Bir odamning birgina eshagi bo‘lib, u ertadan kechgacha tinmay mehnat qilar ekan. Narsa tashib ketayotganda o‘sha atrofda o‘tlab yurgan boshqa eshaklarni ko‘rib, ularga havasi kelar va o‘zining hayotidan norozi bo‘lar ekan. Bir kuni odatdagidek charchab kelib uxlab qolibdi va tush ko‘ribdi. Tushida cho‘lda bir qancha eshaklar bilan ketayotgan emish. Hammalarining ustiga bittadan poya ortib qo‘yilgan ekan. Qarasa, bu yerda ham unga eng uzun daraxtni bog‘lab qo‘yishgan emish. Eshakning jahli chiqib, chetroqqa o‘tibdi-da, poyani tushirib, uchidan bir qismini sindirib tashlabdi. Qolgan qismini yana ustiga ortib, yo‘lida davom etibdi. Yuki yengillashgani sababli yurish ham ancha osonlashib, oldinga o‘tib ketibdi. Bir payt qarasa, oldidan katta jarlik chiqibdi. Jarlikning narigi tomoni esa ko‘m-ko‘k o‘tloq ekan. Jarlikdan o‘tishga hech qanday ko‘prik yo‘q emish. Qarasa, atrofdagi eshaklar ustilarida olib kelgan poyalarni jarlik ustiga tashlab undan narigi tomonga o‘tib ketar, ular o‘tgan zahoti poya jarlikka tushib ketar edi. Eshak qarasa, uning poyasi jarlikning narigi tomoniga yetmas ekan. Qilib qo‘ygan ishidan afsuslanib, alam bilan qattiq hangrab yuboribdi. O‘z ovozidan uyg‘onib ketgan eshak ko‘rgani tush ekanini bilib sevinibdi.
Ey odam, mashaqqatli halol mehnat odamni yaxshilikka yetkazadi. Aksincha, yengil-yelpi hayot esa yaxshilikdan mahrum qiladi.
Akbarshoh Rasulov
Qatarning nufuzli «Gulf Times» gazetasida O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Sohibqiron Amir Temurning ma’naviy merosiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» agentligi.
«Amir Temur merosi Islom sivilizatsiyasi markazida: Uchinchi Renessansning intellektual asosi» sarlavhali materialda Markazning nafaqat mintaqa, balki global islom sivilizatsiyasidagi o‘rni tahlil qilingan.
Maqolada asosiy urg‘u Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga qaratilgan. Ta’kidlanishicha, Temuriylar davridagi ilm-fan, madaniyat va me’morchilik taraqqiyoti bugun O‘zbekistonda poydevori qo‘yilayotgan Uchinchi Renessans uchun asosiy ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
«Bugun Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — Amir Temur tomonidan asos solingan buyuk davlatchilik va ilm-fan an’analarining zamonaviy ko‘rinishidir. Markaz Sohibqironning "Kuch — adolatdadir" degan tamoyilini intellektual salohiyat bilan boyitib, yangi davr poydevorini namoyon etmoqda»,– deb yozadi «Gulf Times».
Nashrning qayd etishicha, Markaz shunchaki muhtasham bino emas, balki buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur davridagi «oltin davr»ni bugungi innovatsiyalar bilan bog‘lovchi strategik maskandir.
«Gulf Times» tahliliga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu majmua O‘zbekistonning jahon maydonidagi madaniy diplomatiyasini yangi darajaga olib chiqdi. Markazning ulkan gumbazi va har bir naqshi Amir Temur davri me’morchiligining zamonaviy talqini bo‘lib, u ilm va ma’rifatga intilgan ajdodlar ruhini aks ettiradi.
O‘zbekison musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati