بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tashabbusi bilan bu yil aprel oyi masjidlarimizda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy oyligi deb e’lon qilindi. Bu bejizga emas. Muhaddislar sultoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining «tabibi», nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar to‘plamini tuzgan bu ulug‘ alloma, imomud-dunyo, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma’lum.
Hadis ilmida “mo‘minlar amiri” unvonini olgan ulug‘ muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Ahnaf ibn Bardazbih al-Jo‘fiy al-Buxoriy Movarounnahrning eng ko‘hna va go‘zal shaharlaridan Buxoroi sharifda, hijriy 194 (milodiy 810) yil ramazon oyining o‘n uchinchisida, juma kuni tavallud topdilar.
Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o‘zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg‘iz o‘tirib, qo‘lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o‘tirgan holda ko‘rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta’lim beruvchi va kitob ta’lif qiluvchi maqomida o‘tardi. Bularning guvohi bo‘lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo‘lib, bir uyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda shuning guvohi bo‘ldimki, u kishi bir kechaning o‘zida o‘n besh martadan yigirma martagacha uyg‘onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog‘ini yoqar, to‘plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo‘yar edi. So‘ng chiroqni o‘chirib, boshini yostiqqa qo‘yar edi”.
Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o‘tkirligi tillarda doston bo‘lib ketgan edi. U kishi o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish “Jome’us-sahih”ni ta’lif qilish oldidan jami olti yuz ming, shundan yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayri sahih hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar. U kishi “Sahih”ga biror hadis qo‘shish oldidan g‘usl qilib, so‘ng hadisni yozar edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo‘lgan edilar.
Islom dunyosida Qur’oni karimdan keyingi eng katta e’tiborni imom Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih" kitoblari qozongan. Hadislarning diqqat bilan tanlangani, mukammal tartibga ega ekani e’tibor qozonishiga sabab bo‘lgandir. Hofiz Shamsiddin Zahabiy "Tarixul Islom" kitobida quyidagilarni yozadi: "Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih"i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir.
Imom Buxoriy nafs riyozati, to‘g‘rilik va halollik bilan ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo‘lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og‘ir damlarida ham birovdan bir narsa so‘ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg‘aytirmas edilar. Ochlikning qiynoqlariga chidab, ko‘kat yeyish yoki suv ichish bilan chora topardilar. Vaholanki, Abu Abdulloh hayotda boy odam edilar, otalaridan juda katta mol-davlat meros qolgan edi. Ammo u kishi oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlaridan voz kechgan edilar. Buxoriyning o‘zlari aytishlaricha, har oyda besh yuz dirham foyda olganlar va hammasini ilm yo‘lida sarflab yuborganlar. “Chunki bu sarfiyot Alloh yo‘lida bo‘lgani uchun yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deganlar.
Imom al-Buxoriy o‘z shaxsiy hayotida, yeyish-ichishda va kiyinishda sira ham dabdaba va behuda sarfu-harajatlarga yo‘l qo‘ymasdi, sabr-toqat va qanoat, chidamlilik uning uchun odat tusidagi bir hol edi.
Imom al-Buxoriy g‘oyatda beg‘ubor, halol-pokiza, diyonatli inson bo‘lib, g‘iybatu nohaqlikdan uzoq bir kishi bo‘lgan. U doimo: “G‘iybat qilish harom ekanini bilganimdan boshlab, hech qachon biror kishi haqida g‘iybat gapirmaganman”- deb ta’kidlardi.
Imom al-Buxoriy eng ulug‘ fazilatlaridan yana biri u taassub (mutaassiblik)ning har qanday ko‘rinishlaridan uzoq bo‘lganidir. Uning shoh asari “Sahih al-Buxoriy” bilan chuqurroq tanishilsa, al-Buxoriyning o‘z kitobidagi ma’lumotlarga nihoyatda katta sinchikovlik va ehtiyotkorlik bilan yondashganini ko‘ramiz. Qanchadan-qancha mashaqqatlar bilan to‘plangan hadislarining sahihligiga to‘la ishonch hosil qilib, obdon tekshirgandan keyingina o‘z asariga kiritganligi bu fikrni yana bir karra tasdiqlaydi.
Imom Buxoriyning Alloh taologa bo‘lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko‘rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a’zolari bilan xushu’-xuzu’da, ixlos bilan Allohning O‘ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur’oni karimni tilovat qilardilar.
Imom Buxoriy hazratlari o‘zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo‘laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Xatib Bag‘dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O‘n sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O‘sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”. Imom Buxoriyning jami asarlari yigirmadan oshadi. Ular orasida “Kitobut-tarix”dan tashqari odobga oid bir ming uch yuzdan ortiq hadisni jamlagan “Adabul-mufrad” (Odoblar xazinasi) alohida o‘rin tutadi. “Jome’us-sahih” kitobi bu asarlarning gultoji, hadis kitoblarining eng a’losi va mukammali, Imomning shoh asarlaridir.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning vafotlari hijriy 256 (milodiy 870) yil ramazon hayiti kechasida bo‘ldi, hayit kuni peshin namozidan so‘ng dafn etildi. Fano dunyosida o‘n uch kuni kam oltmish ikki yil umr kechirdilar. Alloh taolo u zotni rahmati va rizvoni bilan o‘rab olsin hamda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarning yonidan joy bersin!
Muhtaram jamoat! Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizga chinakam e’tibor va izzat-e’zoz boshlanib, yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab ulug‘ olimlar qatorida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va boy ilmiy meroslarini qizg‘in o‘rganishga kirishildi. 1998 yili Imom Buxoriy rahmatullohi alayh tavalludining 1225 yillik to‘yi mamlakatimizda keng nishonlandi. U kishining “Al-Jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, katta nusxada nashr qilindi. Mamlakatimizning eng katta Islom o‘quv yurti bo‘lmish Islom ma’hadi, bir necha jome’ masjidlari Imom Buxoriy nomlari bilan ataladi. 2008 yili birinchi Prezidentimiz farmoni bilan Samarqandning Xartang qishlog‘ida Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Xalqimizning u zotga bo‘lgan eng ulkan ehtiromi va minnatdorligi Imom Buxoriy dafn etilgan go‘shada muhtasham majmuaning barpo etilishi bo‘ldi. Majmua tarkibida Imom Buxoriyning maqbaralari, katta jome masjidi, muzey va boshqa inshootlar barpo etildi. Majmuaning loyihasidan tortib uning qurib bitkazilishigacha bo‘lgan barcha ishlar Birinchi Yurtboshimizning e’tiborlarida va diqqat markazlarida bo‘ldi. Mana shuning o‘ziyoq mamlakat rahbarining Imom Buxoriyga bo‘lgan chuqur ehtiromi va e’zoz-izzatini ko‘rsatib turibdi. Hozirgi paytda dunyoning hamma joyidan Imom Buxoriy ziyoratiga kelgan muxlislarning keti uzilmaydi. Bir vaqtlar birovga ko‘rsatishga ham xijolat bo‘lingan xaroba joylar bugun butun Islom olamining mashhur ziyoratgohiga aylandi. Bularning hammasi buyuk vatandoshlariga minnatdor avlodlarning ulug‘ ehtiromi va muhabbati samarasidir. Imom al-Buxoriy rahmatulloh alayhning “al-Jome as-Sahih” asarlaridagi bir hadisni keltirish bilan suhbatimizni yakunlaymiz.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ زاد في رواية لمسلم: وإن صام وصلى وزعم أنه مسلم
Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambar sallolohu alayhi vassalamdan rivoyat qiladilar. U zot “Munofiqning alomati uchta; gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa va’dasida turmaydi, ishonch bildirilsa xiyonat qiladi” dedilar. Imom Muslim rivoyatida keltirilgan hadisda “O‘zini musulmon deb o‘ylab ro‘za tutsa ham, namoz o‘qisa ham” deyilgan. Demak, musulmon hech qachon yolg‘on gapirmasligi, omonatga xiyonat qilmasligi, bir narsaga va’da qilgan bo‘lsa, albatta, uni bajarmoqligi shart bo‘ladi.
Darhaqiqat, biz ham kundalik hayotda bir-birimizga yolg‘on so‘zlaymiz. Bir birimizga va’dalashgan ishlarni bajarmaymiz. Alloh bizga O‘zbekistonday jannatmakon yurtni Vatan qilib bergan ekan, unga xiyonat qilmaslik, bog‘iylar kabi vatanfurush xoinlar qatorida bo‘lishlikdan Alloh o‘zi asrasin.
Alloh taolo buyuk vatandoshimizni O‘zining rahmat va mag‘firatiga olsin va ilm yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini oxiratda o‘zlariga zaxira aylasin, omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD