Bugungi sharoitlarni ta’riflashga til ojiz. Yildan yilga yangi maishiy va boshqa texnikalar ixtiro qilinmoqda. Zamon bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan insonlar yangidan-yangi ne’matlardan baxramand bo‘lmoqda. Albatta, bu ne’matlar uchun Alloh taolaga qancha shukronalik qilsak ham kamlik qiladi. Zamonning rivojlanishini ko‘ringki, bugungi kunda televizori bo‘lmagan oila bo‘lmasa kerak. Hattoki bir oilada ikki, uch yoki undan ziyod televizorlar bor. Bu, shubhasiz, to‘qchilikni alomati. Bugun yotgan joyimizda televizorni yoqamiz, o‘chiramiz, boshqa kanalga olamiz, ovozini past yoki baland qilamiz, ranglarini o‘zgartiramiz. Hatto ba’zida masofadan turib boshqaradigan moslamani ya’ni “pult”ni kimgadir olib ber deymiz. Chunki uni olish uchun uzalishimiz kerak bo‘ladi. Achinarlisi, shomdan keyin hazmi og‘ir ovqatlarni iste’mol qilamiz va ko‘pincha televizor tagida uxlab qolamiz. Harakatsizlik oqibatida semizlik dardiga mubtalo bo‘lamiz. Ulug‘ hakim Arastudan: «Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nima?» deb so‘rashganida u: «Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman», deb javob bergan ekan. Hozirgi vaqtda dunyoning hamma yerida yaxshi yeyish uchun yashash, yaxshi yeyish uchun pul topish avj olib ketgan. O‘tmishdagi va hozirdagi barcha mutafakkirlar, shifokorlar, taniqli xalq tabiblari ko‘p yeyish oqibatida semirib ketishning zararlari haqida yakdillik bilan yozishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”, degan ekanlar. Taom iste’mol qilganda ham ba’zan haddan ziyod to‘yib ovqatlanib, kechasi bilan qiynalib chiqamiz. Shu sababli Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “ Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deb biz ummatlarini ogohlantirganlar. Jahon mamlakatlari fuqarolarining semizlik darajasini ko‘rsatib beruvchi xarita AQSHning Markaziy Razvedka Agentligining World Factbook (jahon haqida dalillar) elektron manbasida e’lon qilingan. Unda jahonning «eng semiz mamlakati» degan nomga Tinch okeani janubida joylashgan Amerika Samoasi davlati munosib deb topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerlik aholining 74,6 foizi semirish dardiga mubtalo bo‘lgan. Ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston aholisining 15,1 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 23,7 foiz, Turkmanistonda 13,2, Tojikistonda 8,6, shuningdek, Ozarboyjonda 23,8 foizni tashkil etadi. Tadqiqotlar zamonaviy turmush tarzi va qo‘shimcha kimyoviy moddalar asosida tayyorlanadigan oziq-ovqatlar semirishning bosh omili ekanini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda ko‘payib borayotgan kasalliklarning aksari noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakatning oqibati hech kimga sir emas. Demak, har birimiz sog‘lig‘imizga e’tiborli bo‘lsak, televizor qarshisida kamroq o‘tirib, ko‘proq jismoniy harakatlar qilsak bundan ko‘p foyda olar ekanmiz.
Mahmudjon ABDUSAIDOV,
Bo‘stonliq tumani bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi
Imom Navaviy (vaf. 676/1277-y.) rahimahulloh o‘zining yozgan asarlari bilan Islom ilmlari, xususan hadis va fiqh ilmi rivojiga katta hissa qo‘shgan yirik olim sanaladi. Ijtihod va fatvolari shofe’iy mazhabida mo‘tabar va mo‘tamad hisoblanganidek, hadis ilmida yozgan asarlari ham soha ulamolari nazdida qadrli va mavqei baland kitob hisoblanadi. Imom Navaviyni “Irshod tullab al-haqoiq” asarini ulamolar tarojimlar (olimlarning hayoti yoritilgan asarlar)da muallifning muhim ta’liflari qatorida zikr qilishadi.
Kitobning to‘liq nomi: “Irshod tullab al-haqoiq ila ma’rifati sunani xoyr al-xaloiq”. Bu kitob hadis ilmi va mustalahiga bag‘ishlangan asar bo‘lib, Imom Navaviy bu kitobni yozishda Ibn Saloh Shahrozuriy (vaf. 643/1245-y.) rahimahullohni “Ma’rifat anva’i ilm al-hadis” kitobini asos qilib olganlar.
“Muqaddima” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu kitob ushbu mavzuda yozilgan o‘zidan avvalgi kitoblarni to‘ldiruvchi va jamlovchi hamda o‘zidan keyingi kitoblarga asos va tayanch hisoblanadi. Ya’ni, “Muqaddima”dan oldin ham bu ilmga bag‘ishlangan asarlar bo‘lgan. Muhaddislar va hadis ilmi peshvolari o‘zlarining hadis to‘plamlari ichida yoki alohida tarzda hadis turlari va illatlari bayon qilingan asarlar yozishgan. Xatib Bag‘dodiy (vaf. 463/1071-y.) va Imom Hokim (vaf. 405/1014-y.) kabi ulamolar hadis ilmiga atalgan kitoblar yozishgan bo‘lsa ham, undagi masalalar va ta’riflar bir joyda jamlanmagan yoki tartiblanmagan edi. Ibn Saloh rohimahulloh esa avvalgilarning ishini kamoliga yetkazdi. Imom Hokimning “Ma’rifat ulum al-hadis” asarida zikr qilingan 52 ta navga ziyoda qilib kitoblarida hadis navlarini 65 turga bo‘lib bayon qildi. Imom Navaviyning “Irshod” asari ushbu “Muqaddima”ning muxtasari hisoblanadi.
Muallif yashagan davrda Ibn Saloh rahimahullohning “Muqaddima”si juda mashhur bo‘lgan va bu ilmda asosga aylangan edi. Imom Navaviy “Irshod” asarini hadis ilmi va usullari bilan uzoq shug‘ullangandan keyin yozadi va hadis ilmi istilohlarini bayon qilishda bor mahoratlarini ishga soladi. Kitob muqaddimasida muallifning o‘zi bunday deydi: “Bu kitobda “Muqaddima”ni muxtasar qilishni istadim va bu orqali uni zikrini jonlantirish, boshqa manbalar qatori undagi manfaatlardan hamma foydalana olishini umid qilaman”.
Imom Navaviy muxtasarda qo‘llagan bayon uslubini shunday izohlaydi: “Kitobdagi ma’lumotlarni bayon qilishda oson, yengil iboralar bilan keltiraman, undagi muhim va muhim bo‘lmagan qaydlardan birortasini mazmuniga xalal yetkazmayman va aksar o‘rinlarda kitob sohibining iborasini keltirishga harakat qilaman, faqat foydali maqsadlardagina boshqa lafzlar bilan almashtiraman, bir qator dalillar va muxtasar misollarni ham zikr qilaman va unga ba’zi o‘rinlarda kichik lafzlar, qo‘shimcha va to‘ldiruvchilar qo‘shaman”.
Darhaqiqat, Imom Navaviy kitobida Ibn Salohni iboralarini saqlashga harakat qilgan va ko‘pincha “قال الشيخ” (Shayx aytdi) deb aytadilar va bu bilan Ibn Salohni nazarda tutadilar. U kishi qo‘shgan ziyodalar bir necha jihatdan foydali va qiymatli masalalar hisoblanadi. Bu jihatlar Imom Navaviyni ilmlari qanchalik yuksak darajada ekanini ko‘rsatadi.
Zamondosh muhaqqiq, hadis ilmlari ustozi, asarning 2019-yildagi zamonaviy-tanqidiy nashrini amalga oshirgan olim Nuriddin Itr rohimahulloh aytadi: “Bu afzalliklari bilan mazkur kitob Imom Navaviyning shaxsan o‘zi Irshodga yozgan muxtasaridan afzalroq hisoblanadi. Sababi, bu muxtasardan biror sharhsiz foydalanish o‘quvchiga qiyinchilik tug‘diradi. Irshod kitobi esa “Taqrib”da keltirilmagan foydalari va iborasi ham yengilligi bilan ajralib turadi”.
“Irshod”ga yozilgan muxtasar asarning to‘liq nomi: “At-taqrib va at-taysir li ma’rifati sunan al-bashiyr an-naziyr”. Ushbu asarga ham bir nechta sharhlar yozilgan bo‘lib, ularning ichida eng mashhurlari Muhammad ibn Abdurrohman Saxoviy rohimahulloh (vaf. 902/1497-y.)ning “Sharh at-taqrib va at-taysir” asari va Jaloliddin Suyutiy rohimahulloh (vaf. 911/1505-y.)ning “Tadrib ar-roviy” asaridir. Bu ikki asar ham o‘z bobida yozilgan mashhur va mo‘tamad asarlardan sanaladi.
Xulosa qilib aytganda, Imom Navaviyning asarlari keyingi ulamolar uchun asos bo‘lib xizmat qilishi bilan birga ulamolar ham bu kitoblar ustida ko‘plab xizmatlar qilishgan. Alloh taolo barchalaridan rozi bo‘lsin.
Muhammadjon ISROILOV,
TII magistratura talabasi