Qadim zamonda Afrikada bir podshoh bo‘lib, uning do‘sti bor ekan. Do‘stining bir odati bor ekanki, u nima ish sodir bo‘lsa, yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham, "Bu yaxshi!" der ekan.
Podshoh ovga chiqqan paytida do‘stini o‘zi bilan olib borar, u shohga miltig‘ini o‘qlab berib turar ekan. Bir kuni miltiqni noto‘g‘ri o‘qlagani sababli podshoh undan otganida bosh barmog‘i uzilib ketibdi. Buni ko‘rib podshohning do‘sti har doimgidek "Bu yaxshi!" debdi. Og‘riqdan g‘azablangan podshoh: "Yo‘q, bu yaxshi emas", deb do‘stini qamab qo‘yishni buyuribdi.
Oradan bir yil o‘tib, podshoh yana ov qilib yurganida odamxo‘r qabila a’zolari uni o‘g‘irlab ketibdi. Podshohni ustunga bog‘lab, o‘tin hozirlay boshlashibdi. Odamxo‘rlardan biri tasodifan podshohning bitta barmog‘i yo‘qligini ko‘rib qolibdi. Ular irim qilib nogironlarni yeyishmas ekan. Shu sababli podshohni qo‘yib yuborishibdi. Podshoh odamxo‘rlardan qutilishiga sabab bo‘lgan voqeani eslab, qilgan ishidan uyalib, tezda zindonga borib, do‘stini chiqarib olibdi va unga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Do‘sti uning gaplarini tinglab "Bu yaxshi!" debdi. Podshoh hayron bo‘lib so‘rabdi: "Nega yaxshi bo‘ladi, axir men seni bir yil zindonda saqladim-ku?!" "Yaxshiligi shundaki, agar men zindonda bo‘lmaganimda siz bilan ovga borar va odamxo‘rlarga yem bo‘lar edim".
Xulosa. Har bir ishda bir yaxshilik bo‘ladi. Ba’zida biz yaxshilik deb o‘ylagan narsaning ketidan yomonlik kelishi va ba’zan biz yomonlik deb o‘ylagan narsaning ketidan yaxshilik kelishi mumkin.
Akbarshoh Rasulov tayyorladi
So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi natijasida qimor o‘yinlari va onlayn bukmekerlik platformalari keng ommalashdi. Ilgari kazino yoki maxsus muassasalarga borish talab qilingan bo‘lsa, bugun smartfon orqali istalgan vaqtda va istalgan joydan qimor o‘ynash imkoniyati mavjud. Bu esa qimorga qaramlikning kengayishiga, moliyaviy muammolarning ortishiga va oilaviy nizolarning ko‘payishiga olib kelmoqda.
Qimorga qaramlik – tan olingan kasallik
Qimorga qaramlik xalqaro tibbiy tasniflarda xulq-atvorga bog‘liq buzilish sifatida e’tirof etiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, inson yutqazgani sari yana o‘ynash istagi kuchayadi.
Moliyaviy oqibatlar
Qimorning eng birinchi zarari insonning moliyaviy holatiga ta’sir qiladi. Ko‘plab o‘yinchilar dastlab kichik mablag‘ bilan boshlaydi. Biroq yo‘qotilgan pulni qaytarish umidida yanada kattaroq pul tika boshlaydi. Bu holat: qarzdorlikning oshib ketishi, bank kreditlarining to‘lanmay qolishi, oila budjeti izdan chiqishi, hatto uy-joy va mol-mulkni yo‘qotishgacha olib keladi.
Tadqiqotlarda qimor sababli ayrim insonlar oziq-ovqat, ta’lim va tibbiy xizmat uchun ajratilgan mablag‘ni ham stavkalarga sarflashi aniqlangan.
Ruhiy salomatlikka ta’siri
Qimorga qaram insonlarda doimiy xavotir, depressiya, uyqusizlik, asabiylik, o‘zini aybdor his qilish kabi holatlar tez-tez uchraydi.
Eng xavotirlisi – qimorga qaramlik bilan suitsid xavfi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik mavjud. Masalan, Shvetsiyada o‘tkazilgan tadqiqotda qimorga qaram shaxslarda o‘z joniga qasd qilish ehtimoli boshqalarga nisbatan 15 barobar yuqori ekani aniqlangan.
Oila va jamiyatga ta’siri
Qimorning zarari faqat o‘yinchi bilan cheklanmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qimorbozning har biri o‘rtacha yana olti nafar insonga – oila a’zolari, do‘stlari yoki hamkasblariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qimor oqibatida: er-xotin o‘rtasida ajrimlar, oilaviy zo‘ravonlik, farzandlar tarbiyasiga e’tibor berilmaslik, ish joyida samaradorlikning pasayishi, firibgarlik va o‘g‘irlik kabi jinoyatlar sodir bo‘ladi.
Onlayn qimorning xavfi
Internet va mobil ilovalar qimorni yanada xavfli qildi. Mutaxassislar uni “cho‘ntakdagi kazino” deb ta’riflaydilar. Endi inson sutkaning istalgan vaqtida bir necha tugma orqali qimor o‘ynashi mumkin.
Iqtisodiy zarar
Ko‘pchilik qimor davlat budjetiga soliq tushumi keltiradi, deb hisoblaydi. Biroq iqtisodchilar qimor ortidan keladigan yashirin xarajatlar – sog‘liqni saqlash, ijtimoiy yordam, jinoyatchilik va mehnat unumdorligining pasayishi – daromaddan ham yuqori bo‘lishini ta’kidlaydilar.
Qimor – shaytonning ishi
Islom dinida qimor insonning mol-mulki, aqli, oilasi va jamiyat barqarorligiga zarar yetkazuvchi amal sifatida qat’iy taqiqlangan. Qur’oni karimda qimorning inson hayotiga salbiy ta’siri ochiq bayon qilingan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Keyingi oyatda esa qimorning ijtimoiy va ma’naviy oqibatlari bayon qilinadi: “Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (Moida surasi, 91-oyat).
Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, qimorning zarari faqat moliyaviy emas, balki insonning ma’naviy hayoti, ibodati va jamiyatdagi munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xulosa
Qimor o‘yinlari qisqa muddatda katta yutuq va’da qilsa-da, ularning oqibati ko‘pincha insonning moliyaviy barqarorligi, ruhiy salomatligi va oilaviy munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Ilmiy tadqiqotlar qimorni shaxsiy tanlov emas, balki aholi salomatligiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy muammo sifatida ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda....
Ma’lumotlar linki:
https://www.who.int
https://www.theguardian.com
https://www.ft.com
Davron NURMUHAMMAD