Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Qadim Buxoroda o‘tgan yetti pir

27.04.2017   42322   7 min.
Qadim Buxoroda o‘tgan yetti pir

BIRINCHI PIRI MURSHID

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirrihu – Xojai Jahon. 1103 yilda tug‘ilgan. Muborak xoklari Buxoro viloyatining G‘ijduvon shahri markazida.

IKKINCHI PIRI MURSHID


Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy quddisu sirrihu Xoja Orif Mohi- tobon nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Xoja Orif Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Revgar qishlogida tug‘ilgan, yuz yildan ziyod umr ko‘rib, 1259 yilda vafot etgan. Qabri Shofirkon markazida obod ziyoratgohga aylantirilgan.1996 yil Xoja Orif jomesi qurildi.
Naql etilishicha, Xoja Orif o‘rta bo‘yli, ochiq yuzli, katta ko‘zli, kamon qoshli, vujudidan mushku anbar hidi anqib turadigan zot bo‘lgan ekan.
Xoja Orif Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniyning to‘rtinchi xalifasi hisoblanadi. Hazrati Maxdumi A’zam Dahbediyning “Maqomoti Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” asarida naql qilinishicha, Hazrat Xizr alayhissalom hazrati Abdulxoliq huzurlariga kelardilar. O‘sha choq hazratning hamma shogirdlarini uyqu bosardi. Suhbat tugab, Xizr alayhissalom ketganlaridan so‘ng shogirdlar beixtiyor uyqudan uyg‘onardi. Shogirdlar orasida eng yoshi bo‘lgan Xoja Muhammad ar-Revgariy Xizr alayhissalomning suhbatidan bahramand bo‘lay deb ko‘zlariga tuz sepdilar va og‘rikning qattiqligidan u kishiga uyqu g‘alaba qilolmadi. Suhbatdan bahramand bo‘ldilar. Bu holni ko‘rib Xizr alayhissalom dedilar: Siz orif bo‘lgaysiz, inshaolloh!” Xoja Xizr alayhissalom nafaslarining barakotidan butun dunyoga Xoja Orif nomi bilan mashhur bo‘ldilar. Xoja Orif ar-Revgariy “Orifnoma” kitobining muallifi. “Orifnoma” 1994 yil nashr etildi. “Orifnoma”da yozilganki, “Odob nek odamlar ziynatidur!.. Avliyolik alomati uchtadur: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar bo‘lmoq; ikkinchisi – sabru toqati yetguncha parhez qilmoq, uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq. Ochlik – zohidlar, zikr – oriflar taomi”.

UCHINCHI PIRI MURSHID


Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy quddisu sirrihu Vobkent tumanidagi Anjir Fag‘ni qishlogida tug‘ilib, o‘sha yerda vafot qilgan. Bu qishloqning hozirgi nomi Anjirbog‘dir.
Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ilmi qol va ilmi holni hazrati Xoja Orif Revgariydan o‘rgangan. Ali Safiyning “Rashahotu aynul hayot” kitobida yozilishicha, Xoja Ali ar-Romitaniy Xizr alayhissalomdan: “Shu asru ayyomda pir deb kimning etagidan tutsa buladi?” deb so‘raganida Xizr alayhissalom: “Shu asru ayyomning murshidi Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviydir!” deganlar. Xizr alayhissalomning. tavsiyasiga muvofiq Xoja Ali ar-Romitaniy Xoja Mahmudga murid bo‘ladi. Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy qabrlari ustida yangi makbara, maqbara yonida hovuz va jome’ masjidi qurilib ushbu joy obod ziyoratgohga aylangan.

TO‘RTINCHI PIRI MURSHID


Xoja Ali Romitoniy quddisu sirrihu Xojai Azizon nomi bilan mashhur. Bu zoti sharif Romitonning Ko‘rgon qishlogida tug‘ilgan. Maqomati goyat oliy, karomati bisyor, kasblari to‘quvchi bo‘lgan. “Rashahot”da yozilishicha, 1310 yil, “Maqomati Shohi Naqshband”da ta’kidlanishi- cha, 1321 yilda vafot qilgan. Qabri Ko‘hna Urganchda, obod ziyoratgohdir.
Xoja Alining Romitondagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida tabarruk qadamjolari bor. U yer obod qilinmoqda. Xoja Alining to‘rtta mashhur xalifalari bo‘lgan: Xoja Muhammad Kulohduz, Xoja Muhammad Xalloj, Xoja Muhammad Bovardiy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy.
Hoji Tesha bobo Naqshbandiyning aytishicha, Naqshbandxon ibn Sultonxon (1958 yil vafot qilgan) Xoja Ali ar-Rometani avlodi edi.
Xoja Ali Romitoniyning “Risolai Azizon” kitobi mashhur. Bu kitobni fors tilidan o‘zbek tiliga naqshbandiyshunos olima Gulchehra Navro‘zova tarjima qilib nashr ettirdi.

BЕSHINCHI PIRI MURSHID


Xoja Muxammad Boboyi Samosiy quddisa sirrihu. Bu muborak zotning muborak qabri Buxoro viloyatining Romiton tumanidagi Simos qishlogida.

OLTINCHI PIRI MURSHID


Sayyid Amir Kulol quddisu sirrihuning asli ismi Sayyid Amir Kalon bo‘lib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida tug‘ilgan. Bu zot taxminan 1287 yillarda dunyoga kelgan. Kulolchilik bilan shug‘ullangani sababli Mir Kulol nomi bilan mashhur bo‘lgan. Mir Kulolning bir yuz o‘n to‘rtta avliyo bo‘lgan xalifasi bor edi. eng yetuklari Bahouddin Naqshband, Mavlono Orif Degaroniy, Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoi, Shayx Shamsiddin Kulol, Xoja Darzuniylardir.
“Maqomoti Amir Kulol”da naql qilinishicha, Hazrat Mir Kulol mujarrad (bo‘ydoqlik) davrida tengqurlari bilan bog‘da ittifoq bo‘lib, choponlarini yuvibtilar va birodarlariga aytibtiki, “Ey yoronlar, choponlarni paxsa devor ustiga yoymaylik, chunki u yerdagi tikanlarga ozor berilur. Zinhor daraxtlar shoxiga osmaylik, shoxlar egilib, jabr bulur. Zaminga ham tashlamaylik, o‘t-o‘lanlar xarob bo‘lur”. Bu gaplarni eshitib, ne qilarini bilmay qolgan birodarlar surabtiki: “Amir, siz choponingizni qanday qilib quritasiz?” Hazrat debti: “Men choponimni ustimga tashlab, oftobro‘yada o‘tiraman va shunday qilib quritaman. Ey yoronlar, agar paxsa devordan bir parcha uzilib erga tushsa yo daraxt shoxi sinsa, yo chorva yeydigan o‘tlarga zarar etsa, Xudovandga ne uzr bildirurmiz? Zinhor nomashru’ (shariatga zid) ishlar, kichik bo‘lsa ham qilmang. Chunki kichik gunoh takrorlanaversa, do‘zaxga olib borur. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam istig‘for (kechirim so‘rash) bilan katta gunohlar kechiriladi, muttasil qilinaverilsa, kichik gunohlar ham kattaga aylanadi, deganlar”.
Sobiq Ittifoq davrida Hazrat Mir Kulol jomesi yiqitildi, ziyoratgohi esa sho‘r bosgan, qarovsiz holga kelgan edi. Istiqlol yillarida Mir Kulol ziyoratgohida yangi jome masjid, mehmonxona, darvozaxona qurildi. 2007 yilda Sayid Mir Kulol qabri ustida mahobatli maqbara qad rostladi. Atrofida ulkan bog‘ barpo qilindi.


YETTINCHI PIRI MURSHID


Hazrati Sayyid Muhammad Bahoul-haq val-millat vad-dunyo ud-din Naqshband ibn Sayyid Jaloliddin. Bu kishi sohibi karomat, olimi rabboniy, Qur’oni karim va payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini xalqqa yetkazib, islom dini rivojiga muhim hissa qo‘shgan valiyullohdir.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1318 yil Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Ul zoti sharif sharofatidan qishloqning nomi Qasri Orifonga aylangan.
Abulhasan Muhammad Boqir bin Muhammad Alining “Maqomoti shohi Naqshband” kitobida yozilishicha, Bahouddinga bevosita Sayyid Mir Kulol ustozlik qilgan. Hazrat ona tomonidan siddiqiydir, ya’ni nasablari Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1389 yil Qasri Orifonda vafot etgan.

Jobir ELOV,
Mir Arab madrasasi mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   59553   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari