Qadim zamonda Afrikada bir podshoh bo‘lib, uning do‘sti bor ekan. Do‘stining bir odati bor ekanki, u nima ish sodir bo‘lsa, yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham, "Bu yaxshi!" der ekan.
Podshoh ovga chiqqan paytida do‘stini o‘zi bilan olib borar, u shohga miltig‘ini o‘qlab berib turar ekan. Bir kuni miltiqni noto‘g‘ri o‘qlagani sababli podshoh undan otganida bosh barmog‘i uzilib ketibdi. Buni ko‘rib podshohning do‘sti har doimgidek "Bu yaxshi!" debdi. Og‘riqdan g‘azablangan podshoh: "Yo‘q, bu yaxshi emas", deb do‘stini qamab qo‘yishni buyuribdi.
Oradan bir yil o‘tib, podshoh yana ov qilib yurganida odamxo‘r qabila a’zolari uni o‘g‘irlab ketibdi. Podshohni ustunga bog‘lab, o‘tin hozirlay boshlashibdi. Odamxo‘rlardan biri tasodifan podshohning bitta barmog‘i yo‘qligini ko‘rib qolibdi. Ular irim qilib nogironlarni yeyishmas ekan. Shu sababli podshohni qo‘yib yuborishibdi. Podshoh odamxo‘rlardan qutilishiga sabab bo‘lgan voqeani eslab, qilgan ishidan uyalib, tezda zindonga borib, do‘stini chiqarib olibdi va unga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Do‘sti uning gaplarini tinglab "Bu yaxshi!" debdi. Podshoh hayron bo‘lib so‘rabdi: "Nega yaxshi bo‘ladi, axir men seni bir yil zindonda saqladim-ku?!" "Yaxshiligi shundaki, agar men zindonda bo‘lmaganimda siz bilan ovga borar va odamxo‘rlarga yem bo‘lar edim".
Xulosa. Har bir ishda bir yaxshilik bo‘ladi. Ba’zida biz yaxshilik deb o‘ylagan narsaning ketidan yomonlik kelishi va ba’zan biz yomonlik deb o‘ylagan narsaning ketidan yaxshilik kelishi mumkin.
Akbarshoh Rasulov tayyorladi
Qashqadaryo viloyatidagi Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 32-bitiruvchi kurs talabalari uchun bag‘ishlangan "Xatmona–2026" tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, viloyat hokimligi vakillari, muassasa rahbariyati, ustozlar va bitiruvchilar qatnashdi.
Marosimni ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir G‘uzarov ochib, yoshlarga ilm va ma’rifat yo‘lida sobitqadamlik tiladi. Shundan so‘ng viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov so‘zga chiqib, bitiruvchilarga ilm fazilati, ustozga hurmat hamda dinimiz va xalqimiz yo‘lida sidqidildan xizmat qilish mas’uliyati haqida qimmatli nasihatlar qildi.
Tadbir davomida ustozlar va talabalarning dildan suhbatlari, xotiralari tinglandi.
Yakunda ilm yo‘lida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bitiruvchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Tantanali marosim xayrli duolar bilan yakunlandi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati