Bir odamning birgina eshagi bo‘lib, u ertadan kechgacha tinmay mehnat qilar ekan. Narsa tashib ketayotganda o‘sha atrofda o‘tlab yurgan boshqa eshaklarni ko‘rib, ularga havasi kelar va o‘zining hayotidan norozi bo‘lar ekan. Bir kuni odatdagidek charchab kelib uxlab qolibdi va tush ko‘ribdi. Tushida cho‘lda bir qancha eshaklar bilan ketayotgan emish. Hammalarining ustiga bittadan poya ortib qo‘yilgan ekan. Qarasa, bu yerda ham unga eng uzun daraxtni bog‘lab qo‘yishgan emish. Eshakning jahli chiqib, chetroqqa o‘tibdi-da, poyani tushirib, uchidan bir qismini sindirib tashlabdi. Qolgan qismini yana ustiga ortib, yo‘lida davom etibdi. Yuki yengillashgani sababli yurish ham ancha osonlashib, oldinga o‘tib ketibdi. Bir payt qarasa, oldidan katta jarlik chiqibdi. Jarlikning narigi tomoni esa ko‘m-ko‘k o‘tloq ekan. Jarlikdan o‘tishga hech qanday ko‘prik yo‘q emish. Qarasa, atrofdagi eshaklar ustilarida olib kelgan poyalarni jarlik ustiga tashlab undan narigi tomonga o‘tib ketar, ular o‘tgan zahoti poya jarlikka tushib ketar edi. Eshak qarasa, uning poyasi jarlikning narigi tomoniga yetmas ekan. Qilib qo‘ygan ishidan afsuslanib, alam bilan qattiq hangrab yuboribdi. O‘z ovozidan uyg‘onib ketgan eshak ko‘rgani tush ekanini bilib sevinibdi.
Ey odam, mashaqqatli halol mehnat odamni yaxshilikka yetkazadi. Aksincha, yengil-yelpi hayot esa yaxshilikdan mahrum qiladi.
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanish bosqichida mahalla instituti davlat va jamiyat o‘rtasidagi oltin ko‘prik vazifasini o‘tab, islohotlarning bosh harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Ayniqsa, 2026 yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi ushbu tizimni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.
Bugun mahalla shunchaki ma’muriy hudud emas, balki inson qadri ulug‘lanadigan, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar bevosita joyida hal etiladigan eng xalqchil tuzilmaga aylandi.
Mahallaning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, avvalo, uning betakror tarbiya maktabi ekanligida namoyon bo‘ladi. «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» tamoyili asosida shakllangan muhit yosh avlod qalbiga milliy qadriyatlarni singdirish, kattalarga hurmat va jamoaviy mas’uliyat hissini uyg‘otishda beqiyos ahamiyatga ega.
Joriy yilda mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlarning yangicha mazmun kasb etishi, keksalar o‘giti va jamoatchilik nazoratining kuchayishi jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirmoqda.
«Mahalla yettiligi» tizimining to‘liq mustaqilligi va ularga berilgan keng vakolatlar natijasida «xonadonbay» ishlash mexanizmi o‘z samarasini bermoqda. Mahalla budjetining shakllantirilishi esa infratuzilmaviy muammolarni — yo‘l, ichimlik suvi va energiya ta’minoti kabi masalalarni tezkor, manzilli hal etish imkonini berdi.
Shu bilan birga, mahalla tinchlik va ijtimoiy adolatning bosh kafolatidir. Ijtimoiy himoya milliy agentligining har bir mahalla bilan uzviy bog‘langani yordamga muhtoj qatlamni aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashda shaffoflikni ta’minladi.
Profilaktika inspektorlari va faollarning hamkorligi natijasida «xavfsiz mahalla» tamoyili hayotga tatbiq etilib, jinoyatchilikning oldini olish va oilaviy totuvlikni asrash borasida mutlaqo yangi tizim yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, mahalla — kuchli fuqarolik jamiyatining poydevoridir. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizdagi har bir fuqaroning farovon hayot kechirishiga, davlatning xalqqa yanada yaqinlashishiga xizmat qilmoqda. Zero, mahalla obod va tinch bo‘lsa, butun mamlakatda barqarorlik va yuksalish bardavom bo‘ladi.
Abdulaziz ABDULLAYEV,
Qamashi tumani “Chim” jome masjidi imom-xatibi