Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2026   |   9 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2026, 9 Safar, 1448

Ochiq aytilmaydi, ishora qilinadi

21.04.2017   19189   1 min.
Ochiq aytilmaydi, ishora qilinadi

Savol: Boin taloqdan idda o‘tirgan ayolga  oshkora sovchi qo‘ysa bo‘ladimi?

Javob: Dinimizda insonning qadri, uning sha’ni shu qadar yuksakki, hatto vafot etgan odamga ham tiriklar kabi hurmat saqlanadi. Shuning uchun bir kishi vafot etsa, uning bevasi erining, nikohning haqqi-hurmati tufayli idda o‘tiradi. Bu iddadan maqsad faqatgina uning homilador bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash emas. Beva qolgan ayol eri bilan birga yashagan hayotining hurmati uchun ham idda o‘tiradi. Shuning uchun eri vafot qilgani uchun idda o‘tirgan ayolga oshkora sovchi qo‘yish mumkin emas. Bunday ayolga sovchi qo‘yilsa, maqsadni ochiq aytmay, ishora bilan izhor qilinadi. Bu narsa shariatimizda ta’riz deb ataladi. Masalan, beva qolgan ayolning akasiga «Singlingizning iddasi tugaganda menga xabar qiling», deyish mumkin.

Eri bor, ammo undan boin taloq olgan ayollarning masalasi ham xuddi shunday. Ularga ham ochiqcha sovchi qo‘yib bo‘lmaydi. Sovchi bo‘lish uchun idda tugashini kutish kerak. Shundan keyingina, agar o‘zining eri uni qaytarib olmasa, iddasi tugab, boshi ochiq bo‘lgandan keyingina unga sovchi qo‘ysa bo‘ladi.

 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

 

FATVOLAR
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muhammad Said Amur al-Hajariy: O‘zbekiston tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar asosida taqdim etishda yorqin namunadir

22.07.2026   6930   2 min.
Muhammad Said Amur al-Hajariy: O‘zbekiston tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar asosida taqdim etishda yorqin namunadir

Joriy yilning 7–11 iyul kunlari ISESCO bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchisi, O‘mon Sultonligi Davlat kengashi a’zosi, senator doktor Muhammad Said Amur al-Hajariy o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida anjuman haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Senatorning ta’kidlashicha, dunyoning 80 mamlakatidan din arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, mutafakkirlar va ekspertlar qatnashgan ushbu nufuzli anjuman sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash hamda bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘monlik martabali mehmon forum davomida O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etish tajribasi bilan yaqindan tanishganini bildirdi. Uning fikricha, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Samarqand va Termizdagi ilmiy-ma’rifiy maskanlar buyuk ajdodlar merosini yangi avlodga yetkazish hamda tarixni zamonaviy texnologiyalar yordamida jozibador shaklda taqdim etishning yorqin namunasidir.

Shuningdek, doktor Muhammad al-Hajariy forum doirasida “Islom sivilizatsiyasida intellektual salohiyat: tarixiy tajriba va uning namunalari” mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlari tajribasiga to‘xtalganini ma’lum qildi. U Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini milliy taraqqiyot va umummilliy birlikni mustahkamlashga qaratilgan oqilona yondashuvning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etdi.

“Meni alohida quvontirgan jihatlardan biri — O‘mon Sultonligiga, uning tarixi, madaniyati va bag‘rikenglikka asoslangan siyosatiga bildirilgan yuksak hurmat bo‘ldi. O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik xalqlarimizning umumiy ma’naviy qadriyatlariga tayanadi”, — deb yozdi senator.

Samarqand va Termiz shaharlaridagi uchrashuvlar davomida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligini yana bir bor his etganini bildirib, boy tarixga ega O‘zbekiston bundan buyon ham Islom olami va butun insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari