini va u sufiylarning o‘zlarini yo‘qotib qo‘yganda aytadigan, tushunib bo‘lmaydigan, sirtdan qaraganda ayb, ta’viyl qilganda ma’no kasb etadigan so‘zlari ekanini biladi. Shatahot sufiyning og‘zidan oddiy holatda emas, balki jazb va qattiq ta’sirlanish oqibatida chiqadi. Zikr ila Alloh taologa yetishib qolgan sufiy o‘zini yo‘qotib qo‘yib nima deyayotganini bilmay qoladi.
Sufiylarning shatahotga yo‘l qo‘yganlarini ikki xil bo‘lganini ta’kidlashimiz lozim:
Birinchi toifa ma’zur topilgan. Bunga al-Hasriydaan naql qilingan quyidagi iqtibos dalil bo‘la oladi: "Junayd tamakkunli (o‘ziga mustahkam) odam edi. Uning o‘zidan ketishi yo‘q edi. Amr va nahiyni ulug‘lar edi. U yo‘lni aslidan olgan edi. Shuning uchun ham u barcha toifalarga maqbul bo‘lgani ajablanarli emas".
Ikkinchi toifa nomaqbul topilgan Bu toifaning eng mashhur arboblaridan biri Mansur Hallojdir. U o‘zining mashhur shatahotini aytganda hushyor holida undan qaytish talab qilingan. Ammo Halloj hushyor holida ham gapidan qaytmagan. Shu tarzda to‘qqiz yil o‘tgan. O‘shanda ham aytganidan qaytmaganidan keyingina Halloj qatl qilingan".
Ibn Shurayhdan Mansur Halloj haqida so‘raganlarga shunday deb javob bergan: "U holati maxfiy bo‘lgan kishidir. Men u haqida biror narsa demayman".
Ushbu xabarlardan kelib chiqib Mansur Hallojning "Anal haq"i haqida bahs yurituvchilarni uch guruhga ajratish mumkin:
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.